Siyosat
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi dunyo, yangi tashabbuslar» xalqaro media forumida nutq so‘zladi.
Forumda Sherzod Asadov zamonaviy jurnalistika oldida turgan tahdidlar, sun’iy intellekt, so‘z erkinligi, milliy media va jurnalistning jamiyatdagi o‘rni haqida fikr bildirdi.
«Bugun axborot chegara bilmaydi. Bir voqea haqidagi xabar sanoqli soniyalarda millionlab odamlarga yetib boradi. Biroq axborot bilan birga yolg‘on, manipulyasiya, feyk xabarlar va axborot xurujlari ham tez tarqalmoqda. Shuning uchun bugun jurnalistika oldidagi eng muhim vazifalardan biri — ishonchli axborotni ta’minlashdir», — dedi u.
Sherzod Asadov sun’iy intellektning jurnalistikaga jadal kirib kelayotganiga ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt jurnalistning o‘rnini bosmaydi, aksincha, uning imkoniyatlarini kengaytiradi.
«Texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, jurnalistikaning asosiy mezonlari — haqiqat, xolislik, vijdon va inson manfaatiga xizmat qilish tamoyillari o‘zgarmasligi kerak», — dedi Prezident matbuot kotibi.
U, shuningdek, zamonaviy jurnalistikaning bugungi global muammolardan biri sifatida haqiqiy so‘z erkinligi inqirozi masalasini ko‘tardi. Ayrim hollarda so‘z erkinligining siyosiy bosim vositasiga aylanishi jurnalistikaning xolisligi va ishonchliligiga putur yetkazayotganini qayd etdi.
Sh.Asadovga ko‘ra, milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas. Aksincha, bu — faktlarga tayanish, voqealarni xolis tahlil qilish va jamiyat bilan ochiq muloqot o‘rnatishdir.
Prezident matbuot kotibi jurnalistning vazifasi faqat axborot yetkazish bilan cheklanmasligini ham ta’kidladi. Jurnalist odamlarning dardu tashvishini eshitadi, muammolarini ko‘taradi va jamoatchilik ovozining davlat idoralariga yetib borishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, Sherzod Asadov forumning Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani o‘ziga xos ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi. Prezident tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu maskan xalqimizning ko‘p ming yillik ilmiy va ma’naviy merosini jahonga tanitishga xizmat qiladi.
Uning ta’kidlashicha, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar merosi butun bashariyatning bebaho boyligidir. Xorazmiy nomi bugun «algoritm» atamasida yashab kelayotgani ham ajdodlarimiz merosi zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Sh.Asadov milliy merosni faqat muzey va kitoblarda saqlash bilan cheklanmasdan, uni zamonaviy raqamli formatlarda, yosh avlodga tushunarli tilda va jahon jamoatchiligiga xolis yetkazish zarurligini ta’kidladi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
