Sport
JChda 9-kun. Shotlandlar o‘zbek hakamidan norozi, «Vinisius qonuni» ishga tushdi, Turkiya yig‘lab qoldi
Vinisius mundialda yorqin o‘yin o‘tkazmoqda; pley-off masalasini hal qilgan yana bir jamoa nomi ma’lum; Turkiya esa ikki o‘yinda jami 62 ta zarbadan birorta gol ura olmadi va guruhdan chiqa olmaydigan bo‘ldi – Paragvayga qarshi bir bo‘lim davomida son jihatdan ustunlik ham naf bermadi – shu o‘yinda paragvayliklar futbolchisiga qo‘li bilan og‘zini yopganlik uchun ilk qizil kartochka ko‘rsatildi.
2026 yilgi jahon chempionatining navbatdagi kuni ham voqealarga boy bo‘ldi. AQSh milliy jamoasi Avstraliyani mag‘lub etdi (2:0) va Meksika ortidan pley-off masalasini muddatidan oldin hal qilgan ikkinchi jamoaga aylandi, Shotlandiya Marokashga minimal hisobda yutqazdi (0:1), Braziliya Haitini tor-mor etdi (3:0), Turkiya va Paragvay o‘yinida esa futbolchilar nizosi chog‘ida og‘zini qo‘li bilan to‘sganlik uchun ilk chetlatish kuzatildi.
Maydon tashqarisida ham shov-shuvli voqealar davom etmoqda: marokashlik Ashraf Hakimi zo‘ravonlik ishi bo‘yicha sud qilinadi, ispaniyalik hujumchi Borxa Iglesias mehmonxonadagi qo‘riqchi bilan bog‘liq noqulay holatga tushib qoldi, Messining otasining kasalligi milliy mojaroga aylandi.
Amerikaliklar guruhdan chiqishdi
AQSh – Avstraliya 2:0
Gollar: Berjyess, 11 avtogol (1:0). Frimen, 43 (2:0)
AQSh: Friz, Richards, Rim, Frimen, Adams, Makkenni (Reyna, 90+6), Tillman, Robinson (Trasti, 80), Dest (Skalli, 80), Pepi (Berhalter, 74), Balogun (Rayt, 90+6)
Avstraliya: Bich, Chirkati, Suttar, Berjyess (Geriya, 46), Bos, Italyano, O`Nill, Okon-Engstler (Irvayn, 78), Velupillay (Metkalf, 46), Leki (Volpato, 61), Ture (Irankunda, 46)
Ogohlantirishlar: Robinson, 56. Balogun, 89. Richards, 90 – Bos, 16. Chirkati, 32. Suttar, 89. Italyano, 89
AQSh milliy jamoasi o‘z uyidagi turnirni muvaffaqiyatli boshlab, Paragvayni birinchi turda 4:1 hisobida mag‘lub etgandi. Shu tufayli guruh masalasini ikkinchi turdayoq hal qilish uchun Avstraliya ustidan har qanday hisobdagi g‘alaba kifoya qilardi. Yashil qit’a vakillari ham birinchi turda Turkiya ustidan g‘alaba qozongandi (2:0), ammo bu ko‘proq omad evaziga bo‘lgandi – jamoa 90 daqiqani himoyada o‘tkazgan va o‘z darvozasi tomon 30 zarba berilishiga yo‘l qo‘ygandi. Shu tufayli oldindagi uchrashuvda mezbonlar yaqqol favorit sifatida ko‘rilayotgandi.
Amerikaliklar turklarning xatolaridan saboq chiqarishdi va butun kuch bilan oldinga tashlanishmadi – buning o‘rniga Marsh shogirdlari muvozanatli o‘yin ko‘rsatishdi va faqat rejali hujumlar amalga oshirishdi. O‘yinning 11-daqiqasidayoq hisob ochildi – Kemeron Berjyess o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. 32-daqiqada avstraliyaliklar bir kishi kam bo‘lib qolishi mumkin edi, ammo bosh hakam Chirkatini ayadi – ushbu himoyachiga butsasining ostki qismi bilan raqib oyog‘iga oshkora berilgan zarba uchun qizil kartochka ko‘rsatilishi ham mumkin edi.
43-daqiqada esa o‘yin taqdiri amalda hal bo‘ldi – Aleks Frimen jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi bilan jamoasining ikkinchi golini urdi.
Ikkinchi bo‘limda «yankilar» hisobdan kelib chiqqan holda kuch tejab harakat qilishdi, avstraliyaliklarda esa vaziyatni o‘zgartirish uchun kuch yetmadi. Turnir mezbonlari g‘alabani saqlab qolishdi va Meksika ortidan muddatidan oldin pley-offga yo‘l olishdi.
