Sport
JCh kundaligi. Ronalduda tarixiy gol, Modrichda alamli yakun
Krishtianu 20 yil ichida ilk bor jahon chempionati pley-off bosqichlarida gol urdi, ammo Portugaliya shu kuni turnirni tark etishi ham mumkin edi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda avvaliga portugallar g‘alaba golini urishdi, bunga xorvatlar tezda javob qaytarishdi, faqat bahsli ofsayd holati o‘yin overtaymda davom etishiga to‘sqinlik qildi.
Jahon chempionatida 1/16 final bahslari yakunlanib bormoqda. Bu oqshomda ham yorqin o‘yinlar bo‘lib o‘tdi: Portugaliya dramatik kechgan bahsda Xorvatiyani so‘nggi daqiqalarda mag‘lub etdi (2:1), Shveytsariya Jazoirdan kuchliroq chiqdi (2:0), Ispaniya esa Avstriyaga hech qanday imkon qoldirmadi (3:0).
Maydonlar tashqarisida ham qiziqarli voqealar bo‘lib o‘tmoqda. Fransiya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Rayan Sherki ruhiy qiyinchilikka uchramoqda, Germaniya futbol federatsiyasi Yulian Nagelsmanndan iste’foga chiqishni so‘radi, Lionel Messi va Argentina milliy jamoasi futbolchilari esa Mayamidagi aeroport uchish-qo‘nish yo‘lagida tintuv qilindi.
Ronaldu JCh pley-offidagi ilk golini urdi
Portugaliya – Xorvatiya 2:1
Gollar: Perishich, 53 (0:1). Krishtianu Ronaldu, 68 – penalti (1:1). Ramush, 90+4 (2:1)
Portugaliya: Koshta, Ruben Diash, Veyga, Nunu Mendesh, Joau Kanselu (Semedu, 63), Joau Nevesh, Vitinya (Bernardu Silva, 62), Brunu Fernandesh (Ramush, 63), Leau, Pedru Netu (Konseysau, 63), Krishtianu Ronaldu (Ruben Nevesh, 81)
Xorvatiya: Livakovich, Pongrachich, Shutalo, Perishich, Stanishich, Kovachich (Kramarich, 90+6), Modrich, Suchich, Baturina (Pashalich, 68), Vlashich (Gvardiol, 90+2), Budimir (Matanovich, 46)
Ogohlantirishlar: Ruben Diash, 17 – Modrich, 59. Perishich, 90
Bu 40 yoshli Luka Modrich uchun so‘nggi jahon chempionati ekani oldindan ma’lum edi. O‘yin arafasida Krishtianu Ronaldu ham ushbu turnirdan keyin Portugaliya milliy jamoasidagi faoliyatini yakunlashi haqida xabar tarqaldi va ushbu o‘yinga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi – bu kim uchun «so‘nggi raqs» bo‘lib qoladi?
Portugallar ilk daqiqalardan kuchli bosim uyushtirishdi va tezkor gol bilan hisob ochilishi mumkin edi, ammo Brunu Fernandesh bir hujum davomida ikki bor zarba berdi – uning birinchi urinishini darvozabon bartaraf etdi, ikkinchi zarbadan keyin to‘p yo‘lini imoyachi to‘sib chiqdi. Ko‘p o‘tmay Krishtianu jarima zarbasi tepish huquqiga ega bo‘ldi, ammo to‘p jonli devordan o‘tmadi. Keyinroq u
Netuning darvozabon hududiga oshirib bergan to‘pni darvozaga to‘g‘rilab yuborishga ulgurmadi.
Krish va jamoasi birinchi bo‘limda 9 bor zarba yo‘llashdi, ammo hisob ochilmay qoldi. Ikkinchi bo‘limda esa xorvatlar o‘yinni kuchaytirishdi va xavfli vaziyatlar yarata boshlashdi. Shunday hujumlardan birida Ivan Perishich jarima maydonida yolg‘iz qoldirildi va u buni kechirmadi. U to‘pni qabul qilish va o‘ziga bo‘ysundirish uchun yetarlicha vaqt bo‘ldi va uchinchi teginishda to‘p darvozabonning oyoqlaridan o‘tkazildi.
