Iqtisodiyot
Kafillik azobi yohud do‘stini «tushirib» ketgan firibgar qismati
Havo issiq. Quyosh tafti baland. Toshkent politexnika institutini tamomlaganidan beri Kogon tumanidagi elektromontaj kompaniyasida yordamchi mutaxassis bo‘lib ishlayotgan Sherzod ishdan qaytar ekan, ko‘nglida bir yengillik tugdi — u o‘z ishongan do‘stiga «kafil» bo‘lib, «chuv» tushgani – oxirgi qarzidan xalos bo‘lish arafasida. Bankka kirib, kassaga yaqinlashdi. Kassir qiz tanish nigohni ko‘rib, u bilan iliq salomlashdi. «Mana, oxirgi qarzingizdan ham qutildingiz, sabringizga qoyil. Siz kabi do‘stni ko‘rmadik”,-dedi miyig‘ida kulib, 3 200 000 so‘m pullarni sanab olar ekan.
«Ha-a, endi yana uyimga jamiyat qo‘ygan «ishonchli odam» sifatida qaytishimni xayolimda tasavvur qilyapman»,-sokin so‘zladi Sherzod.
***
Ikki yil avval uning juda yaqin do‘sti — hamkurs, hammaslagi — Oybek kelib, o‘z holatini tushuntirdi:
– Do‘stim, men biznes boshlayapman. Kredit olmoqchi edim. Lekin, bank kafil talab qilayapti. Sendan boshqa ishongan odamim yo‘q…
Oybekning og‘a-inilari bo‘lsayam, ular bilan chiqisha olmaydi. Sherzod buni yaxshi biladi.
– Ha, mayli, do‘stim, men yordam qilmasam, kim senga yordam qiladi? Do‘st qaysi kunga yaraydi?- dedi,- Axir, do‘stlik shuning uchun kerak-ku?
– Bir yilga qolmay yopaman, do‘stim. Senga muammo tug‘dirmayman. Rahmat,-dedi Oybek.
Sherzod ikkilanib turmadi. Banklardan biriga borishdi. Hujjatlar imzolandi. Do‘stining 80 million so‘mlik kichik biznes kreditiga kafil bo‘ldi.
Dastlabki uch oy Oybek kreditni o‘z vaqtida to‘ladi. Lekin, negadir, u keyingi paytlarda ko‘rinmay qoldi. Do‘stlar davrasida ham ko‘rinmadi, oilaviy bordi-keldilar ancha pasaygan. Telefoni «doiradan tashqari» degan javob qaytarar, sms xabarlar javobsiz qolgan …
Do‘stidan xavotir olgan Sherzod uning xonadoniga qarab yo‘l oldi. Darvozasini qoqdi. Ayoli chiqdi.
– Do‘stingiz, hatto, mening nomimga tegishli bo‘lgan avtomashinani ham sotib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lganlar. Bir oydan buyon javobsiz. Faqat bittagina sms keldi: «Menga yuk bo‘lmalaring va izlamalaring. Menga yomonlik istasang, to‘rt tomonga jar sol!»-ko‘zyoshga ko‘milib o‘qib berdi ayoli,- Na ota-onamga ayta olaman, na og‘a-inilariga. Ota-onamga aytsam, meni olib ketishadi, ikki bolam bilan ota uyimda sig‘indi bo‘laman, og‘a-inilari, hatto, eshitmadiyam…
– Tushundim, kelin..,- Sherzod bir og‘iz lom-mim deya olmadi. Ammo, ichida, baribir, do‘stimni topaman, uning o‘zgarishi mumkin emas, deya o‘ylandi.
Darvoza oldidan qaytar chog‘i cho‘ntagida bugun olgan maoshidan bir qismini olib, do‘stining ayoliga suyanib turgan qorako‘z qizaloqqa «shirinlik olib yeya qol” »,-deya uzatib, xayrlashdi.
Tuni bilan do‘stining «yo‘qolgani»yu, unga kafil bo‘lganini o‘ylab, ancha siqildi. Xuddi «syurpriz» tayyorlab qo‘yilgandek, bankdan ham unga tong sahardan qo‘ng‘iroq keldi:
– Sherzodbek Mametov, shu oy to‘lov bo‘lmagan. Siz kafil sifatida javobgarsiz.
