Sport
Agrobank “Qahramonlar” loyihasida Otabek Shukurovning katta futbol sari yo‘lini hikoya qildi
Agrobank’ning “Qahramonlar” hujjatli loyihasining navbatdagi soni O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Otabek Shukurovga bag‘ishlandi. Filmda futbolchining bolalikdagi orzulari, akademiyadagi sinovlari, legionerlik bosimi, maydon ortidagi mehnati va professional futbolgacha bo‘lgan mashaqqatli yo‘li xaqida.
Agrobank Jahon chempionati translatsiyasining bosh homiysi sifatida futbol muxlislariga nafaqat muhim sport voqeligini, balki uning ortida turgan insoniy hikoyalarni ham yoritib bermoqda. “Qahramonlar” loyihasining ushbu soni Otabek Shukurov misolida futbolchilik kasbi qanday fidoyilik, intizom va sabr talab qilishini ko‘rsatadi.
“Qahramonlar” — o‘z sohasida mehnati, mas’uliyati va fidoyiligi bilan ajralib turgan insonlarning real hikoyalarini hujjatli formatda taqdim etuvchi loyiha. Unda qahramonlarga o‘z yo‘li, sinovlari, qarorlari va hayotiy tajribasi haqida bevosita so‘zlash imkoniyati beriladi. Avvalgi sonlarda turli soha vakillari hikoya qilingan bo‘lsa, bu gal loyiha markazida futbol va milliy terma jamoa vakili — Otabek Shukurov mehmon bo‘ldi.
Filmda Otabek Shukurov futbolga oddiy qiziqish emas, hayot tarzidek qarash kerakligini aytadi. Uning fikricha, professional futbolchi bo‘lish uchun futbol insonning har bir kunida, har bir qarorida va hatto har bir nafasida bo‘lishi kerak. Aks holda, bu yo‘l u uchun muvaffaqiyatli bo‘lmasligi mumkin.
Otabek Shukurov bolalik va akademiya davridagi qiyinchiliklarni eslar ekan, futbolchining ilk sinovlari maydondagi katta o‘yinlardan ancha oldin boshlanishini ta’kidlaydi. U akademiyada qishin-yozin tonggi soat 5 da turib, kun davomida tanaffussiz mashg‘ulotlarda qatnashgan davrlarini eslaydi. Ba’zan kunlar faqat mashg‘ulot, ovqatlanish, uyqu va yana mashg‘ulot bilan o‘tgan. Hatto kulmasdan, ortiqcha gaplashmasdan, bor e’tiborini faqat futbolga qaratgan vaqtlari ham ko‘p bo‘lgan.
Filmning eng ta’sirli epizodlaridan biri — Otabek Shukurovning butsalar bilan bog‘liq xotiralari. Uning aytishicha, futbolda futbolchining butsasi yirtilishi ham bir ma’noda baxt: “Butsasi yirtilmagan futbolchi futbolchi emas”, degan qarash unda erta shakllangan. U akademiyada nafaqat o‘zining, balki safdoshlarining ham yirtilgan butsalarini tikib, ta’mirlab bergan. Bu ish orqali oz bo‘lsa-da pul ishlab, kam-ko‘stini to‘ldirgan.
Shukurovning aytishicha, butsani ta’mirlash uchun shahar markaziga borish mashg‘ulotlardan vaqt olish bilan birga, moliyaviy tomondan ham cho‘ntakka zarar bo‘lgan. Shu sababli u buni o‘zi o‘rganib olgan. Avvaliga bu alohida maqsad bilan boshlanmagan, biroq bir ishni qayta-qayta bajarish natijasida u bu borada ham tajriba orttirgan. Hatto butsa tikish uchun kerak bo‘ladigan charm yoki yamoq matolarni ko‘rib qolsa, yig‘ib yuradigan darajaga yetgan.
U nafaqat butsalarni, balki eskirgan to‘plarni ham ta’mirlagan. Bir necha mavsum o‘ynalib, charchagan, eskirgan to‘plarni tiklab bergan va buning evaziga ba’zan o‘ziga to‘p olgan. Shu tariqa uning xonasida butsa va to‘plar ko‘payib borgan. Bu tafsilotlar filmda futbolchining katta maydonga chiqishidan oldingi oddiy, lekin nihoyatda muhim mehnat maktabini ochib beradi.
