Sport
JCh kundaligi. Mbappe Messini ta’qib qilmoqda
Yana bir o‘yin ob-havo tufayli o‘z vaqtida boshlanmadi, yana bir futbolchiga og‘zini qo‘li bilan to‘sgani uchun qizil ko‘rsatildi, turnirda muvaffaqiyatsizlikka uchragan yana bir jamoada bosh murabbiy iste’foga chiqarildi.
2026 yilgi jahon chempionatida pley-off uchrashuvlari davom etmoqda. 30 iyun kuni kechqurun va 1 iyulga o‘tar kechasi yana uchta uchrashuv o‘tkazildi – Norvegiya Kot-d’Ivuar to‘sig‘idan o‘tdi (2:1), Fransiya Shvetsiyani tor-mor etdi (3:0), Meksika esa Ekvadorni (2:0) mag‘lub etdi.
Norveglar eshkak eshishda davom etmoqda
Kot-d`Ivuar – Norvegiya 1:2
Gollar: Nusa, 39 (0:1). Diallo, 74 (1:1). Holand, 86 (1:2)
Kot-d`Ivuar: Fofana, Kossunu, Agbadu, Konan (Gessan, 90+3), Due, Sangare, Kesse, Oulai (Vai, 60), Diomande (Ture, 90+3), Pepe (Diakite, 87), Bonni (Diallo, 60)
Norvegiya: Nyulann, Ayyer, Heggem, Volfe, Pedersen (Eursnes, 83), Berge, Berg, Edegor, Nusa (Bobb, 71), Syorlot (Shelderup, 71), Holand
Ogohlantirish: Nusa, 45
1/16 finalda Kot-d’Ivuar bilan o‘ynashdan oldin Norvegiya guruh bosqichining 3-turida Fransiyaga yirik hisobda yutqazgandi (1:4). Lekin skandinavlarning bu muvaffaqiyatsizligiga murabbiy o‘yinga to‘liq ikkinchi tarkibni tushirgani sabab bo‘ldi, u endi bu qarori to‘g‘ri bo‘lganini isbotlashi talab etilardi.
Qaysidir ma’noda bu qurbonlik o‘zini oqladi – tanaffus arafasida Antonio Nusa Martin Edegorning uzatmasini golga aylantirib, Norvegiyani hisobda oldinga olib chiqdi. Ammo ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida afrikaliklar muvozanatni tiklashdi – Amad Diallo o‘ng qanotdan reyd uyushtirib, himoyachilar va darvozabonni dog‘da qoldirdi.
O‘yin ssenariysi yana qo‘shimcha bo‘limlar va penaltilar seriyasi (pley-offda allaqachon ikkita o‘yinda shunday bo‘lgandi) va’da qilayotgandi. Ammo Erling Holand ortiqcha yarim soat o‘ynashni istamadi va o‘yin yakunlanishiga oz vaqt qolganida norveglarga g‘alaba keltiruvchi golni urdi.
Uning goli oldingi ikki gol kabi chiroyli chiqmadi, chunki u bo‘sh darvoza qarshisida to‘pga shunchaki teginib qo‘yishi yetarli bo‘ldi, lekin aynan shu gol skandinavlar tarixda ilk bor jahon chempionati 1/8 finalida o‘ynashini ta’minladi, keyingi bosqichda jamoani Braziliyaga qarshi o‘yin kutmoqda.
«Men o‘ziga xos birdamlikni his qilyapman, bu odamga qattiq ta’sir qiladi. Biz bu sayohatdan zavq olyapmiz», – deya xursandchiligini jurnalistlar bilan bo‘lishgan Holand.
Mbappe va jamoasi uchun yengil sayr
Fransiya – Shvetsiya 3:0
Gollar: Mbappe, 45 (1:0). Barkolya, 53 (2:0). Mbappe, 74 (3:0)
Fransiya: Menyan, Upamekano, Saliba, Din (Ernandez, 78), Kunde (Gyusto, 75), Tchuameni, Rabio, Olise (Sherki, 85), Barkolya, Dembele (Due, 75), Mbappe (Mateta, 85)
Shvetsiya: Setterstrem, Lagerbilke, Lindelef, Gudmundsson, Svensson (Svanberg, 82), Bergvall (Zeneli, 65), Ayyari (Nyugren, 82), Stroud (Ali, 65), Elanga, Isak (Nilsson, 89), Yokeresh
Fransuzlar guruh bosqichi birinchi turida Senegalga qarshi kechgan o‘yinning (3:1) birinchi bo‘limini hisobga olmasa, turnirda umuman raqobat his qilmayapti. 1/16 finalda Shvetsiyaga qarshi o‘yin ham shunday bo‘ldi.
