Iqtisodiyot
Bir yilda bitta mashinaga sertifikat cheklovi bekor qilindi: bu nimani anglatadi?
O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslar o‘z ehtiyoji uchun avtotransport vositasini import qilganida, bir yilda faqat bitta transport vositasiga muvofiqlik sertifikati berish cheklovi bekor qilindi. Bu amalda nimani o‘zgartiradi? Endi istalgan odam istagancha avtomobil olib kirib, sertifikat olishi mumkinmi? Kun.uz muxbiri shu mavzuda “Autodeklarant” loyihasi muallifi Azizbek Berdiyev bilan suhbatlashdi.
Muvofiqlik sertifikati – bu import qilingan avtomobilning O‘zbekistondagi texnik va xavfsizlik talablariga mos kelishini tasdiqlovchi hujjat. Oddiy qilib aytganda, mashina chetdan olib kelingandan keyin vakolatli tashkilotlar uning texnik reglamentlarga, xavfsizlik me’yorlariga va ekologik talablarga mosligini tekshiradi va mos kelsa, sertifikat beradi.
Bu hujjat avtomobilni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun kerak bo‘ladi. Sertifikatsiz mashinani YHXBBda ro‘yxatdan o‘tkazib, davlat raqami olish imkonsiz.
– Ko‘pchilik bu qarorni endi istalgan odam cheksiz mashina olib kirib sotishi mumkin, deb talqin qilyapti. Bu qanchalik to‘g‘ri?
– 2017 yilda qabul qilingan transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentga ko‘ra, jismoniy shaxslar shaxsiy ehtiyoji uchun transport vositasi import qilganida, bir yilda faqat bitta transportga sertifikat olishi mumkin edi. 2018 yilda bu cheklov yuridik shaxslarga nisbatan ham tatbiq etildi. Lekin amalda mazkur cheklovning ishlay boshlashi 2024 yil aprel oyiga to‘g‘ri kelgandi.
Endilikda ana o‘sha cheklov, ya’ni bir yilda bitta sertifikatlash tamoyili bekor qilindi. Bu degani, jismoniy va yuridik shaxslar o‘z nomiga xohlagancha avtomobil import qila oladi degani.
Lekin shu tomoni bor: yuridik shaxslar o‘z nomiga xohlagancha avtomobil import qilsa va dilerligi yo‘q bo‘lsa, erta bir kun unda sotishda muammo bo‘ladi. Xalq tilida “schet-spravka” – hisob-ma’lumotnoma deyiladi, shu hisob-ma’lumotnoma asosida sotish kerak. Masalan, menda firma bor, firma nomiga bojxona rasmiylashtiruvini qilyapman, endi men bu import mashinani mijozga sotmoqchi bo‘lsam, hisob-ma’lumotnoma berishim kerak. Lekin rasmiy dilerligim yo‘q bo‘lgani uchun, yangi transport vositasi sifatida sota olmayman, faqat ikkilamchi bozorda – notarius orqali sotishim mumkin. Jismoniy shaxslarda esa bunday cheklov yo‘q.
– Bir yilda bir nechta avtomobil import qilgan fuqaro bilan, avtomobil savdosi bilan shug‘ullanayotgan fuqaro o‘rtasidagi farq qonuniy tartibga solinmagan, to‘g‘rimi?
– Shunday, hozirgi kunda fuqaro o‘z nomiga uchta, to‘rtta yoki beshta avtomobil import qilgandan keyin uning faoliyati tijoriy faoliyat deb atalishi to‘g‘risida hech qanaqa qaror yoki biror norma yo‘q. Endi menga kelgan insayd xabarlar bo‘yicha, yaqin bir-ikki oy ichida shu narsaga o‘zgartirish kiritilishi ehtimoli bor ekan. Chunki faktik o‘ylab qarasa ham, masalan, bu yerda 100 ta avtomobil import qilgan yuridik shaxs va 100 ta avtomobil import qilgan jismoniy shaxs o‘rtasida baribir farq bor. Yuridik shaxs qimmatroq sotadi, chunki u soliq to‘laydi, boshqa narsalar to‘laydi. Jismoniy shaxs nisbatan arzonroq sotadi va shuning uchun ham, menimcha, yaqin orada bunga oydinlik kiritilsa kerak
– Sertifikat bo‘yicha cheklov bekor qilindi. Amalda bundan eng ko‘p kim yutadi?
– Endi, baribir, fuqarolar yutsa kerak, chunki firmalar hozir ham vositachilik shartnomasi asosida import qilyapti, chunki ularda dilerlik huquqi yo‘q. Lekin men o‘zim, masalan, o‘zimning nomimga uchta yoki to‘rtta avtomobilni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaza olmasdim avvallari, hozir menda shu imkoniyat bor. Vositachilik shartnomasi asosida import qilayotgan firmalarda bu imkoniyat hozircha yo‘q, chunki ularda dilerlik yo‘q. Agar dilerlik bo‘lsa, bemalol 10 ta, 100 ta yoki 1000 tagacha avtomobilni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaza oladi.
– Bu cheklovning olib tashlanishi bozordagi narxlarga ta’sir qilishi mumkinmi?
– Narxlar sezilarli darajada o‘zgarmaydi, sababi bojxona to‘lovlari o‘sha, sertifikatlash narxlari, logistika xarajatlari o‘zgarmadi. Faqatgina taklif ko‘payyapti bozorda, shuning hisobidan narx biroz tushishi mumkin. Unchalik katta farq bo‘lmasa kerak deb o‘ylayman.
Qolaversa, yaqinda Xitoy hukumati yangi avtomobillarni “ishlatilgan” deya rasmiylashtirib eksport qilish amaliyotiga qarshi choralar kiritdi. Unga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tkazilganiga 180 kun bo‘lmagan avtomobillarni eksport qilish ancha qiyinlashtirilgan. Shuning hisobiga ham hozirgi kunda ko‘pchilik baribir O‘zbekistondan avtomobil olishni ma’qul ko‘radi.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
