Jamiyat
gaz tarmoqlari ta’mirlanadi, yoqilg‘i zaxiralari yaratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 iyul kuni neft-gaz tarmog‘ida navbatdagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishi yuzasidan axborot bilan tanishdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Yig‘ilishda 2026-2027 yillar kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha obektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish, magistral va hududiy gaz tarmoqlarini ta’mirlash, yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish hamda avariya-tiklash brigadalarining shayligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
Tabiiy gaz ta’minoti tizimini mavsumga tayyorlash ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, mavsumgacha magistral gaz quvurlarining 53,7 kilometr nuqsonli qismini almashtirish, kompressor stansiyalaridagi 77 ta gaz haydash agregatini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, 881 ta mahalladagi 220 ming xonadonning gaz ta’minotini yaxshilash va texnologik yo‘qotishlarni qisqartirish maqsadida uch bosqichli taqsimlash tizimidan ikki bosqichli tizimga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. 711,9 kilometr gaz tarmog‘i va 400 ta gaz taqsimlash punkti mukammal ta’mirlanadi hamda rekonstruksiya qilinadi.
Aholi va ijtimoiy soha obektlarini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Kuz-qish mavsumida 325,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish, shu jumladan, borish qiyin bo‘lgan 229 ta qishloqdagi 104,7 ming iste’molchiga 8,2 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazish belgilangan.
Qish davri uchun yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish bo‘yicha ham choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, dekabr-yanvar oylari uchun 120 ming tonna avtobenzin zaxirasini yaratish rejalashtirilgan. Issiqlik elektr stansiyalariga mavsum davomida 4 million 161 ming tonna ko‘mir yetkazib berish prognoz qilinmoqda.
“O‘zbekneftgaz” tizimidagi korxonalarda texnologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida 90 ta texnologik qurilmada ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Tayyorgarlik ishlari faqat neft-gaz tizimi bilan cheklanmay, umumiy energetika va kommunal sohalar bilan uzviy bog‘liq holda olib borish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu maqsadda respublika va hududiy komissiyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yib, mavsumga tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirish va doimiy nazorat qilib borish topshirildi.
Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qat’iy nazorat qilish, mavsumga tayyorgarlik ishlarini muddatida va sifatli yakunlash, aholi hamda ijtimoiy soha obektlariga tabiiy va suyultirilgan gaz, shuningdek, boshqa yoqilg‘i resurslarini barqaror yetkazib berish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Jamiyat
Qalbaki xorijiy pasport tayyorlash bilan shug‘ullangan jinoiy guruh ushlandi
Farg‘onada qalbaki xorijiy pasport tayyorlash bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Farg‘ona shahrida qalbaki xorijiy davlat fuqaroligi pasportlarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Xususan, tezkor tadbir davomida Marg‘ilon shahrida yashovchi 1995 y.t. shaxs Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi 1990, 1997, 1999 va 2003 yillarda tug‘ilgan 4 nafar tanishi bilan til biriktirib, qalbaki Turkiya Respublikasi fuqaroligi pasporti va haydovchilik guvohnomasini mijozga 4 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.
Ulardan jami 11 dona mobil telefonlar va 2 dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Buxoroda hindistonlik talaba yurtdoshini o‘ldirdi
Buxoroda 22 yoshli hindistonlik talaba o‘z kursdoshi (yurtdoshi) bilan yuzaga kelgan janjal oqibatida vafot etdi. Bu haqda Hindiston nashrlaridan biri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Hindistonning Kerala shtatidan bo‘lgan Savariya ismli qizni o‘ldirishda gumonlanib, uning 23 yoshli kursdoshi Sadharul Anam qo‘lga olingan.
Ta’kidlanishicha, hodisa 3 iyul kuni ikki talaba o‘rtasida kelib chiqqan nizo ortidan sodir bo‘lgan. Janjal paytida yigit qizning boshiga noutbuk bilan urgan. Jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, u ichki qon ketishi oqibatida yuzaga kelgan asoratlar tufayli vafot etgan.
Har ikkalasi ham Buxoro davlat tibbiyot instituti talabasi ekani aytilmoqda. Yigit O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan hibsga olingan. Savariyaning jasadi Hindistonga yetkazilgan.
