Iqtisodiyot
“6 foizlik QQSga avtomatik o‘tilmaydi”
O‘zbekistonda kichik biznes uchun soliq yuki va ma’murchiligi sezilarli yengillashdi. Tadbirkorlarning xohish-istaklaridan kelib chiqib, QQS va foyda solig‘i to‘lovchisiga aylanish mezoni 5 mlrd so‘mgacha oshirildi. Savdo, servis va umumiy ovqatlanish sohalari uchun soddalashtirilgan, 6 foizlik ixtiyoriy QQS rejimi joriy etildi.
Xo‘sh, bu yangiliklar amalda nimani anglatadi? Kun.uz yangi tartibot bo‘yicha biznesni qiziqtirayotgan savollarga soliq maslahatchilari Murod Muhammadjonov va Umidbek Safarovdan javob oldi.
– 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan yangi chegaradan kimlar foydalanishi mumkin? Yillik aylanmasi 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan biznes bu yangiliklar borasida nimalarni bilishi kerak?
Murod Muhammadjonov: 5 milliardgacha degan narsaga oldin kichkinagina bir aniqlik kiritib ketsak. Bong urilib, hamma joyda 5 milliard deyilyapti. Ertaga, hurmatli tadbirkorlar, 5 milliardgacha qilib qo‘ymanglar, chunki farmonda yozilgan chegara – 12 ming BHM. Bu – 4 milliard 944 million so‘mni tashkil qiladi. Shuning uchun ham bu narsaga alohida urg‘u beryapmiz.
Shu kunga qadar 1 milliardgacha bo‘lgan aylanmaga ega, aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilarining barchasi uchun endi qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish chegarasi 4 milliard 944 mln, ya’ni qariyb 5 milliardgacha qilib belgilandi. Bu – aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilarning barchasiga tegishli. Hozirgi kunda ishlab kelayotgan, yangi ochilgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham, MChJ, xususiy korxonalar – hammaga taalluqli. Aylanmadan olinadigan soliqda ishlayman deydigan bo‘lsa, uning chegarasi endi 1 milliard emas, 4 milliard 944 mln so‘m.
Endi, aynan 2026 yil haqida gapiradigan bo‘lsak, bu yil uchun qariyb 5 milliardlik chegaraning besh oyi o‘tib bo‘ldi. Shu sabab 5 milliardni 12 ga bo‘lib, qolgan oylar soniga – 7 ga ko‘paytirsak, joriy yil uchun QQSga o‘tish chegarasi kelib chiqishi mumkin. Lekin bu – taxmin xolos, bu masalaga Soliq qo‘mitasi aniqlik kiritishi kerak. Aniqlik kiritilmagunga qadar, AOSda qolishni istovchi tadbirkorlar 2026 yil uchun chegara 5 milliard bo‘lmasligi mumkinligini inobatga olishlari kerak. Yilning qolgan davri – 7 oylik chegaraviy miqdor 2 mlrd 884 mln so‘m bo‘lishi, 5 milliardlik mezon 2027 yildan to‘laqonli amal qila boshlashi mumkin.
– Aylanma 5 milliard so‘mdan oshgan taqdirda, nima sodir bo‘ladi? Umumbelgilangan soliqqa tortish tartibiga o‘tish majburiyati qaysi sanadan boshlab hisoblanadi?
Umidbek Safarov: Bu boradagi normalar o‘zgargani yo‘q: belgilangan chegaraning xatlab o‘tilishi qaysi hisob-fakturaga to‘g‘ri kelsa, o‘sha hisob-faktura berilgan davrdan boshlab tadbirkor 12 foizlik QQS va 15 foizlik foyda solig‘i to‘lovchisiga aylanadi.
Shundan keyin tadbirkor hisob-kitob qilib, hisobga olish huquqisiz 6 foizlik QQS rejimiga o‘tmoqchi bo‘lsa, bu haqda soliq organini xabardor qiladi va keyingi oyning 1-sanasidan boshlab yangi rejimga o‘tgan hisobshanadi.
Murod Muhammadjonov: Deylik, chegara 5 mlrd so‘m, aylanma esa 4 mlrd 900 mln so‘mga yetgan deb olaylik. Shunday holatda keyingi hisob-faktura 600 mln so‘mga berilgan taqdirda, ko‘p tadbirkorlar 100 millioniga AOSda qolaveraman, 500 milliondan QQS to‘lashim kerak deb tushunadi. Lekin bunday emas. 5 milliarddan o‘tishiga sabab bo‘lgan schyot-fakturangiz hammasi QQSga tortiladi, ya’ni 600 millionning hammasi.