Tantashevga e’tirozlar
Shotlandiya – Marokash 0:1
Gol: Saybari, 2 (0:1)
Shotlandiya: Gann, Henli, Hendri, Roberson, Patterson (Ralston, 88), Kristi (Maklin, 71), Fergyuson, Tirni (Douk, 60), Makginn (Styuart, 88), Maktominay, Adams (Dayks, 71)
Marokash: Bunu, Diop, Riyoz, Mazraviy, Hakimi, Buaddi, Al-Aynaviy, Unai (Al-Murabet, 90), Al-Hannus (Talbi, 83), Dias (Rahimi, 83), Saybari (Amaymuni-Eshguyab, 83)
Ogohlantirishlar: Roberson, 65 – Diop, 22
Shu kuni o‘zbekistonlik hakam Ilgiz Tantashev ham jahon chempionatida debyut qildi. Uning boshqaruvidagi o‘yinda marokashliklarning 2-daqiqadayoq urgan goli yagonaligini saqlab qoldi. O‘tgan turda Braziliya darvozasini ishg‘ol etgan Ismoil Saybari bu safar ham Braim Diasning pasidan unumli foydalandi.
Shotlandlar esa shu kuni faqat penalti orqali hisobni tenglashtirishga harakat qildi va ikki bor penalti talab qilishdi, ammo Tantashev jarima maydoni ichida yiqilgan Jon Makginnga ham, Skott Maktominayga ham ishonmadi – bu vaziyatlarda chindan ham fol qayd etish uchun yetarlicha kontakt bo‘lmagandi.
Bundan tashqari, britaniyaliklar jamoasi muxlislari birinchi bo‘limda Adamsni to‘xtatib qolgan Diopga «so‘nggi umid foli» uchun qizil emas, sariq kartochka ko‘rsatilganiga e’tiroz bildirishgan. Lekin bu holatda xuddi shu chiziqda marokashliklarning boshqa himoyachisi ham bo‘lgani hakamning qarori to‘g‘ri bo‘lganini ko‘rsatadi.
Britaniyada mundial o‘yinlarini namoyish etish huquqiga ega ITV telekanali ekspertlarining hakamning ishini baholash bo‘yicha fikri ikkiga bo‘lindi. Sobiq hakam Kristina Unkel Skott Maktominay bilan bog‘liq vaziyatda penalti belgilanishi kerak edi, deb hisoblaydi.
«Tantashev futbolchilarga yakkakurashlarda nisbatan qattiqroq o‘ynashga, jismoniy kurashlarga imkon berishi bilan tanilgan. Ammo bu vaziyatda penalti belgilashi uchun ko‘p narsa kerak emasdi», – degan Unkel.
Sobiq futbolchi Roy Kin esa boshqacha fikrda. Uning hisoblashicha, o‘sha epizodda Skott Maktominayning o‘zi yiqilishni ko‘proq xohlagan.
«Menimcha, bu penalti emas. U shunchaki yiqilishni istadi. O‘yin juda qattiq kechdi. Hakam esa ba’zi holatlarda o‘yinga ortiqcha aralashib yubordi: futbolchilar yiqilishi bilan fol qayd etdi», – degan Roy Kin ITV efirida.
Shotlandlar ustozi Stiv Klark esa Makginn bilan bog‘liq holatni 50 ga 50 deb baholagan va hakamning qaroriga e’tiroz bildirmagan.
Braziliya Haitiga imkon qoldirmadi
Braziliya – Haiti 3:0
Gollar: Kunya, 23 (1:0). Kunya, 36 (2:0). Vinisius Junior, 45+3 (3:0)
Braziliya: Alisson, Gabriel Magalyayns, Markinos, Duglas Santos, Danilu Luis, Kazemiro, Lukas Paketa (Endrik, 64), Gimarayns (Danilu Santos, 81), Vinisius Junior, Rafinya (Rayan, 40), Kunya (Martinelli, 64)
Haiti: Plasid, Ade, Delkrua, Dyuvern, Eksperens, Arkus (Simon, 46), Bellegard (Etenn, 81), Denli, Providens (Jozef, 71), Kazimir (Didson, 63), Perro (Izidor, 46)
Ogohlantirishlar: Duglas Santos, 65 – Arkus, 4. Perro, 45. Denli, 72
O‘yin kutilganidek pentakampeonlarning to‘liq ustunligida kechdi va o‘yin taqdiri birinchi bo‘limdayoq hal bo‘ldi: Mateus Kunya dubl qayd etdi, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Vinisius Junior mundialdagi ikkinchi golini urdi.
