Connect with us

Sport

Hirosimadan Abu Dabigacha. O‘zbek futboli tarixidagi 10 ta muhim g‘alaba

Published

on


Co‘nggi yillarda o‘zbek futboli bir qator yirik natijalarga erishdi – Olimpiadada ishtirok, jahon chempionati yo‘llanmasi, o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionligi shular jumlasidan. O‘zi umuman mustaqillik yillarida qanday muhim g‘alabalar qo‘lga kiritilgan? Qaysi oqshomlar o‘zbek futbol muxlislari uchun bayramga aylangan? Quyida o‘zbek futbolidagi g‘alabalar reytingi.

10. Hamdo‘stlik kubogi – 2007. Final. 28 yanvar. Moskva

«Paxtakor» – «Venspils» (Latviya) – 0:0. (penaltilar seriyasida 9:8)

 1993 yildan 2011 yilgacha sobiq ittifoq mamlakatlari chempionlari o‘rtasida o‘ziga xos musobaqa bo‘lib o‘tardi. Bu turnir asosan bahor-kuz formatida futbol o‘ynaydigan jamoalar uchun mavsumoldi tayyorgarlikdek o‘tar, o‘yinlar yopiq majmuada bo‘lardi. Dastlabki yillarda mazkur turnir o‘ziga yarasha prinsipial tus olib, Ukraina va Rossiya chempionlari o‘rtasida raqobat maydoniga aylangandi. Dastlabki 10 turnirda faqat ikki jamoa – «Spartak» va «Dinamo» almashib g‘olib bo‘lavergan.

 O‘zbekiston jamoalari uchun tabiiyki, bu jiddiy musobaqa hisoblangan, o‘sha davrda xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyatlar u qadar ko‘p emasdi. 1994 yilda Farg‘onaning «Neftchi» klubi yarimfinalda «Dinamo» Tbilisi jamoasini yengib, finalda o‘ynashga muvaffaq bo‘lgan, ammo «Spartak» bilan o‘yinda yirik hisobda mag‘lubiyatga uchragandi. Rossiya va Ukraina klublari turnirga ikkinchi tarkib bilan qatnashishni boshlagach, boshqa jamoalarda ham imkoniyat paydo bo‘ladi. Darvoqe, aynan shu turnirda Jafar Irismetov «Spartak» tarkibida porlagach, asosiy jamoaga jalb qilina boshlagan va Chempionlar Ligasida ham o‘ynagandi.

Xullas, 2007 yilgi turnirda «Paxtakor» «Shaxtyor» (4:0), «Sherif» (1:0), «Banans» (3:0) kabi klublar ustidan g‘alaba qozonadi, Serbiyaning amaldagi chempioni OFK jamoasini penaltilar seriyasida mag‘lub etib, finalgacha boradi. Finalda Latviyaning «Vensplis» jamoasi penaltilar seriyasida mag‘lub etiladi. Bu jamoalar guruh bosqichida ham o‘zaro to‘qnashgan va unda toshkentliklar 2:0 hisobida ustun kelgandi.

Qizig‘i, OFK bilan o‘yinda ham, finalda ham murabbiy Ravshan Haydarov so‘nggi daqiqalarda Ignatiy Nesterov o‘rniga Temur Jo‘rayevni tushirgan va penaltilar seriyasida muvaffaqiyat qozongandi. Finalda 9:8 hisobi qayd etilgan – Temur to‘qqizinchi golni urib, keyin raqib darvozabonining penaltisini qaytargandi.

Ushbu sovrin o‘zbek klublarining xalqaro maydondagi ilk yutug‘i bo‘lgan va shu tomondan ham qadrli. «Paxtakor» final oqshomida quyidagi tarkibda maydonga tushgan:

Nesterov (Jo‘rayev) – Inomov, Kletskov, K. Tojiyev – Kapadze, Ponomarev (Bayramov), Kiryan (Magdeyev, Uche), Koshelev, Jeparov – Soliyev

9. OFK kubogi – 2011. Final. 29.10.2011. Qarshi.

«Nasaf» – «Kuvayt» SK (Kuvayt) – 2:1.

Gollar: Perepletkins (62), Shomurodov (65) – Kabi (68)

Oradan to‘rt yil o‘tib, endi Osiyo miqyosidagi ilk sovrin qo‘lga kiritildi. Sovrinni Toshkent klublari emas, Qarshining «Nasaf» jamoasi olib kelgandi. Agar Moskvadagi turnir baribir yarim rasmiy tus olib, yakunda yo‘qolib ketganini e’tiborga olsak, haqiqiy xalqaro g‘alaba sifatida aynan OFK kubogini keltirish mumkin.

Lutfulla To‘rayev, Erkin Boydullayev, Ilhom Shomurodov kabi mahalliy futbolchilar, shuningdek, Malishich, Perepletkins, Gevorkyan va Boshkovich kabi legionerlar bilan «Nasaf» ancha kuchli tarkib hosil qilgan, ukrainalik tajribali mutaxassis Aleksandr Demyanenko esa bosh murabbiy edi.

Final Qarshi shahrida Kuvaytning «Kuvayt» SK jamoasiga qarshi kechadi. O‘yin noqulay ob-havo sharoitida, changli shamol ostida kechgan bo‘lsa-da, o‘n besh mingdan ortiq muxlis bevosita stadiondan o‘yinni tomosha qildi. Latviyalik legioner Perepletkins va Shomurodovning gollaridan so‘ng qarshiliklar hisobni 2:0 ga yetkazishadi, 69-daqiqada esa mehmonlar vakili Kabi hisobin qisqartirishga erishadi. Shu bilan hisob o‘zgarmay qoladi va «Nasaf» o‘z muxlislari qarshisida Osiyoda ikkinchi darajali hisoblangan kubokni qo‘lga kiritadi.