Otabek Shukurov filmda futbolchining pozitsiyasi haqida ham alohida fikr bildiradi. Uning aytishicha, futbolda qaysi pozitsiyada o‘ynashni har doim ham futbolchining o‘zi tanlamaydi — aksincha, pozitsiya futbolchini tanlaydi. Futbolchi turli pozitsiyalarda o‘zini sinab ko‘radi, qayerda kuchliroq ekanini anglaydi va oxir-oqibat aynan o‘sha joyda qoladi. Bu esa futbolchilik yo‘lida moslashuvchanlik, sabr va o‘zini doimiy sinash muhimligini ko‘rsatadi.
Hujjatli filmda legionerlik mavzusi ham ochib beriladi. Shukurovning ta’kidlashicha, legioner bo‘lish oson emas. Chet el jamoasiga taklif qilingan futbolchidan mahalliy o‘yinchilardan ko‘proq natija, kuchliroq o‘yin va barqaror statistika kutiladi. Chunki legioner sifatida yuqoriroq maosh va yaxshiroq sharoit bilan olib kelingan futbolchidan klub kubok, natija va yetakchilik kutadi. Bu bosimga chiday olgan futbolchigina legionerlikda o‘z o‘rnini topa oladi.
Otabek Shukurov o‘z hikoyasida otasi haqida ham alohida to‘xtaladi. Uning aytishicha, otasi bolaligida futbolchi bo‘lishni xohlagan, ammo bunga imkon bo‘lmagan. Shu sababli u o‘g‘lining futbolchi bo‘lishini istagan va doim uning birinchi muxlisi, birinchi qo‘llab-quvvatlovchisi bo‘lgan. Shukurovning futbolga kirib kelishida otasining ishonchi va mashg‘ulotlardagi qo‘llovi katta rol o‘ynagan.
Filmda futbolchining bolalikdagi moddiy qiyinchiliklari ham ochiq aytiladi. Ba’zan mashg‘ulotlar sabab to‘yib ovqatlanishga vaqt bo‘lmagan, ba’zan esa bunga imkoniyat yetmagan. Otabek Shukurovning eslashicha, non sotib olishga imkon topilgan kunlar ular uchun bayramdek bo‘lgan. Bu epizodlar futbolchilik yo‘li faqat stadion, muxlis va g‘alabalardan iborat emasligini, uning ortida ko‘rinmaydigan sinovlar borligini ko‘rsatadi.
Agrobank’ning Jahon chempionati translatsiyasi bosh homiysi sifatidagi ishtiroki aynan shunday hikoyalar orqali yanada asosli ko‘rinadi. Bank ushbu loyiha orqali futbolni faqat tomosha qilinadigan o‘yin emas, balki mehnat, orzu, iroda va milliy g‘urur bilan bog‘liq katta ijtimoiy hodisa sifatida talqin qilmoqda.
“Jahon chempionati millionlab muxlislarni birlashtiradigan katta futbol bayrami. Agrobank bosh homiy sifatida ushbu bayramni tomoshabinlarga yanada yaqinlashtirish bilan birga, futbol ortida turgan real insoniy hikoyalarni ham ko‘rsatishni muhim deb biladi. Otabek Shukurov haqidagi film — mehnat, ishonch va imkoniyatdan foydalanish haqidagi ijtimoiy loyiha.
Otabek Shukurovning hikoyasi yoshlar uchun: “Inson o‘zi tanlagan yo‘lda hatto 1 foiz imkoniyat ko‘rsa ham, undan foydalanishga harakat qilishi kerak. Chunki ba’zan katta o‘zgarishlar aynan kichik imkoniyatlardan boshlanadi”, degan xabarni yetkazishga xizmat qiladi.
“Qahramonlar” loyihasining Otabek Shukurovga bag‘ishlangan sonini Agrobank’ning rasmiy YouTube kanalida tomosha qilish mumkin.
Reklama huquqi asosida
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
Sport
Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.
«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.
Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.
Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi.
Sport
Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi
Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.
«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.
Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.
Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat3 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat4 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
