Jamiyat
otasi farzandini o‘g‘irlab ketishganidan shubha qilmoqda
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida joylashgan Sangardak dam olish maskanida yo‘qolgan ikki yoshli bola 10 kundan beri topilmayapti. Uning otasi Kun.uz bilan bog‘lanib, farzandi o‘g‘irlab ketilgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Tuman IIB esa “kechiktirib bo‘lmas tezkor qidiruv tadbirlari” davom ettirilayotganini bildirdi.
Yo‘qolgan bolaning otasi Sardor Iskandarovning Kun.uz’ga aytishicha, uning oilasi 26 aprel kuni Termiz shahridan hordiq chiqarish uchun Sangardak dam olish maskaniga borgan. Bolaning onasi farzandiga kerakli buyumni olish uchun bir necha daqiqaga mashinaga ketgan vaqtda ikki yoshli Zubayr dam olish joyi yaqinidagi qum uyumi ustida o‘ynab o‘tirgan bo‘lgan. Biroq ona qaytib kelganida bola g‘oyib bo‘lgan.
Otaning ta’kidlashicha, dastlabki daqiqalardagi stress va vahima oqibatida ona farzandi yaqin atrofdagi anhorga tushib ketgan bo‘lishi mumkinligini aytgan va shu sababli asosiy qidiruv ishlari g‘avvoslar yordamida suvdan izlashga qaratilgan.
Biroq Sardor Iskandarov ushbu taxmindan shubhalanmoqda. Uning ta’kidlashicha, o‘tgan o‘n kun davomida daryodan hech qanday iz topilmagan. Daryoga qaratilgan kuzatuv kameralari ham sinchiklab ko‘rib chiqilgan.
Bundan tashqari, qidiruv davomida bolaning so‘rg‘ichi daryo qirg‘og‘idan emas, balki voqea joyidan nariroqdagi daraxt tagidan topilgan. Ota qidiruvga jalb qilingan xizmat itlari ma’lum bir yo‘nalish bo‘ylab hid olgani, biroq o‘sha vaqtda bu yo‘nalish yetarlicha tekshirilmagani aytmoqda.
Iskandarovning iddao qilishicha, hududdagi sotuvchi ayollardan biri o‘sha kuni shubhali shaxs ikki yoshli bolaga mos keladigan gigiyenik tagliklar sotib olganini aytgan. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda bola yo‘qolganini aytib qo‘yilgan xabarlar ostida yangi ochilgan profillardan «bola tirik, menda» mazmunidagi izohlar yozilgan. Sardor Iskandarov o‘n kundan buyon IIB xodimlari asosiy e’tiborni faqat suvga qaratayotganidan xavotirda ekanini bildirib, farzandini topishda va qidiruv yo‘nalishini o‘zgartirishda amaliy yordam so‘ramoqda.
Kun.uz Zubayr Salimovning yo‘qolgani yuzasidan Sariosiyo tuman IIB bilan bog‘landi.
“Z.Salimov suv qirg‘og‘iga yaqin joyda qarovsiz qolgani va uning daryoga tushib ketish xavfi yuqori bo‘lgani sababli, IIB va FVB xodimlari tomonidan daryoning quyi oqimi bo‘ylab keng qamrovli qidiruv hamda aholi o‘rtasida surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, 2026 yil 1 may kuni bolani topish bo‘yicha rasmiy qidiruv yig‘ma jildi ochilgan. Hozirda voyaga yetmagan bolaning jinoyat qurboni bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar ham istisno qilinmagan holda, kechiktirib bo‘lmaydigan tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda”, — deyiladi idora izohida.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Xorazm viloyatidan Zomin tumanidagi tog‘li qishloqqa sayohatga kelgan oilaning ikki yoshli farzandi ham sirli ravishda g‘oyib bo‘lib, bir necha kundan so‘ng uning jasadi topilgan edi. Keyinchalik uni «Zomin» sanatoriysida feldsher bo‘lib ishlagan erkak mashinasida urib yuborgani va izni yo‘qotish maqsadida jasadni yashirgani aniqlangandi.