Xuddi shu musobaqa finaliga «Nasaf» keyinroq 2021 yilda ham chiqqan, ammo Bahraynning «Al Muharraq» jamoasiga yutqazib qo‘ygandi. 

 Tarkib: Zuhurov – Qorayev, Malishich, Karimov, Jiyamurodov – L.To‘rayev, Boydullayev, Pereplyotkins, Gevorkyan, I. Shomurodov (Musayev) – Boshkovich (Filiposyan).

8. Xitoy – 2018. U23 Osiyo kubogi. Final. 27.01.2018. Changju

O‘zbekiston – Vetnam – 2:1

Gollar: Ashurmatov (8), Sidorov (120) – Kuang Xay (41)

Milliy jamoalar ijrosidagi uchinchi chempionlik 2018 yilga to‘g‘ri kelgandi. Raqibdan kelib chiqib, ushbu o‘yin ahamiyatini biroz tushirishga harakat qilish mumkin, ammo bunga qarshi ikki sabab bor. Birinchidan, o‘sha turnirda O‘zbekiston juda chiroyli o‘yin ko‘rsatgan, ayniqsa, pley-offda avval Yaponiya, keyin esa Janubiy Koreya darvozasiga 4 tadan gol urilgani katta voqea bo‘lgandi. Ikkinchidan, final o‘yini juda noqulay sharoitda, qorli maydonda bo‘lib o‘tgani, g‘alaba golini Andrey Sidorov 120-daqiqada urgani ushbu g‘alaba qadrini yanada oshirishi turgan gap.

 Tarkib: Ergashev, Ashurmatov, Komilov, Tursunov, Otaxonov (Narzullayev), G‘aniyev, Hamrobekov, O‘rinboyev, Sidiqov (Sidorov), Yaxshiboyev (Abduxoliqov), Hamdamov.

7. Eron – 2012. O‘smirlar o‘rtasida Osiyo kubogi. Final. 06.10.2012. Tehron.

O‘zbekiston – Yaponiya – 1:1. (penaltilar bo‘yicha, 3:1).

Gollar: To‘rayev (52) – Mizutani (6)


Foto: OFK matbuot xizmati

2012 yilda, Hirosimadagi g‘alabadan 18 yil vaqt o‘tib nihoyat milliy jamoalar miqyosida navbatdagi g‘alabaga ham erishildi. Mana shu jihati, shuningdek, bu sovrin jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim etishi tufayli, ushbu finalni Xitoydagisidan ustun qo‘yish mumkin.

Umuman, o‘sha davrda futbolimizdagi natijalarda ko‘tarilish bo‘lganini ta’kidlash joiz. Bir yil oldin Osiyo kubogida Vadim Abramov boshchiligidagi milliy jamoa o‘z tarixida ilk bor yarimfinalga chiqqan, avvalgi o‘smirlar jamoasi esa Meksikada o‘tgan jahon chempionati kashfiyoti bo‘lib, chorakfinalgacha borgandi. Tabiiyki, bundan ruhlangan keyingi tarkib, Dilshod Nuraliyev qo‘l ostidagi jamoa ham Eronga yuqori natijalar umidida tashrif buyuradi.

Aytish kerakki, jamoa guruh bosqichidayoq turnirni tark etishi mumkin edi. Dastlab Hindistonni 3:2 hisobida yengib, Xitoy bilan durang o‘ynalgach (1:1), so‘nggi turda Suriya bilan o‘yin boy beriladi (0:0). Parallel uchrashuvda xitoyliklar g‘alaba qozongan taqdirda, o‘zbekistonliklar guruhda uchinchi o‘ringa tushib ketgan bo‘lardi. Ammo Hindiston so‘nggi daqiqada hisobni tenglashtiradi (2:2) va o‘zbekistonliklar uch o‘yinda ham durang o‘ynagan xitoyliklarni guruhda qoldirib, pley-offga yo‘l oladi.

Uyog‘iga jamoani to‘xtatib bo‘lmaydi. Avvaliga penaltilar seriyasida Janubiy Koreya (1:1, 5:3), keyin esa mezbon Eron o‘smirlari (3:2) dog‘da qoldiriladi. Finalda esa Yaponiya ustidan yana penaltilar seriyasida g‘alaba qozoniladi (1:1, 3:1).

Keyinchalik asosiy jamoalarda ham o‘ynagan Doston Hamdamov va Akrom Komilov, hozirda milliy jamoaning asosiy futbolchilaridan sanalgan Otabek Shukurov o‘sha jamoa yetakchilari edi. Darvozabon Sarvar Karimov esa finaldagi seriyada ikki penaltini qaytarib, qahramonga aylangandi. Afsuski, bu tarkibdan keyinchalik milliy jamoa uchun nomzodlar ko‘p chiqmadi.

Tarkib: Karimov, Boltaboyev, Ismoilov, Komilov, Davlatov (Abdug‘aniyev), Xursanov, Abdullayev, To‘rayev (Mirzayev), Karimov, Hamdamov (Ahmadjonov), Shukurov. 

6. JCh-2006 saralash o‘yini. 6-tur. 17.08.2005. Toshkent

O‘zbekiston – Kuvayt – 3:2

Gollar: Jeparov (41, penaltidan), Shatskix (62), Soliyev (76) – Al Mutva (16), Bashar Abdulloh (31)

2005 yil 17 avgust sanasini hech qaysi o‘zbek futbol muxlisi unutmasa kerak. Oxirgi siklni qo‘shmaganda, balki milliy jamoamiz tarixidagi eng muhim o‘yin shu bo‘lsa kerak. Chunki ushbu o‘yindagi g‘alaba bizga JCh-2006 saralashida pley-off yo‘llanmasini berar, u yerda esa Bahrayn, keyin Trindad va Tobago kabi raqiblar kutib turardi. Ya’ni boshqa safarlardagidek Yevropa yo Janubiy Amerika emas, kuchimiz yetadigan jamoalarga qarshi o‘ynashimiz kerak edi.

