Jamiyat
Chirchiq daryosi qirg‘og‘ining o‘pirilgan qismini mustahkamlash ishlari boshlandi
11 iyun kuni Toshkent shahri, Bektemir tumani, Nurafshon mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosida joylashgan «Suv so‘ndirgich» inshootining oqim bo‘ylab o‘ng nishabligidagi beton qoplamasi hamda qirg‘oq bo‘yi mintaqasida o‘pirilish sodir bo‘ldi.
Suv xo‘jaligi vazirligi xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida atrofdagi bino-inshootlar, obektlar hamda aholi xonadonlariga zarar yetmagan, ayni vaqtda ular uchun hech qanday xavf mavjud emas.
Xabarga ko‘ra, suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev boshchiligidagi ishchi guruh voqea joyiga yetib borgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, tegishli tashkilotlar va Toshkent shahar hokimligi mas’ullaridan iborat tezkor shtab tuzilgan.
Ta’kidlanishicha, sodir bo‘lgan o‘pirilish holatini bartaraf etish ishlarini olib borish uchun 2 ta ekskavator, 10 ta samosval, 2 texnika hamda ishchi kuchi jalb etilib, Chirchiq daryosi qirg‘og‘ini mustahkamlash ishlari olib borilmoqda.
Ishchi guruhlar tomonidan Bektemir tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining oqim bo‘ylab ikki yon atrofida joylashgan fuqarolarning yashash xonadonlari va tadbirkorlik sub’yektlarida profilaktik suhbatlar o‘tkazilmoqda, ularga xavotirga o‘rin yo‘qligi tushuntirilmoqda.
Qayd qilinishicha, Chirchiq daryosida 11 iyun, soat 18:00 holatiga suv sathi 278 m3/sek ni tashkil etmoqda va daryo suvi kamaytirilmoqda.
Jamiyat
Samarqand Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati institutlarini birlashtirgan muloqot maydoniga aylandi
Bugun, 17-sentyabr kuni Samarqand shahrida «Demokratik taraqqiyotda fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati: O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi» mavzusida Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir 15-sentyabr — Xalqaro demokratiya kuniga bag‘ishlandi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbir BMT hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonalari, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, «Yuksalish» harakati, Progressiv islohotlar markazi, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, O‘zNNTMA hamda O‘zbekiston ayollar va qizlar uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.
Forum AQSh, Kanada, Belgiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Ispaniya, Fransiya, Shvetsiya, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlaridagi aql markazlaridan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar, shuningdek, mamlakatimizdagi jamoat tuzilmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, davlat organlari va OAV vakillaridan iborat 200 nafarga yaqin mutaxassisni bir davraga jamladi.
Ta’kidlash kerakki, har yili Xalqaro demokratiya kuni doirasida demokratiyaning zamonaviy rivojlanish tendensiyalari va dolzarb masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. 2026-yilda mazkur sana “Inson huquqlarini diqqat markaziga olib chiqish” mavzusi ostida o‘tkazilmoqda.
Forumning aynan Samarqand shahrida tashkil etilgani ham o‘ziga xos ramziy ahamiyatga ega. Asrlar davomida Samarqand Sharq va G‘arbni, turli xalqlar, madaniyatlar, dinlar va g‘oyalarni bog‘lab kelgan sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lib, bu zaminda taraqqiyot muloqot, o‘zaro hurmat, ilm-ma’rifat va hamkorlik bilan uyg‘un rivojlanib kelgan.
Xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra, bugungi kunda jahonda kuzatilayotgan geosiyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi, migratsiya jarayonlari, axborot makonida ishonchli axborotni ta’minlash bilan bog‘liq masalalar davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot hamda hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Bunday sharoitda demokratik taraqqiyotni ta’minlash, ijtimoiy barqarorlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, aholining qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur jarayonlarda fuqarolik jamiyati institutlari jamoatchilik nazoratini ta’minlash, inson manfaatlarini ilgari surish, aholi fikrini davlat organlariga yetkazishda muhim o‘rin tutmoqda.