Ikkinchi bo‘limda Anchelotti shogirdlari ochiqchasiga kuch tejab o‘ynadi va saviya hisobiga yirik hisobdagi ustunlikni saqlab qoldi – 3:0. Ammo Rafinyaning jarohati jamoa muxlislarining ko‘nglinini biroz xira qildi – «Barselona» yarimhimoyachisi 40-daqiqada almashtirildi, uning holati haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.
Braziliya bu g‘alaba evaziga S guruhida peshqadam bo‘lib oldi, Haiti esa oxirgi tur natijasidan qat’i nazar pley-offga chiqish imkoniyatini yo‘qotdi.
Turklar ko‘pchilik bo‘lib yutqazdi
Turkiya – Paragvay 0:1
Gol: Galarsa, 2 (0:1)
Turkiya: Ugurjan Chaqir, Merih Demiral, Abdulkarim Bardakchi (O‘rxun Ko‘kchi, 86), Ferdi Kadio‘g‘li (Eren Elmali, 70), Mert Muldur, Hoqon Chalxono‘g‘li, Ismoil Yuksak (Uzun, 60), Arda Guler, Kenan Yildiz, Yunus Oqgun (Gul, 60), Karim Oqturko‘g‘li (Barish Yilmaz, 46)
Paragvay: Hil, Alderete, G. Gomes, Alonso, Kaseres (Maydana, 81), D. Gomes (Velaskes, 67), Kubas, Galarsa (Kanale, 90), Almiron, Ensiso (Avalos, 90), Pitta (Bobadilya, 46)
Ogohlantirishlar: Eren Elmali, 71 – Galarsa, 4
Chetlatish: Almiron, 45
Shu kuni eng ko‘p muhokamalar markazida turgan o‘yin Turkiya va Paragvay bahsi bo‘ldi. Shu kuni futbolga kiritilgan yangi qoidalardan biri ishga tushdi.
Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda paragvayliklar yetakchisi Migel Almiron maydon markazidagi bahs vaqtida turklar himoyachisi Mert Muldur qarshisida turgan holda qo‘lini og‘zi bilan to‘sib, nimadir dedi. Raqib esa darhol bosh hakamdan ushbu vaziyatga e’tibor qaratishni so‘radi.
Ushbu mundial arafasida futbolga kiritilgan yangi qoidalarga ko‘ra bunday harakat darhol qizil kartochka bilan jazolanishi belgilangan. Salvadorlik arbitr Ivan Barton monitor qarshisiga borib, vaziyat takrorini ko‘rib chiqdi va qoida bo‘yicha ish tutdi.
Bu jahon chempionati tarixiga og‘izni yopganlik uchun ko‘rsatilgan ilk qizil kartochka sifatida kirdi («Vinisius qonuni» deb nom olgan bu qoida futbolga YeChL pley-off bosqichida «Benfika» va «Real» o‘rtasidagi o‘yindan keyin paydo bo‘lgan. O‘shanda portugallar jamoasi futbolchisi Janluka Prestianni og‘zini yopgan holda Vinisiusga irqchilik ruhidagi so‘zlarni ishlatgandi. Ushbu mojarodan keyin ishlab chiqilgan va FIFA tomonidan tasdiqlangan qoidaga ko‘ra, futbolchi raqib bilan mojaro yoki bahs vaqtida o‘z og‘zini qo‘li, futbolkasi yoki boshqa narsa bilan bekitsa, hakam tomonidan unga to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatilishi belgilandi).
Bu o‘yinning 2-daqiqasidayoq Paragvay hisobni ochgandi – turklar maydon markazida to‘pni yo‘qotdi va tezkor uyushtirilgan qarshi hujumni Matias Galarsa jarima maydoni tashqarisidan yo‘llangan aniq zarbasi bilan yakunlab berdi. Bir bo‘lim davomida son jihatdan ozchilik bo‘lib o‘ynaganiga qaramay, janubiy amerikaliklar tartibli himoyalanishdi va o‘yin davomida yo‘llangan 32 zarbadan birorta gol o‘tkazib yuborishmadi.
Endi unikal statistika yuzaga keldi: Vinchenso Montella shogirdlari ikki o‘yinda 62 zarba yo‘llashdi, ammo birorta gol urishmadi va amalda turnir bilan xayrlashdi, endi ushbu jamoa so‘nggi turda AQSh bilan o‘yinda qanday hisob qayd etilishidan qat’i nazar guruhda so‘nggi o‘rinda qoladi.
