Jamiyat

Akademik Abdulla Ubaydullayev vafot etdi

Published

on


Tibbiyot sohasidagi atoqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, tibbiyot fanlari doktori, professor Abdulla Muharramovich Ubaydullayev 9 dekabr kuni 91 yoshida vafot etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot sohasidagi atoqli olim, akademik Abdulla Ubaydullayev vafoti yuzasidan hamdardlik bildirdi.

Abdulla Muharramovich Ubaydullayev 1934 yil 20 martda Toshkent shahrida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent davlat tibbiyot institutida (hozirgi Toshkent davlat tibbiyot universiteti) ta’lim oldi. Mehnat faoliyatini Toshkent shahridagi 1-klinik shifoxonada feldsher vazifasida boshladi. Keyinchalik Toshkent va Moskvada aspirantura hamda doktoranturada o‘qib, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 1995 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, 2000 yilda esa haqiqiy a’zosi etib saylandi.

Abdulla Ubaydullayev qariyb 70 yillik mehnat faoliyati davomida Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti assistenti, dotsenti, fakultet dekani, Respublika ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi professori kabi mas’ul lavozimlarda xizmat qildi.

Sil va nafas olish yo‘llarining noan’anaviy kasalliklarini profilaktika qilish va davolash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirdi, ko‘plab monografiya, darslik, o‘quv qo‘llanmalar yozib, pulmonologiya va allergologiya yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekistonda yangi maktab yaratdi.

Abdulla Ubaydullayev turli davrlarda O‘rta Osiyo pulmonologlari assotsiatsiyasi prezidenti, «Markaziy Osiyo pulmonologlari xabarnomasi» ilmiy jurnali bosh muharriri, Yevropa respiratorlar jamiyati, Sil va nafas yo‘llari kasalliklari xalqaro ittifoqi a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatdi.

U «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi» faxriy unvoni, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.

 



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version