Jamiyat
O‘zbekiston prezidenti Sergelining O‘zgarish mahallasiga tashrif buyurdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Sergeli tumanidagi O‘zgarish mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari hamda yer usti metro yo‘nalishi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi.
Inson qadrini ulug‘lash va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlar bugun mahallalar qiyofasida, odamlarning kundalik hayotida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
O‘zgarish mahallasi bu boradagi yangilanishlarning yorqin namunasidir. Ushbu hududda 45 ta ko‘p qavatli uy, 1 ming 620 ta xonadon mavjud. Ularda 6 ming 700 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Mahallada yillar davomida to‘planib qolgan muammolar bosqichma-bosqich hal etilib, zamonaviy infratuzilma va qulay ijtimoiy muhit yaratildi. Xususan, 10 ta bolalar maydonchasi, mini-futbol maydoni, 2 ta salomatlik hududi barpo etildi.
Davlatimiz rahbari mahallada tashkil etilgan zamonaviy kogeneratsiya markazi faoliyati bilan ham tanishdi.
Qayd etilganidek, ushbu markaz kuz-qish mavsumida mahallaning issiqlik va elektr energiyasi ta’minoti barqarorligiga xizmat qiladi. Kogeneratsiya texnologiyasi orqali tabiiy gazdan avval elektr energiyasi olinadi, so‘ng ajralgan issiqlik suv va xonadonlarni isitishga yo‘naltiriladi. Bu energiya samaradorligini oshirib, isrofgarchilikni kamaytiradi.
Loyihaning umumiy qiymati 5,8 million dollarni tashkil etadi. Bu yerga Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy gaz-porshenli qurilmalar va qozonlar o‘rnatilgan. Markaz yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 80 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniga ega.
Loyiha doirasida 2 kilometr uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr liniyasi qurilib, umumiy tarmoqqa ulandi. Natijada tuman markaziy elektr tarmog‘idagi yuklama 3 foizga kamaydi. Markaz ishga tushishi bilan 10 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
Shu bilan birga, mahallaning umumiy infratuzilmasi ham tubdan yangilandi. 1,4 kilometr piyodalar yo‘laklari barpo etildi, 12 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismi ta’mirlandi, ichki yo‘llarga asfalt yotqizildi. Hududni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 2 ming 720 tup manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.
Prezidentimiz “mahalla yettiligi” va hudud faollari bilan samimiy suhbatlashdi. Bu yerdagi o‘zgarishlar aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, mahallani obod va xavfsiz maskanga aylantirishga qaratilgan ishlar natijasi ekani ta’kidlandi.
«Keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarimiz aynan mana shu Sergeli tumanidan boshlangan edi. O‘z vaqtida bu hududga zamonaviy metro liniyasini olib kelish tashabbusini ilgari surganimizda, ushbu yirik loyihaning istiqboliga shubha bilan qaraganlar ham bo‘lgani sir emas.
Biroq bugun mana shunday ko‘rkam va obod maskanlarni, eng muhimi, siz kabi aziz yurtdoshlarimizning mamnun chehralarini ko‘rib, tanlagan yo‘limiz qanchalik to‘g‘ri bo‘lganiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.
Bugungi tashrifimizdan maqsad ham sizlar bilan bevosita muloqot qilish, taklif va tashabbuslaringizni tinglashdir», — dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari yo‘l-yo‘lakay Sergeli tumanidan o‘tuvchi yer usti metro yo‘nalishi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan ham tanishdi.
Zamonaviy shaharsozlikda mavjud infratuzilmadan oqilona foydalanish, bo‘sh maydonlarni aholi uchun qulay, iqtisodiyot uchun samarali maskanlarga aylantirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda yer usti metro yo‘li ostidagi 5,7 gektar maydon tubdan yangilandi.
Bu yerda 137 ta tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 250 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Metro ostida 4 kilometr piyodalar va velosiped yo‘lagi, 2 ta bolalar maydonchasi va sport zonalari tashkil qilindi. Aholi hordiq chiqarishi uchun 100 ta o‘rindiq va 40 ta zamonaviy manzarali chiroq o‘rnatildi.
