Iqtisodiyot
O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi 35 yilda 12 barobar oshdi
O‘zbekistonda 2025-yil yakunlari bo‘yicha 313,9 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 1991-yilga nisbatan 12,3 barobarga oshgan.
Statistikaga ko‘ra, 1991-yilda qurilish ishlari hajmi 6,2 mlrd rublni tashkil etgan. Keyingi yillarda ko‘rsatkich izchil o‘sib, 2000-yilda 388,4 mlrd so‘mga, 2010-yilda esa 8,2 trln so‘mdan oshgan.
Qurilish sohasidagi eng katta o‘sishlar so‘nggi o‘n yillikda kuzatildi. Jumladan, 2015-yilda bajarilgan qurilish ishlari hajmi 25,4 trln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib bu raqam 88,1 trln so‘mga yetdi.
Keyingi yillarda ham yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qoldi. 2021-yilda qurilish ishlari hajmi 107,5 trln so‘mni, 2022-yilda 130,8 trln so‘mni tashkil qildi.
2023-yilda esa tarmoqda yangi bosqich kuzatilib, qurilish ishlari hajmi 222,9 trln so‘mga yetdi. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 259,7 trln so‘mga oshdi.
2025-yilda qurilish ishlari hajmi dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 313,9 trln so‘mni tashkil etdi. Bu bir yilning o‘zida qariyb 54 trln so‘mlik o‘sish qayd etilganini anglatadi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston qaysi mamlakatlarga ko‘proq mahsulot sotmoqda?
2026 yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonning eksport hajmi qariyb 10 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu davrda mamlakat mahsulotlari eng ko‘p Rossiya, Xitoy va Afg‘onistonga eksport qilingan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida Rossiya 1,5 milliard dollarlik ko‘rsatkich bilan O‘zbekistonning eng yirik eksport hamkori bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarni Xitoy (919,6 million dollar) va Afg‘oniston (643,7 million dollar) egallagan.
Shuningdek, Fransiya (498,6 million dollar), Qozog‘iston (425,5 million dollar), Turkiya (361,4 million dollar), Birlashgan Arab Amirliklari (265,5 million dollar), Qirg‘iziston (254,2 million dollar), Tojikiston (213,3 million dollar) va AQSh (122,5 million dollar) O‘zbekiston mahsulotlari eng ko‘p eksport qilingan davlatlar qatoridan joy olgan.
Mutaxassislar fikricha, eksport geografiyasining kengayishi tashqi savdo aloqalarining diversifikatsiya qilinishi va mahalliy mahsulotlarga bo‘lgan xalqaro talab ortib borayotganidan dalolat beradi.
Iqtisodiyot
investorlarning tashabbuslari davlat siyosatida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi boshlandi. Davlat rahbari yig‘ilishda investorlar bilan muloqot nafaqat maslahatlashuv maydoni, balki amaliy islohotlar mexanizmiga aylanganini ta’kidladi.
Prezident avvalo Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Bassoga O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotgani hamda kengash faoliyatiga samarali rahbarlik qilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalar rahbarlariga ham alohida ehtirom izhor qilindi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda kengash oddiy maslahat mexanizmi emas, balki Yangi O‘zbekiston bilan jahon investitsiya hamjamiyati o‘rtasidagi ishonchli ko‘prikka aylangan. Bugun kengash mustaqil assotsiatsiya maqomiga ega bo‘lib, to‘laqonli institut sifatida faoliyat yuritmoqda.
O‘tgan bir yil davomida kengash ishtirokchilari soni 54 tadan 85 taga yetgan. Ular iqtisodiyotning 23 ta tarmog‘ini qamrab olgan holda ishchi guruhlar faoliyatida ishtirok etmoqda.
Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi kengashning Ijroiya qo‘mitasi tarkibida faol ish olib bormoqda.