Saralash guruhida biz 2 ochko bilan so‘nggi o‘rinni egallab turar, Kuvaytda esa 4 ochko bo‘lib, so‘nggi turda Toshkentda g‘alaba qozonadigan bo‘lsak, ularni quvib o‘tib, pley-offga yo‘llanma olardik.

G‘alabadan ham ko‘ra uning qanday qo‘lga kiritilgani ahamiyatli – birinchi bo‘lim oxirlarida Bob Hougton shogirdlari 0:2 hisobida ortda borayotgandi. 41-daqiqada Server Jeparov Geynrix ishlagan penaltidan hisobni qisqartirdi, 62-daqiqada esa Maksim Shatskix boshi bilan gol urib, tabloda 2:2 hisobini ta’minladi. Ammo bu ham mehmonlarni qoniqtiradigan hisob edi.

O‘sha paytlarda Anvarjon Soliyev «Paxtakor» va milliy jamoaning «sehrli tayoqchasi»ga aylanib borayotgandi. Avvalgi bosqichda u Saudiya Arabistoniga qarshi so‘nggi daqiqalarda gol urib, hisobni tenglashtirgandi, bu safar ham u jamoa joniga ora kiradi. 2-bo‘limda maydonga tushgan Soliyev boshi bilan g‘alaba golini uradi va jamoaga pley-off yo‘llanmasini taqdim qiladi.

Keyinchalik jamoa baribir jahon chempionatiga chiqa olmadi, ammo bu boshqa hikoya. O‘sha payt uchun bu g‘alaba juda muhim edi.

Tarkib: Safonov – Davletov (Bikmayev), Aliqulov, Nikolayev, Shirshov –Kapadze, Karpenko (Kiryan), Qosimov, Jeparov –Geynrix (Soliyev), Shatskix

5. Qatar – 2011. Osiyo kubogi. Chorakfinal. 21.01.2011. Ar-Rayan.

O‘zbekiston – Iordaniya – 2:0.

Gollar: Ulug‘bek Baqoyev (46, 49) – Bashar (58)

O‘zbekiston milliy jamoasi Osiyo kuboklaridagi eng yaxshi natijasini 2011 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan musobaqada qayd etgan. O‘shanda Vadim Abramov murabbiyligidagi jamoa yarimfinalgacha yetib borgandi. Bemalol aytish mumkin, o‘sha turnirda yig‘ilgan tarkib tarixdagi eng kuchlisi bo‘lib, yanada yaxshiroq natija ko‘rsatishi ham mumkin edi. Ammo yarimfinalga borib tarkibda himoyachilar deyarli qolmagani, ancha kuchli Avstraliyaga qarshi hujumkor o‘ynashga harakat qilingani yakunda pand bergan va yirik mag‘lubiyatga (0:6) sabab bo‘lgandi. Shuningdek, chorakfinalda, aynan shu o‘yinda Ignatiy Nesterov jarohat olib, yarimfinalda qatnasha olmagani jamoani sezilarli darajada kuchsizlantirgandi.

Ammo eng yaxshi natija – yarimfinalga yo‘llanma bergan g‘alaba, tabiiyki, muhim yutuqlar ruyxatidan joy olishi kerak. Mezbon Qatar, shuningdek, Kuvayt va Xitoy kabi jamoalar joylashgan guruhda 1-o‘rin olingach, chorakfinaldagi raqib Iordaniya bo‘ladi. Dastlabki o‘yinlarda Ahmedov, Geynrix va Jeparov kabi futbolchilar hujumdagi asosiy ishni bajargan, gollar urgan bo‘lishsa, kutilmaganda, Iordaniya bilan o‘yinga Ulug‘bek Baqoyev asosiy tarkibda paydo bo‘ladi. Maksim Shatskixning jarohati bunga sabab bo‘lgandi.

Baqoyev o‘ziga berilgan imkoniyatdan yaxshi foydalandi va 2-bo‘limning dastlabki besh daqiqasida Jeparov va Hasanovning qanotdan uzatgan paslaridan egizak gollar urib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirib qo‘yadi. Iordaniya keyinroq hisobni qisqartirgan bo‘lsa-da, ortig‘iga kuchi yetmaydi. Aynan o‘sha o‘yindan keyin O‘zbekiston turnir favoritlari qatorida tilga olina boshlangandi, lekin…

Tarkib: Nesterov (T.Jo‘rayev) – S. Jo‘rayev, Mullajonov, Ahmedov, J.Hasanov (Andreyev) – Kapadze, Jeparov, Haydarov, Tursunov –Geynrix (Ismoilov), Baqoyev

4. Caudiya Arabistoni – 2025. O‘smirlar o‘rtasida Osiyo kubogi. Final. 20.04.2025. Toif.

O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni – 2:0.

Gollar: Hakimov (51-penaltidan), Hasanov (70)

Bu g‘alaba o‘smirlar o‘rtasida ikkinchi bor Osiyo chempionligini olib keldi, ammo hammasidan ham bu yutuq qanday qo‘lga kiritilgani ahamiyatli. Futbol tarixida ikki kishi kam bo‘lib o‘ynagan jamoaning g‘alabasi juda kam sodir bo‘ladi, kuzatilmagan holat deyish ham mumkin. Ha, g‘alaba qozonayotgan jamoa o‘yinchilari maydondan chetlatilgach, himoyada yotib, hisobni saqlab qolish holatlari bo‘lgandir. Masalan, 1990 yil Italiyada o‘tgan jahon chempionatida Kamerun ikki futbolchi kam bo‘lib qolib ham Argentinaga qarshi o‘yinda hisobni ushlab qola olgandi.

