Iqtisodiyot
1 foizlik soliq keshbeki bekor qilinishi mumkin
Agar xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazgan shaxslarga 1 foiz keshbek to‘lash amaliyoti to‘xtatilmasa, davlat budjetining bu yo‘nalishdagi xarajatlari joriy yilda 1,8 trln so‘mga yetishi mumkin, bu – bog‘chalar qurilishi uchun ajratilgan mablag‘dan ikki karra ko‘p, deya ma’lum qildi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti. Keshbek o‘rniga davlat lotereyasini joriy etish taklif qilinyapti.
O‘zbekistonda xarid cheklarini Soliq ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazgan shaxslarga xarid summasining 1 foizini keshbek shaklida qaytarib berish amaliyoti to‘xtatilishi mumkin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, fiskal tahlillar instituti shunday taklif bilan chiqdi.
Institut ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilda keshbek to‘lovlari hajmi 820 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilda bu mablag‘ 1,8 trln so‘mga yetishi mumkin.
Vaholanki, – deydi institut vakillari, – 2026 yilda bog‘chalar qurilishi uchun davlat budjetidan bundan ikki barobar kam – 900 mlrd so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.
“Mazkur mexanizmning amal qilishi davlat budjeti hisobidan doimiy moliyalashtirishni talab etadi. Ro‘yxatdan o‘tkazilgan fiskal cheklar soni ortishi bilan bir qatorda, davlat budjeti xarajatlari ham muttasil ko‘payib boradi”, – deyiladi IMV huzuridagi institut e’lon qilgan maqolada.
Ta’kidlanishicha, 2026 yil may oyida to‘langan soliq keshbekining umumiy summasi 146,6 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lib, shundan 15,7 mlrd so‘mi yoki 10,7 foizi top-10 savdo tarmoqlariga to‘g‘ri kelgan. Bu esa, mualliflarga ko‘ra, budjet hisobidan rag‘batlantirishning salmoqli qismi allaqachon rasmiy sektorda ishlayotgan kompaniyalar mijozlariga taalluqli bo‘layotganini ko‘rsatadi.
“Natijada davlat budjeti amalda soliq keshbeki mavjud bo‘lmagan taqdirda ham amalga oshirilishi muqarrar bo‘lgan operatsiyalarni subsidiyalamoqda”, – deydi maqola mualliflari.
Institut fikriga ko‘ra, budjet hisobidan rag‘batlantirishni soliq intizomi va soliq madaniyatini shakllantirishga xizmat qiluvchi vaqtinchalik vosita sifatida qarash kerak.
Xalqaro tajribada ham xaridorlarni chek olganligi uchun moddiy rag‘batlantirish amaliyoti – soliq siyosatining universal yoki uzoq muddatli instrumenti sifatida qaralmaydi.
Lotereya taklifi
IMV huzuridagi tashkilot har bir chek uchun kafolatlangan keshbek o‘rniga, faqatgina soliq xavfi yuqori bo‘lgan sohalar: umumiy ovqatlanish korxonalari, kichik chakana savdo obektlari va boshqalarda ishlovchi kompaniyalarning fiskal cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazgan xaridorlar o‘rtasida davlat lotereyalarini tashkil etishni taklif qilmoqda.
“Bunday yondashuv aholining aynan tushumlarni yashirish ehtimoli yuqori bo‘lib qolayotgan sohalarda fiskal cheklarni olishga bo‘lgan qiziqishini saqlab qolish imkonini beradi.
Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, yirik qiymatga ega pul va qimmatbaho sovrinlar (avtomobillar, turistik yo‘llanmalar hamda qiymati 5 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan boshqa qimmatbaho sovrinlar) o‘ynaladigan davlat lotereyalarini tashkil etish uchun 100 mlrd so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirish yetarli bo‘ladi. Bu esa mazkur mexanizmni moliyalashtirish uchun davlat budjeti xarajatlarini qariyb 20 barobarga qisqartirish imkonini beradi”, – deyiladi maqolada.
12 foizlik keshbek saqlanib qoladi
Qo‘shimcha qilinishicha, ijtimoiy reyestrga kiritilgan shaxslarga ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarni xarid qilganda 12 foizlik QQSni qaytarish mexanizmini bekor qilish nazarda tutilmayapti. Chunki bu mexanizm manzilli xususiyatga ega bo‘lib, yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga emas, aholining ehtiyojmand qatlamlari uchun soliq yukini kamaytirishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda xarid chekidagi QR-kodni Soliq ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazgan xaridorlarga xarid summasining 1 foizini qaytarib berish amaliyoti 2022 yil 1 yanvardan boshlangan edi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab, bir kalender oy davomida olish mumkin bo‘lgan keshbek summasi uchun BHMning 0,6 baravari miqdorida (hozirda 247 ming so‘m) cheklov kiritilgan.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
