Sport
Davlatimiz rahbari «Sharq marvaridi – 2026» jahon chempionati g‘oliblarini tabrikladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Axaltaka otlari bo‘yicha «Sharq marvaridi – 2026» jahon chempionati g‘oliblariga tabrik yo‘lladi.
Tabrik matni:
Qadrli do‘stlar, aziz mehmonlar!
Avvalambor, xalqaro ot sporti musobaqasi yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan ushbu tantanali marosimda ishtirok etayotgan barcha yurtdoshlarimiz va muhtaram mehmonlarimizni chin dildan qutlayman.
Musobaqalarda yuksak mahorat va jasorat, milliy an’analarga sadoqat namunasini namoyon etib, ulkan natijalarga erishgan barcha g‘olib va sovrindorlarni samimiy tabriklaymiz.
Bugungi marosim azim poytaxtimizdagi muhtasham va fayzli «Ashxobod» bog‘ida o‘tkazilayotganida chuqur ramziy ma’no bor. Ushbu go‘zal maskan nafaqat o‘zining betakror me’moriy qiyofasi, balki o‘zbekva turkman xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va mushtarak ma’naviy ildizlarning yorqin timsoli sifatida alohida ahamiyatga ega.
Shu kunlarda mamlakatlarimiz vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalar va uning g‘oliblarini sharaflashga bag‘ishlangan mazkur tantanali tadbir ham xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Azal-azaldan ozodlik, mardlik, sadoqat, matonat va nafosat timsoli bo‘lib kelgan otga mehr va e’tibor Markaziy Osiyo xalqlariga xos bo‘lgan olijanob fazilat hisoblanadi. Hozirgi vaqtda ham qardosh ellarimiz ana shu bebaho merosni munosib davom ettirib, chavandozlik san’atini yanada yuqori bosqichga olib chiqayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Xalqaro miqyosda ot sportini rivojlantirish bo‘yicha Turkmaniston Prezidenti hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedov hamda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi, qadrli birodarim Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedov rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli mamlakat ulkan yutuqlarga erishmoqda, xalqaro maydonda o‘z mavqeini mustahkamlamoqda.
Dunyo hamjamiyati Turkmanistonning tinchliksevar, konstruktiv siyosatini, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va madaniy merosni boyitish borasidagi muvaffaqiyatlarini yuksak e’tirof etmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, qadimiy axaltaka yilqichiligi an’analarini munosib davom ettirish, uning shon-shuhratini butun dunyoga targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida qayd etish o‘rinli bo‘ladi.
Bugungi kunda axaltaka tulporlari nafaqat turkman xalqining milliy iftixori, balki butun mintaqamiz madaniy merosining noyob durdonasi sifatida qadrlanmoqda.
«Mustaqil betaraf Turkmaniston – maqsad sari intiluvchi qanotli tulporlar vatani», deb e’lon qilingan joriy yilda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xalqaro anjumanlar, ilmiy forumlar va bayram tantanalari dunyo xalqlarining chavandozlik san’atiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.
Yangi O‘zbekistonda ham milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ajdodlarimizdan meros noyob an’analarni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Xususan, milliy sport turlarini rivojlantirish, ot sportini ommalashtirish, nasldor yilqichilikni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy infratuzilmani yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mohir chavandozlar, tajribali sayislar va fidoyi mutaxassislarimiz bu sohadagi milliy maktablarning shon-shuhratini yuksaltirish, yosh avlodni azmu shijoat, vatanparvarlik va sog‘lom turmush tarzi ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shmoqdalar.
Biz kelgusida ham davlatlarimiz o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, azaliy do‘stligimizni yanada mustahkamlash yo‘lida barcha sa’y-harakatlarimizni safarbar etamiz.
Fursatdan foydalanib, musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan barcha g‘olib va sovrindorlarni yana bir bor samimiy muborakbod etaman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.
O‘zbek–turkman do‘stligi doimo bardavom bo‘lsin!
Sport
Jahon chempionatida bir nechta futbolchi doping bilan qo‘lga tushdi
Barcha o‘yinni yutqazgan Tunis milliy jamoasining sakkiz nafar futbolchisi doping-testi musbat natija ko‘rsatdi.
Tunis milliy jamoasining 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etgan kamida 8 nafar futbolchisi doping-testi musbat natija ko‘rsatdi, deb xabar berdi Daily Mail.
Tekshiruvlar o‘pkadagi nafas yo‘llarini bo‘shashtiruvchi dori — klenbuterol borligini ko‘rsatdi. U Butunjahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan taqiqlangan moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Biroq, keyinchalik rasmiylar moddaning mavjudligi Meksikadagi jamoa bazasida mahalliy go‘shtni iste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aniqladi.