Dide Desham shogirdlari birinchi bo‘limda to‘liq ustunlikka erishdi: Kilian Mbappe ofsayddan gol urdi, Olise istalgan nuqtadan turib zarba berdi va bir marta «qaychi» uslubidagi zarbasi bilan to‘pni ustunga tekkizdi. Bo‘lim oxiriga kelib «Real» forvardi jarima maydoni burchagida to‘pni qabul qilib oldi va bir necha raqibni aldab o‘tib, darvozani ishg‘ol etdi. Shundan keyin yaqinda onasini yo‘qotgan murabbiyining oldiga chopdi.
Tanaffusdan keyin o‘yin kartinasi o‘zgarmadi. Ikkinchi bo‘lim boshidayoq Bredli Barkolya hisobdagi ustunlikni oshirdi, Mbappe esa dublni rasmiylashtirdi va turnir to‘purarlari ro‘yxatida birinchi o‘ringa yetib oldi: endi Kilianda ham bu bosqich o‘yinini hali o‘tkazmagan Lionel Messiniki kabi oltita gol bor. Bundan tashqari, u barcha jahon chempionatlarida urilgan gollar soni (18) bo‘yicha ham argentinalik hujumchini (19) ta’qib etmoqda.
1/8 finalda Fransiya Paragvayga qarshi o‘ynaydi. Shvetsiya esa F guruhining qolgan vakillari ortidan turnirdagi ishtirokini erta yakunladi: bungacha Yaponiya Braziliyaga (1:2), Niderlandiya Marokashga yutqazgandi (1:1, penaltilar seriyasida 2:3).
Meksika 40 yillik tavqi la’natni bekor qildi
Meksika – Ekvador 2:0
Gollar: Kiniones, 22 (1:0). R. Ximenes, 31 (2:0)
Meksika: Ranhel, Montes, Vaskes, Galyardo, Sanches, Lira, Romo (Vargas, 73), Mora (Guterres, 58), Kiniones (Reyyes, 80), Alvarado (Pineda, 80), R. Ximenes (S. Ximenes, 74)
Ekvador: Galindes, Ordones (Presiado, 46), Pacho, Inkapiye, Franko (Medina, 46), Vite, Moy. Kaysedo, Angulo (Paes, 79), Yyeboa (X. Kaysedo, 79), Valensiya (Rodriges, 59), Plata
Ogohlantirishlar: Franko, 45. Paes, 90. Moy. Kaysedo, 90
Chetlatish: Inkapiye, 90
Meksika mezbonlik imtiyozidan a’lo tarzda foydalanmoqda. Jamoa guruh bosqichida o‘z fanatlari qarshisida kechgan o‘yinlarda uchta g‘alabaga erishgan va bu o‘yinlarda birorta gol o‘tkazib yubormagandi. 1/16 finalda guruh bosqichining so‘nggi turida qahramonlik ko‘rsatib, Germaniyani mag‘lub etgan va pley-offga chiqqan Ekvador kutayotgandi.
O‘yin boshlanishi noqulay ob-havo tufayli bir soatga kechikdi. Ammo shunday havo tufayli o‘yinda suv ichish uchun tanaffus va to‘xtalish ham bo‘lmadi. O‘yin boshlanganida janubiy amerikaliklar Germaniya bilan o‘sha o‘yinda katta kuch sarflab yuborgani oydinlashdi. Meksika 30-daqiqaga kelib ikki gol farqi bilan oldinga chiqib olgandi: Hulian Kiniones va Raul Himenes bir-biridan chiroyli gollar muallifiga aylanishdi.
O‘yinning qolgan qismida mezbonlar ekvadorliklarga oldingi chiziqda hech qanday imkoniyat berishmadi va jahon chempionati pley-off bosqichlarida so‘nggi 40 yil ichida ilk g‘alabasiga erishdi. «Atsteka» o‘yingohini to‘ldirib o‘tirgan muxlislar 80-daqiqadayoq g‘alabani nishonlay boshlashdi.