«E’tiborli tomoni, barcha a’zolarimizning kengashdagi faolligi tobora oshmoqda. Bu mazkur investitsiya platformasiga bo‘lgan yuksak ishonchning yaqqol dalilidir. Sizlar bilan o‘tgan yili ham uchrashib, ko‘p masalalarni muhokama qilgan edik. Avvalgi majlisda ilgari surilgan 21 ta tashabbus bo‘yicha aniq yechimlar qabul qilindi. Shuni alohida ta’kidlamoqchiman: investorlarning tashabbuslari davlat siyosatida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Takliflarning salmoqli qismi asosida normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirildi», – dedi Prezident.
Davlat rahbari qayd etganidek, investorlar takliflari asosida Soliq kodeksiga qulay o‘zgartishlar kiritildi. Kompaniyalar o‘rtasidagi ichki qarz bitimlari moliyaviy nazoratdan chiqarildi, asosiy vositalarni tezlashtirilgan tartibda amortizatsiya qilish huquqi berildi.
Shuningdek, xalqaro standartlar asosida hisobot yurituvchi xorijiy kompaniyalar uchun qator majburiy talablar bekor qilindi. «Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi, mas’uliyatli biznes yuritish standartlarini joriy etish hamda 16 ta texnik reglamentni xalqaro me’yorlarga moslashtirish dasturi tayyorlandi.
Prezidentning ta’kidlashicha, O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun teng va adolatli sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni qabul qilish yo‘lida ham yangi qadamlarni tashlamoqda.
Iqtisodiyot
Jahon banki O‘zbekiston qishloqlari uchun 150 mln dollar ajratadi
Jahon banki O‘zbekistonda «Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish» dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirish uchun 150 million dollarlik imtiyozli moliyalashtirishni ma’qulladi.
Loyiha doirasida Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 296 ta olis mahallada infratuzilmani yaxshilash ishlari amalga oshiriladi.
Dasturning umumiy qiymati 340 million dollarni tashkil etadi. Mablag‘lar Jahon banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va O‘zbekiston hukumati tomonidan moliyalashtiriladi.
2031-yilgacha yo‘llar, ichimlik suvi, elektr ta’minoti va boshqa ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash orqali qariyb 1,2 million nafar qishloq aholisi manfaatdor bo‘lishi kutilmoqda.
Shuningdek, 15 ta pilot mahallada biznesni rivojlantirish markazlari tashkil etiladi. Loyiha doirasida 1,5 mingta to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish o‘rni yaratilishi, boshqa dasturlar bilan birgalikda esa 25 mingga yaqin yangi ish o‘rni paydo bo‘lishi rejalashtirilgan.
Iqtisodiyot
Bo‘rijar kanalida qurilgan mikro GESlar nega ishlamayapti?
Toshkentdagi Bo‘rijar kanali yoqasida mikro GESlar qurila boshlaganiga bir yildan oshdi. Ikki oyda qurib bitkazilishi aytilgan loyiha hamon ishga tushmagan. Energetika vazirligiga ko‘ra, birinchi stansiya “yaqin vaqt ichida” foydalanishga topshiriladi, ikkinchisining qurilishi esa hali boshlanmagan. “Texnopark” bu loyihani tok ishlab chiqarish uchun emas, mikro GESlarni mahalliylashtirish maqsadida boshlagan.
Kun.uz’ga Toshkent shahri Bo‘rijar kanalida davlat mablag‘lari hisobidan qurilgan mikro GES ishlamay yotgani haqida murojaat kelib tushdi.
Bu mikro GES qurilishi boshlanganiga bir yildan oshgan bo‘lsa ham, haligacha foydalanishga topshirilmagan va elektr energiyasi ishlab chiqarmayapti.
Loyiha menejeri Ulug‘bek Yoqubov 2025 yil iyun oyi boshida “O‘zbekiston-24” telekanaliga bergan intervyusida Bo‘rijar kanali yoqasiga 57 kW, Bo‘zsuv kanali yoqasiga 105 kW quvvatli mikro GESlar o‘rnatilayotganini aytgan.
“Jami 162 kWli elektr stansiyalarimiz yiliga 1 mln kWhdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bo‘rijar kanalida 57 kWli mikro GESlar [qurilishi]ni yakunlashimiz uchun 2 oy talab qilinadi”, – degan Yoqubov.
