Sport
Klublar mundialida sensatsiyalar kuni. «Siti» va «Inter» turnirdan chiqarib yuborildi
Simone Indzagi arablar jamoasida ham mo‘jiza ko‘rsatishda davom etmoqda.
KJCh. Nimchorakfinal
«Manchester Siti» – «Al Hilol» 3:4
Gollar: Silva 9, Holand 55, Foden 104 — Leonardo 46, 112 (dubl), Malkom 52, Kulibali 94.
«Manchester Siti»: Ederson, Ayt Nuri, Gvardiol (Ake, 53), Ruben Diash, Mateus Nunes (Akanji, 53), Reynders (Sherki, 91), Gundo‘g‘an (Rodri, 53, Foden, 100), Bernardu Silva, Doku, Holand (Marmush, 91). Savio.
«Al Hilol»: Bunu, Lodi, Ruben Nevesh, Kulibali, Al-Arbi (Al-Bulayhiy, 88), Ad-Dovsariy (Al-Juvayr, 106). Kanno (Ladjami, 83), Milinkovich-Savich, Joau Kanselu (Al-Yami, 88). Markus Leonardu (Al-Ghannam, 116), Malkom (Kayo Sezar, 64)
Ogohlantirishlar: Gvardiol (27), Mateus Nunes (39), Akanji (105) – Markus Leonardu (113).
«Manchester Siti» va «Al-Hilol» klublar o‘rtasidagi jahon chempionati 1/8 finalida quvnoq spektakl qo‘yib berishdi. Bu jamoalarning Orlandoda kechgan o‘yini – pley-offning (balki butun turnirning) epik voqeasiga aylandi. Jamoalar o‘yinni ekstra-taymlarga o‘tkazishdi, u yerda esa kutilmaganda saudiyaliklarning qo‘li baland keldi.
Holbuki birinchi bo‘limga qarab umuman teng kurash haqida aytib bo‘lmasdi. «Manchester Siti» butun 45 daqiqa davomida «Al-Hilol» himoyachilarining ko‘zini ochirmadi. Pep Gvardiola shogirdlari kutilgan gollar ko‘rsatkichi bo‘yicha 2,08 xG natijasiga erishdi, saudiyaliklar esa darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan birorta zarba yo‘llay olmadi va kamtarona 0,3 xG ko‘rsatkichini qayd etishdi. «Siti» yuzaga keltirgan vaziyatlarni sanashga ikki qo‘ldagi barmoqlar ham yetarli bo‘lmaydi. 9-daqiqada inglizlar haqli ravishda hisobni ochishdi: Rayan Ayt-Nuri va Teyani Reynders chiroyli kombinatsiya uyushtirishdi, jazoirlik futbolchi raqib jarima maydoniga kirib bordi. Zarba va rikoshetdan keyin to‘p Bernardu Silvaga kelib tushdi, u esa to‘pni osonlik bilan Yassin Bunu qo‘riqlayotgan darvozaga kiritib yubordi.
Shu bilan birga, «Manchester Siti»ning goli bahslarga sabab bo‘ldi. «Al-Hilol» futbolchilari bosh hakam Xesus Valensuelaga e’tiroz bildira ketdi. Bunga sabab bor edi: hujum vaqtida to‘p Ayt-Nurining qo‘liga tekkandi.
Ammo VAR’dagi yordamchilari bilan maslahatlashgan hakam Rayan qasddan qo‘l bilan o‘ynamagan deb topdi. Vaziyatni tekshirish 3-4 daqiqa vaqt oldi. To‘p maydon markaziga olib kelinib, bosh hakam o‘yinni davom ettirish uchun hushtak chaldi, ammo «Al-Hilol» futbolchilari ekranda vaziyat takrorini ko‘rib, yana hakam bilan bahsga kirishishdi. Foydasi bo‘lmadi: arbitr butun stadionga qoidabuzarlik bo‘lmagani va gol bekor qilinmasligini e’lon qildi. Uni yuz foiz haq deb bo‘lmaydi va bu qaror hali yana muhokama qilinishi tayin.
Guruh bosqichida ikki bor yirik hisobda g‘alaba qozongan, xususan, «Yuventus» darvozasini besh bor ishg‘ol etgan «Siti»ga qarshi yangi bosh murabbiy Simone Indzagi boshqaruvida o‘ynay boshlaganiga bir oy ham bo‘lmagan va tarkibda muammolarga uchragan (jamoa to‘purari Mitrovich jarohat tufayli turnirda biror o‘yinda maydonga tusha olmadi, uchinchi turda esa jamoa sardori va eng yorqin futbolchilaridan biri Salim ad-Dovsari ham safdan chiqdi) «Al-Hilol»ning taqdiri oldindan ma’lumdek edi.