Futbolchilarning klublari allaqachon vaziyatdan xabardor qilingan, biroq o‘yinchilarga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llanilishi dargumon.
Ba’zi mamlakatlarda, jumladan, Meksikada, klenbuterol chorvachilikda qoramollarning o‘sishini tezlashtirish uchun ishlatiladi, shu sababli ilgari ham sportchilarning organizmiga ovqat orqali modda tushishi holatlari qayd etilgan. 2011 yilda Meksikada bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 109 nafar futbolchi ijobiy test topshirgan, ammo FIFA va WADA oziq-ovqat ifloslanishini sabab qilib, sanksiyalar qo‘llamagan edi.
Tunis milliy jamoasi turnirda muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi: Shvetsiya (1:5), Yaponiya (0:4) va Niderlandiyaga (1:3) yutqazib, guruh bosqichidagi ishtirokini yakunladi.
Birinchi o‘yindan so‘ng federatsiya bosh murabbiy Sabri Lyamushini ishdan bo‘shatdi – Tunis jahon chempionatlari tarixida bir o‘yindan so‘ng murabbiyni almashtirgan ilk davlat bo‘ldi.
Sport
FIFA Rivaldo oldidagi qarzdorlik tufayli «Bunyodkor»ga transfer taqiqi qo‘ydi
Endi «Bunyodkor» yangi futbolchilarni PFL ro‘yxatidan o‘tkazolmaydi.
Braziliyalik sobiq futbolchi Rivaldo bilan hisob-kitob qilinmaguncha «Bunyodkor» futbol klubi yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi. Bu haqda FIFA 23 iyun kuni qaror qabul qildi va 2 iyul kuni O‘zbekiston Professional futbol ligasini (PFL) ogohlantirdi.
Avvalroq «Bunyodkor» braziliyalik sobiq futbolchisi oldida yuzaga kelgan qarzdorlikni rasman tan olgan bo‘lib, keyinchalik uni besh yil davomida bosqichma-bosqich to‘lab borish yuzasidan Rivaldo bilan kelishuvga erishgandi.
2024- va 2025-yilgi mavsumlar davomida klub besh yillik kelishuv doirasidagi majburiyatlarini bajardi. Biroq 2026 yilga kelib, klub ta’sischisi va bosh homiysi hisoblangan «O‘zbekneftgaz» AJ «Bunyodkor» futbol klubini moliyalashtirishni to‘xtatgach, klub joriy yilning may oyiga qadar amalga oshirilishi kerak bo‘lgan qarzning navbatdagi to‘lovini bajara olmadi.
Shundan so‘ng, Rivaldo FIFAga qayta shikoyat kiritdi. Qo‘shimchasiga, «Bunyodkor» bilan tuzilgan besh yillik kelishuv shartlari va unda nazarda tutilgan chegirmalar ham bekor qilindi.
Qayd qilinishicha, O‘zbekistonda yozgi transfer oynasi 10 avgustga qadar davom etadi, ammo «Bunyodkor» yangi futbolchilarni Liga ro‘yxatidan o‘tkaza olmaydi. Klub mavjud futbolchilar bilan mavsumni yakunlashi, shuningdek, taqiq kuchga kirguniga qadar «Bunyodkor» akademiyasi tarbiyalanuvchisi sifatida FIFA ro‘yxatida mavjud bo‘lgan yosh futbolchilarnigina keyinchalik o‘z qaydnomasiga qo‘shishi mumkin bo‘ladi.
Joriy yilning 23 iyun sanasidan keyin «Bunyodkor» futbol akademiyasiga qabul qilingan yosh futbolchilar ham mazkur taqiq doirasida klub uchun ro‘yxatdan o‘ta olmaydi.
Rivaldo oldidagi qarzdorlik qancha?
Avvalroq, «Bunyodkor»ga Rivaldo uchun jami 11 mln 164 ming 398 yevro miqdorida pul to‘lash majburiyati yuklatilgan edi. Ammo klub va futbolchi o‘zaro kelishuvga erishib, umumiy qarzdorlik summasi 7 mln 500 ming yevroga kamaytirildi.
«Bunyodkor» klubi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil uchun to‘lovlarni belgilangan muddatda to‘lashning imkoni bo‘lmagan.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, «Bunyodkor»ning yillik budjeti davlat tomonidan ajratiladigan 35 mlrd so‘mdan iborat. Rivaldoning 2028 yilgacha bo‘lib to‘lanadigan qarzining 2026 yil uchun to‘lovlari esa umumiy budjetning yarmini tashkil etadi. Shuningdek, davlat ham 35 mlrd so‘mdan braziliyalik futbolchining qarzini yopishga ruxsat bermagan.