Jamiyat
Bo‘stonliqda quduqqa tushib ketgan fuqaro qutqarib qolindi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida dalahovlisida dam olayotgan fuqaro quduqqa tushib ketdi. Hodisa joyiga tezkor yetib borgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari uni quduqdan olib chiqib, tibbiyot xodimlariga topshirdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa kuni kecha soat 12:27 da sodir bo‘lgan. Toshkent viloyati FVBBga Bo‘stonliq tumani Novobod mahallasi hududida joylashgan dalahovlilaridan birida fuqaroning quduqqa tushib ketgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabar asosida FVV qutqaruvchilari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, maxsus qutqaruv ishlarini amalga oshirgan. Natijada quduqqa tushib ketgan fuqaro sog‘-omon olib chiqilib, shifokorlar nazoratiga topshirilgan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi.
Jamiyat
Toshkentda onlayn qimor uchun mashina o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olindi
Avtomobillarni yuvish shoxobchasida ishlagan erkak o‘zganing Spark mashinasini boshqarib ketgan. U avtomobilni ehtiyot qismlarga bo‘lib sotgan holda pulini onlayn qimorga tikmoqchi bo‘lganini aytgan.
Foto: YHXB matbuot xizmati
Toshkent shahrida birovning mashinasini o‘g‘irlagan shaxs ushlandi. Bu haqda poytaxt YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, erkak Yunusobod tumanidagi avtomobillarni yuvish shoxobchasidan Spark mashinasini egasining ruxsatisiz olib qochib ketgan. Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda YHXB qidiruv bo‘limi xodimlari olib borgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida mashina Bektemir tumanida topilib, gumondor qo‘lga olingan.
“Moyka”dan Spark’ni olib ketib qoldim. Bu yoqqa kelganimga hozir bir soatcha bo‘ldi. Maqsad – “zapchast” qilib sotish edi. Onlayn qimor o‘ynayman. O‘sha O‘shanga pul tikib, yutaman degan maqsadda shu ishni qildim”, degan erkak.
Hozirda holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tergovga qadar tekshiruv va protsessual harakatlar olib borilmoqda.
Toshkent shahar YHXB fuqarolardan mashinalarini qarovsiz qoldirmaslik, kalitlarini begona shaxslarga ishonib topshirmaslik hamda xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishni so‘ragan.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 267-moddasiga ko‘ra, transport vositasini talon-toroj qilish maqsadida o‘g‘rilik yoki talonchilik yo‘li bilan olib qochish 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jamiyat
Navoiyda noqonuniy oltin qazish vaqtida chuqurlikda qolib ketgan 3 nafar fuqaro qutqarildi
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida noqonuniy ravishda oltin qazib olishga uringan 4 nafar fuqarodan 3 nafari qazilgan chuqurlikka tushib, tuproq ostida qolib ketdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan ularning ikki nafari qutqarib olindi, yana bir fuqaro esa qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar mahalliy aholi yordamida chuqurlikdan chiqarildi.
Hodisa 7 iyul kuni soat 04:22 atrofida Navoiy viloyati, Xatirchi tumani, “Angidon” MFY, Quvray qishlog‘i tog‘ hududida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 4 nafar fuqaro noqonuniy ravishda oltin qazib olish maqsadida kon hududiga borgan.
Ulardan 3 nafari noqonuniy qazilgan chuqurlikka tushib ketib, tuproq ostida qolgan. Tashqarida qolgan bir nafar sherigi zudlik bilan atrofdagilar va Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar bergan.
Qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar mahalliy aholi va hodisa vaqtida tashqarida bo‘lgan fuqaro sa’y-harakatlari bilan jabrlanganlarning biri chuqurlikdan chiqarib olingan.
FVB qutqaruvchilari voqea joyiga tezkorlik bilan yetib kelib, tuproq ostida qolgan yana ikki nafar fuqaroni qutqarishga muvaffaq bo‘lgan. Qutqarilganlarga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilib, ular tegishli tibbiyot muassasasiga yuborilgan.
Hodisa yuzasidan tegishli tartibda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
-
Siyosat4 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Siyosat5 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
-
Iqtisodiyot5 days ago
Iyunda eskrou orqali 34 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
-
Dunyodan5 days ago
Serbiyada majburiy harbiy xizmat tiklanadi
-
Jamiyat4 days agoOliy sud Plenumida inson huquqlari va sud amaliyotiga oid muhim qarorlar qabul qilindi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda qurilish tashkiloti markaziy kanalizatsiya quvurini uzib yubordi
