Mahalliy
Amir Temur merosi xalqaro e’tibor markazida
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyaning birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanning ochilish qismida dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan olimlar, ekspertlar va diplomatlar ishtirok etib, Temuriylar davri merosining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati yuzasidan fikr almashdilar.
Yalpi majlis davomida Amir Temur shaxsiyati, uning davlatchilik an’analari, ilm-fan va madaniyatga qo‘shgan hissasi, shuningdek Temuriylar renessansi fenomeni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilindi.
Shuningdek, birinchi yalpi majlis doirasida “Amir Temur va dunyo tamadduni” hujjatli filmining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Unda Sohibqironning jahon tarixi va madaniyatiga qo‘shgan ulkan hissasi, uning davlatchilik maktabi va sivilizatsion ta’siri badiiy-hujjatli yondashuvda yoritilgan.
Mahalliy
«Amir Temur va Donna Mariya» — Tarix va bugunning birlashgan qudrati!
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida tarixiy voqea va zamonaviy san’atning eng ta’sirli uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan «Amir Temur va Donna Mariya» badiiy filmining taqdimoti o‘tkazildi!
Bu film — «O‘zbekfilm» va Turkiya «Kanguru» kompaniyasi hamkorligida, tariximizga beqiyos ehtirom va zamonaviy badiiy talqin bilan yaratildi.
Filmda Amir Temurning oliyjanoblik, bag‘rikenglik, mehr-shafqat kabi fazilatlari Vengriya malikasi Donna Mariya orqali namoyon etiladi. «Kuch – adolatda» tamoyili va inson tabiatining sirli cheksizliklari filmning asosiy g‘oyasi hisoblanadi.
Filmda har ikki zamon parallel rivojlanadi — tarixiy o‘tmish va zamonaviy hayot. Avlodlar o‘rtasidagi rishtalar, kechirim va bag‘rikenglik haqidagi falsafiy yondashuv tomoshabinni uyg‘otadi va fikrlashga undaydi.
Bu film faqat tarixiy shaxslarning hayotini yoritibgina qolmaydi, balki insoniyat qadriyatlari, ruhiy cheksizlik va ma’rifiy energiyani ham namoyon qiladi. Tomoshabin har bir kadrda tarix bilan yashashni his qiladi!
Mahalliy
OTM va ilmiy muassasalar muassisligida «spin-off» korxonalar ochiladi
Prezidentning tegishli farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda yangi ishlanmalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish va ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi mexanizm joriy etilmoqda. Hujjatga ko‘ra, oliy ta’lim va ilmiy muassasalar muassisligida «spin-off» korxonalari tashkil etiladi.
Farmonda belgilanishicha, ushbu korxonalar innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish va ularni real iqtisodiyotga joriy etishda muhim vosita sifatida qaraladi.
Shu bilan birga, 2026-yil 1-maydan boshlab korxonalar ustav fondidagi davlat ulushini boshqarish funksiyasi muassislarga ishonchnoma asosida beriladi. Davlat ulushini 5 yil davomida xususiylashtirish taqiqlanadi.
Yangi tartibga ko‘ra, «spin-off» korxonalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni sezilarli darajada soddalashtiriladi. Xususan, davlat aktivlarini boshqarish agentligi qarori yoki raqobat qo‘mitasining oldindan roziligini olish talab etilmaydi.
Shuningdek, agar korxonalar muassislar tomonidan innovatsion jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tashkil etilsa, ular venchur moliyalashtirish shakliga tenglashtiriladi. Farmonga ko‘ra, korxona jamoasi tarkibida professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar yoki talabalar ishtirok etishi shart.
Mahalliy
Endi 30 yoshdan kattalarga ham chet tillari markazi ochishda foizsiz ssuda beriladi
Prezident farmoniga muvofiq, chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini tashkil etishda beriladigan imtiyozlar doirasi kengaytirildi. Endi ushbu imkoniyatlar 30 yoshdan oshgan shaxslarga ham tatbiq etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, xorijiy tillar bo‘yicha kamida C1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan fuqarolar olis va borish qiyin hududlarda o‘quv markazlari ochishi mumkin. Ularga 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga foizsiz ssuda ajratiladi. Ssuda miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 320 baravarigacha etib belgilangan.
Farmonda ilmiy va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha mexanizmlar ham nazarda tutilgan. Xususan, yangi ishlanmalarga asoslangan «spin-off» korxonalari reyestri joriy etiladi.
Reyestrga kiritilgan korxonalarga qator soliq va moliyaviy imtiyozlar beriladi. Agar korxona patentlangan ilmiy ishlanmalar asosida mahsulot ishlab chiqarsa, unga avval belgilangan preferensiyalar tatbiq etiladi.
Patentsiz ishlanmalar asosida faoliyat yurituvchi korxonalar esa 2026-yil 1-maydan 2029-yil 1-maygacha foyda solig‘ini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘laydi.
Mahalliy
Oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizom yangidan tasdiqlandi
Adliya vazirligi Oliy ta’limga oid idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Mazkur hujjat bilan Oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizom yangidan tasdiqlanib, unda oliy ta’lim tizimini tashkil etish, ta’lim jarayoni, boshqaruv, moliyaviy munosabatlar hamda talabalar va pedagog xodimlarning huquq va majburiyatlari belgilandi.
Nizomga ko‘ra, oliy ta’lim bakalavriat va magistratura bosqichlari orqali amalga oshiriladi.
Bakalavriat ta’limi kamida 3 yil davom etadi.
O‘qish muddati kunduzgi ta’lim shakliga nisbatan:
sirtqi ta’lim shaklida kamida 1 o‘quv yili;
kechki ta’lim shaklida kamida yarim o‘quv yili muddatiga ko‘proq bo‘lishi kerak.
Oliy ta’lim kunduzgi, masofaviy, dual, inklyuziv ta’lim va boshqa shakllarda amalga oshiriladi.
Bitiruvchilarning mehnat bozori talablariga mos bo‘lishini ta’minlash maqsadida o‘quv dasturlari va malaka talablari ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.
Talabalarga quyidagi huquqlar beriladi:
ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar kiritish;
ta’lim jarayoniga oid muhokamalarda ishtirok etish;
kutubxona va axborot resurslaridan bepul foydalanish;
xalqaro almashinuv va qo‘shma ta’lim dasturlarida qatnashish;
oliy ta’lim tashkiloti rahbariyati qarorlari ustidan shikoyat qilish;
mehnat qonunchiligiga muvofiq mehnat shartnomasi asosida oliy ta’lim tashkilotining o‘zida yoki boshqa tashkilotlarda ishlash;
kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar stipendiya olish.
Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarni ta’lim olish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish taqiqlanadi.
Talabalar oliy ta’lim tashkilotlarining ichki tartib-qoidalari va odob-axloq qoidalariga rioya qilishlari kerak.
Shuningdek, ta’lim jarayoni milliy kredit-modul tizimi asosida tashkil etilib, u Yevropa kredit transfer tizimiga moslashtiriladi.
Oliy ta’lim tashkilotlariga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.
Mahalliy
Zo‘r odam bo‘lish uchun nima qilish kerak?
Mendan ko‘pincha: «Birinchi o‘qigan kitobingizni eslaysizmi?» deb so‘rashadi. To‘g‘risi, eslay olmayman. Ammo birinchi eshitgan, tinglagan kitoblarim yodimda. Ular kattalar tomonidan uzoq qish tunlari mehmonxonalarda, sandal yonida o‘qiladigan jangnoma kitoblar, ertaklar, qasidalar edi. Abu Muslim jangnomalari, Ibrohim Adham qissalarini jon qulog‘im bilan tinglardim. Bu kitoblar qayerda o‘qilayotgan bo‘lsa, o‘sha yerga tortinmay boraverardim.
Keyinroq o‘qigan kitoblarimni eslayman. Stefan Sveygning «Notanish ayol maktubi»ni kattalardan yashirib o‘qiganman. Fransuz ozodlik harakati yo‘lboshchilaridan biri – afsonaviy qahramon Janna d’Ark haqidagi kitobni o‘qiganimda kitob otlig‘ bu ilohiy ne’mat haqidagi tasavvurim yanada tiniqlashgan.
Favqulodda jasoratli bu ayol meni o‘ziga tamomila rom etgan. Johillar uni olovda kuydirishgani tushlarimga kirib chiqqan. Yillar o‘tib, yo‘lim Fransiyaga tushganida, Versal saroyining mahobatli zallaridan birida Janna d’Ark bilan yuzma-yuz keldim. Mohir mo‘yqalam ustasi Yangi Orlean uchun bo‘lgan jangning g‘olib qahramonini ot ustida shu qadar jonli tasvirlagan ediki, suyukli qahramonimning ko‘zida nur ko‘rganday, nafas olishi-yu, yurak urishini eshitib turganday bo‘ldim…
Hayot meni bir xulosaga olib keldi: ertak, sarguzasht kitoblarni ko‘p o‘qigan bola bilan kitob o‘qishga o‘rgatilmagan bolaning fe’l-atvorida keskin farq bo‘lar ekan. Kitobxon bolalarning nutqi ravon, fikrlash doirasi keng bo‘ladi, fe’lida mehribonlik, birovni behuda ranjitmaslik, jonzotlarga ozor bermaslik kabi xususiyatlarni ko‘rish mumkin.