O‘z navbatida, «O‘zbekneftgaz» ham hukumat topshirig‘iga asosan 1 yanvardan futbol klublarini moliyalashtirishni butunlay to‘xtatganini qayd etgan holda, kompaniya «Bunyodkor»ning Rivaldo oldidagi qarzini to‘lamasligini ma’lum qildi. Bu qarzdorlik klub majburiyati ekani bilan izohlanyapti.
Rivaldo 2008-2010 yillarda «Bunyodkor» sharafini himoya qilib, 61 o‘yinda maydonga tushgan va 31 ta gol urgan. U 2015 yilda faoliyatini yakunlagan.
Sport
JCh kundaligi. Ronalduda tarixiy gol, Modrichda alamli yakun
Krishtianu 20 yil ichida ilk bor jahon chempionati pley-off bosqichlarida gol urdi, ammo Portugaliya shu kuni turnirni tark etishi ham mumkin edi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda avvaliga portugallar g‘alaba golini urishdi, bunga xorvatlar tezda javob qaytarishdi, faqat bahsli ofsayd holati o‘yin overtaymda davom etishiga to‘sqinlik qildi.
Jahon chempionatida 1/16 final bahslari yakunlanib bormoqda. Bu oqshomda ham yorqin o‘yinlar bo‘lib o‘tdi: Portugaliya dramatik kechgan bahsda Xorvatiyani so‘nggi daqiqalarda mag‘lub etdi (2:1), Shveytsariya Jazoirdan kuchliroq chiqdi (2:0), Ispaniya esa Avstriyaga hech qanday imkon qoldirmadi (3:0).
Maydonlar tashqarisida ham qiziqarli voqealar bo‘lib o‘tmoqda. Fransiya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Rayan Sherki ruhiy qiyinchilikka uchramoqda, Germaniya futbol federatsiyasi Yulian Nagelsmanndan iste’foga chiqishni so‘radi, Lionel Messi va Argentina milliy jamoasi futbolchilari esa Mayamidagi aeroport uchish-qo‘nish yo‘lagida tintuv qilindi.
Ronaldu JCh pley-offidagi ilk golini urdi
Portugaliya – Xorvatiya 2:1
Gollar: Perishich, 53 (0:1). Krishtianu Ronaldu, 68 – penalti (1:1). Ramush, 90+4 (2:1)
Portugaliya: Koshta, Ruben Diash, Veyga, Nunu Mendesh, Joau Kanselu (Semedu, 63), Joau Nevesh, Vitinya (Bernardu Silva, 62), Brunu Fernandesh (Ramush, 63), Leau, Pedru Netu (Konseysau, 63), Krishtianu Ronaldu (Ruben Nevesh, 81)
Xorvatiya: Livakovich, Pongrachich, Shutalo, Perishich, Stanishich, Kovachich (Kramarich, 90+6), Modrich, Suchich, Baturina (Pashalich, 68), Vlashich (Gvardiol, 90+2), Budimir (Matanovich, 46)
Ogohlantirishlar: Ruben Diash, 17 – Modrich, 59. Perishich, 90
Bu 40 yoshli Luka Modrich uchun so‘nggi jahon chempionati ekani oldindan ma’lum edi. O‘yin arafasida Krishtianu Ronaldu ham ushbu turnirdan keyin Portugaliya milliy jamoasidagi faoliyatini yakunlashi haqida xabar tarqaldi va ushbu o‘yinga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi – bu kim uchun «so‘nggi raqs» bo‘lib qoladi?
Portugallar ilk daqiqalardan kuchli bosim uyushtirishdi va tezkor gol bilan hisob ochilishi mumkin edi, ammo Brunu Fernandesh bir hujum davomida ikki bor zarba berdi – uning birinchi urinishini darvozabon bartaraf etdi, ikkinchi zarbadan keyin to‘p yo‘lini imoyachi to‘sib chiqdi. Ko‘p o‘tmay Krishtianu jarima zarbasi tepish huquqiga ega bo‘ldi, ammo to‘p jonli devordan o‘tmadi. Keyinroq u
Netuning darvozabon hududiga oshirib bergan to‘pni darvozaga to‘g‘rilab yuborishga ulgurmadi.
Krish va jamoasi birinchi bo‘limda 9 bor zarba yo‘llashdi, ammo hisob ochilmay qoldi. Ikkinchi bo‘limda esa xorvatlar o‘yinni kuchaytirishdi va xavfli vaziyatlar yarata boshlashdi. Shunday hujumlardan birida Ivan Perishich jarima maydonida yolg‘iz qoldirildi va u buni kechirmadi. U to‘pni qabul qilish va o‘ziga bo‘ysundirish uchun yetarlicha vaqt bo‘ldi va uchinchi teginishda to‘p darvozabonning oyoqlaridan o‘tkazildi.
