Connect with us

Sport

«PSJ» va «Chelsi» klublar mundiali finalida to‘qnashadi

Published

on


Yangilangan formatdagi turnir finali haqida asosiy ma’lumotlar.

Bugun yangi formatda ilk bor tashkil qilingan va bir oydan beri davom etib kelgan turnir o‘z yakuniga yetadi. Musobaqa finalida «PSJ» va «Chelsi» to‘qnash keladi.

 G‘oliblar

Bu safar biroz kengroq formatda tashkil qilinayotgan bo‘lsa-da, klublar bo‘yicha jahon chempioni degan nom asr boshlarigacha yetib boradi va an’anaviy ravishda 1960 yildan buyon Tokioda tashkil etib kelingan qit’alararo kubok o‘rniga paydo bo‘lgan. Avvaliga faqat Libertadores va YeChL g‘olibi o‘rtasida bitta uchrashuv o‘tkazish bilan kifoyalanishgan bo‘lsa, keyin boshqa qit’alar vakillari ham qo‘shila boshlaydi.

Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida eng ko‘p «Real» g‘alaba qozongan – 5 marta. «Chelsi» hisobida ham ushbu turnir g‘olibligi bor – 2021 yilda londonliklar «Palmeyras» ustidan 2:1 hisobida ustun kelishgandi. Umuman olganda, oxirgi 11 turnirda, jumladan bu safar ham shunday bo‘ladi, bosh sovrin Yevropa klubiga nasib qilib kelmoqda. Qizig‘i, boshqa qit’a vakili g‘alaba qozongan oxirgi final 2012 yilda bo‘lgandi va aynan «Chelsi» «Korintians»ga imkoniyatni boy bergan.

Agar bugun «PSJ» g‘olib chiqadigan bo‘lsa, klublar o‘rtasida jahon chempioniga aylangan ilk fransuz jamoasiga aylanadi. Nafaqat 2000 yildan keyin paydo bo‘lgan turnir, umuman, 1960 yildan boshlangan qit’alararo kubok tarixini qo‘shadigan bo‘lsak ham, Fransiya klublarida g‘oliblik yo‘q. E’tiborli tomoni, 1993 yilda Marselning «Olimpik» jamoasi Chempionlar Ligasini yutgan bo‘lsa-da, jahon chempioni bo‘lish nasib etmagan – moliyaviy qing‘irliklar tufayli klub diskvalifikatsiyaga uchragan edi. Demak, Enrike shogirdlari tarixiy voqea bo‘sag‘asida turishibdi.

Angliyadan esa ikki marta «Manchester Yunayted», shuningdek, bir martadan «Manchester Siti», «Liverpul» va yuqorida aytilganidek «Chelsi» dunyoning eng kuchli jamoasi sifatida qayd etilib, ushbu sovrin egasiga aylangan.

«PSJ» – yaqqol favorit

Bemalol aytish mumkinki, final oldidan deyarli hamma «PSJ»ni yaqqol favorit sifatida e’tirof etmoqda. Parijliklar bu mavsum o‘zi qatnashgan barcha musobaqalarda g‘olib chiqmoqda, yo‘lidan chiqqan barcha top-klublarni mag‘lub etmoqda.

«Chelsi» esa ushbu turnirda to‘rt yil oldingi YeChL g‘olibligi evaziga ishtirok etayotgani, shuningdek, pley-off setkasida nisbatan osonroq raqiblarga duch kelgani go‘yoki finalning tasodifiy ishtirokchisi deb baholanishga ham asoslar yaratishi mumkin, ammo londonliklar aynan mana shunday pozitsiyada natija ko‘rsata olishini ham yaxshi bilamiz. So‘nggi 10-12 yilda «Chelsi» ancha beqaror natijalarni qayd etib, juda ko‘p murabbiylar almashgan bo‘lsa-da, ayniqsa xalqaro maydonda jamoa Angliyaning eng muvaffaqiyatli klubi hisoblanadi. «Chelsi» mana shu davr mobaynida ikki marta Chempionlar Ligasini, ikki marta Yevropa Ligasini yutdi, hatto yaqinda tashkil etilgan Konferensiyalar Ligasini ham yutishga ulgurdi.

YeChL finallarida «Chelsi» «Bavariya» va «Manchester Siti»ga qarshi o‘ynagani va o‘sha o‘yinlarda ham raqiblar yaqqol favorit sifatida qaralganini eslash mumkin. Ya’ni «Chelsi»da o‘z holati va tarkibidan qat’i nazar, kerakli paytda kuchli raqibga munosib turib bera olish xususiyati mavjud.