Shundan keyin o‘yin qizib ketdi: xorvatlarning yana bir goli Vlashichdagi ofsayd holati tufayli inobatga olinmadi. Bunga javoban uyushtirilgan hujumda Leau kuchli zarbasi bilan darvoza to‘sinini titratdi. Keyin esa Krishtianu Netuning himoyachilar ortiga havolatib yetkazgan to‘pga yetib bordi va bir harakat bilan darvozabonni dog‘da qoldirdi. Portugaliyalik hujumchi golni o‘z uslubida nishonlashga ulgurmadi va hakam yana ofsayd holatini qayd etdi.
Ammo shu kuni muxlislar baribir uning gol nishonlashiga guvoh bo‘lishdi. Portugaliya bosh murabbiyi Roberto Martines Vitinya, Netu, Kanselu va Brunu kabi futbolchilarni zaxiraga oldi, ammo Ronalduni qoldirdi. U esa himoyachi Renatu Veyga tomonidan ishlangan penaltini to‘pni markazga kuch bilan tepish orqali aniq ijro etdi. Bu uning jahon chempionatlari pley-off bosqichlarida urgan ilk goli bo‘ldi. Bu gol uchun 20 yil va 9 o‘yin kerak bo‘ldi.
O‘yinning qolgan qismida o‘yin shiddati yanada oshdi va Martines Ronalduni ham maydondan olishga qaror qildi.
Futbolchiga almashtirilishi yoqmagan bo‘lsa-da, u murabbiy qarorini qabul qildi va maydondan chiqishda unga qo‘l berdi.
Murabbiyning qarorini to‘g‘ri tushunish mumkin edi: Ronaldu hisobni tenglashtirganidan almashtirilguniga qadar o‘tgan 13 daqiqalikda xorvatlar uch marta qulay vaziyatga ega bo‘lishdi, ammo darvozabon Diogu Koshta Kovachich va Matanovichga gol urishga imkon bermadi, Suchich baribir darvozani ishg‘ol etganida esa, ofsayd holati qayd etildi.
O‘yinga qo‘shib berilgan 9 daqiqaning to‘rtinchisi o‘tib borayotganida esa Gonsalu Ramush qoida bo‘yicha gol urdi: u Leauning uzatmasiga barchadan baland sakradi va bosh bilan to‘pni darvoza to‘riga joyladi.
Ammo bu hali hammasi emasdi. Xorvatiya oxirigacha kurashdi va 90+13-daqiqada darvozani ishg‘ol etdi. Ivan Perishich chap qanotdan to‘pni jarima maydoniga oshirdi, xorvatlar hujumchisi Igor Matanovich to‘pga yetish uchun baland sakradi, ammo zarba bera olmadi.
To‘p yo‘l-yo‘lakay portugallar himoyachisi Renatu Veyganing boshiga tegib Mario Pashalichga bordi, uning teginishidan keyin esa to‘p darvozabon hududiga qaytdi va u yerga yetib kelgan Gvardiol Diashdan ildamroq harakat qilib, darvozani ishg‘ol etdi.
Xorvatlar golni nishonlashni boshladi, ammo bu quvonch uzoqqa cho‘zilmadi. Maydondagi ekranda gol tekshirilayotgani haqida yozuv chiqdi. Stop-kadrda Matanovich to‘pga sakragan vaqtda Pashalich ofsaydda ekani ko‘rsatildi.
To‘p Matanovichga tegib o‘tgani esa to‘pga o‘rnatilgan datchik orqali qayd etildi.
Shundan keyin to‘p Veygaga ham tegib o‘tgani o‘z ahamiyatini yo‘qotdi.
Ko‘p o‘tmay hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagi chalindi. Portugaliya keyingi bosqichga chiqdi va Ispaniya bilan o‘ynaydigan bo‘ldi, Modrichning milliy jamoadagi so‘nggi o‘yini esa alamli yakunlandi, unga taskin berish uchun portugaliyalik futbolchilar ham yetib kelishdi.