Vazirlik: Birinchi stansiya “yaqin vaqt ichida” foydalanishga topshiriladi
Mazkur loyiha – respublika bo‘ylab umumiy quvvati 164 MW bo‘lgan 3 mingga yaqin mikro GESlar qurish dasturining bir qismi. Bu dasturga ko‘ra, davlat va xususiy sektor tomonidan yuzlab istiqbolli nuqtalarda mikro GESlar quriladi. Davlat qurgan stansiyalar foydalanishga topshirilganidan keyin “tayyor biznes” shaklida xususiy sektorga sotiladi.
Energetika vazirligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Toshkentdagi Bo‘rijar kanalida 35 va 22 kW quvvatli ikkita mikro GES (ikkisining umumiy quvvati yuqorida aytilganidek 57 kW) qurilishi ko‘zda tutilgan. Shundan:
35 kWli birinchi stansiya qurilishi yakunlangan va hozirda test rejimida ishlamoqda. Stansiya yaqin vaqt ichida foydalanishga topshiriladi.
22 kWli ikkinchi stansiya uchun esa uskunalar xarid qilingan va qurilish ishlari boshlanish arafasida.
Vazirlikka ko‘ra, Toshkent shahridagi Bo‘zsuv va Bo‘rijar kanallarida jami beshta mikro GES qurilishi rejalashtirilgan. Turkiya, Xitoy va boshqa xorijiy ishlab chiqaruvchilarning texnologiyalari asosidagi 15, 22, 35 va 75 kW quvvatli mini stansiyalar shular jumlasidan.
Bo‘rijardagi GESlarni kim quryapti?
Prezident farmoniga asosan, quvvati 5 MWgacha bo‘lgan mikro GES loyihalarini onlayn auksion orqali aniqlanadigan xususiy investorlar amalga oshirishi kerak. Davlat esa ulardan elektr energiyasini kafolatli sotib olish majburiyatini oladi, shu bois elektron auksionda eng past tarifni taklif bergan qilgan investor g‘olib bo‘ladi.
Ammo Bo‘rijar kanalidagi ikkita GES bo‘yicha auksion o‘tkazilmagan. Bu loyihani Toshkent shahar hokimligiga qarashli “Texnopark” MChJ amalga oshirmoqda.
Energetika vazirligiga ko‘ra, Bo‘zsuv va Bo‘rijar kanallari bo‘yidagi beshta yer uchastkasi poytaxt hokimining 2025 yil 14 oktyabrdagi qarori bilan Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilgan. Keyinchalik bu yer maydonlari bo‘yicha vazirlik va “Texnopark” MChJ o‘rtasida uzoq muddatli ijara shartnomalari tuzilgan.
“Maqsad – energiya ishlab chiqarish emas, texnologiyani mahalliylashtirish”
Kun.uz so‘roviga javoban “Texnopark” MChJning ma’lum qilishicha, loyiha elektr energiyasi ishlab chiqarishdan ko‘ra ko‘proq mikro GES texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish va mahalliylashtirishga qaratilgan.
Kompaniya izohiga ko‘ra, buning uchun Turkiya, Chexiya va Xitoy tajribasi o‘rganilgan. Hozirda Cross-Flow, Arximed turbinalari va boshqa texnologiyalar mahalliy sharoitlarda sinovdan o‘tkazilmoqda.
“Texnopark”ning ta’kidlashicha, Toshkentdagi kanallarda mikro GESlarni tashkil etishdan asosiy maqsad – elektr energiyasi ishlab chiqarib sotish emas, balki O‘zbekistonning turli suv oqimlari uchun eng maqbul texnologiyalarni aniqlash va keyinchalik ushbu uskunalar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirishdan iborat.
