Jamiyat
Mehnat munosabatlarini isloh qilishga doir qonun loyihasi qabul qilindi
Oliy Majlisda mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi. Hujjat mehnat sohasidagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, ishga qabul qilish jarayonlarini soddalashtirish va xodimlar huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga qaratilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, ishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati sezilarli darajada qisqartirilmoqda. Yangi tartib bo‘yicha fuqaroni ishga olishda asosan uning shaxsiy identifikatsiya raqami talab etiladi. Faqat harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar qo‘shimcha ravishda harbiy guvohnoma yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi hujjatni taqdim etadi.
Shu bilan birga, mehnat munosabatlarini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, ishga kirishda elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma taqdim etish amaliyoti bekor qilinishi nazarda tutilmoqda. Elektron raqamli imzo yoki biometrik identifikatsiya — Face-ID orqali tasdiqlangan hujjatlar yuridik jihatdan qo‘lda imzolangan hujjatlar bilan tenglashtiriladi.
Hujjatda ish joyida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishga oid normalar ham mustahkamlangan. Unga ko‘ra, bunday holatlarni taqiqlash, ularning oldini olish va jabrlangan xodimlarni himoya qilish bo‘yicha aniq mexanizmlar joriy etiladi.
Bundan tashqari, ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash muddati buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun kompensatsiya to‘lash tartibi ham aniqlashtirilmoqda.
Qonun loyihasi qabul qilinishi mehnat bozorida shaffoflikni oshirish, raqamlashtirishni jadallashtirish va fuqarolar uchun ishga joylashish jarayonini yengillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Jamiyat
Navoiyda ming dollar porani rad etgan YPX xodimi mukofotlandi
YPX xodimiga pora olmagani uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida (12 mln 360 ming so‘m) pul mukofoti topshirildi.
Ma’lum qilinishicha, 7 aprel kuni YPX xodimlari Karmana tumanida Samarqand-Navoiy yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan Lacetti avtomobilini to‘xtatganida haydovchi mashinani mast holda boshqarib kelayotgani aniqlangan.
Haydovchining otasi qoidabuzarlik uchun hujjatlarni sudga taqdim etmaslik va mashinani jarima maydonidan chiqarib berish evaziga ming dollar pora taklif qilgan.
Xodim ushbu holat haqida ichki ishlar organiga xabar bergan. Tyezkor tadbir o‘tkazilib, fuqaro inspektorga ming dollar pora berishga urinayotgan paytda qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Kapitan Sherbek Turxonov pora olmagani uchun davlat tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida (12 million 360 ming so‘m) pul mukofoti bilan taqdirlangan.
Jamiyat
«Mehr» operatsiyalari natijasida 530 dan ortiq kishi O‘zbekistonga qaytarildi
Ularning taxminan 75 foizini bolalar tashkil etadi.
Birinchi gumanitar operatsiya 2019 yil 30 mayda prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy topshirig‘i bilan amalga oshirilgan va missiya davomida urush domida qolgan Suriyadan 156 nafar O‘zbekiston fuqarosi, asosan ayollar va bolalar vatanga qaytarilgandi.
So‘ng o‘sha yilning oktyabr oyida «Mehr-2», 2020 yil dekabr oyida «Mehr-3», 2021 yil fevral oyida «Mehr-4» gumanitar operatsiyalari tashkil etildi. Ushbu operatsiyalari natijasida Iroq, Suriya va Afg‘onistondan o‘nlab ayol va bolalar O‘zbekistonga qaytarildi.
«Mehr-5» operatsiyasining yakunlovchi bosqichi 2021 yil aprel oyida amalga oshirilib, Suriyadan 92 nafar kishi – 24 nafar ayol va 68 nafar bola vatanga olib kelindi.
Jami «Mehr» operatsiyalari natijasida 530 dan ortiq kishi qaytarildi, ularning taxminan 75 foizini bolalar tashkil etadi.
Repatriantlarning barchasi hujjatlar bilan ta’minlandi. Mojarolar zonasida tug‘ilgan har bir bolaga O‘zbekiston Respublikasining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi berildi.
Qaytarilgan bolalar maxsus maktablarda emas, balki oddiy sinflarda o‘qiydi. Bugungi kunda 10 nafarga yaqin repatriant oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda, 9 nafar bola esa respublika va viloyat fan olimpiadalarining g‘olibi hamda sovrindori bo‘ldi.
Jamiyat
Farg‘onada 1 mlrd 247 mln so‘mlik dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaroga tegishli xonadonda 38 turdagi 29,4 ming donadan ziyod dori vositalari saqlanayotganligi, xonadonga kelgan «Gazel» avtomashinasida 25 turdagi 16,5 ming donadan ziyod dori vositalari olib kelinganligi aniqlandi.
