Mahalliy
Bloger, auditoriya va mas’uliyat: layklar haqiqat mezoni emas
So‘nggi vaqtlarda blogerlar, ular bilan bog‘liq turli voqealar, turli vaziyatlar, odamlar taqdiri haqida ko‘plab postlarni o‘qidim, ushbu mavzularga doir imkon qadar o‘z fikrimni bildirib bordim. Lekin carhisob qilsam aslida bu maqolalarning barchasi bitta katta mavzu atrofida aylangan ekan: so‘z erkinligi, ta’sir kuchi va mas’uliyat. Bizning jamiyatda blogerlik bugun oddiy shaxsiy sahifa yuritish darajasidan ancha o‘zgardi. Ayrim blogerning auditoriyasi ba’zi gazetalar adadidan, hatto ayrim telekanallar auditoriyasidan ham katta. Bir necha daqiqada yuzlab, minglab odamning fikrlashiga ta’sir qilish mumkin.
Shunday ekan, «men faqat o‘z fikrimni aytdim» degan qarash har doim ham mas’uliyatdan ozod qilmaydi. Chunki omma oldida aytilgan har bir gapning ortida oqibat bor. Bloger mansabdorning, davlat idorasining xatosini ochiq aytishi mumkin. Sud qarorini muhokama qilishi, qonunni tanqid qilishi, jamoatchilik manfaatini himoya qilishi mumkin. Bu tabiiy holat. Lekin tanqid bilan ayblov o‘rtasida katta farq bor. «Menimcha, bu qaror noto‘g‘ri» deyish boshqa, «bu odam jinoyatchi» deb hukm chiqarish boshqa. Ya’ni uning millionta obunachisi bo‘lishi ham uni sudyaga aylantirmaydi. Insonning aybdor yoki aybsizligini layklar, repostlar, izohlar yoki jamoatchilik g‘azabi belgilamaydi. Buning uchun dalil, protsess va sud bor. Xuddi shuningdek, bloger advokat ham emas. Huquqiy muammoga duch kelgan odamning huzuriga borib, kamerani yoqib, «men bu ishni hal qilib beraman», «sud qarorini bekor qildirib beraman», «jamoatchilikka chiqarsak, hammasi o‘zgaradi» deyish oson. Ammo sud qarorini ijtimoiy tarmoqlardagi postlar, muhokamalar emas, qonunda belgilangan protsessual tartib o‘zgartiradi. Apellyasiya, kassatsiya, taftish bor, qolaversa, qonunda nazarda tutilgan boshqa huquqiy mexanizmlar bor.
Odamning dardini kontentga aylantirish bilan uni huquqiy jihatdan himoya qilish bir xil narsa emas. Eng xavflisi, ba’zan insonning musibati boshqa birov uchun auditoriya yig‘ish vositasiga aylanadi. Avvaliga shov-shuvli sarlavha, keyin hissiyotga bosim, so‘ng «adolat talab qilamiz» degan chaqiriq va minglab izohlar, yuzlab ulashishlar…
Ammo oradan vaqt o‘tib, voqea qiziqarli bo‘lmay qolgach, o‘sha jabrlangan odam o‘z muammosi bilan yana yolg‘iz qolishi mumkin. Bloger esa navbatdagi mavzuga o‘tib ketadi. Bu yerda yana bir muhim masala bor: ko‘p obunachiga ega bo‘lish insonni avtomatik ravishda huquqshunos, shifokor, iqtisodchi, ekspert yoki siyosatshunos qilib qo‘ymaydi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pincha teskari manzarani ko‘ramiz. Kimning auditoriyasi katta bo‘lsa, uning gapi haqiqatdek qabul qilinadi. Aslida esa haqiqat ovoz balandligi bilan emas, dalil bilan aniqlanadi. Shuning uchun blogerning muhim vazifalaridan biri faktni fikrdan ajratishi, ya’ni «aniqlandi» bilan «menimcha» o‘rtasidani farqni bilishi lozim bo‘ladi.
«Jinoyat sodir qilgan» bilan «jinoyat sodir qilganlikda gumon qilinmoqda» o‘rtasida ham katta farq bor. Har bir yozayotgan so‘zimiz, fikrimiz, matnimiz bir insonning sha’ni, obro‘si, ishi, oilasi va butun hayotiga ta’sir qilishi mumkin.
