Connect with us

Jamiyat

aholi Janubiy Farg‘ona kanalida suv sathi ko‘tarilganidan xavotirda

Published

on


Andijonda ikki oy oldin katta toshqin bo‘lgan Sarbontepa mahallasi ahlining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Janubiy Farg‘ona kanali bo‘yida yana suv sathi ko‘tarilgan va qirg‘oqlardagi damba mustahkamligi shubha ostida qolmoqda. Viloyat FVB va tuman hokimligi xavf katta emasligini aytdi, lekin murojaatdan keyin damba mustahkamlandi. Murojaatchilar esa IIB binosiga olib borilib, ulardan tushuntirish xati olindi.

Kun.uz’ga Andijon viloyati Buloqboshi tumani «Sarbontepa» MFYda yashovchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Bir necha oy oldin bu qishloqning tepa qismida suv toshib ketib, mahalla ahli katta talafotlar ko‘rgan edi.

Mahalla faollarining aytishicha, joriy yil 8 iyunga kelib suvning zarar ko‘rib ochilib ketgan joyidan 1-1,5 kilometr pastroqda, Katta Farg‘ona kanalida suv yoniga qilingan damba pasayib ketgan. Umumiy pasaygan joy miqdori 120-150 metr atrofida. Aholining asosiy xavotiri – damba yuvilib ketsa, katta suv qishloqqa yana zarar yetkazishi mumkin.

«Xalq qo‘rqib, shu yerga o‘zining yonidan pul sarflab tuproqlarni olib kelib to‘kyapti. Shu qishloqni suv yuvib ketmasin deb. Yaqinda, ikki oy oldin qishlog‘imizning yarmini suv yuvib ketdi. O‘shanda bir soat deganda qishloqni tekislab qo‘ydi. Mana, 1–1,5 km pastda yana xuddi shunaqa holat takrorlanyapti.

Mahallaning kattalari chiqib, lenta tortyapti, mashina yurmasin bu yoqqa, deb. Davlatimizdan iltimos qilib qolamiz, viloyat hokimi, Buloqboshi tumani hokimi… Shu narsaning ertaroq oldini olinglar. Ertaga kelib buni suv yuvib ketadigan bo‘lsa, undan keyingi yordamning umuman keragi yo‘q. Chunki uyni boshqatdan qilish kerak, umuman hamma joy rasvo bo‘lib ketadi. Chunki biz narsani o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, qishloqda qanaqa holat bo‘lganini. Shu xavfning oldini olaylik, sizlardan iltimos qilib qolamiz», deyiladi mahalla ahlining murojaatida.


Foto: Kun.uz


Foto: Kun.uz

Faollar olgan videoda beton kanalidan sut sathi ba’zi joylarda 70-90 smgacha ko‘tarilib ketganini ko‘rish mumkin. Murojaatchining aytishicha, suv yonidagi xavfli vaziyatni tushuntirish uchun profilaktika inspektorini ham chaqirishgan. Lekin u «o‘qishda» bo‘lgani uchun kelolmagan. Mahalla raisi ham yordamchilari bilan «o‘qishda» bo‘lgan.

«Shunga biz kimni chaqirishni bilmadik. Iloji boricha sizlarga tushunarli qilib ma’lumotini berdik, degan umiddamiz. Iltimos, kelib shu narsani o‘rganinglar. Ertaga kelib suv ochilib ketsa yoki boshqa bir yorilib ketadigan bo‘lsa, undan keyingi yordamning foydasi yo‘q», deydi faollar.

Agar ushbu damba ochilib ketadigan bo‘lsa, katta miqdordagi suv 300 metr pastroqda bo‘lgan aholi yashash joyiga borishi mumkin.

FVV «xavf katta emas» demoqda

Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida dastlab Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan bog‘landi.

FVV Andijon viloyati boshqarmasi mas’uli Nodirbek Yo‘ldoshevning aytishicha, vaziyat aslida bunchalik vahimali emas. Shunga qaramay, aholining xavotirlarini aritish uchun shag‘al to‘kilib, damba ko‘tarilgan.