Ammo Bunu bunga qarshi chiqdi. «Al-Hilol» posboni jamoasini bir necha bor muqarrar gollardan qutqarib qoldi. Marokashlik darvozabon 45 daqiqa mobaynida oltita seyv amalga oshirdi. U Savinio, Erling Holand, Bernardu Silva va Yoshko Gvardiolning xavfli zarbalarini qaytardi.
Ikkinchi bo‘limda esa barchasi o‘zgarib ketdi. Jamoalar ishtirokida aql bovar qilmas 10 daqiqalik bo‘lib o‘tdi. «Al-Hilol» futbolchilari maydonga katta ishtiyoq bilan chiqib kelishdi va 46-daqiqadayoq hisob tenglashdi: saudiyaliklar jamoasi forvardi Markos Leonardo uzoq davom etgan hujumni gol bilan yakunladi. Malkom boshlab bergan bu hujum davomida Joau Kanselu, Nosir ad-Dovsariy va Malkomning o‘zi to‘pni Ederson darvozasiga yo‘naltirishga harakat qilishdi. Leonardo esa to‘rtinchi urinishda bosh bilan aniq zarba yo‘lladi. Chiroyli emas, ammo katta mehnat bilan urilgan gol.
Olti daqiqa o‘tib esa Malkom «Al-Hilol»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Braziliyalik futbolchi «Siti» ijrosidagi standartdan keyin qarshi hujumda himoyachilardan qochib ketdi va Edersonga hech qanday imkon qoldirmadi. Simone Indzagi g‘olibona tarzda qo‘llarini baland ko‘tardi, «Al-Hilol» futbolchilari esa golni xuddi turnirda g‘olib chiqqandek nishonlashdi.
Ammo xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi. Uch daqiqa o‘tib Erling Holand burchak zarbasidan keyin yaqin masofadan turib Bunu darvozasini ishg‘ol etdi. Jamoalar 10 daqiqa ichida uch gol urishdi.
Keyin esa o‘yin sur’ati tusha boshladi. Yarim soatga yaqin vaqt mobaynida futbolchilar raqib darvozalari qarshisida xavfli vaziyatlar yarata olishmadi. «Manchester Siti» tashabbusga egalik qildi, «Al-Hilol» tartib bilan himoyalandi. 84-daqiqada saudiyaliklar xavotirli epizodni boshdan kechirishdi. Holand yana bir bor burchak zarbasidan keyin juda qulay pozitsiyadan to‘pni darvozaga yo‘naltirdi, ammo himoyachi Ali Ladji to‘pni chiziq ustida qaytarib qoldi. Hakam Valensuela soatini ko‘rsatib, to‘p chiziqni to‘liq kesib o‘tmaganini ko‘rsatdi.
Ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan olti daqiqa jamoalardan biri g‘alabani ilib ketishi uchun yetarli bo‘lmadi. Shu bilan birga, «Al-Hilol» so‘nggi daqiqalarda yaxshi vaziyatga ega bo‘ldi, ammo Leonardoning zarbasini «Siti» himoyasi to‘sdi va o‘yin qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tdi.
Va 94-daqiqadayoq «Al-Hilol» yana hisobda oldinga chiqib oldi. Kulibali o‘z uslubida jarima maydoni ichida barchadan baland sakrab, boshi bilan «Siti» darvozasini ishg‘ol etdi. O‘z navbatida inglizlar ham munosib javob qaytarishdi. Gvardiolaning o‘yinchi almashtirishlari ish berdi: Rayan Sherki olis ustun tomon ideal uzatma berdi va jarima maydoni ichiga yugurib kirgan Fil Foden murakkab zarbasi bilan muvozanatni tikladi.
Ekstra-taymlarga kelib «Siti»da to‘liq ustunlik uchun kuch qolmagandi, «Al-Hilol» esa hal qiluvchi vaziyat uchun energiya topa oldi. 112-daqiqada Sergey Milinkovich-Savich qanotdan uzatmani xavfli zarbaga aylantirdi, Ederson seyv amalga oshirdi. Bu ushbu darvozabonning o‘yin boshidan buyon ilk seyvi bo‘ldi, ammo shu hujumning o‘zida u gol o‘tkazib yubordi. To‘p Markos Leonardoga borib tushdi va u osonlik bilan «Siti» darvozasini yana bir bor ishg‘ol etdi – 4:3.
«Al-Hilol» yakunda g‘alabali hisobni ushlab qoldi. Gvardiola faoliyatida ilk bor klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida mag‘lub bo‘ldi. Pep bungacha ushbu turnirda ikkitadan ortiq gol o‘tkazmagandi. Buni megasensatsiya desa bo‘ladi.