Hakimi atrofidagi mojaro
Jahon chempionati – jinoiy ishlarni to‘xtatish uchun sabab bo‘la olmaydi. «PSJ» himoyachisi va Marokash milliy jamoasi sardori Ashraf Hakimi bunga shaxsan amin bo‘ldi, u 2023 yilda zo‘ravonlik qilishda ayblangandi. Turnir vaqtida ish sudga oshirilgani ma’lum bo‘ldi – futbolchi tomonidan berilgan apellyatsiya rad etilgan.
Marokashlik futbolchining o‘zi bunga munosabat bildirdi – u sud jarayonini intiqlik bilan kutmoqda.
«Adolat mening ko‘zlarimga qarab: „Agar sen mashhur odam bo‘lmaganingda, bu ish hech qachon sodir bo‘lmasdi“, dedi. Men ko‘p yillar davomida sukut saqlashni afzal ko‘rdim. Men qadr-qimmatni saqlash, sabr-toqat va adolatga ishonch to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga imkon beradi, deb hisoblardim. Lekin endi men sudni kutyapman. Nihoyat o‘z fikrimni ayta olaman», – deya yozgan Hakimi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida.
Iglesiasni tanishmadi
Ispaniya milliy jamoasi bilan kulgili holat sodir bo‘ldi – qo‘riqchi jamoa hujumchisi Borxu Iglesiasni tanimadi va mehmonxonaga kiritmadi. Forvard o‘z sevgilisi bilan Chattanuge shahrini aylanishga (ispanlar qarorgohi shu yerda) chiqib ketgandi, ammo ruxsatnomasini unutib qoldirgani uchun xonasiga qaytib kira olmadi.
Bu epizod videoga tushib qolgan. Unda Borxa vaziyatga yumor bilan yondashganini ko‘rish mumkin – avvaliga u milliy jamoa futbolchisi ekanini tushuntirishga harakat qilgan, keyin esa xodimlardan biriga qo‘ng‘iroq qilgan. Ko‘p o‘tmay ichkaridan chiqib kelgan xodim Iglesiasni o‘zi bilan birga olib kirib ketgan va voqea baxtli yakun topgan.
Messining otasini «dafn etishdi»
18 iyun kuni Lionel Messining oilasi futbolchining otasi Xorxe og‘ir betob bo‘lib qolgani haqidagi xabarlarni tasdiqladi.
«U sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarni boshdan kechirmoqda. Hozirda shifokorlar nazorati ostida bo‘lib, sog‘ayib, ahvoli yaxshilanib bormoqda. Mas’uliyatli bo‘lish va insonparvarlikni saqlab qolishni so‘raymiz, tushunganingiz uchun minnatdormiz», – deyiladi rasmiy xatda.
Lekin bu murojaatni hamma ham diqqat bilan o‘qimagani ma’lum bo‘ldi. Argentinalik boshlovchi Florensiya Penya Luzu TV telekanalida jonli efir vaqtida yolg‘on ma’lumot tarqatdi: «Dilingizni xira qilishni istamasdim, ammo hozirgina Messining otasi vafot etdi. Jahon chempionati vaqtida».
Penya buning uchun uzr so‘ragan bo‘lsa-da, ko‘p o‘tmay ishdan bo‘shatildi. Argentina prezidenti Haviyer Miley ham bu qarorni qo‘llab-quvvatlab chiqdi va buni ifodalashda so‘z tanlab o‘tirmadi: «Ommaviy axborot vositalaridan hamma narsani ko‘rib bo‘lgandek tuyulganda, ular har doim hayratlanarli narsani o‘ylab topishadi. Penyaning dahshatli iboralari bizga jazosizlikni eslatadi… Yaxshiyamki, kanal baribir insof bilan yo‘l tutib, bu mayda g‘iybatchi, jirkanch shaxsni ishdan bo‘shatdi», – degan Miley.
20-21 iyun kungi o‘yinlar
Mundialda ikkinchi tur davom etadi – 20 iyun kuni kechqurun va 21 iyunga o‘tar kechasi quyidagi o‘yinlar belgilangan:
00.00. F guruhi. Niderlandiya – Shvetsiya
01.00. E guruhi. Germaniya – Kot-d’Ivuar
05.00. E guruhi. Ekvador – Kyurasao
09.00. F guruhi. Tunis – Yaponiya
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
Sport
Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.
«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.
Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.
Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi.
Sport
Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi
Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.
«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.
Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.
Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.
-
Siyosat3 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Mahalliy4 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Siyosat3 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat3 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat2 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