Boshqacha oladigan bo‘lsak, aylanmangiz 1 mlrd bo‘lgan holatda, 4 mlrd 200 mln so‘mlik hisob-faktura bersangiz, aylanmangiz jami 5,2 milliardga yetadi va o‘sha 4,2 mlrd so‘mlik aylanma ham to‘liqligicha QQSga tortilib ketadi. Mana shunga hushyor bo‘lishi kerak. Ko‘pchilik shu joyda adashadi.
– Bunda qanaqa soliq oqibatlari yuzaga kelishi mumkin?
Murod Muhammadjonov: Birinchidan, yuqoridagi misolda tadbirkor QQSga o‘tib ketdi, lekin hali guvohnoma olmadi. Guvohnoma olmasdan turib, unda hisob-faktura shakllantirilgan. QQS guvohnomasi bo‘lmasa, sizda hisobga olish huquqi yo‘q hali. Siz QQS to‘lovchisiz, lekin guvohnomangiz yo‘qligi sabab hisobga olish huquqingiz hali vujudga kelmagan. Bu degani, sizda o‘sha 600 millionga oshib ketib qolgan bo‘lsa, oshib ketgan summaning hammasiga to‘liq 12 foizlik QQS solinadi. Ya’ni bu 600 millionlik aylanmani hisobga olib, keyin bir qismini qaytarishning imkoni yo‘q, chunki hali QQS to‘lovchisi guvohnomasini olmagansiz.
6 foizlik yangi soliq tartibiga ixtiyoriy ravishda o‘tiladi. Ya’ni 5 mlrd so‘mlik chegaraga yetgan tadbirkor avvaliga avtomatik ravishda 12 foizlik QQS to‘lovchisiga aylanadi va ixtiyoriy ravishda, hisob-kitob qilib ko‘rgan holda, 6 foizlik rejimga o‘tishi mumkin. Shuning uchun, hurmatli tadbirkorlar, hushyor bo‘linglar: qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tib ketdi deganda, sizlar avtomatik 6 foizligiga o‘tib qoldinglar degani emas.
Shuning uchun 5 milliard so‘mlik chegaraga yaqin qolganda, agar 6 foizlik tartibotga o‘tmoqchi bo‘lsangiz, “soddalashtirilgan qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘taman” degan arizani berib, keyin o‘tgan maqbul. O‘tib ketib qolsam, avtomat 6 foiz ekan degan narsa yo‘q.
To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Iqtisodiyot
Dollar kursi yana tushdi, yevro ko‘tarildi
Markaziy bank 2026-yil 16-iyundan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 1,98 so‘mga tushib, 11 979,83 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,26 so‘mga oshdi va 13 904,99 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 085,32 so‘m bo‘ldi (+4,53).
Rossiya rubli 164,99 so‘m etib belgilandi (-0,14).
Iqtisodiyot
Joriy yilda muhim minerallar bo‘yicha 12 ta loyiha ishga tushadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev sanoat uchun muhim minerallar xomashyo bazasini rivojlantirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Dunyoda texnologik metallar va muhim minerallarga talab keskin ortib bormoqda. Elektrotexnika, mashinasozlik, aviatsiya, energetika, tibbiyot va boshqa yuqori texnologiyali tarmoqlar uchun zarur bo‘lgan bunday xomashyo va mahsulotlar iqtisodiy xavfsizlik hamda sanoat raqobatbardoshligining muhim omiliga aylanmoqda.
Mamlakatimizda bu yo‘nalishda katta salohiyat bor. Lekin hozirgi vaqtda O‘zbekiston texnologik metallar kombinatining asosiy faoliyati asosan volfram va molibden ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmoqda. Vaholanki, yangi konlarni o‘zlashtirish, boyitish fabrikalari, gidro va pirometallurgiya zavodlarini qurish orqali 28 turdagi muhim minerallarni sanoat darajasida ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.
Taqdimotda ushbu salohiyatni to‘liq ishga solish bo‘yicha 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan rejalar ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, umumiy qiymati 4,2 milliard dollarlik 120 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu orqali tarmoq hajmini 2028 yilgacha 1 milliard dollarga, 2030-yilgacha 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi.
Joriy yilning o‘zida 166 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada yuqori soflikdagi selen, tellur va reniy kabi 3 turdagi yangi metall, kukun metallurgiyasi asosida avtodetallar singari 21 turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hamda sulfat kislotasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, yangi quvvatlar hisobidan yuzlab ish o‘rinlari yaratiladi, budjet tushumlari va eksport imkoniyatlari ortadi.
Volfram va molibden bo‘yicha “xomashyo – qayta ishlash – tayyor mahsulot” zanjirini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi. Bu orqali faqat konsentrat yoki yarim tayyor mahsulot emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymatga ega metall kukunlari, qotishmalar, sterjenlar, simlar, sanoat uchun detallar va boshqa tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsad qilingan.