Lekin ikki futbolchi kam o‘ynagan holatda durang hisobni 2:0 ga aylantirish va yakunda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolish – jasorat. Tag‘in maydon egasi bo‘lgan raqibga qarshi. Aynan mana shu ssenariy tufayli ham bu o‘yin mashhur bo‘lib ketdi, hatto chet el portallari, ijtimoiy tarmoqlar aynan qay shaklda g‘alaba qozonganimizga urg‘u berib tarqatishdi. O‘zbek futboli uchun ajoyib reklama.

Umuman, turnir davomida olsak, o‘smirlarimiz eng yaxshi jamoa bo‘lishdi, deyarli barcha chiziqlarda hamyurtlarimiz eng yaxshi futbolchi sifatida e’tirofga loyiq ko‘rildi. Asilbek Aliyev to‘purar, Sadriddin Hasanov eng muhim futbolchi, darvozabon Ne’matilloh Rustamjonov esa eng yaxshi posbon deb topildi. Bir necha yil oldin hakamlardan yozg‘irib ehtirosli intervyusi bilan tarmoqlarni «portlatgan» yosh murabbiy Islombek Ismoilovning bu yigitlarga bosh bo‘lishi ham o‘ziga xos go‘zal yakun.

Tarkib: Rustamjonov, Hakimov, Bahodirxonov, Abdukarimov, Musaxonov, Xabibullayev (Murodov), Shukrullayev (Aliyev), Erembetov (Abdumo‘minov), Hasanov (Rustamov), Sodiqov (Saidmurodov), Sersenbayev

3. Hirosima-94. Osiyo o‘yinlari. Yarimfinal. 15.10.1994. Xirosima

O‘zbekiston – Janubiy Koreya – 1:0.

Gol: Azamat Abduraimov

O‘sha turnir finalida O‘zbekiston Xitoy bilan o‘ynab, 4:2 hisobida g‘alaba qozongan, lekin agar muhimlik borasida so‘z ketsa, shubhasiz, masalani yarimfinalda Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin hal qilgandi. Anatoliy Bishovets boshchiligidagi koreyslar musobaqaning eng kuchli jamoasi va favoriti bo‘lgan, O‘zbekiston ularni kurashdan chiqaribgina, chempionlik imkoniyatini keskin oshirgandi. Xitoyga qarshi o‘yinda Rustam Akramov shogirdlari raqibdan sezilarli darajada kuchli edi va ilk daqiqalardanoq hammasi hal bo‘lgandi.

Koreyslarga qarshi o‘yin haqida esa unday deb bo‘lmaydi. Aytishlaricha, darvozabon Yuriy Sheykin kutilmaganda, so‘nggi daqiqalarda Hirosimaga boradigan tarkibga qo‘shilib qolgan ekan. O‘sha paytlarda peshqadam jamoalarimizda Pavel Bugalo, Narimov Osmonov, Aleksandr Tinyanov kabi darvozabonlar bo‘lib, ammo turnirga «Traktor» vakili asosiy posbon sifatida olib ketilgandi.

Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin Sheykinning benefisiga aylanib ketadi – u koreys hujumchilarining o‘ndan ortiq xavfli zarbalarini qaytarishga muvaffaq bo‘ladi. O‘zbekistonning butun o‘yin davomida bergan ikki zarbasidan biri esa golga aylanadi. Azamat Abduraimovning uzoq masofadan tepgan to‘pini raqib darvozaboni ushlab qololmaydi va O‘zbekiston 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, finalga chiqadi.

Tarkib: Sheykin, Tixonov, Fyodorov, Magomedov, Ro‘zimov, Davletov, Lebedev (Maqsudov), Qosimov, Sharipov (A.Do‘rmonov), Abduraimov, Shkvirin.

2. Qatar – 2024. U23 Osiyo kubogi. Yarimfinal. 29.04.2024. Doha

O‘zbekiston – Indoneziya – 2:0.

Gollar: Norchayev (68), Arxan (86-avtogol)

2024 yil aprelida Qatarda o‘tgan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar Osiyo chempionati faqat uch jamoaga olimpiada yo‘llanmasini taqdim etishi bilan muhim edi. 2018 yil O‘zbekiston vakillari chempionligi bilan yakunlangan turnirdan asosiy farq ham shu – bu yerda jamoalar yanada jiddiyroq munosabatda bo‘ladi. Yo‘llanmani naqd qilish uchun esa yarimfinalda Indoneziya ustidan g‘alaba qozonish talab etilardi. Norchayev 68-daqiqada urgan gol va indoneziyalik Arxan o‘yin oxirlarida o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishi evaziga finalga chiqiladi, bu o‘z o‘zidan Parij olimpiadasi yo‘llanmasini kafolatlaydi. Darvozabon Abduvohid Ne’matov esa turnirning eng yaxshi darvozaboni deb e’tirof etiladi.

Aslida shunday yakun kutilgandi, zero aynan mana shu maqsad yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilgan, hatto biroz noan’anaviy yo‘ldan borib, Temur Kapadze qo‘l ostida yoshlardan iborat «Olimpik» jamoasi tashkil qilinib, ushbu jamoa Superligada ishtirok etgandi. Ammo finalda jamoaning omadi chopmaydi. Yaponlar so‘nggi daqiqada g‘alaba golini urishadi, 90+7 daqiqada esa Umarali Rahmonaliyev penaltini aniq ijro etolmaydi (0:1).

Nima bo‘lganda ham, bu yo‘llanma va Parij olimpiadasidagi ishtiroki Kapadze uchun ham, ushbu jamoada va keyinchalik asosiy jamoada o‘ynagan ko‘p futbolchilar uchun ham o‘ziga yarasha tajriba bo‘ldi va 2025 yilgi katta g‘alaba uchun zamin hozirladi.

