Jamiyat
“Uy ichidan o‘t o‘sib chiqyapti” – Rishtondagi namunasiz uylarning ahvoli
Farg‘ona viloyati Rishton tumani Yangiyo‘l mahallasida 2019 yilda foydalanishga topshirilgan namunali uylarning devorlari yorilib, poydevorlari cho‘kib, kundan kunga xarobaga aylanib boryapti. Fuqarolar oyma-oy kredit to‘lashga majbur, quruvchi esa uylar sifatli qurilganini da’vo qilyapti.
Kun.uz’ga murojaat qilgan mulkdorlarning aytishicha, muammo tegishli idoralar tomonidan o‘rganilgan ham, lekin amaliy natija bo‘lmayapti.
“Yurak hovuchlab yashayapmiz”
Adhamjon Muhammadaliyev:
— Yashayotgan uyimizni 2018 yilda shartnoma asosida kreditga olgan edik. Uyni 2019 yilning iyun oyida bitkazib topshirishgan. Boshlang‘ich to‘lov 17 mln so‘m bo‘lgan. Shartnoma qilishdan avval loyihalarni ko‘rgan edik, ma’qul kelgandi.
Uyni qabul qilib oldik, lekin o‘shanda ham bitmagan, chala joylari bor edi. “Ha mayli, o‘zimiz qilib olamiz” deb olaverganmiz-da. Oradan bir yil o‘tib, bir qishni, yog‘ingarchilikni ko‘rganidan keyin devorlarda yorilishlar paydo bo‘ldi. Holat bo‘yicha tegishli tashkilotlarga chiqqanimizda kelib o‘rganishib, “yashashga yaroqli” deya xulosa berib ketishdi.
Vaqt o‘tishi bilan uyning holati yomonlasha boshladi. Qayta ta’mirladik. Ta’mirdan keyin yana qayta yorilishlar kuzatildi. Yamoq joyini yamaymiz, yoriq joyini tuzatamiz, keyingi yilga yana o‘sha holiga qaytib qolaveradi. Pollar cho‘kib ketgan, uyning bir tarafi “tashlab yuborgan”, cho‘kib qiyshayib yotibdi. Hozir ham asosiy devorlar yoriq.
Shu mahallaning o‘zida 100 dan ortiq namunali uylar qurilgan. Ularning ko‘pi abgor holatga kelib bo‘ldi. Qisqa qilib aytganda, bizga va’da qilingan loyihadagi uyning 50 foizi ham amalga oshmagan.
Hech kimning boshiga solmasin, agar kuchliroq zilzila bo‘lsa uy bizni bosib qoladi. Seysmik bardoshlik deyarli yo‘q. Yurak hovuchlab yashayapmiz.
Pollar 5-10 santimetr cho‘kkan. Asosiy devor cho‘kkani uchun uyni ushlab turadigan boshqa bir devor ham yorilib ketgan. G‘ishtlari, plitalari ham yorilgan. Kechalari dirsillagan yoriq ovozlarini eshitamiz.
Adhamjon Muhammadaliyev
Muammoni hal qilaman deb, tegishli tashkilotlarga qilgan murojaatlarim bilan yarim sandiq javob xati yig‘dim, natija esa yo‘q.
Uyni buzib tashlab, qayta qurmasa bo‘lmaydigan ahvolda. Boshqa chorasini ko‘rmayapman. Quruvchi bilan gaplashsam, aybni o‘zimizga ag‘daryapti. “Avariya” holatiga kelib bo‘lgan uyni ta’mirlab beray demaydi.
“Uyimdan o‘t o‘sib chiqyapti…”
Murodil Akbarov:
— Eshitganlarga kulgili, erish tuyulishi aniq: men yashaydigan uyning ichidan o‘t o‘sib chiqyapti. Yulaveraman, yana o‘sib chiqaveradi. Pollar cho‘kib ketgan, shuvoqlari to‘kilib yotibdi. Devorlar yorilib ketgan. Bu ketishda bir-ikki yilda uy bizni bosib qoladi. Zo‘rg‘a yashayapmiz qo‘rqanimizdan.
Murodil Akbarov
Kottejga kelganimga besh yil bo‘ldi. Oyma-oy kredit to‘laymiz. Qani endi to‘lovimiz sifatli uyga amalga oshsa ekan, bajonidil og‘rinmasdan to‘lardik. Ahvolni qarang… Yashab bo‘lmayapti-ku. Tom bosib qoladimi deb qo‘rqaman, kechasi bemalol uxlay olmayman.
Arz qilaverganimizdan keyin quruvchilar bir-ikki marta kelib, aybni unisi-bunisiga ag‘darib qochib ketishdi. Kuchliroq yer qimirlasa, ahvolimiz voy bo‘ladi bu ketishda.
Quruvchi: “Uylarni sifatli qurganmiz”
Holat yuzasidan namunali uylarni qurgan “Madina” xususiy korxonasi rahbari Mirzaakbar Mansurov bilan telefonda orqali suhbatlashdik. U uylar yorilganini rad etdi. Imoratning cho‘kishiga esa uy egalarining o‘zi sababchi ekanini ta’kidladi.
“Uyning rasvo bo‘lganining sababi bor: uyni 1-2 yilda uyoq-buyog‘ini oqlab, kosmetik ta’mir qilib turish kerak. Devorlar, g‘ishtlar “cho‘tkiy”, mustahkam. Lekin uylar qarovsiz qolib ketgan-da, hech kim qaramagan”, – dedi u.
Firma rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Kun.uz’ga murojaat qilgan namunali uyda yashovchilarning o‘zlari imorat tagiga ataylab suv bostirishi oqibatida cho‘kish hosil bo‘lgan.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat3 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Mahalliy5 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Siyosat3 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat3 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat2 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
