Iqtisodiyot

Afg‘oniston–Pokiston mojarosiga qaramay, Kobul koridorini qurish loyihasi davom etmoqda

Published

on


Yaqin vaqt ichida O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston mutaxassislari “Termiz–Naybobod–Maydanshahr–Logar–Xarlachi” temiryo‘li loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash uchun qo‘shma dala ekspeditsiyasini boshlaydi.

Foto: Transport vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Janubiy Osiyo yo‘nalishidagi transport va tranzit tashuvlarida o‘zining raqobat ustunligini saqlab qolmoqda. Bunga qo‘shni Afg‘oniston temir yo‘l tarmog‘ini kengaytirish hamda mamlakatni mintaqalararo bog‘liqlik loyihalariga jalb etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar katta hissa qo‘shmoqda.

Yaqinda Balx viloyatida Afg‘onistonni Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan eng muhim savdo arteriyalaridan biri bo‘lgan “Hayraton–Mozori Sharif” temir yo‘lining yakuniy beshinchi uchastkasi faoliyati qayta tiklandi. O‘zbekiston tomoni ko‘magida Naybobod stansiyasidan Mozori Sharifgacha bo‘lgan temiryo‘l qismi to‘liq ishchi holatga keltirildi. Mazkur yo‘nalishdagi quruqlik porti bir vaqtning o‘zida 50 tagacha vagonga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

2011 yildan buyon “Hayraton–Mozori Sharif” yo‘nalishi orqali 50 million tonnadan ortiq yuk tashilgan bo‘lib, shundan qariyb yarmi so‘nggi bir necha yil hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa O‘zbekiston–Afg‘oniston chegarasi orqali xalqaro yuk tashishuvlariga talab ortib borayotganini ko‘rsatadi. Natijada Toshkent va Kobul transchegaraviy logistika samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni kuchaytirmoqda. Asosiy e’tibor yuklar harakatini soddalashtirish va tezlashtirishga qaratilgan infratuzilmaviy islohotlarga qaratilgan.

2026 yil aprel oyida o‘zbekistonlik mutaxassislar Naybobod temiryo‘l stansiyasida 1000 metr uzunlikdagi qo‘shimcha kirish yo‘lini qurishni yakunladi. Bu yuk poyezdlarini ko‘proq qabul qilish, ularning turib qolish vaqtini qisqartirish hisobiga tirbandliklarning oldini olish imkonini beradi. Keyingi bosqichda uzunligi 1650 metr bo‘lgan yana bir qo‘shimcha temiryo‘l liniyasi va bir nechta zamonaviy omborlar qurilishi rejalashtirilgan.

Mazkur infratuzilmaviy kengayishlar “Termiz–Naybobod–Maydanshahr–Logar–Xarlachi” yo‘nalishi bo‘yicha Transafg‘on temiryo‘li qurilishi loyihasi bilan uzviy bog‘liq. Kobul koridori deb ataluvchi ushbu loyiha Qozog‘iston, O‘zbekiston va Afg‘oniston orqali o‘tuvchi muqobil “Shimol–Janub” transport o‘qini yaratish uchun asos bo‘lmoqda. U Yevropa, Markaziy Osiyo, Sharqiy va Janubiy Osiyo bozorlarini dengiz savdo yo‘llarini chetlab o‘tgan holda eng qisqa quruqlik marshruti orqali bog‘laydi. Transafg‘on magistrali ishga tushganidan keyingi dastlabki o‘n yil davomida yiliga 22 million tonnagacha yuk tashilishi, keyinchalik esa bu ko‘rsatkich 34 million tonnagacha yetishi kutilmoqda.

2023 yildan buyon uzunligi 5532 kilometr bo‘lgan “Belarus–Rossiya–Qozog‘iston–O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston” multimodal koridori shakllanmoqda. Ushbu logistika zanjiri orqali yuklarni Janubiy Osiyoga 20 kun ichida, ya’ni dengiz yo‘llariga nisbatan uch baravar tez yetkazish mumkin bo‘ladi. Uni kelajakda Yevropa va Hindiston tomon kengaytirish istiqboli mavjud. Transafg‘on temir yo‘li ishga tushgach, yangi koridor monomodal holatga kelibgina qolmay, bir baqtning o‘zida Eron orqali o‘tuvchi amaldagi “Shimol–Janub” xalqaro transport koridoriga qaraganda ancha qisqa yo‘lga aylanadi.

Kobul va Islomobod o‘rtasidagi chegaraviy mojaro kuchayib borayotganiga qaramay, Nayboboddan Xarlachigacha bo‘lgan temiryo‘l liniyasi qurilishi izchil davom etmoqda. 2025 yil 17 iyuldagi uch tomonlama hukumatlararo kelishuvga muvofiq, O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston bir necha oy davom etadigan dala ekspeditsiyasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Muhandislik tadqiqotlari natijalari loyiha texnik-iqtisodiy asoslarining muhim parametrlarini aniqlash imkonini beradi.

Shu bilan birga, Toshkent Markaziy Osiyo va Afg‘oniston orqali o‘tuvchi janubiy tranzit yo‘nalishining jozibadorligini oshirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari Temiryo‘l transporti kengashining navbatdagi yig‘ilishida Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Belarus, Rossiya va Qozog‘istonning g‘arbiy hududlaridan O‘zbekistonga hamda undan keyingi davlatlarga qatnaydigan yuk va konteyner poyezdlarini shakllantirish bo‘yicha amaldagi xalqaro rejalarni o‘zgartirish taklif qilindi.

Hozirda yuk poyezdlarining asosiy qismi O‘zbekistonga “Sariag‘ash–Keles” chegara o‘tish punkti orqali kirib keladi. Bu uchastka kuniga qariyb 40 juft poyezdni qabul qilib oladi, shu bois MDHdagi eng intensiv chegara nuqtasiga aylangan. Afg‘onistonga Eron va Pokiston yo‘nalishlaridan savdo logistikaning cheklanishi shimoldan kelayotgan yuk oqimini oshirmoqda. Bu esa Toshkent temir yo‘l tuguni, qolaversa Samarqand, Buxoro hamda Qarshi yo‘nalishlariga qo‘shimcha yuklama beradi. Mazkur yo‘nalishlar mamlakat aholisining o‘sishi va turizmning rivojlanishi hisobiga yo‘lovchi tashish segmentida ham yuqori talabga ega.

Kelgusida bungay holat Janubiy Osiyoga eksport yuklarini O‘zbekiston hududi va Kobul koridori orqali tashishda qo‘shimcha xarajatlar hamda vaqt yo‘qotishlariga olib kelishi mumkin. Muammoni Qozog‘istondan O‘zbekistonga kirayotgan tranzit yuk oqimini Qoraqalpog‘istondagi “Oazis” davlatlararo temir yo‘l tutashuv punktiga yo‘naltirish orqali hal qilsa bo‘ladi.

Natijada, bir tomondan, “Sariag‘ash” chegara stansiyasiga yuklama kamayadi va “Toshkent–Samarqand”, “Toshkent–Buxoro” hamda “Toshkent–Qarshi” elektrlashtirilgan temir yo‘llarini ichki yo‘lovchi tashuvlari uchun bo‘shatiladi. Ikkinchi tomondan esa, Boltiqbo‘yi davlatlari, Belarus, Ukraina va Rossiyadan O‘zbekistonga va u orqali Afg‘oniston, Turkmaniston va Tojikistonga olib boradigan temir yo‘l masofasini 163 kilometrga qisqartirish imkoni yuzaga keladi.

Nargiza Umarova,

JIDU qoshidagi

Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti

Strategik bog‘liqlik markazi rahbari



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version