Tarkib: Ne’matov, Abdurahmatov, Husanov, Rahimjonov (Hamroaliyev), Davronov, Odilov (Jiyanov), Bo‘riyev, Hoshimov (Jaloliddinov), Erkinov (Norchayev), Fayzullayev (Yo‘ldoshev), Rahmonaliyev. 

1. JCh-2026 saralash. 9-tur. 05.06.2025. Abu–Dabi.

BAA – O‘zbekiston – 0:0.

Durang bilan yakunlanib, birorta ham gol urilmagan o‘yin futbolimizdagi eng katta g‘alabalar reytingini boshqarishi biroz g‘alati, ammo ushbu o‘yinda qo‘lga kiritilgan yutuq, xalqimizga taqdim etilgan mundial yo‘llanmasi har qanday sovrindan yoki goldan ustun bo‘lsa kerak. Axir futbolimiz butun mustaqillik yillarida aynan shu maqsad uchun yurmadimi? Osiyo kuboklaridagi ishtiroklar, yoshlarimizning g‘alabalari, hatto milliy chempionatimiz ham aynan bir kun mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishimiz, bu turnirning muntazam ishtirokchisi bo‘lishimiz yo‘lidagi vositalar emasmi?

BAA milliy jamoasi dastlabki jahon chempionatimiz – JCh-98 saralashida ham guruhdoshimiz bo‘lgan va Toshkentda biz uchun alamli tarzda g‘alaba qozonib ketgandi (2:3). Keyingi jahon chempionati so‘nggi bosqichida ham BAA raqib bo‘ldi, hatto guruh bosqichi aynan mana shu mamlakatda boshlandi. Osiyoda o‘tadigan mundial umidi ham aynan shu kuni o‘lgandi, deyish mumkin. Koreya va Yaponiya mezbon bo‘lgach, guruhimiz biroz kuchsizlashgan, Eron va Saudiya Arabistoni narigi guruhga o‘tgach, go‘yoki bu safar qo‘limizdan keladigandek edi. Arablardan kuchlimiz, Xitoyni doim yutganmiz, deb boshlangan saralashning ilk o‘yinida BAA ustimizdan sovuq suv quyib yuborgan – 1:4. Toshkentdagi o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchradik (0:1).

Mana shu BAA maydonida, o‘zimiz uchun kerakli hisobni saqlab qolib, muddatidan oldin mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritganimiz, aynan BAA milliy jamoasini ortda qoldirib ketganimiz har qanday g‘alabadan ustun.

Tarkib: Yusupov, Alijonov, Aliqulov, Husanov, Ashurmatov, Sayfiyev (Nasrullayev, 65), Hamrobekov (Bo‘riyev, 86), Shukurov, O‘runov (Fayzullayev, 13), Masharipov (Erkinov, 86), Shomurodov.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Velosportchilarimiz «Tour of Antalya»da g‘alaba qozonishdi (foto)

Published

on



Velosportchilarimiz «Tour of Antalya»da g‘alaba qozonishdi (foto)



Source link

Continue Reading

Sport

«Chelsi» Abramovich davridagi qoidabuzarliklar uchun 10 mln funt jarimaga tortildi

Published

on


«Chelsi»ning yangi rahbariyati o‘z ixtiyori bilan tegishli davrda futbolchilar, ro‘yxatdan o‘tmagan agentlar va boshqa shaxslarga yashirin to‘lovlar amalga oshirilganini tan oldi.

Angliya Premer-ligasi (APL) 2011-2018 yillar oralig‘ida, ya’ni Roman Abramovich davrida yo‘l qo‘yilgan moliyaviy qoidabuzarliklari uchun Londonning «Chelsi» klubini 10,75 mln funt miqdorida jarimaga tortdi. Shuningdek, klubga yaqin to‘qqiz oy ichida akademiya darajasida transferlarni amalga oshirish taqiqlandi.

Bundan tashqari, asosiy jamoaga nisbatan shartli ravishda bir yillik transfer taqiqi amal qiladi. Sinov muddati ikki yildan iborat.

Tergov 2022 yildan buyon olib borilgan edi. «Chelsi»ning yangi rahbariyati o‘z ixtiyori bilan ligaga tegishli davrda futbolchilar, ro‘yxatdan o‘tmagan agentlar va boshqa shaxslarga yashirin to‘lovlar amalga oshirilganini ma’lum qildi. Britaniya ommaviy axborot vositalarining ko‘plab xabarlariga ko‘ra, London klubi Eden Azar, Villian va Samuel Eto’O transferlarini qoidabuzarliklar bilan amalga oshirgan.

Relizda qayd etilishicha, «qonunbuzarliklar haqida klubning o‘zi faol ravishda xabar berishi», «Chelsi»ning yangi rahbariyati tomonidan ularning tan olinishi va «butun tergov davomida» hamkorlik qilish yengillashtiruvchi holatlar bo‘lgan. Angliya futbol assotsiatsiyasining shunga o‘xshash qoidabuzarliklar bo‘yicha alohida intizomiy ishi davom etmoqda.

Rossiyalik oligarx Roman Abramovich 2003 yilda «Chelsi» klubini sotib oldi. Uning rahbarligida klub ko‘plab katta sovrinlarni qo‘lga kiritdi va dunyoning eng yaxshi klublaridan biriga aylandi. 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Buyuk Britaniya Roman Abramovichga nisbatan sanksiyalarni joriy qildi. Shundan keyin oligarx «Chelsi» klubidagi ulushini sotdi.



Source link

Continue Reading

Sport

«Paxtakor» superkubokdagi hakamlik yuzasidan shikoyat kiritdi

Published

on


O‘yinning ikkinchi bo‘limida, hisob 0:1 bo‘lib turganida Ibragimovning zarbasidan so‘ng to‘p jarima maydoni ichida «Neftchi» futbolchisining qo‘liga tekkan.