O‘zaro o‘yinlar

«PSJ»ning «Real» yoki «Bavariya» bilan o‘yinlari kattaroq afishadek tuyulishi mumkin, ammo o‘tgan o‘n yillikda aynan «PSJ» va «Chelsi» o‘rtasidagi pley-off o‘yinlar Chempionlar Ligasining klassikalari qatoriga kirgan. Ko‘pchilik so‘nggi daqiqalarda Demba Baning goli hisobni 2:0 ga yetkazgani (birinchi o‘yinda 1:3) va Joze Mourinioning maydon cheti bo‘ylab yugurganini yaxshi eslaydi. Bundan tashqari, keyingi mavsum nimchorak finalida ikki durangdan iborat o‘yinlar safardagi gol qoidasi bo‘yicha parijliklarni keyingi bosqichga olib chiqqandi.

Umuman, agar o‘rtoqlik o‘yinlari hisobga olinmasa, bu jamoalar o‘zaro 8 marta to‘qnash kelgan va barchasi Chempionlar Ligasida. Ikki marta londonliklarning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, «PSJ» hisobida 3 g‘alaba bor, uch o‘yinda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati esa 11-10, «Chelsi» foydasiga.

Finalgacha yo‘l

«Chelsi» turnirni D guruhida «Los Anjyeles» klubiga qarshi boshladi va 2:0 hisobida (gollarni Netu va Fernandes urgan) g‘alaba qozondi. Ammo ikkinchi o‘yinda Braziliyaning «Flamengo» jamoasiga 1:3 (Netu) hisobida yutqazib qo‘ydi. O‘yin natijasiga hisob 1:2 ekanida Nikolas Jyekson maydondan chetlatilishi ham ta’sir ko‘rsatgani shubhasiz. Guruhdagi so‘nggi o‘yinda «Esperans» ustidan 3:0 (Tosin, Delap, Jorj) g‘alaba londonliklar 2-o‘rin bilan pley-offga chiqishini ta’minladi. Qaysidir ma’noda mana shu 2-o‘rin ham «Chelsi»ga finalgacha yo‘l ochib berdi deyish ham mumkin. Sababi, Mareska shogirdlari biroz kuchsizroq jamoalar to‘plangan tarafga tushib qolishdi.

Nimchorak finalda «Benfika» ro‘baru bo‘ldi va qo‘shimcha vaqtlarda «Chelsi» 4:1 hisobida ustun keldi. Gollarga bu safar Jyeyms, Nkunku, Netu va Holl mualliflik qilishdi. Chorakfinalda esa Palmerning goli va Uyevertonning avtogoli evaziga «Palmeyras» dog‘da qoldirildi. Yarifinalda «Chelsi» uchinchi Braziliya klubiga to‘qnash keldi. Jamoa tarkibiga turnir davomida kelib qo‘shilgan Joao Pedruning dubli «Fluminense» ustidan g‘alabani va final yo‘llanmasini ta’minladi.

«Chelsi» 2025 yilgi klublar mundialida:

Guruh bosqichi

«Chelsi» — «Los-Anjyeles» — 2:0

«Chelsi» — «Flamengo» — 1:3

«Chelsi» — «Esperans» — 3:0

Pley-off

1/8 final. «Chelsi» — «Benfika» — 4:1 q.v.

1/4 final. «Chelsi» — «Palmeyras» — 2:1

1/2 final. «Chelsi» — «Fluminense» — 2:0.

«PSJ»ning finalgacha bosib o‘tgan yo‘li raqibi bilan o‘xshash – guruhda ikki g‘alaba va bir mag‘lubiyat. Parijliklar ham Braziliya klubiga, «Batofogo»ga imkoniyatni boy bergandi (0:1). Qolgan barcha o‘yinlarda «PSJ» g‘alaba qozondi va birorta ham gol o‘tkazib yubormadi. «Atletiko» yirik hisobda tor-mor etilgan (4:0) o‘yinda Ruis, Vitinya, Mayulu va Li Kan In, «Sietl Saunders»ga qarshi guruhdagi muhim g‘alaba (2:0) qayd etilgan o‘yinda Xvicha va Hakimi gollarga mualliflik qildi, «Inter Mayami»ga qarshi o‘yinda Nevesh ikkita, Hakimi bitta gol urdi, yana bir gol mayamiliklar futbolchisi nomiga avtogol sifatida yozildi (0:4).

Chorakfinalda «Bavariya»ga qarshi o‘yin «PSJ» uchun eng qiyini bo‘ldi. O‘yinning so‘nggi qismigacha durang saqlanib turdi va 78-daqiqadagina Due hisobni ochdi. Keyin 82-daqiqada Pacho, 90+2 da Lyuka Ernandes qizil kartochka olib maydonni tark etishgach, nemislarda hisobni tenglashtirish uchun imkoniyatlar bo‘lgandi. Ammo qarshi hujumlardan birida Dembele ikkinchi golni urdi va o‘yin taqdirini hal qildi.

Finaldan oldingi final deb e’tirof etilgan «Real»ga qarshi o‘yin esa kutilmaganda «PSJ»ning oson g‘alabasi bilan tugadi. 23-daqiqagacha Ruis ikkita va Dembele bitta gol urib, hisobni yirik ko‘rinishga olib kelib qo‘yishganda final yo‘llanmasi taqdiri hal bo‘lgandi. O‘yin oxirlarida Ramush yana bir gol urib, «PSJ» uchun turnirda sevimli bo‘lib qolgan hisobni ta’minladi – 4:0.

«PSJ» 2025 yilgi klublar mundialida:

Guruh bosqichi

«PSJ» — «Atletiko» — 4:0

«PSJ» — «Botafogo» — 0:1

«PSJ» — «Sietl Saunders» — 2:0

Pley-off

1/8 final. «PSJ» — «Inter Mayami» — 4:0

1/4 final. «PSJ» — «Bavariya» — 2:0

1/2 final. «PSJ» — «Real» — 4:0

Iqtiboslar

Luis Enrike:

«Demak, bizda yana bitta o‘yin bor va g‘alaba qozonsak, mavsumda ishtirok etgan barcha turnirlarda g‘alaba qozongan jamoa sifatida nomimizni tarixga yozib qo‘yishimiz mumkin. Bu biz uchun ham, muxlislar uchun ham ahamiyatli. Biz yuzdan ortiq gol urdik, juda kam o‘tkazib  yubordik. Bizni finalda «Chelsi» kutib turibdi – turnirda yaxshi natijalar qayd etayotgan kuchli jamoa. Biz jiddiy tayyorlanishimiz va tiklangan bo‘lishimiz kerak».

Enso Mareska:

«Final – katta natija. Bu ajoyib mavsum. Biz juda juda baxtlimiz. Tarkibimizda muhim gollar urishga qodir bo‘lgan futbolchilar bor va biz ishonamiz. Butun jamoa bu futbolchilarning kerakli paytda gol urish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun harakat qilishi kerak».

Taxminiy tarkiblar

«PSJ»: Donnarumma – Mendesh, Pacho, Markinios, Hakimi – Nevesh, Vitiniya, Ruis – Kvaratsxeliya, Due, Dembele

«Chelsi»: Sanches – Gyusto, Chaloba, Adarabioyo, Kukurelya – Kaysedo, Fernandes, Palmer – Nkaunku, Netu, Joau Pedru.

Hakam

O‘yinni kelib chiqishi eronlik bo‘lgan avstraliyalik hakam Alirizo Fag‘oniy boshqarib boradi. U faoliyatini Eronda boshlagan, lekin 2019 yilda Avstraliyaga ko‘chib o‘tib, mahalliy chempionatda ishlagan. 2022 yil may oyida FIFA Alirizoni JCh-2022 hakamlari ro‘yxatiga kiritdi va u Qatarda Braziliya – Serbiya hamda Portugaliya – Urugvay uchrashuvlarini boshqardi.

Hakam yordamchilari ham Avstraliyadan: Anton Shetinin va Eshli Bichem.

O‘yin qayerda va qachon bo‘lib o‘tadi?

 Final Nyu Jyersi shtatidagi Ist-Ruterford shahrida, «Metlayf Stedium»da bo‘lib o‘tadi. O‘yingoh 2010 yilda qurilgan va o‘z bag‘riga 82 500 tomoshabinni sig‘diradi.

O‘yinni o‘zbekistonlik tomoshabinlar «Zo‘r TV» orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri tomosha qilishi mumkin. Translatsiya bugun soat 23:50 da boshlanadi. Davron Fayziyev va Hasan Turdaliyev birgalikda mazkur bahsni sharhlab boradi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi

Published

on


Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.

Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.

Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.



Source link

Continue Reading

Sport

EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi

Published

on


UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.

Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.

Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.

1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.

Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.

Manba: UEFA



Source link

Continue Reading

Sport

Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi

Published

on


Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.

«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.

Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.

Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.

Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.



Source link

Continue Reading

Sport

Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin

Published

on


Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.

«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.

Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.

Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.



Source link

Continue Reading

Sport

«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi

Published

on


Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.

London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.

O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi. 

«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi. 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.