Shundan keyin o‘yin qizib ketdi: xorvatlarning yana bir goli Vlashichdagi ofsayd holati tufayli inobatga olinmadi. Bunga javoban uyushtirilgan hujumda Leau kuchli zarbasi bilan darvoza to‘sinini titratdi. Keyin esa Krishtianu Netuning himoyachilar ortiga havolatib yetkazgan to‘pga yetib bordi va bir harakat bilan darvozabonni dog‘da qoldirdi. Portugaliyalik hujumchi golni o‘z uslubida nishonlashga ulgurmadi va hakam yana ofsayd holatini qayd etdi.
Ammo shu kuni muxlislar baribir uning gol nishonlashiga guvoh bo‘lishdi. Portugaliya bosh murabbiyi Roberto Martines Vitinya, Netu, Kanselu va Brunu kabi futbolchilarni zaxiraga oldi, ammo Ronalduni qoldirdi. U esa himoyachi Renatu Veyga tomonidan ishlangan penaltini to‘pni markazga kuch bilan tepish orqali aniq ijro etdi. Bu uning jahon chempionatlari pley-off bosqichlarida urgan ilk goli bo‘ldi. Bu gol uchun 20 yil va 9 o‘yin kerak bo‘ldi.
O‘yinning qolgan qismida o‘yin shiddati yanada oshdi va Martines Ronalduni ham maydondan olishga qaror qildi.
Futbolchiga almashtirilishi yoqmagan bo‘lsa-da, u murabbiy qarorini qabul qildi va maydondan chiqishda unga qo‘l berdi.
Murabbiyning qarorini to‘g‘ri tushunish mumkin edi: Ronaldu hisobni tenglashtirganidan almashtirilguniga qadar o‘tgan 13 daqiqalikda xorvatlar uch marta qulay vaziyatga ega bo‘lishdi, ammo darvozabon Diogu Koshta Kovachich va Matanovichga gol urishga imkon bermadi, Suchich baribir darvozani ishg‘ol etganida esa, ofsayd holati qayd etildi.
O‘yinga qo‘shib berilgan 9 daqiqaning to‘rtinchisi o‘tib borayotganida esa Gonsalu Ramush qoida bo‘yicha gol urdi: u Leauning uzatmasiga barchadan baland sakradi va bosh bilan to‘pni darvoza to‘riga joyladi.
Ammo bu hali hammasi emasdi. Xorvatiya oxirigacha kurashdi va 90+13-daqiqada darvozani ishg‘ol etdi. Ivan Perishich chap qanotdan to‘pni jarima maydoniga oshirdi, xorvatlar hujumchisi Igor Matanovich to‘pga yetish uchun baland sakradi, ammo zarba bera olmadi.
To‘p yo‘l-yo‘lakay portugallar himoyachisi Renatu Veyganing boshiga tegib Mario Pashalichga bordi, uning teginishidan keyin esa to‘p darvozabon hududiga qaytdi va u yerga yetib kelgan Gvardiol Diashdan ildamroq harakat qilib, darvozani ishg‘ol etdi.
Xorvatlar golni nishonlashni boshladi, ammo bu quvonch uzoqqa cho‘zilmadi. Maydondagi ekranda gol tekshirilayotgani haqida yozuv chiqdi. Stop-kadrda Matanovich to‘pga sakragan vaqtda Pashalich ofsaydda ekani ko‘rsatildi.
To‘p Matanovichga tegib o‘tgani esa to‘pga o‘rnatilgan datchik orqali qayd etildi.
Shundan keyin to‘p Veygaga ham tegib o‘tgani o‘z ahamiyatini yo‘qotdi.
Ko‘p o‘tmay hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagi chalindi. Portugaliya keyingi bosqichga chiqdi va Ispaniya bilan o‘ynaydigan bo‘ldi, Modrichning milliy jamoadagi so‘nggi o‘yini esa alamli yakunlandi, unga taskin berish uchun portugaliyalik futbolchilar ham yetib kelishdi.
Ispanlar o‘yindan o‘yinga kuchaymoqda
Ispaniya – Avstriya 3:0
Gollar: Oyyarsabal, 36 (1:0). Porro, 66 (2:0). Oyyarsabal, 89 (3:0)
Ispaniya: Simon, Lyaport (Pubil, 90+3), Kubarsi, Kukurelya, Porro, Rodri, Pedri (Ruis, 90+3), Olmo (Merino, 71), Baena (Torres, 71), Yamal (Gavi, 85), Oyyarsabal
Avstriya: A. Shlager, Danso, Alaba, Laymer, Posh (Prass, 85), K. Shlager (Chukvuemeka, 46), Zayvald (Grillich, 46), Vanner, Zabitser, Shmid (Arnautovich, 60), Gregorich (Kalayjich, 60)
Ogohlantirish: Posh, 83
Avstriyaliklar guruh bosqichining so‘nggi turida Jazoir bilan o‘yinda (3:3) qahramonlik ko‘rsatib, 1/16 finalga chiqishgandi. Ralf Rangnik shogirdlaridan navbatdagi o‘yinda shu ruhda davom etib, ispanlarga kurash taklif etishi kutilgandi.