Ispanlar o‘yindan o‘yinga kuchaymoqda
Ispaniya – Avstriya 3:0
Gollar: Oyyarsabal, 36 (1:0). Porro, 66 (2:0). Oyyarsabal, 89 (3:0)
Ispaniya: Simon, Lyaport (Pubil, 90+3), Kubarsi, Kukurelya, Porro, Rodri, Pedri (Ruis, 90+3), Olmo (Merino, 71), Baena (Torres, 71), Yamal (Gavi, 85), Oyyarsabal
Avstriya: A. Shlager, Danso, Alaba, Laymer, Posh (Prass, 85), K. Shlager (Chukvuemeka, 46), Zayvald (Grillich, 46), Vanner, Zabitser, Shmid (Arnautovich, 60), Gregorich (Kalayjich, 60)
Ogohlantirish: Posh, 83
Avstriyaliklar guruh bosqichining so‘nggi turida Jazoir bilan o‘yinda (3:3) qahramonlik ko‘rsatib, 1/16 finalga chiqishgandi. Ralf Rangnik shogirdlaridan navbatdagi o‘yinda shu ruhda davom etib, ispanlarga kurash taklif etishi kutilgandi.
Ammo o‘yinda jamoalar saviyasidagi farq yaqqol sezilib qoldi. «Qizil furiya» ilk daqiqalardan to‘pni nazorat qildi va raqibga deyarli imkon bermadi. Uzoq davom etgan bosim nihoyat bo‘lim oxirlariga borib, Mikel Oyyarsabal hisobni ochishiga olib keldi.
Rangnik tanaffusdayoq ikki o‘zgarishga qo‘l urib, maydon markazidagi futbolchilarni almashtirdi, ammo bu o‘yinda hech narsani o‘zgartirmadi. Ikkinchi bo‘limda Pedro Porro va yana Oyyarsabal bittadan gol urib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirishdi.
Shveytsariya yurishini davom ettirdi
Shveytsariya – Jazoir 2:0
Gollar: Embolo, 10 (1:0). Ndoy, 46 (2:0)
Shveytsariya: Kobel, Elvedi, Akanji, Rodriges, Zakariyo (Vidmer, 87), Froyler, Jaka, Manzambi (Okafor, 71), Vargas (Rider, 71), Ndoy (Ebisher, 87), Embolo (Amduni, 83)
Jazoir: Zidan, Mandi, Bensebayni, Ayt Nuri, Belgali (Bulbina, 82), Bintolib (Budaviy, 71), Shaybiy, Zerruqiy (Hajam, 58), Auar (Guiri, 58), Mahrez (Hoji-Mussa, 71), Maza
Ogohlantirishlar: Shaybiy, 36. Budaviy, 72
Jazoir bu o‘yinda kutilmaganda to‘pga egalik qildi. Ammo bu shveysarlarning o‘ziga xos hiylasi bo‘lib chiqdi va Murat Yakin shogirdlari ikki bor qarshi hujumdan unumli foydalanishdi. Yevropa vakillarining ilk hujumiyoq gol bilan yakunlandi: 10-daqiqada Bril Embolo darvozabon hududiga yetib bordi va qanotdan oshirilgan to‘pga oyoq qo‘yib, hisobni ochdi. Shundan keyin ham afrikaliklar birinchi raqam ostida harakatlanishda davom etishdi, ammo chinakamiga xavfli vaziyatlar yarata olishmadi.
Ikkinchi bo‘lim boshida shveysarlar amalda o‘yin taqdirini hal qilishdi – Dan Ndoy jarima maydonida o‘ziga kelib qolgan to‘pni yerlatib, olis burchakka aniq yo‘naltirdi.
Jazoir yana o‘yinni o‘z nazoratiga oldi, ammo Gregor Kobel darvozasi qarshisida deyali hech narsa qila olmadi. O‘yinning qolgan qismida yevropaliklar hisobdan kelib chiqib o‘ynashdi va uchinchi gol uchun harakat qilishmadi, raqib esa ularning himoyasidan o‘ta olmadi. Yakunda Shveytsariya ishonchli hisobdagi g‘alabani saqlab qoldi va keyingi bosqichda Kolumbiya – Gana juftligiga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi.