Shu ma’noda, zamonaviy demokratik taraqqiyot davlat boshqaruvi organlarining ochiq va hisobdor faoliyati, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbuskorligi va faol ishtiroki bilan uzviy bog‘liq.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, jamoatchilik bilan muloqotni kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, inson manfaatlarini ta’minlash, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish borasida muayyan tajribalar shakllandi.
Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik muhitini mustahkamlash borasida ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyati alohida qayd etildi.
Xususan, «yashil» energetika sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, transchegaraviy suv resurslardan oqilona foydalanish, Orolbo‘yidagi ekologik muammolar hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni kuchaytirish O‘zbekiston mintaqaviy siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Shu bilan birga, har bir mamlakatda mazkur yo‘nalishlarni amalga oshirish o‘ziga xos tarixiy, milliy va institutsional xususiyatlarga ega. Bu esa mintaqada o‘zaro tajriba almashish, umumiy yondashuvlarni muhokama qilish va ilg‘or amaliyotlarni keng tatbiq etish uchun muhim asos yaratadi.
Shu jihatdan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasini qiyosiy o‘rganish, demokratik taraqqiyotning umumiy tendensiyalarini aniqlash, mavjud masalalarni tahlil qilish va istiqbolli vazifalarni belgilash forum muhokamalarining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
Ochilish marosimidan so‘ng forum o‘z ishini «Xalqchil boshqaruv va ijtimoiy sheriklik: islohotlarni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlari», «Inson manfaatlari va farovonligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli», «Yangi O‘zbekiston — Markaziy Osiyoda umumiy taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik drayveri» mavzulariga bag‘ishlangan uchta yonma-yon tadbirda davom ettirdi.
Sessiyalar doirasida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarida fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ekspertlar va NNTlar tarmoqlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mintaqada fuqarolik jamiyati institutlari uchun doimiy muloqot platformalarini rivojlantirish, ijtimoiy innovatsiyalar hamda samarali NNT amaliyotlarini ommalashtirish bo‘yicha qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Jumladan, Qozog‘istonning «Yermensay» jamoat birlashmasi rahbari Lyudmila Sengirbayeva mamlakatida mahalliy ijtimoiy muammolarni hal etishda «davlat — fuqarolik jamiyati — mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish» uch bosqichli modeli shakllanganini o‘rtoqlashdi.
Unda asosiy yondashuv an’anaviy ma’muriy boshqaruvdan fuqarolar va NNTlarni qaror qabul qilish jarayoniga jalb etuvchi ishtirokchi boshqaruvga o‘tishga qaratilganini bildirildi. Ta’kidlashicha, bu hamkorlik Fuqarolik forumi, vazirlik va hokimliklar huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda jamoatchilik nazorati instituti orqali amalga oshiriladi. Jamoatchilik kengashlari tarkibining kamida 70 foizini jamoatchilik vakillari tashkil etishi fuqarolar ovozini qarorlarga olib kirishga xizmat qiladi.
Tojikistonning «Iqtidor» jamoatchilik tashkiloti boshqaruv Kengashi a’zosi Nodira Rahmonberdiyeva jamoatchilik monitoringini davlat va aholi o‘rtasidagi samarali qayta aloqa mexanizmi sifatida e’tirof etdi. Xususan, jamoatchilik monitoringi davlat va aholi o‘rtasidagi samarali qayta aloqa mexanizmi sifatida muammoni aniqlashdan tortib ma’lumot to‘plash, faktni tekshirish, tahlil, tavsiya, davlat bilan muloqot va tavsiyalar ijrosini qayta kuzatishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni qamrab olishi kerakligi haqidagi fikrni ilgari surdi.
Ta’kidlash o‘rinliki, tadbirda ishtirok etgan xorijlik ekspertlar mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot mexanizmlarini takomillashtirish hamda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida qayd etdilar.
Forum global miqyosda demokratik institutlar oldida yangi chaqiriqlar yuzaga kelayotgan bir sharoitda Yangi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Forum yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarida fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashinuvini kengaytirish va mintaqaviy muloqotni rivojlantirishga qaratilgan rezolyusiya qabul qilindi.