Shu bilan birga, masalani faqat «blogerlar ehtiyot bo‘lsin» degan nuqtaga olib borish ham to‘g‘ri emas. Omma e’tiboridagi bloger mas’uliyatli bo‘lishi kerak, lekin davlat ham qonun doirasida harakat qilishi lozim. So‘z erkinligi blogerga berilgan imtiyoz emas. U jamiyatning davlat ustidan nazorat qilish imkoniyatlaridan biri.
Ko‘pincha provakatsiyalarsiz, baqir-chaqirlarsiz tayyorlangan kontentlar omma e’tiboriga tushishi qiyin bo‘ladi. E’tibor berib qaralsa, u ham xuddi o‘sha masalani ko‘tarmoqda, faqat qattiq ovozsiz. Ya’ni, etikaga rioya qilayotgan jurnalist yoki bloger zaiflik, qo‘rqoqlik qilayotgani yo‘q. Qattiq savolni ham xotirjam tarzda berish mumkin. Mansabdordan javob so‘rashda esa baqir-chaqirdan ko‘ra, aniq fakt va dalillar ko‘proq ta’sir qiladi.
Faktlar joyida bo‘lsa, ba’zan oddiy va xotirjam berilgan bitta savolning o‘zi ancha ko‘p narsani ochib berishi mumkin.
Yana bir gap, professional jurnalist yoki bloger intervyuga tayyorgarlik bilan boradi: mansabdorning vakolatini biladi, hujjatlar bilan tanishadi, raqamlarni tekshiradi, qonunni yaxshi biladi va keyin savol beradi. Ana shunday savoldan qochish qiyin.
Yana bir masala — auditoriya. Ko‘pincha bloger auditoriyaga ta’sir qiladi, deb o‘ylaymiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan auditoriya ham blogerni o‘zgartiradi: qaysi post ko‘proq layk oldi, qaysi gap ko‘proq tarqaldi, qaysi mavzu ko‘proq janjal chiqardi? Algoritm ham shuni rag‘batlantiradi.
Shunda axborot berish bilan e’tibor tortish o‘rtasidagi chegara sekin-asta yo‘qola boshlaydi. Natijada tahlil emas, keskinlik g‘alaba qila boshlaydi. «Ehtimol» degan so‘z auditoriyaga yoqmaydi, «hammasi aniq!» degan gap esa tez tarqaladi. Bloger asta-sekin haqiqatni emas, o‘z auditoriyasi eshitishni xohlagan narsani ayta boshlaydi. Bu esa axborot maydonida o‘ziga xos yopiq doiralarni paydo qiladi. Bir xil fikrdagi odamlar bir-birini tasdiqlaydi. Boshqa fikr dushmanlik sifatida qabul qilinadi. Dalil emas, «bizning odam» yoki «ularning odami» degan qarash ustun keladi.
Bunga siyosiy ta’sir ham qo‘shilishi mumkin. Ayniqsa, chetdan turib keskin chaqiriq qilayotgan odam bilan shu chaqiriq oqibatini mamlakat ichida o‘z tanasida his qiladigan blogerning tavakkali bir xil emas. Chetdan turib post yozayotgan odam javobgarlikka tortilmasligi mumkin, ammo mamlakat ichidagi bloger huquq buzilishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa jinoyat ishi, sud, jarima, qamoq yoki boshqa oqibatga duch keladi. Shu sabab har qanday siyosiy, diniy yoki ijtimoiy chaqiriqni tarqatishdan oldin uning ortida kimning manfaati turganini ham o‘ylash kerak.
Menimcha, bugun muammoni faqat «yaxshi bloger» va «yomon bloger» degan ikki toifaga ajratib bo‘lmaydi. Masala ancha keng. Bloger, uning auditoriyasi, ijtimoiy tarmoq algoritmlari, pul, obro‘, siyosiy, ijtimoiy manfaatlar, inson psixologiyasi — bularning barchasi bir-biri bilan bog‘liq va bir-biriga ta’sir qiladi.
Huquqshunos sifatida blogerlarga munosabatim ularni cheklash kerak, degan qarashdan yiroq. Aksincha, jamiyat rivoji uchun jurnalistlar kabi blogerlar ham kerak. Faqat mustaqil fikr, hokimiyatni tanqid qilish, jamoatchilik nazorati, bularning barchasi faktlarga, kasb etikasiga, huquqiy madaniyatga va shaxsiy mas’uliyatga tayanishi lozim. Aks holda, so‘z erkinligi boshqa insonning huquqini buzish vositasiga aylanishi mumkin.
So‘z erkinligi katta kuch. Shuning uchun bugun biz blogerlarni cheklash haqida emas, axborot tarqatish madaniyati haqida ko‘proq o‘ylashimiz kerak. Chunki muammo blogerning o‘zida emas, uning qo‘lidagi imkoniyatdan qanday foydalanayotganida. Bir xabarni tekshirmasdan tarqatish, birovni dalilsiz ayblash yoki shaxsiy hayotini ommaga olib chiqish ortida haqiqiy insonning taqdiri turganini unutmaslik kerak.
Ehtiyotkorlik va mas’uliyat faqat blogerlarga tegishli emas. Jurnalist ham, amaldor ham, ijtimoiy tarmoqda o‘z fikrini bildirayotgan oddiy odam ham so‘zi uchun mas’ul. Zero, so‘z erkinligi bor joyda fikrlar xilma-xilligi ham, tanqid ham, bahs ham bo‘ladi. Muhimi, bularning barchasi haqiqatni izlashga xizmat qilsin, birovning huquqini poymol qilishga emas.
Azamat Ashirbayev,
huquqshunos
Mahalliy
Özbekistonlik öquvçilar AQŞdagi ilmiy yarmarkalarga jalb etiladi
Özbekistonning Nyu-Yorkdagi Boş konsulxonasi diplomatlari AQŞning «Regeneron International Science and Engineering Fair» (Regeneron ISEF) ilmiy-taʼlim hamjamiyati vakillari bilan muzokara ötkazdi, deya xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.
Tomonlar ilm-fan, texnologiya va muhandislik yönalişlaridagi iqtidorli yoşlarni saralaş hamda qöllab-quvvatlaşda Amerika tajribasini qöllaş, şuningdek, özbekistonlik maktab öquvçilarini AQŞdagi xalqaro ilmiy yarmarkalarga jalb etiş istiqbollarini muhokama qildi.
Amerika vakillari dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan yoş tadqiqotçilarni birlaştiruvçi «Regeneron ISEF» platformasi faoliyatini taqdim etdi. Uçraşuvda AQŞning milliy ilmiy yarmarkalari, loyihalarni ekspertizadan ötkaziş va mentorlik (ustozlik) tizimini qamrab olgan köp bosqiçli saralaş mexanizmiga alohida urğu berildi. Uşbu bosqiçlardan muvaffaqiyatli ötgan eng istiqbolli öquvçilar «Regeneron ISEF» xalqaro finaliga yöllanma oladi.
Şuningdek, Özbekistonda ekspertizaning xalqaro standartlarini joriy etiş, milliy ekspertlar va hakamlarni tayyorlaş, öquvçilarning tadqiqot infratuzilmasidan foydalaniş imkoniyatlarini kengaytiriş, qolaversa, taʼlim muassasalari, universitetlar, ilmiy-tadqiqot taşkilotlari va texnologik kompaniyalar örtasidagi özaro hamkorlikni rivojlantiriş istiqbollari körib çiqildi.
Tomonlar mamlakatning taʼlim va ilmiy resurslarini birlaştiruvçi hamda istiqbolli öquvçilarni izçil qöllab-quvvatlaşni taʼminlovçi ilmiy-texnologik isteʼdodlarni rivojlantiriş milliy tizimini şakllantiriş masalasiga ham alohida töxtaldilar.
Uçraşuv yakunida Özbekistonning iqtidorli maktab öquvçilarini xalqaro ilmiy-muhandislik tanlovlarida, jumladan, «Regeneron ISEF»da iştirok etişini taʼminlaşga qaratilgan milliy platformani yaratiş böyiça hamkorlik qilişga kelişib olindi.
Mahalliy
Özbekiston va YuNESKO taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
Parijda Özbekiston taʼlim va ilm-fan vazirining birinçi örinbosari Oybek Yuldaşev hamda YuNESKO Boş direktorining taʼlim masalalari böyiça örinbosari Syun Çen örtasida uçraşuv bölib ötdi.
Muloqotda Toşkentda taşkil etilgan YuNESKOning Maktabgaça taʼlimni rivojlantiriş markazini mintaqaviy tajriba almaşiş maydoniga aylantiriş masalasi muhokama qilindi.
YuNESKO vakillari Özbekistonda maktabgaça taʼlim qamrovi 78 foizga yetganini qayd etib, sohadagi islohotlarni yuqori baholadi.
Şuningdek, 2027-yilda Özbekistonda ötkaziladigan Kasbiy taʼlim va könikmalar böyiça Jahon sammitiga tayyorgarlik, ekologik taʼlimni rivojlantiriş va pedagoglar malakasini oşiriş böyiça hamkorlikni kengaytirişga kelişib olindi.
Mahalliy
jahlni bir yarim daqiqada qanday «öçiriş» mumkin?
Hayotimiz mobaynida eng kamida bir marta jahl ustida aytilgan söz uçun yillab afsuslanganmiz. Qiziği şundaki, aççiğimiz çiqqan paytda miyamizning aqlli qismi vaqtinça «dam oliş»ga çiqib ketadi. Şuning uçun öşa lahzada eng vazmin odam ham yoş boladek baqirişi yoki qölidagi telefonini sindirib qöyişi mumkin. Xöş, bu holatni boşqariş mumkinmi? Mumkin! Buning uçun asablarni temirdan qiliş şart emas, şunçaki miyani çalğitadigan 11 ta oddiy va sinalgan «ayyorlik»ni bilib olib qöllasangiz kifoya…
Bir yarim daqiqa mo‘jizasi
Olimlar qiziq bir holatni aniqlaşgan: odam jahli çiqqanida qonga kuçli ğazab moddalari otilib çiqadi. Ammo ularning tanadan töliq çiqib ketişi uçun bor-yöği 90 soniya (bir yarim daqiqa) vaqt ketar ekan.
Yaʼni, jahlning haqiqiy umri bir yarim daqiqa, xolos! Agar siz şu 90 soniya içida tişingizni tişingizga qöyib, heç nima demay tursangiz, tanangiz öz-özidan soviydi. Agar beş daqiqadan keyin ham baqirişda davom etayotgan bölsangiz, demak, siz öşa voqeani miyangizda qayta-qayta aylantirib, özingizga-özingiz olov yoqyapsiz.
Miya va qöllar
Agar tez-tez jahlingiz çiqadigan bölsa, bugundan boşlab oddiy işlarni – çoy aralaştiriş, tiş yuviş yoki eşik oçişni çap qölingiz bilan qilib köring (çapaqay bölsangiz – öng qöl bilan).
Inson odatlanmagan qölini işlatganida, miya bor eʼtiborini şu harakatga qaratadi va undagi «özini töxtatiş» tugmasi kuçayadi. Ikki haftadan söng arzimas narsalarga asabiylaşmay qöyganingizni özingiz sezasiz.
«Boşqa bahona»lar
Bizni birovning qilgan işi emas, balki özimiz öylab topgan gumonlar köproq asabiylaştiradi. Masalan, tirband yölda birov maşinangiz oldini kesib ötdi. Miya darrov hukm çiqaradi: «U meni mensimadi, ataylab şunday qildi!» – va qon bosimingiz oşib ketadi.
Endi xayolingizdagi voqeani özgartiring: «Balki bu odamning uyida oğir kasal bordir va u dorixonaga şoşayotgandir». Vaziyat özgarmadi, lekin sizning asabingiz joyida qoldi. Birov sizni xafa qilganda ham xuddi şunday yöl tuting – ehtimol, uning özi bugun juda oğir kunni boşdan keçirayotgandir.
Nafas va «ötirib oliş» qoidasi
Jahl böğzingizga kelib qolganda, gapirişdan oldin şu işni qiling: burun orqali çuqur nafas oling, töxtamasdan yana bir kiçik nafas yuting va oğiz orqali juda sekin havo çiqaring. Ikki-uç marta şunday qilsangiz, yurak urişi bir zumda tinçlanadi.
Şuningdek, ota-bobolarimiz qöllagan eng zör usul: tik turgan bölsangiz – ötiring, ötirgan bölsangiz – yoting. Tana holati pasaygani sari insondagi janjalkaşlik istagi ham sönadi.
Yana bir sehrli qoida
Uyda yoki işda janjal çiqmasligi uçun bitta sehrli qoida bor: gapni heç qaçon «sen…» deb boşlamang. «Sen doim keçikasan, beparvosan!» desangiz, qarşingizdagi odam darrov özini oqlab, sizga qarşi hujumga ötadi. Buning örniga: «Keçikkaningda men xavotir olaman va rejalarim buzilganidan siqilaman» deng. Bu yerda ayblov yöq, faqat sizning könglingizdagi gap bor. Bunday gapdan keyin heç kim siz bilan urişa olmaydi.
Qorin oçligida…
Baʼzan arzimas narsaga – tökilib ketgan çoyga yoki sekin işlayotgan internetga ham qattiq baqirib yuboramiz. Bunday paytda özingizdan sörang: «Mening qornim oç emasmi? Uyquga töyganmanmi? Rosa çarçamadimmi?»
Odam qorni oçganida yoki uyqusiz qolganida miyaning sabr-toqat zaxirasi tugaydi. Şuning uçun oilaviy muammolarni heç qaçon oç qoringa yoki işdan çarçab kelgan paytda muhokama qilmang. Avval ovqatlanib, bir oz dam oling – qarabsizki, muammoning yarmi öz-özidan yöqoladi.
Siz va kuzatuv kamerasi
Jahlimiz çiqqanda butun diqqat-eʼtiborimiz faqat muammoga qadalib qoladi. Bunday paytda xayolan xonaning şiftiga (yoki beşinçi qavat balkoniga) çiqib, özingizga va qarşingizdagi odamga çetdan nazar soling.
Tasavvur qiling, mazkur holatni kimdir kameraga olib, keyin sizga körsatyapti. Qizarib ketgan yuz, baland ovoz va qöl siltaşlar çetdan qançalik kulgili va xunuk körinadi-ya? Bu usul miyani bir zumda «uyğotadi» va özingizni qölga olişga majbur qiladi.
Töxtang va savol bering
Arzimas narsaga asabiylaşayotganingizni sezsangiz, töxtang va özingizga bitta savol bering: «Mana şu voqea 5 yildan keyin men uçun biror ahamiyatga ega böladimi?»
Eslab köring, bundan 5 yil oldin sizni qattiq asabiylaştirgan biror voqeani hozir eslay olasizmi? Deyarli yöq! Bugungi tirbandlik, kimningdir qöpol gapi yoki sinib qolgan idiş 5 yildan keyin umuman unutilib ketadi. Şunday ekan, ertaga esdan çiqadigan narsa uçun bugun soğliğingizni yöqotişga arziydimi?
Bir zumda…
Kuçli ğazab paytida tanada juda köp quvvat töplanadi – şuning uçun odam nimanidir urgisi yoki sindirgisi keladi. Bu energiyani zararsiz yöl bilan çiqarib yuboriş kerak.
Yuzingizni muzdek suvda yuving yoki qöllaringizni sovuq suv ostiga tuting. Bu miyaga «xavf ötdi, tinçlan» degan signal yuboradi. Agar siz uyda yoki ofisda bölsangiz, şunçaki keraksiz qoğozni ğijimlab taşlang, yumşoq töpçani qattiq siqing yoki tez-tez yurib keling. Jismoniy harakat tanadagi asab zöriqişini bir zumda eritib yuboradi.
Hisob-kitob yordami
Odatda «10 gaça sanang» deyişadi, lekin jahl ustida odam «1, 2, 3… 10!» deb bir soniyada sanab böladi-da, yana baqirişda davom etadi. Buning örniga 100 dan orqaga qarab 7 tadan ayirib sanang (100, 93, 86, 79, 72…).
Bu yerda miya matematik hisob-kitob qilişga majbur böladi. Inson bir vaqtning özida ham misol yeçib, ham jahl qila olmaydi – ğazab öz-özidan öçib qoladi.
«Tanaffus qilaman» deyişni örganing
Agar suhbat janjalga aylanib ketayotganini sezsangiz va özingizni bosa olmayotgan bölsangiz, eşikni qarsillatib yopib çiqib ketmang. Buning örniga xotirjam ohangda: «Hozir ikkalamiz ham qizişib ketdik, bekorçi gap aytib qöymaslik uçun 15 daqiqa tanaffus qilaylik, keyin gaplaşamiz», deng.
Bu qoçiş emas, balki kuçli va aqlli insonning qaroridir. 15 daqiqadan söng hissiyotlar soviydi va muammoni baqir-çaqirsiz hal qiliş ança osonlaşadi.
Xullas, kimdir sizning jahlingizni çiqara oldimi, demak, öşa daqiqada u kayfiyatingiz va soğliğingiz xöjayiniga aylandi. Asabingiz tizginini boşqalarning qöliga berib qöymang. Keyingi safar birov jahlingizni çiqarmoqçi bölsa, şunçaki jilmaying va içingizda 90 soniya sanang – ğolib albatta siz bölasiz.
Samira Nasimova
Mahalliy
Birinçi sinf öquvçilari 2027-yildan yangi alifboda öqiydi – loyiha
Özbekistonda 2027/2028 öquv yilidan birinçi sinf öquvçilari uçun takomillaştirilgan lotin alifbosidagi darslik va öquv-metodik majmualarni taʼlim jarayoniga joriy etiş rejalaştirilmoqda.
Bu Vazirlar Mahkamasining özbek alifbosiga kiritilgan özgarişlarni joriy etiş böyiça qaror loyihasida nazarda tutilgan.
Loyihaga muvofiq, 2027–2031 yillarda umumtaʼlim maktablarining 1–11-sinflari uçun darsliklar bosqiçma-bosqiç yangi alifboga moslaştiriladi.
Şuningdek, 2028-yil 1-avgustga qadar 5–11-sinf öquvçilarining imloviy savodxonligini baholaşda muayyan yengilliklar beriş taklif etilmoqda. Mazkur yengilliklarni yakuniy davlat attestatsiyasi va kiriş imtihonlarida ham qöllaş nazarda tutilgan.
2027-yildan pedagoglar uçun yangi alifbo va imlo qoidalari böyiça maxsus öquv kurslari, seminar-treninglar va vebinarlar taşkil etiş rejalaştirilgan.
Mahalliy
Bitiruvchilar bandligi bo‘yicha eng yaxshi 20 ta OTMga 500 million so‘mdan beriladi
Adliya vazirligi «Bitiruvchi sifati indeksi»ni hisoblash tartibini belgilovchi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026 yil 31 oktyabrda 3964-raqam bilan ro‘yxatga olingan.
Yangi tartibga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining sifati to‘rtta asosiy ko‘rsatkich asosida baholanadi:
bitiruvchilarning ish topish tezligi;
barqaror bandlik darajasi;
o‘rtacha oylik daromadi;
bandlik toifasi.
Indeks hisobot yili yakunlariga ko‘ra shakllantiriladi. Hisobot yili 1 iyuldan boshlanib, keyingi yilning 30 iyuniga qadar davom etadigan 12 oylik davrni qamrab oladi.
Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bitiruvchilar uchun alohida imtiyozlar belgilangan. Ularning ishga joylashish tezligi va bandlik toifasini baholashda eng yuqori koeffitsiyent qo‘llaniladi. Bundan tashqari, barqaror bandlik darajasini hisoblashda ular barqaror ish bilan ta’minlangan bitiruvchilar qatoriga kiritiladi.
Agar bitiruvchi bir vaqtning o‘zida bir nechta bandlik toifasiga mansub bo‘lsa, unga nisbatan belgilangan oshiruvchi koeffitsiyentlarning eng yuqorisi qo‘llaniladi.
Prezidentning tegishli farmoniga muvofiq, har yili «Bitiruvchi sifati indeksi» bo‘yicha eng yuqori natijaga erishgan 20 ta oliy ta’lim tashkilotining Karera markazlari 500 million so‘mdan moliyaviy rag‘batlantiriladi.
-
Sport2 days ago
Özbekiston Jahon yelkanli sport federatsiyasiga tölaqonli aʼzo böldi
-
Mahalliy2 days ago
Birinçi sinf öquvçilari 2027-yildan yangi alifboda öqiydi – loyiha
-
Jamiyat2 days ago
Sayyoramizdagi eng badavlat ayollar
-
Sport2 days ago
Anzur Ismoilov futbolçilik faoliyatini yakunladi
-
Jamiyat2 days agoNon qadri — boşoq qilmagan avlodga xat
-
Siyosat2 days ago
Özbekiston «beşinçi havo erkinligi» rejimi asosida aviaqatnovlarni kengaytirmoqçi
-
Mahalliy2 days ago
jahlni bir yarim daqiqada qanday «öçiriş» mumkin?
-
Siyosat2 days ago
Prezident davlat taşrifi bilan Iordaniyada böladi