Kompaniya loyihaning birinchi bosqichi qiymati 6 mlrd so‘mni tashkil etishi va barcha xarajatlarni o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirayotganini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha qilinishicha, uskunalar sinovi yakunlangach, qurilgan mikro GES majmualari prezident farmonida nazarda tutilgan tartibda “tayyor biznes” shaklida auksion orqali tadbirkorlarga taklif etilishi reja qilingan.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston fuqarolarining xorijdagi kompaniyalar aksiyalarini sotib olishi osonlashadi
Jismoniy shaxslar yiliga 10 ming dollargacha, yuridik shaxslar esa yiliga 200 ming dollargacha mablag‘ni alohida ruxsat olmasdan investitsiya maqsadida xorijga jo‘natishiga yo‘l ochilmoqda. Markaziy bankning tegishli qarori 2026 yil 17 sentabrdan kuchga kiradi.
Nyu York fond birjasi / Foto: REUTERS / Brendan McDermid / File photo
O‘zbekistonda kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi soddalashtirildi.
Markaziy bank boshqaruvining 2 iyun kuni qabul qilinib, 15 iyunda ro‘yxatdan o‘tkazilgan qaroriga asosan, 2026 yil 17 sentabrdan boshlab O‘zbekiston rezidentlari ayrim holatlarda xorijga investitsiya maqsadida pul chiqarish uchun oldindan alohida ruxsat olishi talab etilmaydi.
Xususan, jismoniy shaxslar bir kalendar yil davomida 10 000 AQSh dollari ekvivalentidan yuqori bo‘lmagan summada chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirishi, ya’ni chet eldagi korxonalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki ulushli ishtirok etishi (kompaniya aksiyasini sotib olishi) mumkin.
Bunda, jismoniy shaxslar tomonidan chet eldagi brokerlik yoki investitsiya hisobvaraqlarini to‘ldirish uchun pul mablag‘larini o‘tkazish 18.12.2025 yildagi PF-254-son prezident farmoniga muvofiq faqat tegishli litsenziyaga ega investitsiya vositachilari ishtirokida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, bir kalendar yil davomida davlat ulushi mavjud korxonalar va ularning shu’ba tashkilotlari 100 000 AQSh dollari, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalar esa 200 000 AQSh dollari ekvivalentidan yuqori bo‘lmagan summada chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirishiga ham ruxsat etilmoqda. Gap – chet eldagi korxonalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki ulushli ishtirok etish, chet elda filiallar, vakolatxonalar va savdo uylari faoliyatini tashkil etish haqida ketmoqda.
Shuningdek, bir kalendar yil davomida davlat ulushi mavjud korxonalar va ularning shu’ba tashkilotlari 50 000 AQSh dollari, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalar esa 100 000 AQSh dollari ekvivalentidan yuqori bo‘lmagan summada chet eldagi o‘z filiallari va vakolatxonalarini aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirish huquqiga ega bo‘ladi.
Rezidentlar chet eldagi investitsiya faoliyati bo‘yicha ma’lumotlarni har chorakda xizmat ko‘rsatuvchi bankka taqdim etishi lozim. Rezidentlar tomonidan chet eldagi investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar belgilangan tartib va muddatlarda taqdim etilmagan taqdirda, ularning ushbu turdagi keyingi operatsiyalari to‘xtatib turiladi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Toshkentda YIBning mintaqaviy vakolatxonasi ochildi
-
Jamiyat3 days agoAbdulla Qodiriy ko‘chasida haydovchilar uchun yangi qayrilish joyi tashkil etildi
-
Iqtisodiyot3 days agoUch karra yer solig‘ining bekor qilinishi: pullar qanday qaytariladi?
-
Dunyodan4 days agoEron yadro quroliga ega boʻlmaslikka rozi: Prezident Tramp
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekistonda AQSh bilan yirik investitsiya loyihalari amaliy bosqichga o‘tadi
-
Dunyodan1 day agoEron Hormuz boʻgʻozi yopilganini eʼlon qildi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Albaniya birinchi xonimlari uchrashdi
-
Jamiyat5 days agoAfg‘onistondan olib kirilgan 37,6 kg giyohvandlik vositalari fosh etildi