«Joyiga bordik. U yerda tuman hokimi boshchiligida barcha tashkilotlar vakillari ishlayapti. Mashina va shag‘allar kelyapti. Xavf yo‘q, lekin xalq talab qilgani uchun damba ko‘tarilyapti. 120 metr uzunlikdagi hududda ko‘tarilyapti.

Shu bilan birga, daryo oldida damba biroz cho‘kkani to‘g‘ri. Lekin bu daryoning suvi boshqariladigan bo‘lgani uchun suv kubometri oshib ketmaydi. Xavotirli emas», dedi Andijon viloyati FVB mas’uli.


Foto: Buloqboshi tumani hokimligi matbuot xizmati

Uning qo‘shimcha qilishicha, Buloqboshi tumani hokimi o‘sha joyga yetib borib shtab tuzgan, bugun bu ishlar tugaydi.

FVV matbuot xizmati aslida kanal va u bilan bog‘liq masalalar «O‘zbekgidroenergo» AJ tasarrufida ekanini bildirdi. Kun.uz jamiyat matbuot xizmati bilan bog‘lanib, holat yuzasidan izoh so‘radi.

«O‘zbekgidroenergo» AJ matbuot xizmati xodimi Hulkar Jo‘rayeva holatni o‘rganib, izoh berilishini ma’lum qildi.

Murojaatchilar IIBga olib ketildi

Ma’lum bo‘lishicha, kanaldagi suvdan xavotirlanib, aholining videomurojaati ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqalgach, Buloqboshi tumani hokimi Furqatbek Bo‘taxonov hududga yetib borgan. Hokim dastlab videomurojaat yuborgan fuqarolarni to‘plab, bunday masalalarni ijtimoiy tarmoqlarga chiqarmaslik kerakligini aytgan.

Shundan keyin o‘z mahallasini suv xavfidan saqlash haqida iltimos qilgan mahalla faollarini IIB binosiga olib ketishgan. Ulardan tushuntirish xati olinib, qo‘yib yuborilgan. Murojaatni videoga olib, tarmoqlarga joylagan fuqaro hamon IIB binosida qolmoqda.

Andijon viloyati IIB matbuot kotibi Sherzodbek Nuriddinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, fuqarolardan biri «Katta Farg‘ona kanali toshmoqda, aholi xavf ostida qoldi», degan vahimali sarlavha bilan videoni o‘zining sahifasiga joylagan. Keyin video o‘chirib yuborilgan. Shu sababli «vaziyatni o‘rganish va tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida fuqarolar o‘z roziligi bilan IIB binosiga olib kelingan». Keyinroq ular qo‘yib yuborilgan. Videomurojaatni joylagan fuqaroning harakatlari esa o‘rganilmoqda.

Buloqboshi tumani hokimligi esa dastlab 9 iyun kuni tumanning «Sarbontepa» MFY hududidan o‘tuvchi Farg‘ona kanalining suv sathini ishchi guruh o‘rgangani, natijada «kanaldagi suv sathi ma’lum miqdorda ko‘pligi, biroq belgilangan hajmdan past ekani»ni yozdi.

Lekin 10 iyun kuni ertalab Buloqboshi tumani hokimi Furqat Bo‘taxonov hududga keldi va dambaning sathi ko‘tarilgani ma’lum qilindi.


Foto: Buloqboshi tumani hokimligi matbuot xizmati

«Bugun ertalabda tuman hokimi F.Bo‘taxonov boshchiligida suv toshishi xafvi bo‘lgan 150 metr atrofidagi yo‘lning ustki qismiga texnikalar yordamida qattiq jismdagi tog‘ toshi, shag‘allar yotqizish ishlari boshlandi. Tuman hokimi va tegishli mas’ul rahbarlar ishtirokida murojaatchilar bilan muloqot o‘tkazilib, shaxsan o‘zi nazoratga olgani, suv toshish xavfini oldini olish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar amalga oshirilishini tushuntirib o‘tdi», deyiladi tuman hokimligi xabarida.