Muxlislar chorakfinalda «Inter» – «Manchester Siti» qarama-qarshiligini kutishgandi. Buning o‘rniga yarimfinal uchun «Al-Hilol» va «Fluminense» o‘rtasida bahs kechadi. Saudiyaliklar turnir arafasida Simone Indzagini chaqirgani bejiz ketmadi. U qisqa vaqt ichida jamoa o‘yinini kuchaytira oldi (guruhda «Real» bilan durang qayd etilgan, «Pachuka» mag‘lub etilgandi). «Manchester Siti» esa bir yildan buyon sovrinsiz qolmoqda (2024 yil 10 avgustida Angliya Superkubogini yutgan). Titul uchun keyingi imkon faqat 2026 yil bahorida bo‘ladi (agar Liga Kubogi finaliga yetib borilsa).
«Fluminense» ham «Inter»ni uyga jo‘natdi
«Inter» – «Fluminense» 0:2
Gollar: Kano 3, Herkules 90+3.
«Inter»: Zommer, Darmian, De Vrey, Bastoni (K. Augusto 71), Dumfris (L. Enrike 53), Asllani (Suchich 53), Barella, Mxitaryan (Karboni 53), Dimarko, Tyuram (Espozito 66), Lautaro.
«Fluminense»: Fabio, Shaviyer, Ignasio, Tiago Silva, Freytes, Rene, Bernal (Santos 81), Martinelli (Herkules 61), Nonato (Lima 60), Arias, Kano (Everaldo 66).
Ogohlantirishlar: Asllani (9), Bastoni (38) – Kano (16), Freytes (26), Rene (36), Santos (85).
Braziliyaning klublar mundialiga tashrif buyurgan kvarteti turnirdagi strategiya nuqtayi nazaridan ikkiga bo‘lindi. Agar «Palmeyras» va «Flamengo» o‘z uslubini o‘zgartirmagan va har bir o‘yinda ustunlik qilishga uringan bo‘lsa, «Botafogo» va «Fluminense» jamoalari pragmatizm sinonimiga aylanishdi. Uchranglilar faqat autsayder «Ulsan»ga qarshi o‘yinda hujumdagi imkoniyatlarini to‘liq ishga solishdi (4:2), «Borussiya» va «Mamelodi Sandaunz» bilan o‘yinlarda esa golsiz duranglar qayd etildi. Janubiy afrikaliklarga qarshi o‘yinga «Flu» shunchaki yutqazmaslik vazifasi bilan chiqishgandi. Jamoa bosh murabbiyi Renatu Gaushu o‘sha o‘yinda 40 yoshli sardor Tiagu Silvaga pley-off oldidan dam olish imkonini bergandi.
«Inter» darvozasiga kiritilgan tezkor gol taassuroti yanada kuchliroq bo‘ldi. Ha, qanotdan uyushtirilgan hujum bilan Milan mudofaasidan o‘tishda omadning ham ulushi bor, Ariasning uzatmasidan keyin to‘p Bastoni orqali yo‘nalishini o‘zgartirdi. Lekin golli hujumning barcha qatnashchilari o‘z vazifasini to‘g‘ri bajardi, gol muallifi, 37 yoshli Kano darvoza qarshisida o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi va to‘pni Zommerning oyoqlari orasidan o‘tkazdi.
Hisobni ochgach, «Fluminense» milanliklar hujum chizig‘i ishini maksimal darajada qiyinlashtirish uchun chuqur himoyaga yotdi. «Inter» to‘pga egalik qilish bo‘yicha katta ustunlikka erishdi (30 foizga qarshi 70), ammo «neradzurrilar» maydonning uchinchi qismida bo‘sh zonalar topishga qiynalishdi. Yevropa jamoasi birinchi bo‘limdagi yagona vaziyatini himoyachilar ortiga ochilgan Mxitaryanga uzun uzatma berish orqali yuzaga keltirdi. Genrix zarba bermasdan, jarima maydoniga yetib kelgan sherigi Dimarkoga pas berdi. Raqib futbolchilari «Inter» lateraliga yeta olmagandi, ammo u to‘pni yetarlicha balandlikka ko‘tara olmadi. «Fluminense»ning 44 yoshli Fabio seyv ijro etdi.