Bu qo‘ng‘iroq Sherzodning hayotidagi «to‘lqin»larning boshlanishi bo‘ldi. U qo‘ng‘iroqdan keyin xuddi sarosimaga tushib qolib, Oybekni qidirdi — ammo, undan darak yo‘q. Bir xayoli ichki ishlar organlariga ham murojaat qilmoqchi bo‘ldi. Lekin, boshqa do‘stlariyu, tanish-bilishlari, uning oilasi oldida yaxshimas. Do‘sti uchun bir-ikki oy to‘lab tursa, hechqisi yo‘q. Kelgach, qaytarar. Shunday o‘yladi Sherzod.
***
Sherzod uchun endi har oy o‘rtacha 3,2 million so‘mni bankka to‘lash «vazifa» emas, balki hayot tarziga aylandi. Oilasi, bolalari oldida boshi egildi. Holatni xat-qog‘oz qilsa, g‘ururga to‘g‘ri kelmaydi. Shikoyat qilib, Oybekning ayolining ham oldiga bora olmaydi. U ham ojiza qolgan. Sherzod bir necha oy davomida tungi smenalarda ishladi. O‘zi bir navi sudrab yurgan mashinasini ham sotishga majbur bo‘ldi. Hatto, o‘zining xotiniga ham to‘yda qilgan zeb-ziynatlarini lombardga qo‘ydi.
Xotinining: «Bu dunyoda odamdan arzon narsa yo‘q ekan. Do‘stingiz shuncha qadrsizlasa ham jimsiz. Boshqalarning ko‘ngli uchun o‘z oilamizni qurbon qilmang»-degan gapidan ichki azobda qolsa ham unga: «sabr» dedi.
Do‘stlari orasida: «Oybek Qozog‘istonda ekan, oilasiyu, do‘stlariga xiyonat qilib kelgan nomard uchun o‘zingni qiynama!»-deganlar ham bo‘ldi. Ularga javoban: «Men unga ishonib, do‘stlikni kafolatlab, bilib-bilmay, kafil bo‘ldimmi, qonun oldidayam, bank oldidayam javobgarman. Yaxshilik har doim mukofot bilan qaytmas ekan, lekin, u insonni ichki qudratga ega qilar ekan»,-degan Oybek.
***
Ikki yillik «kafil»likni eson-omon o‘tkazgan Sherzod bankdan chiqar ekan, ko‘ksiga shabboda tekkandek chuqur nafas oldi. Achchiq-achchiq «qah-qah» otib kuldiyam, hatto. Shu payt telefonining jiringlashidan sergak tortdi. Hamkasbi – kompaniya mas’ullaridan biri uni korxonaga tez yetib kelishini so‘radi.
– E’tirozga hojat yo‘q. Sizning ishdagi muvaffaqiyatingiz, kompaniya taqdiri uchun faollik bilan harakatdan to‘xtamaganingiz yuqori turuvchi rahbariyat tomonidan ko‘rib chiqildi. Sizni kampaniya direktori o‘rinbosari lavozimiga loyiq ko‘rishdi,-deyishdi unga.
Sherzod hozir katta kampaniyaning mas’ul – «ishonchli rahbar»laridan biri sifatida tanilgan. Mehnati va fidoiyligi bilan obro‘ qozongan. Lekin u «do‘stga kafillik» hujjatini hozirgacha saqlaydi — hayotidagi eng og‘ir, eng katta saboq sifatida.
***
Ikki yillik qiyinchilik, tunlari uyqusiz ishlash, qarz va mardlikning og‘ir yukini ko‘tarib yurgan Sherzod bir kuni xotini bilan choyxonada o‘tirgan paytida do‘sti Zohid bilan tasodifan uchrashib qoldi. Salom-alikdan so‘ng unga:
– Sherzod, Oybekni eshitdingmi?
– Yo‘q? – sovuq so‘radi Sherzod.
– Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilibdi. Qozog‘istonda firibgarlik qilgan, keyin Toshkentda ham ikki odamni «investitsiya» deb aldab, pullarini «yeb» qo‘ygan. Hozir qo‘lga olingan, sud-tergov harakatlari olib borilayapti ekan. Undan jabr ko‘rganlar chaqirilib, bundan ilgarigi boshqa jinoyatlarga daxldorligi yuzasidan ham ish olib borilayotgan ekan,-dedi Zohid.