Yuqorida qayd etganimiz, murojaatchilarni IB binosiga olib ketish ham ayni hokim kelganidan so‘ng sodir bo‘lgan.


Buloqboshi tumani hokimi Furqat Bo‘taxonov murojaatchilar bilan

Umumiy vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida kun davomida Andijon viloyati hokimligi matbuot kotibi Rustam Eshonov bilan bog‘lanishga urinishlarimiz samara bermadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyida ham Buloqboshi tumani «Sarbontepa» MFY hududidan oqib o‘tuvchi Janubiy Farg‘ona kanali qirg‘oqlarining biriga shikast yetgani natijasida katta miqdorda suv toshgan edi. Oqibatda o‘nlab xonadonlar va hovlilarni suv bosdi, yo‘llar va ekinlar vayron bo‘ldi. Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov voqeaga joyiga kelgan va aholiga zararlarni qoplab berish ishlari shu kunning o‘zida boshlangandi.

O‘sha fojiada ham Sarbontepa mahallasi fuqarolari Kun.uz bilan suhbatda kanal qirg‘og‘i o‘pirilishi asli 24 apreldan boshlanganini, shu sanadan boshlab qirg‘oqdan suv sizib chiqqanini aytgandi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

O‘zbekiston fuqarolari AQShdagi mavsumiy ishlarga jalb etilishi mumkin

Published

on


Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev va AQShning USA Farm Labor tashkiloti rahbari Manuel Fik o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn muzokarada o‘zbekistonlik nomzodlarni ilk bor AQShdagi mavsumiy ishlarga jalb etish tartiblari muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun: USA Farm Labor 22 yildan buyon H-2A dasturi doirasida Qo‘shma Shtatlardagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga xorijiy ishchilarni jalb qilish bilan shug‘ullanadi. Hozirda Shimoliy Amerika hududida 1 400 dan ortiq fermer xo‘jaliklari va rancholar bilan hamkorlik shartnomasiga ega.

AQSh mavsumiy ishchilar uchun quyidagilarni taklif etadi:


Ish muddati: 9–10 oy;
O‘rtacha oylik: $3 500;
Turarjoy: ish beruvchi hisobidan;
Malakali mutaxassislarga ustuvorlik beriladi.

Uchrashuv yakunida o‘zaro kelishuv imzolandi hamda hamkorlikning keyingi bosqichlarini eng tez muddatlarda amalga oshirishga kelishib olindi, deyiladi Migratsiya agentligi xabarida.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Ajrim uchun yarashtirish muddati bir yilgacha uzaytirilishi mumkin

Published

on


O‘zbekistonda nikohdan ajratish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi doirasida yarashtirish muddatini 6 oydan 1 yilgacha uzaytirish taklif etilmoqda.

Foto: Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali

Nikoh va oila munosabatlarini yanada tartibga solish, oilani saqlab qolish hamda bolalar huquqlarini kuchliroq himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Hujjatga ko‘ra, amaldagi tartibda sud tomonidan belgilanadigan yarashtirish muddatini 6 oydan 1 yilgacha uzaytirish taklif etilmoqda. Bu esa ajrim qarorini qabul qilishdan oldin oilani saqlab qolish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida nikoh shartnomasi shartlarini erkin tanlash imkoniyatlarini kengaytirish, idoralararo elektron hamkorlikni joriy etish ham nazarda tutilgan. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari orqali nikohni bekor qilishda oilaning haqiqiy holatini chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratilishi belgilanmoqda.