Ammo o‘yinda jamoalar saviyasidagi farq yaqqol sezilib qoldi. «Qizil furiya» ilk daqiqalardan to‘pni nazorat qildi va raqibga deyarli imkon bermadi. Uzoq davom etgan bosim nihoyat bo‘lim oxirlariga borib, Mikel Oyyarsabal hisobni ochishiga olib keldi.
Rangnik tanaffusdayoq ikki o‘zgarishga qo‘l urib, maydon markazidagi futbolchilarni almashtirdi, ammo bu o‘yinda hech narsani o‘zgartirmadi. Ikkinchi bo‘limda Pedro Porro va yana Oyyarsabal bittadan gol urib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirishdi.
Shveytsariya yurishini davom ettirdi
Shveytsariya – Jazoir 2:0
Gollar: Embolo, 10 (1:0). Ndoy, 46 (2:0)
Shveytsariya: Kobel, Elvedi, Akanji, Rodriges, Zakariyo (Vidmer, 87), Froyler, Jaka, Manzambi (Okafor, 71), Vargas (Rider, 71), Ndoy (Ebisher, 87), Embolo (Amduni, 83)
Jazoir: Zidan, Mandi, Bensebayni, Ayt Nuri, Belgali (Bulbina, 82), Bintolib (Budaviy, 71), Shaybiy, Zerruqiy (Hajam, 58), Auar (Guiri, 58), Mahrez (Hoji-Mussa, 71), Maza
Ogohlantirishlar: Shaybiy, 36. Budaviy, 72
Jazoir bu o‘yinda kutilmaganda to‘pga egalik qildi. Ammo bu shveysarlarning o‘ziga xos hiylasi bo‘lib chiqdi va Murat Yakin shogirdlari ikki bor qarshi hujumdan unumli foydalanishdi. Yevropa vakillarining ilk hujumiyoq gol bilan yakunlandi: 10-daqiqada Bril Embolo darvozabon hududiga yetib bordi va qanotdan oshirilgan to‘pga oyoq qo‘yib, hisobni ochdi. Shundan keyin ham afrikaliklar birinchi raqam ostida harakatlanishda davom etishdi, ammo chinakamiga xavfli vaziyatlar yarata olishmadi.
Ikkinchi bo‘lim boshida shveysarlar amalda o‘yin taqdirini hal qilishdi – Dan Ndoy jarima maydonida o‘ziga kelib qolgan to‘pni yerlatib, olis burchakka aniq yo‘naltirdi.
Jazoir yana o‘yinni o‘z nazoratiga oldi, ammo Gregor Kobel darvozasi qarshisida deyali hech narsa qila olmadi. O‘yinning qolgan qismida yevropaliklar hisobdan kelib chiqib o‘ynashdi va uchinchi gol uchun harakat qilishmadi, raqib esa ularning himoyasidan o‘ta olmadi. Yakunda Shveytsariya ishonchli hisobdagi g‘alabani saqlab qoldi va keyingi bosqichda Kolumbiya – Gana juftligiga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi.
Sherkining muammolari
Fransiya milliy jamoasi bu safargi jahon chempionatida boshqalardan bir bosh yuqori ko‘rinmoqda. «Uchranglilar» Senegal (3:1), Iroq (3:0), Norvegiya (4:1) va Shvetsiya (3:0) kabi raqiblarga hech qanday imkon qoldirmadi. Bunday natijalardan keyin jamoa ichkarisidagi muhit a’lo darajada ekani haqida tasavvur paydo bo‘lgandi. Ammo bunday bo‘lib chiqmadi.
L’Equipe ma’lumotiga ko‘ra, «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Rayan Sherki turnir mobaynida ruhiy muammolarni boshdan kechirmoqda. Futbolchiga yaqin kishilar jurnalistlarga u shaxsiy hayotidagi muammolar tufayli uyqusizlikdan aziyat chekayotganini xabar qilishgan. O‘yinlarga tushirilmayotgani esa muammoni yanada og‘irlashtirgan: u bu turnir davomida to‘rt o‘yinda jami 60 daqiqa ham maydonda bo‘lmadi.