***
Sherzod shunday vaziyatda ham do‘st, deb bilganini «sotish» uchun emas, uning ko‘zlariga tik boqish uchun sud zaliga kirib keldi. Sud zalida Oybek bilan ko‘zma-ko‘z keldi. Qachonlardir ishongan, «biznes qilyapman», deb qalbini shirin so‘zlar bilan pishitgan «do‘st»i — sudya oldida boshi egilib turardi…
U ikki yillik o‘z holatini, qanday og‘ir vaziyatlarda kredit qarzini to‘laganini, oilasi qanday ziyon ko‘rganini ichki og‘riq bilan bir-bir ko‘z oldidan o‘tkazsa-da, negadir, ko‘nglida xotirjamlik sezdi. Bu «do‘sti»ning qayg‘usidan xursand bo‘lish emas, balki, birovlar haqiga xiyonatning javobsiz qolmasligidan mamnunlik ifodasi edi.
Oybek Turobovga qasddan qasddan moliyaviy majburiyatlardan qochgani, fsqarolarni aldab, mol-mulkini o‘zlashtirgani yuzasidan ayblov e’lon qilinib, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining turli bandlari bilan javobgarlikka tortildi.
Oybek 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. U sud zalidan olib chiqilayotganda, Sherzodga qaradi. Yuzidan faqat bitta narsa sezilib turardi: do‘stlikka xiyonat qilgani va uni anglab kechirim so‘rash istagi.
Suddan so‘ng Sherzod chuqur nafas oldi. «Men do‘st, deb bilganimga yordam qilishdan tiyilmadim. Ammo, bitta narsa saboq bo‘ldi: «Yordam qilish – bu jasorat. Lekin, ishonchni kimga berish – bu aql va sinov natijasidir!»
Sherzod, nafaqat, kafil sifatida to‘lagan qarzdan, balki qalbidagi og‘riqdan ham ozod bo‘ldi. Chunki, u o‘ziga xos insoniylikni yo‘qotmadi — adolat kelguncha, sabr qildi.
Iqtisodiyot
Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda texnik uglerod ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoyning «China CAMC Engineering» kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh direktori Go Szisze va «Fushun Zhenxing Chemical Engineering» kompaniyasi bosh direktori Pyao Syan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda eskirgan shinalarni utilizatsiya qilish va texnik uglerod ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar zamonaviy piroliz texnologiyalarini joriy etish, ekologik xavfsiz ishlab chiqarishni tashkil etish hamda sanoat chiqindilarini kamaytirish uchun ilg‘or muhandislik yechimlarini qo‘llash bo‘yicha fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ushbu loyiha doirasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uning amalga oshirilishini izchil rag‘batlantirishga kelishib oldilar.
«Fushun Zhenxing Chemical Engineering» kompaniyasi kimyoviy injiniring, neft-kimyo va ekologik yechimlar sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniya texnik uglerod yo‘nalishida 80 dan ortiq loyihalarni amalga oshirgan.
Iqtisodiyot
Eron 10 million riyollik banknotni muomilaga chiqardi
Eron markaziy banki 10 million riyollik banknotga murojaat qildi – bu mamlakat tarixidagi eng yirik nominaldir, deya yozadi Financial Times.
10 million riyol – 7 dollardan sal ko‘proq degani.
Markaziy bank yangi kupyura chiqarishdan maqsad «jamoatchilikning naqd pulga ega bo‘lishini ta’minlash»ga qaratilgani, mamlakatda elektron to‘lov tizimlari va internet-banking hali ham barqaror ishlayotganini ta’kidlagan.
Financial Times’ning qayd etishicha, yangi banknot Eronda naqd pulga bo‘lgan katta talab fonida muomalaga chiqarilgan. Eronliklar elektron to‘lov tizimlari ishlamay qolishidan xavotirda, ular hisob raqamlaridan pul yechish uchun banklarda soatlab navbatda turishmoqda. Shu bilan birga, Markaziy bank kredit tashkilotlariga yetarli miqdorda kupyuralar taqdim etayotganini aytayotgan bo‘lsa-da, banklar naqd pul berishda cheklovlar joriy qilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyida, ya’ni urush boshlanishidan oldinroq, Eronda inflatsiya yillik hisobda 47,5 foizni tashkil etayotgandi.
10 million riyollik banknotlar muomilaga chiqarilgunicha Erondagi eng yirik kupyura 5 million riyol bo‘lib turgandi. Markaziy bank uni fevral oyi boshida muomilaga chiqargan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rni qanday o‘zgardi?