Jamiyat
Afg‘onistondan dronda narkotik olib o‘tishning oldi olindi
O‘zbekistonga Amudaryo orqali dronda narkotik olib o‘tishga bo‘lgan urinish to‘xtatildi. Afg‘onistonlik noma’lum shaxslar uchuvchisiz uchish apparatiga 2 kg 32 gr opiy moddasini mahkamlagan bo‘lgan.
Chegara qo‘shinlari va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyatida narkotik moddalar kontrabandasiga chek qo‘yildi.
Afg‘onistonlik noma’lum shaxslar Amudaryo orqali giyohvandlik vositalarini dron qurilmasi yordamida O‘zbekiston hududiga o‘tkazishga uringan.
Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu noqonuniy harakat fosh etilib, uchuvchisiz uchish apparatiga mahkamlangan 2 kilogramm 32 gramm miqdoridagi opiy moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Mehnat kodeksiga shahvoniy shilqimlikka oid yangi norma kiritish taklif etilmoqda
Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan “Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati
Qayd etilishicha, qonun loyihasi O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining 111-sonli konvensiyasi normalarini milliy qonunchilikka izchil joriy etishga qaratilgan.
Unga ko‘ra, Mehnat kodeksida mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish belgilari qatori “terisining rangi” va “siyosiy qarashlar” tushunchalari bilan to‘ldirilmoqda.
Shuningdek, mehnat munosabatlarida inson sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlash, ish joylarida shahvoniy shilqimlikning oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Jumladan, Mehnat kodeksini mehnat va mashg‘ulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘ymaslikka oid yangi norma bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Jamiyat
O‘zganing hayotini yashagan odamlar: mansabning bahosi qancha?
Hech kim vijdonini bir kunda yo‘qotmaydi. Bu jarayon sekin-asta sodir bo‘ladi. Avval haqiqatni aytmaysiz, keyin nohaqlikni ko‘rib ham jim turasiz. Keyin esa sukunatingizni “sharoit”, “majburiyat”, “oila” yoki “mansab” degan so‘zlar bilan oqlay boshlaysiz. Eng xavflisi ham shu. Chunki insonni mana shunday kichik murosalar o‘zgartiradi.
5 daqiqa’ning navbatdagi sonida Murod Muhammad Do‘stning “Lolazor” romani haqida gaplashamiz.
Shubhasiz, asar markazida Nazar Yaxshiboyev turadi. Bir qarashda u odatdagi amaldordan biri. Hayoti davomida mansab ko‘rgan, davrning yuqori qatlamlarida yurgan inson. Ammo muallifni uning lavozimi emas, ko‘proq “ichkarisi” qiziqtiradi. Inson qachon o‘zini yo‘qota boshlaydi? Qachon mansab shaxsiyatdan ustun keladi? Qachon odam haqiqatni emas, o‘zi ishonishni xohlagan yolg‘onni himoya qila boshlaydi? Roman shu kabi savollarga javob beradi.
Bu asarni ko‘pchilik “sovet tuzumi haqidagi roman” deydi. Bu fikrda jon bor, albatta. Sababi, asarda o‘sha davr muhiti, amaldorlar psixologiyasi, hokimiyatning insonni qanday o‘zgartirishi juda kuchli tasvirlangan. Lekin “Lolazor”ning haqiqiy qiymati yana ham chuqurroqda.
Chunki tuzumlar almashadi, davrlar o‘zgaradi. Lavozimlar boshqacha nomlanadi, ammo insonning tabiati deyarli o‘zgarmaydi.
Muallif asarda vaqtni odatdagidek tasvirlamaydi. Kecha, bugun va ertaga degan tushuncha bir-biriga qorishib ketgan. Bu uslub ham tasodifiy emas. Chunki inson o‘z hayotini ana shunday eslaydi. O‘zingiz va o‘zgalarda qolgan uzuq-yuluq xotiralar bilan butun hayotingizni tiklaysiz.