Shu bilan birga, murabbiylar shtabi Sherkini tushunishga harakat qilmoqda. Shuning uchun Dide Desham shvedlar bilan o‘yindan keyin Rayan o‘ziga ochiqchasiga jahl qilganiga e’tibor qaratmagan.
Germaniyada ham iste’fo
Jahon chempionatini tark etgan jamoalar birin-ketin bosh murabbiylarini iste’foga chiqarmoqda. Paragvaydan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin (1:1, penaltilar bo‘yicha 3:4) Germaniya futbol federatsiyasi vakillari bosh murabbiy Yulian Nagelsmann bilan uchrashuv o‘tkazishgan va undan o‘z ixtiyori bilan iste’fo berishni so‘rashgan.
Yakunda 38 yoshli mutaxassis ham bunga rozi bo‘lgan. Yulian bo‘sh qo‘l bilan ketmaydi, unga 7 million yevro miqdorida tovon puli to‘lab berilishi kerak.
Uning o‘rniga esa Yurgen Klopp Germaniya milliy jamoasi bosh murabbiyi bo‘lishi kutilmoqda.
Bu jahon chempionatida qatnashgan jamoalarda yettinchi iste’fo bo‘ldi: Tunis guruh bosqichining birinchi turidan keyinoq Sabri Lyamushiga javob bergandi. Guruh bosqichi yakunlanganidan keyin Hen Men Bo (Janubiy Koreya), Stiv Klark (Shotlandiya) va Miroslav Koubek (Chexiya) iste’foga chiqdi. Pley-offdagi natijalardan keyin Ronald Kuman (Niderlandiya) va Sebastyan Bekkasese (Ekvador) ham lavozimini tark etgandi.
Messini ham tintuv qilishdi
Butun turnir mobaynida qaysidir jamoa diqqat bilan tekshirilgani haqidagi xabarlar chiqib turdi. Bu jarayondan Argentina milliy jamoasi ham chetda qolmadi.
Lionel Messi va uning jamoadoshlarini Mayamida metall detektorlar bilan kutib olishdi. Bu holatni jamoa sardori kinoya bilan qabul qildi: ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda Leo tintuv vaqtida tinimsiz kulib turganini ko‘rish mumkin.
Katta ehtimol bilan, uning bunday reaksiyasiga u doim «Inter Mayami» jamoasi safida ushbu terminaldan foydalanishi, ammo bu kabi xavfsizlik choralariga ilk marta duch kelgani sabab bo‘lgan.
Navbatdagi o‘yinlar
3 iyul kuni kechqurun va 4 iyulga o‘tar kechasi 1/16 finalning so‘nggi o‘yinlari bo‘lib o‘tadi:
3 iyul. 23.00. Avstraliya — Misr
4 iyul. 03.30. Argentina — Kabo-Verde
4 iyul. 06.30. Kolumbiya — Gana
Sport
JCh anonsi. Portugaliya va Ispaniyada jiddiy sinov
Bu oqshom o‘z faoliyatida 222 ta o‘yinni bir jamoada o‘tkazgan 41 yoshli Krishtianu Ronaldu va 40 yoshli Luka Modrich bir-biriga qarshi o‘ynaydi.
2 iyul kuni kechqurun va 3 iyulga o‘tar kechasi jahon chempionati 1/16 bosqichi doirasida Ispaniya – Avstriya, Portugaliya – Xorvatiya hamda Shveytsariya – Jazoir juftliklari ishtirokidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.
Ispaniya – Avstriya
2 iyul, 00:00. SoFi Stadium, Los-Anjyeles
Ispanlar guruh bosqichida kutilgan darajada kuchli o‘yin namoyish eta olmadi. Jamoa uchta o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi, Saudiya Arabistonini yirik hisobda mag‘lub etdi, ammo Kabo-Verde va Urugvayga qarshi ikki o‘yinda atigi bir gol bilan cheklandi. Avstriya esa kuchli pressing bilan o‘ynaydigan jamoa bo‘lib, asosiy ustunligi to‘pga egalik qilish hisoblangan Ispaniya uchun bu jiddiy noqulaylik tug‘diradi. Qolaversa, «qizil furiya» safida bu o‘yinda jarohatlar tufayli Niko Uilyams va Yeremi Pino ishtirok eta olmaydi, bu esa jamoaning hujum chizig‘i uchun jiddiy zarbadir.
Boshqa tomondan, avstriyaliklar guruh bosqichining so‘nggi turida Jazoirga qarshi kechgan o‘yinda juda katta kuch sarfladi (3:3), hayot-mamot o‘yinida jamoa so‘nggi daqiqalarda gol urib, pley-offga ilinib qoldi. Ralf Rangnik jamoasida superyulduzlar yo‘q, ammo uning ixtiyoridagi futbolchilarda o‘zaro o‘ynash ko‘nikmasi yaxshi shakllangan va bu tarkib har qanday grandga muammolar tug‘dira oladi. Bu futolchilar oldidagi asosiy vazifa – asta-sekinlik bilan formaga kirib borayotgan Yamalni to‘xtatish hisoblanadi. Qolgan raqiblarni zararsizlantirish nisbatan osonroq.