Buning uchun Chirchiq shahrida “Kelajak metallari” texnoparki va R&D markazining faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish belgilangan. U yerda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, yuqori soflikdagi metallar va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zarur sharoit yaratiladi.
Prezident texnopark va uning rezidentlariga yer uchastkalari hamda infratuzilmadan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar berish, startap loyihalarni moliyalashtirish dasturini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Markaziy Osiyoda muhim minerallar bo‘yicha yagona ilmiy-tadqiqot va texnologik markazni shakllantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Chirchiq shahrida tashkil etilayotgan nanotahlil laboratoriyasi geologiya, konchilik va metallurgiya loyihalari uchun zamonaviy tahlil xizmatlarini ko‘rsatadi. Laboratoriya to‘liq ishga tushgach, bir kunda 1 mingtagacha namuna tahlil qilinib, 6,5 million dollarlik import xizmatlari mahalliylashtiriladi, yana 4 million dollarlik xizmatlar eksporti yo‘lga qo‘yiladi.
Sohadagi loyihalarni tezlashtirish uchun geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, istiqbolli maydonlar va konlarni xalqaro standartlar asosida baholash, texnogen chiqindilarni qayta ishlash, xorijiy investorlar va texnologik hamkorlarni faol jalb qilish muhimligi qayd etildi.
Shu bilan birga, tarmoqda raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Geologik ma’lumotlarni yagona raqamli bazaga jamlash, qidiruv ishlarini 3D modellashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini real vaqt rejimida nazorat qilish, bozor tahlili va loyihalar boshqaruvini zamonaviy platformalar orqali tashkil etish vazifalari belgilandi.
Soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Toshkent davlat texnika universiteti bilan dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, Texnologik metallar kombinatida metallurgiya va materialshunoslik bo‘yicha 2 ta kafedra ochilgan. Ayni vaqtda universitetning 64 nafar talabasi ishlab chiqarish amaliyotini korxonada o‘tamoqda. Mutasaddilarga dual ta’lim qamrovini kengaytirish, o‘quv dasturlarini yangi loyihalar ehtiyojiga moslashtirish va bitiruvchilarni yuqori texnologik ishlab chiqarishlarga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari muhim minerallar sohasi yangi sanoat tarmoqlarini shakllantirish, eksportni ko‘paytirish, texnologik mustaqillikni ta’minlash va yuqori malakali ish o‘rinlari yaratishda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Mutasaddilarga 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan loyihalar ijrosini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Iqtisodiyot
Ushbu haftada joylarda harorat 43 darajagacha oshishi mumkin
Ob-havo bo‘yicha haftalik ma’lumot e’lon qilindi.
16-17-iyunda O‘zbekiston bo‘yicha beqaror ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Respublikaning ko‘pchilik viloyatlarida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi.
18-19-iyunda faqat markaziy va sharqiy viloyatlarda ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, O‘zbekistonning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Bugun va ertaga kunduzgi harorat 35-38 daraja, cho‘l hududlarda 39-41 daraja, eng chekka janubda 41-43 daraja bo‘ladi.
17-19-iyunda havo harorati 3-4 darajaga pasayadi.
Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 13-18 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang to‘zonlar bilan kuzatiladi. 15-17 iyunda shimolda va cho‘l hududlarda ba’zida 20-22 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkentda 15-16-iyun kunlari kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kunduzi 36-38 daraja bo‘ladi.
17-iyundan 19-iyungacha kunning ikkinchi yarmida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Harorat asosan 31-34 daraja bo‘ladi.
Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 12-14 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning jahon chempionatidagi ishtirokiga bag‘ishlangan esdalik tangalar sotuvga chiqariladi
O‘zbekistonning jahon chempionatidagi ishtirokiga bag‘ishlab 31,1 gramm og‘irlikdagi 100 ta oltin va 1000 ta kumush tanga zarb qilinadi. Esdalik tangalar 18 iyundan boshlab 690 ta tijorat banklari filiallarida sotuvga chiqarililishi rejalashtirilgan.
Markaziy bank O‘zbekistonning futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi tarixiy ishtirokiga bag‘ishlab cheklangan esdalik tangalarini chiqaradi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Esdalik tangalarining avers qismida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi logotipi, klassik futbol to‘pi chizmasi hamda “Tarixiy zafar. O‘zbekiston futboli jahon chempionatida – 2026” yozuvi aks ettiriladi.
Tangalar dizaynida milliy jamoa ramzi — “Oq bo‘rilar” ham o‘rin olgan. Revers qismidagi bo‘ri silueti futbolchilarning shijoati, jamoaviy ruhi va taslim bo‘lmas xarakterini ifodalaydi. Ushbu ramz 26 nafar futbolchi siluetini o‘zida mujassam etib, tarixiy natija butun jamoaning birdamligi va mehnati bilan qo‘lga kiritilganini anglatadi.
