Jamiyat
Tanzila Norboyeva: Xalqaro reyting va indekslarda munosib o‘rin egallash
Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida mamlakatning ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash to‘g‘risidagi Milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi. Hujjatda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligi, investitsiyaviy jozibadorligi va davlat boshqaruvi samaradorligini baholovchi ko‘rsatkichlar tahlil qilindi.
10 iyul kuni o‘tkazilgan majlisda Senat raisi Tanzila Norboyeva xalqaro reytinglardagi o‘sishlar mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro bahosi ekanini ta’kidladi.
«Xalqaro reyting va indekslarda munosib o‘rin egallash — bu shunchaki raqam yoki statistika emas. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligi, davlat boshqaruvi sifati, investitsiyaviy jozibadorlik va eng muhimi, inson manfaatlarini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarning xalqaro e’tirofidir», dedi Tanzila Norboyeva.
Milliy ma’ruzada keltirilishicha, eng katta o‘sishlardan biri Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida qayd etildi. O‘zbekiston bir yilda 19 pog‘onaga yuqorilab, 167 mamlakat orasida 62-o‘rinni egalladi. Shuningdek, mamlakat 2015 yildan buyon barqaror rivojlanish sohasida eng katta taraqqiyotga erishgan davlatlardan biri sifatida e’tirof etilib, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng yuqori o‘sish sur’atini namoyon etayotgan mamlakat sifatida qayd etildi.
Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida ham O‘zbekiston olti pog‘onaga ko‘tarilib, 193 davlat orasida 63-o‘rinni egalladi. E’tiborlisi, respublika elektron davlat xizmatlari rivoji bo‘yicha «yuqori» toifadan «juda yuqori» toifaga o‘tgan dunyodagi atigi 17 mamlakatdan biriga aylandi.
Iqtisodiy erkinlik indeksida uch pog‘onalik o‘sish qayd etildi. Xalqaro moliya bozorlari uchun muhim ko‘rsatkich sanaladigan suveren kredit reytingida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Fitch Ratings va S&P agentliklari 2018 yildan beri ilk bor O‘zbekistonning reytingini bir pog‘onaga ko‘tarib, uni «BB» darajasida tasdiqladi. Joriy yilda esa mamlakatning kredit reytingi prognozi «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirildi.
Senat yalpi majlisida qayd etilishicha, bu natijalar xorijiy investorlar uchun muhim ishonch signali bo‘lib, mamlakatga investitsiyalar oqimini oshirish, tashqi moliya bozorlaridan arzonroq resurslar jalb qilish hamda iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Milliy ma’ruzada ayrim xalqaro reytinglardagi pasayishga korrupsiya holatlari, qonunlarga rioya etish amaliyotidagi kamchiliklar va matbuot erkinligi bilan bog‘liq muammolar ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Muhokamalar yakunida Senat ushbu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qaror qabul qildi. Hujjatda mas’ul davlat organlari faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, reytinglarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etish hamda har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq islohotlarni izchil davom ettirish vazifalari belgilandi.
Mutaxassislar fikricha, xalqaro reytinglardagi o‘sish mamlakat imijini shakllantirishdan tashqari, iqtisodiyotning raqobatbardoshligi, investorlar ishonchi va aholi farovonligiga xizmat qiladigan muhim ko‘rsatkich hisoblanadi. Shu bois bu sohadagi har bir ijobiy natija ortida davlat boshqaruvini takomillashtirish va inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan amaliy islohotlar turibdi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat3 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Mahalliy5 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Siyosat3 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat3 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat2 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