O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa ekvadorliklar himoyachisi Piyero Inkapiye ham futbolga kiritilgan yangi qoidadan jabrlandi – u meksikaliklar hujumchisi Santiyago Himenes bilan gaplashayotganida og‘zini qo‘li bilan to‘sdi va raqib darhol hakamlarni bunga e’tibor qaratishga chaqirdi. Bosh hakam Slavko Vinchich esa monitor qarshisiga borib, vaziyatni ko‘rib chiqdi va «Arsenal» futbolchisini maydondan chetlatdi.
Bu turnirda shu kabi holat uchun berilgan ikkinchi qizil kartochka bo‘ldi – guruh bosqichida Paragvay hujumchisi Migel Almiron ham Turkiya bilan o‘yinda xuddi shunday harakat uchun jazolangandi.
1/8 finalda Meksika 5 iyul kuni Mexikoda Angliya – Kongo DR juftligi g‘olibiga qarshi maydonga chiqadi.
Kuman iste’foga chiqdi
Niderlandlar jahon chempionatida yana muvaffaqiyatsizlikka uchradi – jamoa 1/16 finaldayoq Marokashga yutqazdi (1:1, penaltilar seriyasida 2:3). «To‘qsariqranglilar» jamoasi fanatlari orasida o‘yindan keyin darhol Ronald Kuman iste’fosi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Mutaxassisning o‘zi avvaliga kelajagi borasida xotirjam ekanini aytgandi, ammo yakunda iste’foga chiqdi.
«Kecha tunda Niderlandiya milliy jamoasi bosh murabbiyi lavozimidagi faoliyatimni yakunlashga qaror qildim. Ishim shunday yakunlangani alamli. Hammamiz tarixga kirishimiz mumkin bo‘lgan jahon chempionatini orzu qilardik. Afsuski, bunday bo‘lmadi. Bu natijadan mendan ko‘ra ko‘proq hafsalasi pir bo‘lgan odam yo‘q. Bosh murabbiy sifatida natija uchun men javobgarman. Men har doim bu mas’uliyatni his qilganman va doimo his qilaman», – deya yozdi 63 yoshli mutaxassis bayonotida.
Bu jahon chempionatida qatnashgan jamoalarda beshinchi iste’fo bo‘ldi: Tunis guruh bosqichining birinchi turidan keyinoq Sabri Lyamushiga javob bergandi. Guruh bosqichi yakunlanganidan keyin Hen Men Bo (Janubiy Koreya), Stiv Klark (Shotlandiya) va Miroslav Koubek (Chexiya) ham iste’foga chiqdi. Bundan tashqari, Urugvay bilan jiddiy muvaffaqiyatsizlikka uchragan Marselo Biyelsaning ham kursisi qimirlab qolgan. Shuningdek, Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi prezidenti Yosir Al-Mishal qoniqarsiz natija tufayli (guruhda 2 ochko bilan oxirgi o‘rin) iste’fo bergan.
Amerikaliklar Eron chiqib ketganidan xursand
AQSh ichki ishlar vaziri Markveyn Mallin Eron turnirni tark etganidan xursand ekanini yashirmadi. Ushbu mulozim bu natijadan keyin hissiyotlariga erk berganini aytgan.
«Ular uchib ketganidan va qaytib kelmasligidan mamnunman. Ularning vizalarini qaytarib olib, AQSh hududini tark etishlari mumkinligini aytganimizda xursand bo‘ldim. Bir-ikkita qo‘shiq aytib, quvonchdan raqsga tushgan bo‘lsam ham kerak… Bu turnirda ulardan ko‘ra ko‘proq muammoli bo‘lgan birorta jamoa yo‘q edi», – deya qayd etgan Mallin.
AQSh va Eron bir necha oydan buyon urush holatida, shu tufayli tomonlarning futbol sohasidagi munosabatlari ham keskinlikni saqlab qolayotgandi.
Navbatdagi o‘yinlar
Jahon chempionati pley-off bosqichi davom etmoqda — 1 iyul kuni kechqurun va 2 iyulga o‘tar kechasi quyidagi uchrashuvlar o‘tkaziladi:
21.00. Angliya – Kongo DR
01.00. Belgiya – Senegal
05.00. AQSh – Bosniya va Hersegovina
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot12 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat8 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat7 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