Yevropaning amaldagi chempionlari 1/8 finalga chiqadigan bo‘lsa, Portugaliya bilan o‘ynashi mumkin, bu esa futbol muxlislari uchun haqiqiy klassika bo‘lardi. Jamoalar oxirgi marta Millatlar ligasi finalida to‘qnashgan va o‘shanda kutilmaganda portugallar g‘alaba qozongandi, endi ehtimoliy o‘yin ispanlar uchun revansh olish imkoniyatiga aylanishi mumkin.
Portugaliya – Xorvatiya
3 iyul, 04:00. BMO Field, Toronto
Bu o‘yinga ko‘pchilik «Real»dagi sobiq jamoadoshlar – faoliyatidagi 222 ta o‘yinni bir jamoa safida o‘tkazgan, birgalikda to‘rt bor Chempionlar ligasi kubogini qo‘lga kiritgan Krishtianu Ronaldu va Luka Modrich dueli sifatida qaramoqda. Katta ehtimol bilan, bu safargi mundial yoshi 40 dan oshgan ushbu tajribali futbolchilar faoliyatidagi so‘nggi yirik turnir bo‘ladi va agar Xorvatiya yutqazadigan bo‘lsa, bu uning milliy jamoa safidagi oxirgi o‘yiniga aylanadi.
Ammo bu juftlikda boshqa intrigalar ham bor. Xorvatiya guruh bosqichini qiyin o‘tkazdi – Angliyadan to‘rtta gol o‘kazib yubordi (2:4), keyin esa Panama (1:0) va Gana (2:1) bilan o‘yinlarda qiynaldi. Ammo asosiysi – avlodlar almashinuviga qaramay, «shashkachilar» o‘ziga xos xarakterini saqlab qolganini namoyish etdi. Bu jamoa top-raqiblarga qarshi ikkinchi raqamda harakatlanishni, sabr qilish va sovuqqonlik bilan jazolashni biladi.
Portugaliya esa bu turnirda o‘z imkoniyatlari darajasida o‘ynay olmayapti – Roberto Martines shogirdlari guruhda faqat O‘zbekistonni mag‘lub etdi va 5 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Kolumbiyaga qarshi o‘yinda jamoa mag‘lubiyatga uchrashi ham mumkin edi. Ko‘ramiz, portugallar murabbiylar shtabi Ronalduni zaxira o‘rindig‘ida qoldirishga jur’at qila olarmikin yoki jamoaviy o‘yin zarariga tarkib tanlashda davom etarmikin. Nima bo‘lganda ham, asosiy mas’uliyat yarimhimoyachilar zimmasida bo‘ladi, yulduzli futbolchilar xorvatlar bilan o‘yinda maydon markazida ustunlik qilishi talab etiladi.
Krishtianuning o‘z kumiri faoliyati so‘nggida jahon chempionatida g‘olib chiqishiga umid qilgan fanatlari murakkab setkadan nolishi mumkin. Portugaliya xorvatlar to‘sig‘idan o‘tgan taqdirda ham, oldinda yanada kuchliroq raqiblar kutadi – 1/8 finalda Ispaniya, chorakfinalda Belgiya yoki AQSh, yarimfinalda Fransiya va Marokash kabi jamoalardan biri. Argentinaning yo‘li bilan solishtirib bo‘lmas darajada murakkab setka.
Shveytsariya – Jazoir
3 iyul, 08:00. BC Place, Vankuver
Taqdir Vladimir Petkovichni o‘zi ko‘p yillar boshqargan va 2020 yilgi Yevropa chempionati chorakfinaliga olib chiqqan sobiq jamoasiga ro‘baru qildi. Jazoir ushbu mutaxassis boshchiligida guruh bosqichini yomon boshlagandi – afrikaliklar birinchi turda Argentina qarshisida butkul ojiz qolishgandi (0:3), zatem keyin esa Iordaniya ustidan irodali g‘alabaga erishildi (2:1), so‘nggi turda esa Avstriya bilan o‘yinda gollar shousi uyushtirildi (3:3). Bu nima kutishni bilib bo‘lmaydigan beqaror jamoadir.