Sherkining muammolari
Fransiya milliy jamoasi bu safargi jahon chempionatida boshqalardan bir bosh yuqori ko‘rinmoqda. «Uchranglilar» Senegal (3:1), Iroq (3:0), Norvegiya (4:1) va Shvetsiya (3:0) kabi raqiblarga hech qanday imkon qoldirmadi. Bunday natijalardan keyin jamoa ichkarisidagi muhit a’lo darajada ekani haqida tasavvur paydo bo‘lgandi. Ammo bunday bo‘lib chiqmadi.
L’Equipe ma’lumotiga ko‘ra, «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Rayan Sherki turnir mobaynida ruhiy muammolarni boshdan kechirmoqda. Futbolchiga yaqin kishilar jurnalistlarga u shaxsiy hayotidagi muammolar tufayli uyqusizlikdan aziyat chekayotganini xabar qilishgan. O‘yinlarga tushirilmayotgani esa muammoni yanada og‘irlashtirgan: u bu turnir davomida to‘rt o‘yinda jami 60 daqiqa ham maydonda bo‘lmadi.
Shu bilan birga, murabbiylar shtabi Sherkini tushunishga harakat qilmoqda. Shuning uchun Dide Desham shvedlar bilan o‘yindan keyin Rayan o‘ziga ochiqchasiga jahl qilganiga e’tibor qaratmagan.
Germaniyada ham iste’fo
Jahon chempionatini tark etgan jamoalar birin-ketin bosh murabbiylarini iste’foga chiqarmoqda. Paragvaydan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin (1:1, penaltilar bo‘yicha 3:4) Germaniya futbol federatsiyasi vakillari bosh murabbiy Yulian Nagelsmann bilan uchrashuv o‘tkazishgan va undan o‘z ixtiyori bilan iste’fo berishni so‘rashgan.
Yakunda 38 yoshli mutaxassis ham bunga rozi bo‘lgan. Yulian bo‘sh qo‘l bilan ketmaydi, unga 7 million yevro miqdorida tovon puli to‘lab berilishi kerak.
Uning o‘rniga esa Yurgen Klopp Germaniya milliy jamoasi bosh murabbiyi bo‘lishi kutilmoqda.
Bu jahon chempionatida qatnashgan jamoalarda yettinchi iste’fo bo‘ldi: Tunis guruh bosqichining birinchi turidan keyinoq Sabri Lyamushiga javob bergandi. Guruh bosqichi yakunlanganidan keyin Hen Men Bo (Janubiy Koreya), Stiv Klark (Shotlandiya) va Miroslav Koubek (Chexiya) iste’foga chiqdi. Pley-offdagi natijalardan keyin Ronald Kuman (Niderlandiya) va Sebastyan Bekkasese (Ekvador) ham lavozimini tark etgandi.
Messini ham tintuv qilishdi
Butun turnir mobaynida qaysidir jamoa diqqat bilan tekshirilgani haqidagi xabarlar chiqib turdi. Bu jarayondan Argentina milliy jamoasi ham chetda qolmadi.
Lionel Messi va uning jamoadoshlarini Mayamida metall detektorlar bilan kutib olishdi. Bu holatni jamoa sardori kinoya bilan qabul qildi: ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda Leo tintuv vaqtida tinimsiz kulib turganini ko‘rish mumkin.
Katta ehtimol bilan, uning bunday reaksiyasiga u doim «Inter Mayami» jamoasi safida ushbu terminaldan foydalanishi, ammo bu kabi xavfsizlik choralariga ilk marta duch kelgani sabab bo‘lgan.
Navbatdagi o‘yinlar
3 iyul kuni kechqurun va 4 iyulga o‘tar kechasi 1/16 finalning so‘nggi o‘yinlari bo‘lib o‘tadi:
3 iyul. 23.00. Avstraliya — Misr
4 iyul. 03.30. Argentina — Kabo-Verde
4 iyul. 06.30. Kolumbiya — Gana
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