Toshkentning «Paxtakor» klubi O‘zbekiston superkubogi uchun finalda Farg‘onaning «Neftchi» klubiga qarshi o‘yindagi mag‘ubiyatdan so‘ng o‘yindagi hakamlik ustidan shikoyat kiritdi.

«O‘zPFL reglamentiga binoan jamoamiz O‘zbekiston superkubogidagi hakamlik ustidan shikoyat kiritish huquqidan foydalanganini ma’lum qiladi.

Bahsning 51-daqiqasida Ibrohim Ibragimov bergan zarbadan keyin raqib himoyachisi (Boyan Tsiger) to‘pni qo‘li bilan qaytardi. Bu holatda uning qo‘li notabiiy holatda – tana hajmini kengaytirish uchun turgandi. Biroq na bosh hakam, na VAR hakamlari bu vaziyatda to‘p qo‘l bilan o‘ynalganini ko‘rishmadi. Takroriy lavhalarda esa qo‘lning tanadan maksimal notabiiy ravishda cho‘zilganini ko‘rish mumkin», – deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, so‘nggi yillarda shunga o‘xshash vaziyatlarda «Paxtakor» darvozasiga belgilangan 4 penaltiga oid skrinshotlar keltirilgan.

«Paxtakor» futbol klubi barcha yoshdagi milliy jamoalarga eng ko‘p nomzodlarni yetkazib berganligi bilan faxrlanadi. Ilk bor jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlari final bosqichi yo‘llanmasi qo‘lga kiritilishida ham jamoamiz tarbiyalanuvchilari hamda futbolchilarining o‘rni beqiyos bo‘lgan. Umid qilamizki, futbolimizda adolat bor va hakamlar mavsum davomida bellashuvlarni odilona boshqarib borishadi. Vaziyat «Paxtakor» futbol klubining hafsalasini pir bo‘lishigacha yetib bormagan.

Biz nafaqat jamoamiz, balki Superliga, Proliga va birinchi liga uchrashuvlarining barchasida adolatli hakamlik bo‘lishini xohlaymiz. Chunki o‘zbek futbolini yanada rivojlantirish uchun hamisha halol va adolatli o‘yinlar zarur deb hisoblaymiz», – deyiladi klub bayonotida.

Ma’lumot uchun, o‘yinda Temur To‘xtasinov boshchiligidagi hakamlar brigadasi ishladi.



Source link

Continue Reading

Sport

«MYu» kuchli uchlikda, Rafinyada het-trik

Published

on


«Liverpul» so‘nggi daqiqada g‘alabani qo‘ldan chiqardi va to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarila olmadi; «Barselona» «Real» bilan oradagi to‘rt ochkolik farqni tikladi.

Angliya: Fernandesh va Kazemironing rekordlari

«Manchester Yunayted» – «Aston Villa» 3:1

Gollar: Kazemiro, 53 (1:0). Barkli, 64 (1:1). Kunya, 71 (2:1). Sheshko, 81 (3:1)

«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Yoro, Shou, Dalot, Kazemiro (Ugarte, 90+1), Maynu, Brunu Fernandesh, Kunya, Diallo, Mbemo (Sheshko, 75)

«Aston Villa»: Martines, Konsa, Mings, Din (Matsen, 82), Bogard, Barkli (Duglas Luis, 82), Onana, Makginn (Beyli, 61), Buendiya (Garsiya, 86), Rodjyers, Uotkins (Abraham, 60)

Ogohlantirishlar: Kazemiro, 60. Yoro, 72. Maguayr, 90 – Uotkins, 41. Buendiya, 69

Angliyada «Liverpul» va «Tottenhem» to‘qnashuvi ko‘pchilik tomonidan yakshanba oqshomidagi markaziy bahs sifatida qaralgan bo‘lsa-da, turnir jadvalidagi vaziyat jihatidan «Old Trafford»dagi o‘yinga ham e’tibor katta edi. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rindagi bu jamoalar «Chelsi»ning shanba kungi yo‘qotishidan foydalanib, oldinga chiqib ketish imkoniyatiga ega edi. Ammo mas’uliyat yuqoriligi o‘yinning tomoshabopligiga zarar yetkazdi, ayniqsa «Aston Villa» ancha ehtiyotkorlik bilan o‘ynadi.

Birminghemliklar jamoasi birinchi bo‘limda birorta xavfli vaziyat yaratmadi. «MYu» esa taxminan 20-daqiqalardan tashabbusni qo‘lga oldi va muvaffaqiyatli pressing evaziga bosimni oshirdi. Buning ortidan mezbonlar ikkita xavfli vaziyatlarga ham ega bo‘ldi. Birinchi holatda standart vaziyatda Maguayr to‘pni Dialloga qulay qilib tashlab berdi, ammo Martines bosh bilan uzoq burchagiga yo‘llagan murakkab zarbani qaytarib qoldi. Ikkinchi holatda esa Diogu Dalotning qulay nuqtadan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p yuqoriga ketib qoldi.

«Qizil iblislar» tanaffusdan keyin bosimni yanada kuchaytirdi, 53-daqiqada Fernandeshning burchakdan uzatmasini Kazemiro golga aylantirdi. Braziliyalik yarimhimoyachi uchun bu joriy mavsumdagi yettinchi gol bo‘ldi va u «Real»dagi faoliyatida qayd etgan eng yaxshi natijasini yaxshiladi, e’tiborli jihati bu gollardan beshtasida unga Fernandesh assistentlik qilgan.

Portugaliyalik sardor bu orqali mavsumdagi golli uzatmalari sonini 15 taga yetkazdi va bu borada klub rekordini takrorladi (Bekhemda ham 1999/2000 yillar mavsumida 15 ta assist bo‘lgan).