Jamiyat
Bugun O‘zbekistonda harorat 34 darajagacha isiydi
O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, bugun O‘zbekistonda havo biroz bulutli, ba’zi joylarda o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat 29-34 daraja bo‘ladi.
Toshkentda havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat 31-33 daraja bo‘ladi.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida havo biroz bulutli, ba’zi joylarda o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat 22-27 daraja bo‘ladi.
Jamiyat
Behzodjon Karimov Davlat kadastrlari palatasi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi
Behzodjon Karimov Davlat kadastrlari palatasi raisi vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi etib tayinlandi.
Davlat kadastrlari palatasida tashkiliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Kadastr agentligi direktori Turdiyev Sadriddin Abdullayevich ishtirok etdi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Davlat kadastrlari palatasi raisi Valiyev Mohir Kamolovichning boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Davlat kadastrlari palatasi raisi vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi etib Karimov Behzodjon Ilhomovich tayinlangani ma’lum qilindi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Moxir Valiyevning kelgusi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tiladilar.
Jamiyat
Ayrim toifadagi fuqarolarga teatr, kino va konsertlar uchun vaucher berilishi mumkin
O‘zbekistonda «Ijtimoiy karta» orqali o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalarga teatr, kino va konsert tadbirlari uchun bepul va imtiyozli vaucherlar berish taklif qilinmoqda.
Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.
Loyihaga ko‘ra, har yili o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar uchun 500 mingta, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 100 mingta vaucher ajratish rejalashtirilgan.
Vaucherlar «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali elektron shaklda taqdim etiladi. Ularning miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizigacha bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, 2027-yil yanvarga qadar «Ijtimoiy karta» axborot tizimiga o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar, Ijtimoiy reyestrdagi oilalar farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalar haqidagi ma’lumotlarni integratsiya qilish taklif etilgan.
Loyihada madaniyat muassasalaridagi tadbirlar, chipta narxlari va kvotalar haqidagi ma’lumotlarni «Ijtimoiy karta» tizimiga elektron tarzda uzatish, shuningdek, vaucher mablag‘larini teatr, kinoteatr va konsert muassasalariga o‘tkazish mexanizmini joriy etish ham ko‘zda tutilgan.
Qaror loyihasi hozircha yakuniy hujjat emas. U qabul qilingan taqdirda, belgilangan tartib asosida kuchga kiradi.
Jamiyat
Bugun O‘zbekistonda havo harorati biroz ko‘tariladi
«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, bugun O‘zbekiston hududida kam bulutli, ayrim joylarda o‘zgaruvchan bulutli ob-havo kuzatiladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yo‘nalishda sekundiga 7–12 metr tezlikda shamol esadi. Harorat 28–33 daraja bo‘ladi.
Toshkentda kam bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yo‘nalishda sekundiga 3–8 metr tezlikda shamol esadi. Harorat 30–32 daraja bo‘ladi.
Respublikaning tog‘li hududlarida kam bulutli, ayrim joylarda o‘zgaruvchan bulutli ob-havo kuzatiladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yo‘nalishda sekundiga 7–12 metr tezlikda shamol esadi. Harorat 22–27 daraja bo‘ladi.
-
Jamiyat5 days ago
Qichqiriq mahallasidagi o‘zgarishlar ko‘zdan kechirildi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida Seulga keldi (foto)
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev Seuldagi Milliy yodgorlik majmuasiga bordi
-
Jamiyat4 days ago
Prezident O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishini ko‘zdan kechirdi (foto)
-
Jamiyat3 days ago
Murojaatlar bilan ishlashdagi kamchiliklar uchun 151 nafar xodim lavozimidan ozod etildi
-
Mahalliy3 days ago
Toshkentda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati ochildi
-
Sport3 days agoButunjahon shaxmat olimpiadasi mash’alasi O‘zbekistonga keltiriladi
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston va Koreya hamkorligiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi
