Sport
Oshirilayotgan oylik va pensiyalar, shuningdek, bank sirini olishga intilayotgan soliqchilar
1 iyuldan pensiya, nafaqa va moddiy yordam to‘lovi, 1 sentabrdan oylik-maoshlar oshiriladi. O‘zbekiston futbol milliy jamoasi jahon chempionatida Portugaliyaga yirik hisobda yutqazdi. Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘zaro kelishuvga ko‘ra hududlarni almashdi. Soliq qo‘mitasi bank siriga keng miqyosda kirish imkoniyatini olmoqchi. Xavfli deb topilgan yonilg‘i shoxobchalari xavfsiz hududlarga ko‘chiriladi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
1 iyuldan pensiya va nafaqalar, 1 sentabrdan oylik-maoshlar oshadi
Prezident farmoniga ko‘ra, 1 iyuldan pensiya va nafaqa hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila bolalari nafaqasi va moddiy yordam to‘lovi miqdori 7 foizga oshiriladi.
Bunda yoshga doir eng kam pensiya miqdori oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori oyiga 1 mln 83 ming so‘m bo‘ladi.
1 sentabrdan budjet tashkilotlarida ish haqi, shuningdek, stipendiya miqdori ham 7 foizga oshiriladi. Jumladan, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 mln 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori 440 ming so‘m etib belgilandi.
Milliy jamoa jahon chempionatida Portugaliyaga yirik hisobda yutqazdi
Bosh murabbiy Fabio Kannavaro shogirdlari JCh-2026 guruh bosqichining 2-turida Yevropaning nomdor vakiliga jiddiy qarshilik ko‘rsata olmadi va 0:5 hisobida yutqazdi. Krishtianu Ronaldu o‘yinda ikkita gol urdi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zbekistonliklar guruhdan chiqish imkoniyatini yo‘qotmadi.
O‘yindan keyin Fabio Kannavaro ushbu jahon chempionati futbolchilar uchun tajriba bo‘lishini aytdi. Hujumchi Eldor Shomurodov mag‘lubiyat uchun muxlislardan uzr so‘radi va yakuniy o‘yinda g‘alaba uchun harakat qilishga va’da berdi.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘zaro kelishuvga ko‘ra hududlarni almashdi
O‘zbekiston bilan davlat chegarasini demarkatsiya qilish doirasida ikkita aholi punkti – Cho‘ng‘ara va Tosh-Tobo Qirg‘iziston tarkibiga o‘tdi. Ilgari Farg‘ona viloyati tarkibiga kirgan ushbu qishloqlarning 2 ming 500 ga yaqin aholisi etnik qirg‘izlar bo‘lib, endi Qirg‘iziston fuqaroligini oladi. Qirg‘iziston tomoni O‘zbekistonga chegara zonasida teng maydonli yer uchastkalarini bergan.
Eslatib o‘tamiz, ikki davlat tashqi ishlar vazirlari 2022 yil noyabr oyida Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan, 2023 yil yanvar oyida Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka davlat tashrifi doirasida ikki davlat prezidentlari ratifikatsiya yorliqlarini almashgan edi.
Soliq qo‘mitasi bank siriga keng miqyosda kirish imkoniyatini olmoqchi
Soliq qo‘mitasi banklarga mijozlari haqidagi ko‘plab axborotlarni uzatib turish majburiyatini yuklovchi qaror loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Loyihada “Bank-soliq” nomli avtomatlashtirilgan axborot almashish modulini ishlab chiqish va joriy etish masalasi ilgari surilgan. Unda kartasiga oyiga 206 mln so‘mdan ortiq pul o‘tkazilgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlar soliq organiga taqdim etib borilishi nazarda tutilgan. Tadbirkorlarning hisobiga naqd yoki terminal orqali har qanday summadagi tushumlar va ularning yirik operatsiyalari haqidagi ma’lumotlar ham soliq organida jamlanishi mumkin.
Hukumat qarori shaklidagi hujjat loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 8 iyulgacha davom etadi.
Xavfli deb topilgan yonilg‘i shoxobchalari xavfsiz hududlarga ko‘chiriladi
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida avariya hamda noxush hodisalarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Qarorga muvofiq, hokimliklar 1 sentabrga qadar xavfsizlik, sanoat va yong‘in xavfsizligi, ekologik hamda shaharsozlik normalariga javob bermaydigan yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlari reyestrini shakllantiradi.
Shundan so‘ng mazkur obektlarni bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Qarorda ko‘chirilgan obektlar joylashgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar tadbirkorlar ixtiyorida saqlanib qolishi belgilangan.
Mazkur choralar yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida xavfsizlik talablarini kuchaytirish, avariyalar xavfini kamaytirish hamda aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlanmoqda.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot2 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat1 day ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