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari viloyat DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tadbir davomida Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaroga tegishli xonadonga «Gazel» rusumli transport vositasidan dori vositalari tushirilayotgan vaqtda to‘xtatilib, transport vositasi va xonadon ko‘zdan kechirildi.
Natijada xonadonda 38 turdagi 29,4 ming donadan ziyod dori vositalari saqlanayotganligi, shuningdek, «Gazel»da 25 turdagi 16,5 ming donadan ziyod dori vositalari olib kelinganligi aniqlandi.
O‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbiri natijasida dastlabki qiymati 1 mlrd 247 mln so‘mlik 46 ming donaga yaqin sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘magan dori vositalarining saqlash hamda tashish qoidalari qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlanib vaqtincha saqlovga olindi.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonliklar kruiz kemalarida ishlashga taklif etilmoqda
Taklif etilayotgan ish o‘rinlari uchun 900 dollardan 1650 dollargacha oylik maosh belgilangan.
Dunyodagi yirik dengiz boshqaruv kompaniyalaridan biri — V.Ships Global Recruitment O‘zbekiston fuqarolari uchun kruiz kemalarida ishlash bo‘yicha vakansiyalar e’lon qildi.
Migratsiya agentligining bildirishicha, taklif etilayotgan ish o‘rinlari uchun 900 dollardan 1650 dollargacha oylik maosh belgilangan.
Vakansiyalar orasida xizmat ko‘rsatish yordamchisi, bar ofitsianti, ikkinchi oshpaz, oshpaz yordamchisi va oshxona xodimi kabi 45ta ish o‘rni mavjud.
Ta’kidlanishicha, xodimlarning ish samaradorligiga qarab maosh va lavozimning oshib borishi kafolatlangan.
Nomzodlar 18–45 yosh oralig‘ida bo‘lishi, ingliz tilini kamida B1 darajasida bilishi kerak. Yevropa davlatlari tillarini biladiganlarga ustunlik berilishi mumkin.
Qayd etilishicha, ishga qabul qilinganlarga turli mamlakatlarga sayohat qilish imkoniyati, AQSh ishchi vizasi hamda Migratsiya agentligi ishtirokida tuziladigan uch tomonlama shartnoma asosida huquqiy himoya kafolatlanadi.
Ishga joylashish uchun nomzodlar kompaniya saytida ariza qoldirishi kerak. Ma’qul kelgan nomzodlar bilan kompaniya mutaxassislari bog‘lanadi, suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tganlar intervyuga taklif etiladi. Ish beruvchi tanlagan nomzodlar bilan uch tomonlama shartnoma tuzilib, AQSh ishchi vizasi rasmiylashtiriladi.
Jamiyat
Andijonda tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi modda bo‘lgan mahsulotlar savdosiga chek qo‘yildi
Musodara qilingan 11 kg “Keto coffee mix” mahsuloti tarkibida “sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi mavjud bo‘lib, respublika hududida uning savdosi taqiqlangan.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida Andijon viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Marhamat tumani markazidagi savdo majmuasida fuqaro shartli xaridorga 900 dona “Keto coffee mix” mahsulotini 6 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ushbu mahsulot Andijon shahridagi “Jahon savdo kompleksi”da joylashgan do‘kondan xarid qilinganligi ma’lum bo‘lib, tezkor tadbir davom ettirildi.
Natijada Andijon shahrida yashovchi fuqaroga tegishli do‘kondan 480 dona “Keto coffee mix” mahsuloti olindi.
Musodara qilingan jami 11 kg “Keto coffee mix” mahsuloti tarkibida “sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi mavjud bo‘lib, respublika hududida uning savdosi taqiqlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Iqtisodiyot3 days ago1 dollar ≠ 1 so‘m ≠ 1 rubl. Valutalar qiymati nega har xil?
-
Jamiyat5 days agoToshkentda uy savdosi bilan bog‘liq mojaro tergov qilinmoqda
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekistonga Qozog‘iston nefti yetkazib berilishi mumkin
-
Jamiyat5 days agoKitobxon yoshlar uchun 50 ming dollarlik mukofot joriy etildi
-
Jamiyat5 days agoBugun O‘zbekiston bo‘ylab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
-
Mahalliy5 days ago
Oliy attestatsiya komissiyasi rahbari ishdan olindi
-
Sport3 days agoForbes dunyoning eng serdaromad sportchilari reytingini e’lon qildi
-
Iqtisodiyot3 days agoBirjada bug‘doy va sement narxi pasaydi