«Inter» tanaffusgacha Fabio darvozasi oldida boshqa vaziyat yarata olmadi. «Neradzurrilar»ga jamoaviy tezlik yetishmadi. Buning sabablari aniq ko‘rinib turibdi: issiq, og‘ir va uzoq davom etgan mavsumdagi toliqish, raqib yaxshi himoyalanishi. Milanliklar raqib darvozasi qarshisida standart vaziyatlarda ham havodagi to‘plarni yuta olmadi – tajribali Tiago Silva boshchiligidagi «Fluminense» himoyachi yaxshi harakatlandi. Bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Mxitaryan hissiyotga berilib, ommaviy mushtlashuv keltirib chiqarishiga bir baxya qoldi.
Bu vaziyatda Genrixga brazillar ustozi Renato Gausho provokatsiya qilgandi, u armanistonlik yarimhimoyachi autdan tashlamoqchi bo‘lgan to‘pni tepib yuborgandi.
Mxitaryan 62 yoshli murabbiyning ko‘ksidan itardi.
Voqea joyiga ikki jamoa futbolchilari yugurib kelishdi.
Foto: Buda Mendes/Getty Images
Birinchi bo‘limda «Inter» hisobni tenglashtirishidan ko‘ra, «Fluminense» ikkinchi golga yaqinroq edi. Brazillar safida kolumbiyalik Arias individual harakatlari bilan ajralib turdi. U jamoadoshlari bilan devor uslubida o‘ynab, yana bir vaziyat yaratdi va uzoq masofadan xavfli zarba berdi. Zommer to‘pni qaytarishda muvaffaqiyatsiz harakat qildi – Shavyyer qaytgan to‘pga zarba berishda «Inter»ni kechirdi. Keyin brazillar o‘ng qanotdan berilgan krossdan keyin darvozani ishg‘ol etishdi, ammo ofsayd tufayli gol bekor qilindi.
Tanaffusdan keyin «Inter» bosim qilishda davom etdi, lekin «Fluminense» himoyasidan o‘ta olmadi. Brazillar xuddi har hafta YeChL finalchisi darajasidagi jamoaga qarshi o‘ynaydigandek harakatlandi. Kivu Karboni, Suchich, Luis Enrike kabi yoshlarni tushirish orqali, energiya berishga urindi. Shunga qaramay, ikkinchi bo‘limdagi ilk golli vaziyat ham «Flu» tomonidan yaratildi. Autdan to‘p tashlab berilishi orqali boshlangan hujumda Arias kuchli zarba yo‘lladi. Kolumbiyalik futbolchining zarbasidan keyin to‘p ustun yonidan darvozaga kirib ketayotgandi, ammo Zommer ajoyib seyv bilan «Inter»ni qutqarib qoldi.
Faqat bo‘lim o‘rtalariga borib Fabioga ish topildi. «Fluminense»ning charchagan futbolchilari konsentratsiyani yo‘qota boshladi. «Inter» futbolchilari to‘p Tiyago Silvaning qo‘liga tekkanini ro‘kach qilib, penalti so‘rashdi, ammo videotakror himoyachining qo‘li tabiiy holatda bo‘lganini ko‘rsatdi. Keyin shu kunning eng omadsiz futbolchisi de Vrey qulay imkoniyatdan foydalana olmadi. «Neradzurrilar» standart vaziyatda to‘pni jarima maydoniga yetkazishdi, Martines havodagi to‘p uchun kurashda ustun keldi va uni deyarli bo‘sh darvoza qarshisida ochilgan niderlandiyalikka tashlab berdi, Stefan esa darvozabon hududida turib gol ura olmaslikning uddasidan chiqdi. Uning harakatini oqlaydigan bir sabab bor – u himoyachi.
So‘nggi daqiqalar – «Inter» tomonidan maksimal bosim va raqib jarima maydonida brazillar «avtobus» qo‘yishi bilan kechdi. Jarima maydonidagi tig‘iz joylashuv va «Fluminense» futbolchilarining himoyada mustahkam turishiga qaramay, Lautaroda gol urish uchun ikkita vaziyat bo‘ldi. Bir epizodda milanliklar sardorining zarbasidan keyin Renato Gausho jamoasini keksa darvozabon, ikkinchisida ustun qutqarib qoldi. Bunday o‘yinlarda omadsiz g‘alaba qozonib bo‘lmaydi va shu kuni Sharlottadagi stadionda omad «Flu» futbolchilariga keng tabassum bilan boqdi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa «Inter» qarshi hujumda yana bir gol o‘tkazib yubordi. Zaxiradan tushgan Herkules jarima maydoni tashqarisidan emin-erkin zarba berishiga hech kim xalal bermadi. Bu gol «neradzurrilar» uchun ularning turnirdagi ishtirokini yakunlab beruvchi hukm edi.
Sport
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.
Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.
Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.
Sport
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.
Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.
Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.
1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.
Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.
Manba: UEFA
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot5 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat1 day ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport15 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat5 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport5 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