Bu asarning nomlanishi hamisha muhokamalarga sabab bo‘lib kelgan. Hamma o‘zicha talqin qiladi, anglagan haqiqatini gapiradi.
“Lolazor” oddiy bir joy nomi emas. U inson ongida saqlanib qolgan bir dunyo, qaytib bo‘lmaydigan poklik, orzu va yoshlikning ramziga aylanadi. Yaxshiboyev qancha baland ko‘tarilmasin, botinida o‘sha yo‘qotilgan ma’naviy makonni qidirishdan to‘xtamaydi. Fojia shundaki, ba’zi manzillarga qaytishning iloji bo‘lmaydi, hayot bu imkoniyatni insonga qaytadan bermaydi.
Yozuvchi romanda juda nozik kinoyadan foydalanadi. U qahramonlarini masxara qilmaydi. Biroq ularning o‘zlarini muhim deb bilgan ishlari vaqt oldida naqadar arzimas ekanini ko‘rsatadi. Bir paytlar hal qiluvchi bo‘lib tuyulgan yig‘ilishlar, balandparvoz ma’ruzalar, mukofotlar, mansablar… yillar o‘tib, bularning barchasi xotiraning chang bosgan burchagida qolib ketadi. Qoladigan yagona narsa insonning vijdoni bilan munosabati, o‘zini qay darajada toza saqlab qolgani, demoqchi bo‘ladi.
“Lolazor” nafaqat hokimiyat qanday ishlashini, balki hokimiyat inson ustida qanday tajribalarni amalga oshirishi mumkinligini ko‘rsatadi. Shuning uchun ham bu asarni faqat sovet davri bilan cheklash to‘g‘ri emas. Undagi ogohlantirish har qanday zamon uchun ahamiyatli.
Murod Muhammad Do‘st bu haqiqatni faqat Yaxshiboyev orqali ko‘rsatmaydi.
Romanning haqiqiy ko‘lami uning atrofidagi obrazlarda ham namoyon bo‘ladi. Oshno, ya’ni Xorun Kalonov, Saidqul, Aleksandr Shoymardonov, Hotam Sho‘ro, Chorshanbiyev, Muhsina xonim, Qurbonoy, To‘pori… Ular bir-biridan fe’li, taqdiri va tanlovlari bilan farq qilsa-da, barchasini bir haqiqat birlashtiradi. Ular o‘z davrining shafqatsiz spektaklida ma’lum bir rolni ijro etadi. Kimdir mansab evaziga vijdonidan kechadi, kimdir qo‘rquvni sukut bilan yashiradi, kimdir muhabbati yoki insoniyligini qurbon qiladi. Muallif ana shu turfa taqdirlarni birlashtirib, butun boshli jamiyatning ma’naviy qiyofasini chizadi.
Balki shuning uchun ham bu roman mazmunan eskirmagan. Chunki bugun ham odamlar lavozim uchun prinsipidan voz kechadi. Bugun ham haqiqatni bilsa-da, sukutni tanlaydiganlar ko‘p. Tashqi muvaffaqiyat evaziga ichkaridagi bo‘shliqni yashirayotgan insonlar hozir ham istagancha topiladi. Davr o‘zgargan, ammo insonning ichki kurashi o‘zgarmagan.
“Lolazor”ni o‘qirkansiz, shafqatsiz xulosaga kelasiz. Ya’ni insonni bir kunda yomon qilib qo‘yadigan kuch yo‘q. Uni mayda murosalar, davomli sukunatlar, arzimas manfaatlar o‘zgartiradi. Bir kuni orqaga qaraydi va o‘z hayotini emas, begona bir odamning hayotini yashab qo‘yganini anglaydi.
Isomiddin Po‘latov
Jamiyat
Mustaqillik to‘yi» xalqimizni yanada birlashtirmoqda
Bugun O‘zbekistonning qay bir go‘shasiga qadam qo‘ymang, bayram shukuhi va ko‘tarinki kayfiyatga guvoh bo‘lasiz. Mamlakat bo‘ylab «Mustaqillik to‘yi» madaniy-ma’rifiy festivali shunchaki rasmiy tadbirlar emas, balki xalqni birlashtiruvchi chinakam ezgulik maydoniga aylanib ulgurdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi hamda «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida tashkil etilgan ushbu yirik loyiha ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarini qamrab olmoqda.