Lekin o‘tkazib yuborilgan gol «Villa»ni uyg‘otib yubordi. Mehmonlar diqqatni jamlab oldi va jiddiy kurash taklif eta boshladi. Avvaliga Onana xavfli zarba berganida Lammens o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. Keyin esa uzoq cho‘zilgan hujumlardan biri Barkli Dinning qanotdan uzatmasini golga aylantirishi bilan yakunlandi – 1:1.

Mehmonlar muvaffaqiyatni rivojlantirishga urinib, yana ketma-ket hujumlar uyushtirishdi. Ammo bu o‘z navbatida jamoa himoyasida bo‘shliqlar yuzaga kelishiga olib keldi va mezbonlar bundan foydalandi. Fernandesh himoyachilar ortiga ochilayotgan Kunyani o‘z vaqtida to‘p bilan ta’minladi va golli assistlar soni bo‘yicha klub rekordini yangilab qo‘ydi. Endi uning qarshisida APL rekordini yangilash (bu boradagi rekord Anri va De Bryuynega tegishli – 20 tadan assist) vazifasi turibdi.

Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Sheshko esa navbatdagi golini urdi va yakuniy natijani o‘rnatdi. Bu g‘alabadan keyin Maykl Kerrik jamoasi uchinchi o‘rinni mustahkamladi va ikkinchi o‘rin uchun kurashga qo‘shildi. Endi «Siti» bilan oradagi farq 7 ochkoni tashkil etmoqda. Qatorasiga uchinchi mag‘lubiyatdan keyin uchinchi o‘rindan uch ochkoga ortda qolayotgan «Villa» esa «Chelsi» va «Liverpul»ni o‘ziga yaqinlashtirib oldi.

«Liverpul» – «Tottenhem» 1:1

Gollar: Soboslai, 18 (1:0). Risharlison, 90 (1:1)

«Liverpul»: Alisson, Gomes, van Deyk, Roberson, Soboslai, Makallister (Kiyeza, 90+1), Gravenberh, Virs (Jons, 64), Ngumoha (Saloh, 64), Frimpong (Ekitike, 64), Gakpo (Nioni, 83)

«Tottenhem Hotspur»: Vikario, Dregushin, Danso, Spens (Olusesi, 76), Porro, Grey, Sarr, Tel (Kolo Muani, 75), Souza (Simons, 56), Risharlison (Rouzvell, 90+6), Solanke

«Tottenhem»da kadrlar muammosi davom etmoqda. Bu o‘yindan oldin jamoa xizmatlaridan foydalana olmaydigan futbolchilar soni 12 nafarga yetgandi. Natijada 19 yoshli Souza asosiy tarkibda debyut qilish imkoniga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, «Tottenhem» qaydnomasida bir necha bo‘sh joy qolib ketdi. Jamoa zaxira o‘rindig‘idagi maydon futbolchilari soni «Liverpul»nikiga qaraganda uchta kam edi. Va bu besh kishi Kolo Muani, Simons va 19 yoshli yuniorlar edi.

Lekin bungacha qatorasiga olti o‘yinda yutqazgan «Tottenhem» tarkibdagi muammolariga qaramay «Enfild»da munosib o‘yin ko‘rsatdi. Mehmonlar birinchi bo‘limda raqibga qaraganda faolroq harakat qilishdi va bir necha xavfli vaziyatlar yaratishdi. Souzaning o‘zi ikki gol urishi mumkin edi – u avvaliga Solankening qanotdan uzatmasini darvozaga to‘g‘rilab yubora olmadi, keyin esa uning olis masofadan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘sin ostiga kirib ketayotgan to‘pni Alisson qaytarib qoldi.

Ammo 20-daqiqada aynan Souza jarima maydoni yaqinida fol ishlatdi va to‘pga Soboslai yaqinlashdi. Vengriyalik yarimhimoyachi bu mavsumda jarima zarbalarini ajoyib ijro etishi bilan ajralib turibdi. U bu safar ham to‘pni to‘g‘ri darvoza to‘riga yig‘ladi va bu uning APL joriy mavsumida jarima zarbasidan urilgan to‘rtinchi goli bo‘ldi – bu «Liverpul» uchun rekord ko‘rsatkich.

Soboslai APL rekordini takrorlashi uchun yana bitta shunday gol kerak – ligada bir mavsumda jarimadan beshta golni faqat David Bekhem va Lauren Robert urishgan.

Shundan keyin «Liverpul» ikkinchi golni urib, o‘yin taqdirini hal qilishga urindi, chap qanotda boshlang‘ich tarkibda tushgan 17 yoshli Ngumoha faollik ko‘rsatdi, 36-daqiqada esa Gakpo olis masofadan yerlatib kuchli zarba berdi, Vikario bu safar ishonchli harakat qildi va to‘pni ustun tomon burib yubordi.

Bo‘lim oxirida esa yana mehmonlar faollashdi, Risharlison ikki bor boshda zarba yo‘lladi, ammo unga biroz aniqlik yetishmadi. Ushbu braziliyalik hujumchi ikkinchi bo‘lim boshida hisobni tenglashtirishga yaqin keldi, ammo yana Alisson o‘zini ko‘rsatdi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalariga borib jamoalar maydon markazini unutgan holda o‘ynashga o‘tishdi va ikki darvoza oldida navbati bilan xavfli vaziyatlar yuzaga keldi. Slot Ekitike va Salohni jangga tashladi: «Liverpul» vaziyatlar yaratishda davom etdi, ammo to‘p darvozaga kirishni xohlamadi.

«Tottenhem» ham taslim bo‘lishni istamadi va o‘yin oxirida to‘liq kuch bilan hujumga o‘tdi. 90-daqiqada raqib jarima maydonida bo‘sh qoldirilgan Risharlison baribir o‘z maqsadiga erishdi va hisobni tenglashtirdi. «Liverpul» esa 90+5-daqiqada baribir g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirishi mumkin edi, ammo Ekitike «to‘rtga ikki» nisbatidagi qarshi hujumni aniq zarba bilan yakunlay olmadi.

