Siyosat
Prezident «Matonat madhiyasi» yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni poytaxtimizdagi G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi.
Ikkinchi jahon urushining tugaganiga qariyb 81 yil bo‘ldi. Shuncha vaqt o‘tsa-da, urushning achchiq tarixi, u olib kelgan mislsiz kulfat va musibatlar insoniyat xotirasidan o‘chgani yo‘q. Aksincha, bu mudhish xotiralar bizga tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho ne’mat ekanini doimo eslatib turadi. 9-may – Xotira va qadrlash kuni zamirida ana shunday mohiyat mujassam.
Davlatimiz rahbari G‘alaba bog‘ida ushbu sana munosabati bilan tashkil etilgan xotira marosimida ishtirok etdi.
An’anaga muvofiq, Prezident Shavkat Mirziyoyev «Matonat madhiyasi» yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi. Mazkur muazzam obida urushda xalqimiz chekkan azob-uqubatlar, matonat va yo‘qotishlarning ifodasidir.
– Bugun oramizda sog‘-salomat yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari, barcha nuroniylarimizga alohida mehrimiz, ehtiromimizni izhor etamiz. Ushbu majmua buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan ko‘p millatli xalqimizning jasorati va qahramonligini tarannum etadigan tabarruk maskan, desak, to‘g‘ri bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fashizmga qarshi qonli janglarda o‘sha paytda 6 million 800 ming nafarni tashkil etgan aholimizning qariyb 2 million nafari ishtirok etgan. Shundan 540 mingga yaqini halok bo‘lgan, 158 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ortig‘i konslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar tufayli halok bo‘lgan, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytgan.
O‘zbekistonlik askar va ofitserlardan 214 mingga yaqini jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ularning jasoratidan dalolat beradi.
Mamlakatimiz urush yillarida frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylangan, jang maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, kiyim va oziq-ovqatlar yetkazib turilgan. G‘oyat og‘ir sharoitga qaramay, xalqimiz urush hududlaridan ko‘chirib kelingan 1 million 500 mingga yaqin insonni, jumladan, ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolani o‘z bag‘riga olib, mehr ko‘rsatgan.
Tadbirda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari va nuroniylar ham ishtirok etib, mazkur yodgorlik poyiga gullar qo‘ydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘idagi «Millat fidoyilari» xiyobonida ham bo‘lib, mustaqillik yillarida mamlakatimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
– Bir yil oldin mana shu hududda «Millat fidoyilari» majmuasini barpo etganimiz, albatta, bejiz emas. U Vatan himoyasi har bir avlodning muqaddas ishi ekani, vatanparvarlik an’analari davomiyligini eslatib turadi, – dedi Prezidentimiz.
Majmuada mustaqillik yillarida Vatanimiz ozodligi, el-yurtimiz tinchligi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan 196 nafar harbiy xizmatchi va huquq-tartibot organlari xodimlarining nomlari muhrlab qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbari ota-onalarga shunday bahodir, dovyurak farzandlarni dunyoga keltirib, haqiqiy vatanparvar etib tarbiyalagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Xalqimiz navqiron yoshda dushmanga qarshi o‘zini qalqon qilgan bunday fidoyi qahramon o‘g‘lonlarimizni hech qachon unutmaydi. 2025 yilning o‘zida bu majmuani 650 mingga yaqin yurtdoshimiz va xorijiy mehmonlar ziyorat qilgan.
Bu yerda ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tarix, vatanparvarlik, «Kelajak soati» darslari o‘tkazilmoqda. Bunday ishlar, ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega va ularni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Joriy yil buyuk Amir Temur bobomizning 690 yillik tavallud sanasi yurtimizda, chet ellarda keng nishonlanyapti.
Sohibqiron bobomizning davlatchilik, jasorat va qahramonlik mash’alasi bugun ham porlab turibdi. Bu ulug‘ an’anani jasur askar, ofitser va generallarimiz munosib tarzda davom ettirmoqda. Ular bizning katta boyligimiz, Vatanimizning ishonchli va mustahkam qalqonlari ekani ta’kidlandi.
– Bugun bu yerda saf tortib turgan «Temurbeklar maktablari» o‘quvchilari, mard harbiylarimiz timsolida Alpomish, Manguberdi va Amir Temurlarning yangi avlodini ko‘ramiz. Buyuk ajdodlarimizning boy merosi, ilm va tajriba maktabi nafaqat muzeylarimiz, balki qalbimizga ham qaytmoqda. Bamisoli ular qayta tirilib, Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini biz bilan birga barpo etmoqda. Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasini borib ko‘rgan har bir odam buni chuqur his etadi, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilganidek, Vatanni himoya qilish – davlat va xalq uchun hech qachon kun tartibidan tushmaydigan masala. Bu barchamiz uchun – muqaddas va buyuk burch. Ayniqsa, bugungi o‘ta tahlikali zamonda bu o‘n karra, yuz karra dolzarb bo‘lib bormoqda.
Joriy yil Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi katta tantana bilan nishonlanadi. Ushbu ulug‘ sana “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” degan ezgu shior asosida kutib olinayotgani zamirida, albatta, chuqur ma’no bor.
– Bugun yaqin-atrofimizdagi mintaqalarda bo‘layotgan qarama-qarshilik va urush-janjallarni ko‘rib turibmiz. Mana shunday murakkab vaziyatda milliy birlik va hamjihatlikni saqlash – eng katta kuch, eng katta boylik ekanini hayotning o‘zi yana bir bor tasdiqlamoqda. Vatanni himoya qilish – dunyodagi eng ulug‘ va sharafli ishdir. Bu haqiqatni chuqur anglab, harbiy qasamyodiga doimo sodiq bo‘lib kelayotgan botir va dovyurak o‘g‘lonlarimizga har qancha tasannolar aytsak arziydi, – dedi davlatimiz rahbari.
«Millat fidoyilari» xiyoboni kechayu kunduz jasorat ovozi yangrab turadigan, tinchlik uchun kurashga chorlaydigan qutlug‘ maskan bo‘lib qolishi, minglab, millionlab Vatan posbonlarini tarbiyalashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan o‘g‘lonlarimizning oila a’zolari va farzandlariga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