Jamiyat
Toshkentda soliq xodimlari korrupsiya bilan qo‘lga tushdi
Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurash doirasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda soliq inspeksiyasi xodimlarining pora olish bilan bog‘liq noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bektemir tumani soliq inspeksiyasining shu’ba boshlig‘i qo‘lga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, u mahalliy tadbirkorga tegishli do‘konda xaridorga savdo cheki berilmagani haqida kelib tushgan murojaat yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik va ishni sudga oshirmaslik evaziga 4 million so‘m pora talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida mazkur pul mablag‘i soliq inspeksiyasi inspektori orqali olinayotgan vaqtda ular ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida esa ushbu inspektor joriy yil aprel oyida ham aynan shu do‘kon bo‘yicha kelib tushgan murojaatni “ko‘rmasdan qoldirish” evaziga 1,5 million so‘m olgani aniqlangan.
Hozirda mazkur soliq xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni korrupsiya va boshqa qonunbuzilish holatlari haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanishi ta’kidlangan.
Jamiyat
Endi ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish uchun majburiy badal naqd pulda olinmaydi
O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatganlik uchun majburiy badal to‘lovlarini «Mening uyim» billing tizimiga qo‘lda kiritish amaliyoti bekor qilinmoqda. Endilikda barcha to‘lovlar faqat billing tizimida yaratilgan shaxsiy hisob-raqamlar orqali onlayn to‘lov xizmatlari, bank kassalari hamda POS-terminallar orqali qabul qilinadi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ma’lum qildi.
Yangi amaliyot Prezidentning 48-sonli qarorida ko‘zda tutilgan.
Endi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv tashkilotlari tomonidan naqd pulni qo‘lda olish va keyinchalik tizimga kiritish amaliyotiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu tartib to‘lovlar shaffofligini ta’minlash, inson omilini qisqartirish, hisob-kitoblarda aniqlikni oshirish hamda elektron nazorat tizimini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Qashqadaryoda IIB xodimi pora bilan ushlandi
Qashqadaryo viloyatida ichki ishlar organi xodimining korrupsiya bilan bog‘liq noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. Tezkor tadbirda u tekshiruvni “ijobiy hal qilib berish” evaziga pul olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qashqadaryo viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati tezkor vakili qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, Dehqonobod tumanida yashovchi ayol va uning voyaga yetmagan qizining telefonlarida diniy mazmundagi taqiqlangan materiallar aniqlangani yuzasidan viloyat IIB tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilgan.
Mazkur masalani ularning foydasiga hal qilib berishni va’da qilgan 1978 yilda tug‘ilgan shaxs avvaldan 3 million so‘m olgan vaqtida ushlangan. Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu puldan 2,5 million so‘mni olgan IIB xodimi ham ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.
Hozirda IIB xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi — pora olish, vositachiga nisbatan esa 212-modda — pora olish-berishda vositachilik qilish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Bugun O‘zbekiston bo‘ylab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bugun kunduzi ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Surxandaryo viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, baʼzi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi, shimoliy va choʻl hududlarda 20-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 27-32° bo‘ladi.
Toshkentda kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 3-8 m/s tezlikda esadi, 12-14 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 29-31° bo‘ladi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Ayrim joylarda do‘l yog‘ishi mumkin. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 15-20° bo‘ladi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi agentlikka so‘rov yubordi
Raqobat qo‘mitasi CENTRUM AIR hamda Qanot Sharq xususiy aviakompaniyalar faoliyatida ortiqcha biletlar sotilishi va iste’molchilar huquqlarini ta’minlash holati yuzasidan Fuqaro aviatsiyasi agentligiga so‘rov yubordi
So‘nggi vaqtlarda Raqobat qo‘mitasiga bevosita kelib tushayotgan murojaatlarda va ijtimoiy tarmoqlar orqali CENTRUM AIR hamda Qanot Sharq xususiy aviakompaniyalar faoliyati yuzasidan ko‘plab e’tirozlar bildirilmoqda.
Raqobat qo‘mitasiga avia qatnovlar bo‘yicha iste’molchilardan tushgan murojaatlarning tahlili 2025-yilda 127 tani, 2026-yilning o‘tgan 4 oyida esa 145 ta (114 foiz) ni tashkil etib, ularning soni ortib borayotgani kuzatilmoqda.