Loyihada yana bir muhim yangilik — voyaga yetmagan bolalar uchun aliment miqdorini minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmasligi belgilash taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, aliment to‘lovlari bola nomiga ochilgan bank hisobvarag‘ida jamlanishi va uning sarflanishi ustidan nazorat kuchaytirilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, nikohdan ajratilgandan so‘ng bolalarning qaysi ota-ona bilan yashashi, ularning manfaatlarini ustuvor ta’minlash, shuningdek, alohida yashayotgan ota-onaning farzand bilan muloqot tartibini belgilash kabi masalalarga ham aniqlik kiritilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkentda giyohvand moddalar tayyorlagan jinoiy guruh ushlandi

Published

on


Sergeli tumanida ko‘p qavatli uylardan birida tashkil etilgan narkolaboratoriya fosh etildi, katta miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar musodara qilindi.

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoiy faoliyatga chek qo‘yildi. Aniqlanishicha, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yashovchi 2003 yilda tug‘ilgan shaxs Sergeli tumanidagi xonadonni ijaraga olib, u yerda narkolaboratoriya tashkil etgan.

Tezkor tadbir davomida ushbu manzildan umumiy qiymati 4,5 milliard so‘mga teng bo‘lgan 3,5 kilogramm “Pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi, 20 litr suyuq va 25 kilogramm kukun ko‘rinishidagi prekursorlar, shuningdek, ularni tayyorlash va qadoqlashda foydalanilgan anjomlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, laboratoriyada kimyogar sifatida faoliyat yuritgan yana bir fuqaro ham ushlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shaxslar avval Telegram messenjeri orqali ishlovchi narkodo‘konda “kladmen” sifatida giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullangan. Keyinchalik esa jinoiy guruh ishonchini qozonib, bevosita moddalarni tayyorlash jarayoniga jalb etilgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Mas’ul idoralar fuqarolardan shubhali holatlarga befarq bo‘lmaslikni, bunday holatlarga duch kelganda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishni so‘ramoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Nurafshondan Toshkentga tezyurar avtobuslar yo‘lga qo‘yiladi

Published

on


Nurafshon shahridan Bektemir tumanigacha tezyurar avtobus qatnovlari uchun «Bus rapid trans» (BRT) tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining 24-martdagi qarorida keltirilgan.

Ushbu qarorga ko‘ra, «Toshkent–Nurafshon» avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish orqali ekspress avtobus tizimini (BRT) tashkil etish loyihasi tashabbuskori sifatida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, mazkur tezyurar avtobuslar uchun yo‘l o‘rtasida maxsus yo‘laklar ajratiladi. 9 ta yopiq va iqlim nazorati tizimiga ega bekat bo‘lishi ham reja qilingan. Bekatlar oralig‘i o‘rtacha 2,9 kilometrni tashkil etadi.

Qarorga ko‘ra, ushbu loyihaning umumiy qiymati 119 mln 642,7 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Loyiha Xalqaro moliya institutlari va Davlat budjeti tomonidan moliyalashtiriladi.

Shuningdek, «Avtoyo‘linvest» agentligi bevosita buyurtmachi funksiyasini bajaradi. Loyiha 2028-yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushishi ko‘zda tutilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Aholini masjidlar orqali ogohlantirish tizimi joriy etildi

Published

on


BMT Taraqqiyot dasturi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda aholini erta ogohlantirish tizimini kengaytirishga qaratilgan yangi tizim joriy qildi. Loyiha doirasida masjidlarga maxsus uskunalar o‘rnatilib, tezkor xabarlar tashqi ovoz kuchaytirgichlar orqali uzatiladi.

Ma’lum qilinishicha, hozirga qadar Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi 272 ta masjid ushbu tizim bilan jihozlangan. Ogohlantirish radiusi 500 metrdan 2000 metrgacha yetadi.

Yangi tizimning muhim jihati shundaki, u aloqa va elektr uzilishlari sharoitida ham ishlay oladi. Bu esa favqulodda holatlarda axborot uzilishining oldini olishga xizmat qiladi.

Loyihaga ko‘ra, ushbu usul orqali 6,5 million nafarga yaqin aholini qamrab olish mumkin.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.