«Liverpul» bu muvaffaqiyatsizlikdan keyin to‘rtinchi o‘ringa chiqa olmadi, lekin «Chelsi»ning bir kun oldingi mag‘lubiyati tufayli beshinchi o‘rinni o‘zida saqlab qoldi. «Tottenhem» esa uzoq kutilgan ochko evaziga xavfli zonaga tushib ketmaydigan bo‘ldi.

Ispaniya: Gavining qaytishi

«Barselona» – «Sevilya» 5:2

Gollar: Rafinya, 9 – penalti (1:0). Rafinya, 21 – penalti (2:0). Olmo, 38 (3:0). Oso, 45 (3:1). Rafinya, 51 (4:1). Joau Kanselu, 60 (5:1). Sou, 90 (5:2)

«Barselona»: Garsiya, Kubarsi, Martin, Joau Kanselu (Arauxo, 66), Espart, Bernal (Yamal, 67), Olmo, Pedri (Fermin Lopes, 46), Rafinya (Gavi, 82), Barji (Kasado, 67), Levandovski

«Sevilya»: Vlahodimos, Nyanzu (Kastrin, 70), Gudel, Suaso (Vargas, 46), X. Sanches, Agume (Manu Bueno, 78), Sou, A. Sanches, Oso, Karmona (Mope, 46), Adams (Edjuke, 46)

Ogohlantirish: Suaso, 37

Birinchi davrada «Sevilya»dan uchralgan mag‘lubiyat (1:4) «Barselona» uchun joriy mavsumdagi eng og‘riqlisi bo‘lgandi. «Kamp Nou»dagi o‘yinda kataloniyaliklar o‘sha zarbani unutmaganini ko‘rsatib qo‘yishdi. O‘yin startidayoq hujumga qo‘shilgan Joau Kanselu jarima maydoni ichida Agumeni o‘ziga nisbatan fol ishlatishga majbur qildi va belgilangan penaltini Rafinya aniq ijro etdi.

Hansi Flik jamoasi Yamalning maydonda yo‘qligini sezdirmadi va bo‘lim o‘rtalarida Kanselu ikkinchi bor penalti ishladi – unga aldanib, gazonga yotgan himoyachi to‘pni qo‘li bilan to‘xtatib qoldi.

Rafinya bu safar ham 11 metrlik nuqtadan aniq zarba yo‘lladi. Bo‘lim oxirida esa andalusiyaliklar Olmoga qulay nuqtadan zarba berishga to‘sqinlik qila olishmadi va hisob yirik ko‘rinish oldi. Shundan keyin amalda «Barsa» bu turni ham turnir jadvalida to‘rt ochkolik farq bilan yakunlashiga hech kimda shubha qolmadi.

Hansi Flik shogirdlari ikki bo‘lim oxirida bittadan gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsa-da, o‘yinni to‘liq nazorat qildi va yirik hisobda g‘alaba qozonishni uddaladi. Ikkinchi bo‘lim boshida Rafinya «Barsa» safida uchinchi het-trigini nishonladi. Keyin esa Kanselu ham o‘z nomiga gol yozdirib qo‘ydi. O‘yin oxirlarida kataloniyalik muxlislarni xursand qilgan yana bir voqea ro‘y berdi: og‘ir jarohat tufayli 204 kundan buyon o‘ynamagan Gavi olqishlar ostida maydonga tushib keldi va Arauxodan sardorlik bog‘ichini qabul qilib oldi.



Source link

Continue Reading

Sport

«Neftchi» o‘z tarixidagi ilk g‘alabaga erishdi

Published

on


15-mart kuni Andijondagi «Bobur Arena» haqiqiy futbol bayramiga mezbonlik qildi. O‘zbekiston Superkubogi uchun kechgan shiddatli bahsda Farg‘onaning «Neftchi» klubi amaldagi chempion — «Paxtakor» ustidan g‘alaba qozonib, o‘z tarixida ilk bor ushbu sovrin egasi bo‘ldi.

O‘yin taqdirini 17-daqiqada Ratinio tomonidan kiritilgan yagona gol hal qildi. Islom Ismoilov shogirdlari uchrashuv davomida tartibli o‘yin namoyish etib, «sherlar»ning tinimsiz hujumlariga bardosh bera olishdi. Shu tariqa, Superliga peshqadami o‘z mavqeini yana bir bor isbotladi. E’tiborlisi, «Paxtakor» sakkizinchi marta finalda o‘ynayotgan bo‘lsa-da, oltinchi marta imkoniyatni boy berdi. Farg‘onalik muxlislar xotirasida bu kun uzoq kutilgan tarixiy zafar sifatida muhrlandi.

O‘zbekiston superkubogi

Neftchi — Paxtakor 1:0

15-mart. Andijon. «Bobur Arena»

Gol: Ratinio (17).

Neftchi: Botirali Ergashev, Farrux Sayfiyev, Anvar G‘ofurov, Boyan Siger, Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, Ratinio (Vladimir Yovovich, 72), Yovan Jokich, Jamshid Iskanderov (Ikrom Aliboyev, 72), Alisher Odilov (Asilbek Jumayev, 81), Abror Ismoilov (Xurshid G‘iyosov, 81), Stipe Peritsa (Zoran Marushich, 61).

Paxtakor: Vladimir Nazarov, Zaid Tahsin, Hojiakbar Alijonov, Ibrohim Ibragimov (Flamarion, 79), Akmal Mozgovoy, Rustam Turdimurodov (Pyotr Pajishek, 61), Doston Hamdamov (Hojimat Erkinov, 69) Bashar Resan (Oybek Bozorov, 69), Sardor Sobirxo‘jayev, Sherzod Nasrullayev, Muhammadrasul Abdumajidov.

Ogohlantirishlar: Ratinio (67), Anvar G‘ofurov (82).



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.