Qo‘mita tomonidan murojaatlar asosida olib borilgan o‘rganishlarda ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olinish (110 ta), belgilangan vaqt oralig‘iga rioya etmaslik (90 ta) va sifatsiz xizmat ko‘rsatilishi (72 ta) holatlari aniqlangan.
Ushbu murojaatlarda asosan quyidagi e’tirozlar bildirilmoqda:
– xizmat ko‘rsatuvchi iste’molchiga o‘zi ko‘rsatayotgan xizmatlari haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etilmasligi;
– rasmiylashtirilgan chipta va oldindan band qilingan joyga ega bo‘lgan yo‘lovchiga tashuvchi tomonidan havo kemasidan joy berishni rad etilishi;
– parvozlarni bir necha soatlab kechikishi yo‘lovchilarni aeroportlarda qolib ketishi, vaqti, mablag‘i hamda rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani;
– aviakompaniya tomonidan yetkazilgan zarar belgilangan tartib va miqdorda kompensasiya yoki bepul qo‘shimcha xizmatlar bilan qoplanmayotganligi.
O‘rganishlarda mazkur aviakompaniyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun, shuningdek,«Havo transportida yo‘lovchi va bagaj tashish» qoidalari, «Havo kodeksi» va «Fuqarolik kodeksi» to‘g‘risidagi qator qoidalarga yetarlicha rioya qilinmayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Xususan, yo‘lovchiga yetkazilgan zarar uchun tashuvchi tomonidan:
– parvozgacha kutish davrida yoki transportning boshqa turi orqali tashishgacha bo‘lgan vaqtda oziq-ovqat va ichimlik suvi bilan ta’minlash;
– tashuvchi qoidalarida belgilangan muddat kutish vaqtidan ko‘ra ko‘proq bo‘lsa mehmonxona bilan ta’minlash hamda kutish vaqtida transport orqali aeroportdan vaqtinchalik yashash joyigacha eltib qo‘yish va qaytishni ta’minlash;
-yo‘lovchilar soni belgilangan miqdordan oshgan taqdirda qolgan yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazmasligi mumkinligi, kompensatsiya berish hamda keyingi qatnovga joyni band qilishi va tashuv chipta rasmiylashtirish jarayonida bu haqda yo‘lovchilarni ogohlantirishi lozim;
-chiptada nazarda tutilgan tutash reyslarga kechikish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash kabi xizmatlar yetarli darajada bajarilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi tomonidan iste’molchilar nomuayyan doirasining qonun bilan himoyalangan huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida CENTRUM AIR va Qanot Sharq xususiy aviakompaniyalarning yo‘lovchi tashishda parvozlarning kechikishi, samolyotlarning texnik nosozligi va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatsizligi yuzasidan to‘plangan ma’lumotlarni ko‘rib chiqish va zaruriy choralarni belgilash yuzasidan, Fuqaro aviasiyasi agentligiga so‘rov yuborildi.
Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘z vakolatlari doirasida respublikamizda faoliyat yuritayotgan barcha aviakompaniyalar kesimida 2025-2026-yillar davomida reyslarni belgilangan vaqtdan kechikish holatlari, kechikkanligi sabablari hamda iste’molchilarga amalga oshirilgan kompensatsiya yuzasidan tahliliy o‘rganishlar olib borilmoqda.
Ish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.
-
Siyosat5 days agoBirlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyodagi chegaralarni tinch yoʻl bilan tartibga solish boʻyicha rezolyutsiyani qabul qildi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev YeXHT bosh kotibini qabul qildi
-
Jamiyat4 days ago
Kontent markazida «Yurt qayg‘usida 365 kun» nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda IPO investorlari huquqini himoya qilish bo‘yicha qonun ishlab chiqilmoqda
-
Dunyodan2 days agoPrezident Trampning Gʻazo boʻyicha 15 banddan iborat rejasi eʼlon qilindi
-
Mahalliy3 days ago
Yoshlar umrini sotgan jinoyatchilar qo‘lga olindi
-
Iqtisodiyot4 days agoXitoy O‘zbekistondan 10 turdagi quritilgan sabzavotlarni olib kirishga ruxsat berdi
-
Iqtisodiyot5 days agoOLX onlayn reklama bozorida ustun mavqega ega deb topildi