Kitobga qiziqishimga muallimlarning «Zo‘r odam bo‘lish uchun ko‘p kitob o‘qish kerak», degan gapi sabab bo‘lgan. Zo‘r bo‘lish kimga yoqmaydi deysiz, qo‘limga nima tushsa, tanlamay o‘qiyverganman. Qirg‘iz tilida yozilgan bitta kitobni rosa qiyinchilik bilan oxiriga yetdim. Bilsam, u bahorda qo‘zilatish mavsumini qanday o‘tkazish kerakligi to‘g‘risida yosh cho‘ponlarga tavsiya ekan…
Bir kuni yuqori sinfda o‘qiydigan bolalar domlalardan yashirib bir nimani o‘qishayotganini sezib qoldim. So‘rasam «Bunaqa kitoblarni o‘qishga hali yoshsan», deb berishmadi. Bir amallab qo‘lga kiritdim. To‘xtasin Jalolovning «Oltin qafas» degan mo‘’jazgina, o‘sha yillar ko‘zi bilan qaraganda, ishqiy qissa ekan. Erta azonda Takavoytepaning naryog‘iga o‘tib, hech kimga ko‘rsatmay o‘qib chiqdim. Stefan Sveygning «Notanish ayol maktubi» kitobini ham shu taxlit, rus tili o‘qituvchimizning stolidan «bildirmasdan olib» o‘qiganman va shu shakkokligim sabab, «Fransuz tili o‘qituvchisi» filmining yosh qahramoniga aylanishimga sal qolgan.
Toshkent Davlat universitetiga o‘qishga kelgach, ko‘plab badiiy kitoblarni domlalarimizdan baho olish uchun zudlik bilan u yer-bu yerini «cho‘qilab» chiqishga to‘g‘ri keldi. Tasavvur qiling: imtihonga ikki-uch kun qolganida tunni tun, kunni kun demay, Lev Tolstoyning «Urush va tinchlik», «Anna Karenina» asarlarini, Onore de Balzak, Emil Zolya, Fenimor Kuper va yana shu kabi o‘nlab klassiklarning yostiqday-yostiqday asarlarini o‘qib chiqishga, hech bo‘lmaganda mazmunini aytib berishga majbur bo‘lganmiz.
Xorijiy adabiyot bo‘yicha imtihonda menga Emil Zolyaning «Jerminal» asari tushib qolsa bo‘ladimi! Ochig‘i, bu asarni umrimda o‘qimagan edim, ammo bir to‘plamda ayni shu muallifning «Markizaning yelkalari» sarlavhali ishqiy essesiga ko‘zim tushgandi. Tavakkal qilib domlaga shu essening mazmunini o‘zimdan bir oz qo‘shib, ayrim joylarini bo‘rttirib aytib berdim. Domla astoydil qiziqib qoldi va menga yaxshi baho qo‘ydi. Yillar o‘tib, «Urush va tinchlik»ni ham, «Anna Karenina»ni ham, Balzak, Heminguey, Drayzer, Bunin, Chexov, Gogol va boshqalarning mashhur asarlarini o‘zim uchun, ichki bir ehtiyoj sabab uchinchi marta o‘qishimga to‘g‘ri keldi. Bu o‘qish haqiqiy o‘qish bo‘ldi.
Kitob o‘qir ekanman, ulardan topgan dur-javohirlarim, anglagan haqiqatlarim, mutolaa jarayonida xayolimga kelgan ajoyib fikrlarni boshqalar bilan baham ko‘rish, bu buyuk tafakkur xazinasidan bahramand bo‘lmaganlarni kitobxonlikka chorlash men uchun yoqimli mashg‘ulotga aylandi. O‘zim uchun yangilik bo‘lgan so‘z va iboralarni, noyob voqea-hodisalar talqini, ulug‘ ajdodlarimizning hikmatli so‘zlari, xotirada to‘la saqlanishi qiyin bo‘lgan faktlarni yon daftarimga yozib boraman. Mendan bu dunyoda topgan va farzandlarimga qoldiradigan meros haqida so‘rasalar, hech ikkilanmay, ana shu yozuvlarimni aytgan bo‘lar edim…
Ahmadjon Meliboyev
-
Dunyodan4 days ago
AQSh Eron urushida kamida 7 samolyotini yo’qotdi
-
Jamiyat1 day agoNavoiyda xususiy bog‘cha tarbiyachisi bolalarni kaltakladi
-
Jamiyat4 days agoJizzaxda kuchli yomg‘irdan keyin sel kuzatildi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Qurilish bozorida asosiy ulush bino va inshootlar hissasiga to‘g‘ri keldi
-
Dunyodan2 days ago
AQSh va Eron o’rtasidagi sulh bitimi bugun kuchga kirishi mumkin
-
Jamiyat4 days ago3,7 gektar yerni 7 gektar deb sotmoqchi bo‘lgan fermer ushlandi
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp Eronni Hormuz muammosi “jiddiy oqibatlarga olib kelishi” haqida ogohlantirdi
-
Jamiyat5 days agoSamarqand tramvayi – faqat nostalgiya emas, odamlarga nafi tegayotgan tizim