31,1 gramm og‘irlikdagi 100 ta oltin va 1000 ta kumush tangalar cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgan. Esdalik tangalar 18-iyundan boshlab 690 ta tijorat banklari filiallarida sotuvga chiqariladi. Sotuv narxlari va banklardagi mavjudlik bo‘yicha yangilangan ma’lumotlar Markaziy bankning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida har kuni e’lon qilib borilishi ko‘zda tutilgan.
Iqtisodiyot
2027 yilda 5 foizlik inflatsiya maqsadiga erishish yo‘lida jiddiy xatarlar ko‘rmayapmiz
Markaziy bank raisining so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiyotda yalpi talabning ishlab chiqarish salohiyatidan yuqori darajada saqlanib qolishi, shuningdek, fiskal xarajatlarning rejalashtirilgan ko‘rsatkichlardan oshishi – inflatsiyaga ta’sir qiluvchi asosiy ichki omillarni tashkil etadi.
Foto: Senat matbuot xizmati
O‘zbekiston Markaziy banki 2027 yilda 5 foizlik inflatsiya maqsadiga erishishda jiddiy xatarlarni ko‘rmayapti. Bu haqda MB raisi Timur Ishmetov 13 iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida ma’lum qildi.
Yalpi majlisda Markaziy bankning 2025 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobot eshitildi. Ishmetov senator Ikromxon Najmiddinovning savoliga javoban inflatsiyani maqsadli darajaga tushirish muddatlari so‘nggi yillarda bir necha bor qayta ko‘rib chiqilganini tan oldi.
Timur Ishmetovning aytishicha, inflatsiya dinamikasiga ichki va tashqi omillar ta’sir ko‘rsatadi. Markaziy bank prognozlari mavjud makroiqtisodiy sharoitlar asosida shakllantiriladi, biroq vaziyat o‘zgarsa, ular ham yangilanadi.
Markaziy bank raisi inflatsiyaga ta’sir qilgan omillardan biri sifatida 2024 yildan boshlab amalga oshirilayotgan energiya tariflarini bosqichma-bosqich liberallashtirish jarayonini tilga oldi. U, shuningdek, inflatsiyani yuqori darajada ushlab turgan yana ikki asosiy ichki omilni aytib o‘tdi.
“Inflatsiyaga ta’sir qiluvchi asosiy ichki omillar iqtisodiyotda yalpi talabning ishlab chiqarish salohiyatidan yuqori darajada saqlanib qolishi, shuningdek, fiskal xarajatlarning rejalashtirilgan ko‘rsatkichlardan oshishidir. Shu bilan birga, tashqi xatarlar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi”, – dedi Ishmetov.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy ichki xatarlardan biri – aholi daromadlari va pul massasining o‘sish sur’atlari tovarlar ishlab chiqarishi va taklifining o‘sishidan yuqori bo‘lib qolayotganidir. Bundan tashqari, budjet xarajatlarining rejalashtirilganidan ko‘proq oshirilishi ham qo‘shimcha inflyatsion bosim keltirib chiqarishi mumkin.
Tashqi omillar esa geosiyosiy keskinlik, jahon bozorlarida oziq-ovqat va yoqilg‘i narxlarining oshishi, shuningdek, logistika xarajatlarining ko‘payishi bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, Markaziy bank raisi hozirgi prognozlarda barcha asosiy xatarlar inobatga olinganini ta’kidladi.
“Bizning hozirgi prognozimizda barcha xatarlar hisobga olingan. Agar ular kutilganidan keskin farq qilsa, bu natijalarga ta’sir qilishi mumkin. Shunga qaramay, kelgusi yil prognozida 5 foizlik ko‘rsatkichga erishishga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan jiddiy xavflarni ko‘rmayapmiz”, – dedi u.
2026 yil may oyida yillik inflatsiya 5,5 foizgacha sekinlashdi. Bu – energiya tovarlari narxidagi yuqori baza ta’siri chiqib ketishi bilan bog‘liq: elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari o‘tgan yili 1 maydan oshirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu 1 iyundan ro‘y berdi.
-
Iqtisodiyot5 days agoMevalar nega qimmat?
-
Siyosat2 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Jamiyat2 days agoO‘zbekistonda qaysi fintex ilovalardan ko‘p foydalanilmoqda?
-
Mahalliy2 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat4 days ago“Ijtimoiy reyestr”dagi yosh oilalar uchun ijara xarajatlarini qoplash bo‘yicha onlayn xizmat ishga tushdi
-
Jamiyat3 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Sport3 days agoKolumbiya o‘yinini angliyalik hakam boshqaradi
-
Jamiyat5 days agoToshkentda 34 kilogrammdan ziyod narkotik moddalar musodara qilindi