O‘zbekiston 2026 yildagi Iqtisodiy erkinlik indeksida o‘z o‘rnini 14 pog‘onaga yaxshilagan holda 184 ta mamlakat orasida 86-o‘rinni egalladi. Mamlakat iqtisodiyoti hisobot e’lon qilina boshlanganidan beri birinchi marta «o‘rtacha erkin» darajaga ko‘tarildi. Bir qator indikatorlarda o‘sish kuzatilgan, shu bilan birga, sud-huquq tizimi samaradorligi hamda biznes yuritish erkinligi ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yomonlashgan.
O‘zbekiston 2026 yilgi iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rnini 14 pog‘onaga yaxshiladi va 184 davlat orasida 86-o‘rinni egalladi. 2025 yilga nisbatan mamlakatning iqtisodiy erkinlik darajasi 2,3 punktga oshdi va 60,3 ko‘rsatkichga yetdi (maksimal natija – 100 ball). Reytingda O‘zbekistonning eng yaqin qo‘shnilari San-Tome va Prinsipi (85-o‘rin) va Namibiya (87-o‘rin) hisoblanadi.
1998-2026 yillarda O‘zbekistonga berilgan umumiy ballning o‘zgarish dinamikasi
Ko‘rsatkichlar o‘zgarishi
Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 2025 yilga nisbatan 12 ta indikatorning 8 tasida ijobiy o‘zgarishlarni qayd etgan, 2 ta indikatorda esa salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan. Shuningdek, yana 2 ta indikator bo‘yicha narijalar o‘zgarishsiz qolgan.
Qonun ustuvorligi:
mulkiy huquqi — 43,1 (+9,6);
davlat yaxlitligi — 32 (+0,8);
sud-huquq tizimi samaradorligi — 13,7 (-0,8).
Davlat aralashuvi darajasi:
soliq yuki — 95 (+2,2);
davlat xarajatlari — 73,7 (+0,1);
fiskal salomatlik — 79,9 (+6,6).
Davlat tomonidan tartibga solish samaradorligi:
biznes yuritish erkinligi — 62,5 (-1,9);
mehnat bozori erkinligi — 48,4 (+0,5);
pul erkinligi — 65,1 (+0,5).
Bozorning ochiqligi:
savdo erkinligi — 80,6 (o‘zgarmagan);
investitsiya erkinligi — 70 (+10);
moliyaviy erkinlik — 60 (o‘zgarmagan).
Mamlakatlar iqtisodiyoti besh guruhga bo‘lingan: erkin (80 dan 100 ballgacha), asosan erkin (70−79,9 ball), o‘rtacha erkin (60−69,9), asosan erkin bo‘lmagan (50−59, 9) va repressiv (0−49,9). Yangi reytingda O‘zbekiston iqtisodiyoti hisobot e’lon qilina boshlanganidan beri birinchi marta o‘rtacha erkin darajaga ko‘tarildi. Xususan, respublika 1998-2006 yillarda repressiv, 2007-2009 yillarda iqtisodiyoti erkin bo‘lmagan, 2010-2016 yillarda yana repressiv, 2017-2025 yillarda iqtisodiyoti erkin bo‘lmagan mamlakatlar qatoriga kiritilgandi.
«O‘zbekistonda umumiy qonun ustuvorligi zaif. Mamlakatdagi mulkchilik huquqi, sudning samaradorligi va hukumat yaxlitligi reytingi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past», deyiladi hisobotda.
Qo‘shni mamlakatlarning o‘rni qanday?
MDH mamlakatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkichlarni Armaniston (52-o‘rin) va Ozarboyjon (67-o‘rin) qayd etgan. Keyingi pog‘onalardan Qozog‘iston (68-o‘rin), Moldova (101-o‘rin), Qirg‘iziston (114-o‘rin), Tojikiston (131-o‘rin), Rossiya (145-o‘rin), Belarus (150-o‘rin) va Turkmaniston (160-o‘rin) o‘rin olgan.
Umumiy reytingning eng yuqori 3 ta pog‘onasini Singapur (84,4 ball), Shveytsariya (83,7 ball) va Irlandiya (83,3 ball) egallagan bo‘lsa, eng quyi o‘rinlarda Venesuela (27,3 ball), Kuba (25,2 ball) va Shimoliy Koreya (3,1 ball) qayd etilgan. 8 ta davlat: Afg‘oniston, Iroq, Liviya, Lixtenshteyn, Samoli, Suriya, Ukraina va Yamanga turli sabablarga ko‘ra reyting berilmagan.
Umumiy iqtisodiy erkinlik bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa o‘tgan yilgi 59,7 ballda 59,9 ballga oshgan.
Iqtisodiyot
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini 2030 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda
Uning qurilishi doirasida umumiy uzunligi 120 kilometr bo‘lgan 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan.
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini 2030 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda, bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbirda aytdi.
«Agar hozir Yevropa va Xitoy o‘rtasidagi «boshi berk» mamlakatda yashayotgan bo‘lsak, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi yakunlanishi bilan biz tranzit davlatiga aylanamiz», dedi u.
Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, ushbu keng ko‘lamli loyihaning amalga oshirilishi yangi tranzit aloqalarini ochadi va mintaqaning xalqaro ahamiyatini oshiradi. Qirg‘izistonda yuklarni yetkazib berish vaqti sezilarli darajada qisqaradi, bu esa yangi bozorlarga chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Temir yo‘l tarmog‘ining rivojlanishi ichki aloqalarni mustahkamlab, sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizmga kuchli turtki beradi.
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi mintaqadagi texnik va muhandislik jihatdan eng murakkab loyihalardan biridir. Uning qurilishi doirasida umumiy uzunligi 120 kilometr bo‘lgan 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu – jami yo‘lning qariyb 40 foizi tunnel va ko‘priklar orqali o‘tadi, degani. Qirg‘iziston hududida temir yo‘lning umumiy uzunligi 304 kilometrni tashkil etadi.
Temir yo‘l loyihasining umumiy qiymati 4,7 milliard dollarga baholanmoqda. Ushbu mablag‘ning yarmi – taxminan 2,3 milliard dollar Xitoy tomonidan Qo‘shma loyiha kompaniyasiga 35 yil muddatga kredit sifatida taqdim etiladi. Qolgan 2,3 milliard dollar uch davlat tomonidan kompaniya ustav kapitaliga quyidagicha nisbatda kiritiladi: Xitoy – 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston – har biri 24,5 foizdan.
Iqtisodiyot
o‘zbekistonliklar go‘sht, sut va yonilg‘i narxlari oshishini ko‘proq sezishgan
Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovlarda Toshkent shahrida yashovchilar oxirgi 12 oyda narx-navo 13,3 foizga oshganini aytgan bo‘lsa, andijonliklar 12,9 foizlik inflatsiyani sezganliklarini bildirgan. Qoraqalpog‘istonda sezilgan inflatsiya ko‘rsatkichi esa eng past – 10 foiz.
2026 yil fevral oyida O‘zbekiston aholisi sezgan yillik inflatsiya darajasi yanvar oyiga nisbatan 0,1 foiz bandga pasayib, 11,6 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
So‘rovnomada 2800 dan ortiq respondent ishtirok etgan. Ular bergan javoblarga qaraganda, sezilgan inflatsiya Toshkent shahrida eng yuqori – 13,3 foizni, Andijon viloyatida 12,9 foizni, Farg‘ona viloyatida 12,2 foizni tashkil etgan.
Qoraqalpog‘istonliklar esa narx-navo oshishini hammadan ham kamroq sezishgan – 10 foiz. Namangan viloyatida yashovchilar 10,4 foiz, Navoiy viloyati aholisi 10,5 foizlik inflatsiyani his etishgan.
Fevral oyida aholi tomonidan narxlarida yuqori o‘sish kuzatilgan asosiy tovar va xizmatlar quyidagilar: go‘sht va sut, benzin va yoqilg‘i, meva va sabzavotlar, elektr va tabiiy gaz, dorilar, shuningdek, yo‘lkira va tashish xizmatlari.
Daromadlari 2 mln so‘mgacha bo‘lgan aholi qatlami eng kam – 10,4 foizlik inflatsiyani sezgan bo‘lsa, 20 mln so‘mdan ko‘proq daromad topuvchilar oxirgi 12 oyda narx-navo 14,4 foizdan ko‘proqqa oshdi deb hisoblayapti.
-
Dunyodan4 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Iqtisodiyot4 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Jamiyat4 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Siyosat4 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Dunyodan4 days ago
Istanbulda yetti yil avval sodir etilgan qotillik ishi fosh etildi. O’zbek ayoli vafot etdi
-
Dunyodan4 days ago
Isroil mintaqaviy tuzilmani qayta tiklamoqchi
-
Iqtisodiyot4 days agoQashqadaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi
-
Siyosat5 days agoOnlayn suiiste’mollik va zararli kontentga qaratilgan qonun loyihasi Senatga kiritiladi