Murat Yakin boshqaruvidagi Shveytsariyada esa barchasi aniq ko‘rinib turadi – jamoa asosiy urg‘uni to‘pni nazorat qilishga, qanotlardan hujumlar uyushtirishga va tartibli himoyalanishga qaratgan. Qolaversa, jamoa safida ushbu turnir kashfiyotlaridan biriga aylangan 20 yoshli Joan Manzambi bor (u turnirda allaqachon 3 gol va bir golli assist muallifiga aylangan).
Petkovich Shveytsariyani ushbu turnirdagi istalgan boshqa murabbiydan yaxshiroq biladi, ammo yevropaliklar baribir ushbu juftlikda favorit hisoblanadi. Ushbu jamoa uzoqqa borishi mumkin – agar 1/8 finalga chiqsa, Kolumbiya – Gana juftligi g‘olibi bilan o‘ynaydi, faqat chorakfinalda chinakamiga top darajadagi raqib – Argentina duch kelishi mumkin.
Sport
Meksikada g‘alabani nishonlash chog‘ida 4 kishi halok bo‘ldi
Meksikada futbol bayrami fojiaga aylandi.
Futbol bo‘yicha Meksika milliy jamoasining jahon chempionati 1/16 finalida Ekvador ustidan qozongan g‘alabasini (2:0) nishonlash chog‘ida bir milliondan ortiq kishi Mexiko shahri ko‘chalariga chiqqan. Yuzaga kelgan tiqilinch oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan: 19 yoshli qiz, 48 yoshli ayol, 44 yoshli erkak va yana katta yoshli erkak.
Mexiko sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, uch kishi tiqilinchda bo‘g‘ilib qolgan, yana bir kishining yuragi xuruj qilgan.
Shahar rasmiylariga ko‘ra, eng ko‘p odam Mexiko shahri markazida, Mustaqillik ustunlari maydonida yig‘ilgan. Bu qadar ko‘p odam to‘planishining sababi Ekvador bilan o‘yindagi g‘alaba Meksika milliy jamoasi 1986 yildan buyon jahon chempionati pley-off bosqichlarida ilk bor g‘alaba qozonishi edi.
Mexiko shahri meri Klara Brugada qurbonlarning oila a’zolariga ta’ziya izhor etib, ularga imkon qadar yordam ko‘rsatilishini va’da qilgan. U shuningdek muxlislarni g‘alabani «har doim mas’uliyat bilan, boshqalarni hurmat qilgan holda nishonlash»ga chaqirgan.
Sog‘liqni saqlash departamentiga ko‘ra, favqulodda xizmatlar shaharning turli hududlarida, Paseo-de-la-Reforma shohko‘chasi bo‘yida hushini yo‘qotgan uch kishiga tibbiy yordam ko‘rsatganini ma’lum qilgan.
«Birinchi tibbiy yordam va yurak-o‘pka reanimatsiyasi o‘tkazilgandan so‘ng, jabrlanganlar ixtisoslashtirilgan davolash uchun tibbiyot muassasalariga o‘tkazildi», – deyiladi poytaxt sog‘liqni saqlash departamenti xabarida.
Lekin ularning uchalasi ham shifoxonada jon bergan, o‘lim sifatida nafas yetmay qolishi ko‘rsatilgan. Ularning shaxsi qarindoshlari tomonidan tasdiqlangan.
O‘yin boshlanishidan oldinroq Mexiko meri Klara Brugada shahar markazidagi Mustaqillik ustunlari maydoniga kelishni rejalashtirgan muxlislardan boshqa joyni tanlashni so‘ragandi, chunki bu vaqtga kelib maydon allaqachon odamlar bilan to‘lib-toshgandi.
Xabar qilishlaricha, tiqilinch vaqtida nafasi qisib qolgan yana o‘nlab kishilarga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda boshqalar bayram qilayotgani fonida tibbiyot xodimlari ahvoli og‘irlashib qolgan odamlar hayotini saqlab qolish uchun kurashayotganini ko‘rish mumkin.
Mexiko aglomeratsiyasida 20 milliondan ortiq kishi istiqomat qiladi, bu uni dunyoning aholi eng tig‘iz joylashgan shaharlaridan biriga aylantirgan.
Meksika milliy jamoasi Ekvador ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin 1/8 finalga chiqdi. Bu bosqichda turnir mezbonlariga Angliya milliy jamoasi raqib bo‘ladi.
-
Dunyodan5 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
24-iyunda dollar yana ko‘tariladi
-
Mahalliy5 days ago
Birov bildi, birov bilmadi…
-
Turk dunyosi4 days agoAsaddan keyin Suriya: Turkiya yuksaladi, Eron chidaydi
-
Dunyodan2 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Jamiyat1 day agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Dunyodan2 days ago
Tojikistonning Togri-Badaxshon muxtor viloyati raisining jasadi topildi.
-
Jamiyat2 days agoSog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