Festivalning eng muhim va e’tiborga loyiq jihati uning qamrovida. Tadbirlar faqatgina viloyat markazlarida emas, balki eng olis, chegara oldi qishloqlaridan tortib, yangi bunyod etilayotgan «Yangi O‘zbekiston» massivlarigacha kirib bormoqda.
Navoiyning sahro bag‘ridagi ovullarida, Farg‘onaning so‘lim go‘shalariyu Sirdaryoning mehnatkash mahallalarida o‘tkazilgan uchrashuvlar bu fikrni yaqqol isbotladi. U yerda yangragan milliy kuy-qo‘shiqlar, ma’rifatparvar olimlar va ijodkorlar bilan kechgan samimiy suhbatlar aholiga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.
Tadbirlar davomida olimlar, ziyolilar va targ‘ibotchilar yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, ijtimoiy dasturlarning mazmun-mohiyatini quruq raqamlar bilan emas, balki oddiy, xalqchil tilda odamlarga yetkazishmoqda.
Eng muhimi bu maydon milliy qadriyatlarimiz, boy ma’naviy merosimiz qayta bo‘y ko‘rsatadigan, asrlar osha yashab kelayotgan an’analarimiz ulug‘lanadigan jarayondir.
Bugungi tahlikali dunyoda tinchlik va totuvlikning qadri har qachongidan ham yuqori. Navoiy, Farg‘ona va Sirdaryo tajribasi ko‘rsatdiki, bu kabi festivallar insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlaydi.
Ushbu loyiha «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz» g‘oyasi atrofida millionlab yuraklarni birlashtira olgan chinakam xalq bayrami sifatida tarixga kirmoqda.
Jamiyat
Toshkent aeroportida qariyb 12 kilo giyohvandlik vositalarini olib kirishga uringan yo‘lovchilar ushlandi
Bangkokdan uchib kelgan yo‘lovchining bagajida 4,8 kg.dan ziyod “marixuana”, Pxuketdan uchib kelgan qo‘shni davlat fuqarosiga tegishli bagajda 7 kg. 180 gr. og‘irlikdagi “mefederon” sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarini O‘zbekistonga olib kirishga uringan shaxslar to‘xtatib qoldilar.
Jumladan, “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona postida Bangkokdan uchib kelgan va bojxonadan “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan yo‘lovchilardan biri shubha ostiga olinib, uning qo‘l yuki va bagajlari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida ushbu shaxs bagajida 4,8 kg.dan ziyod og‘irlikdagi “marixuana” giyohvandlik vositasini olib kirishga uringani fosh bo‘ldi.
Pxuketdan uchib kelgan qo‘shni davlat fuqarosiga tegishli bagajni ko‘zdan kechirish davomida esa yuklar orasidagi qadoqlangan quruq sut mahsulotlari bojxona xodimlarining diqqatini tortdi.
Markaziy bojxona laboratoriyasida o‘tkazilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra, mazkur qadoqlar ichidagi modda quruq sut emas, 7 kg. 180 gr. og‘irlikdagi “mefederon” sintetik giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlandi.
U Telegram messenjeri orqali tanishgan noma’lum shaxsning ko‘rsatmasiga asosan mazkur sintetik narkotiklarni 1000 AQSh dollari evaziga Toshkent shahriga yetkazib berish uchun olib kelgani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
-
Siyosat2 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Dunyodan4 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Jamiyat4 days agoSog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Iyunda eskrou orqali 34 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
-
Jamiyat3 days agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Sport4 days agoJCh kundaligi. Mbappe Messini ta’qib qilmoqda
-
Jamiyat2 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
-
Jamiyat5 days agoGaz ta’minoti va kadastr tizimida korrupsion jinoyatlar aniqlandi
