Jamiyat
Ekologiya qonunbuzarliklari uchun jarimalar keskin oshirildi
Ekologiya sohasidagi ayrim huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etildi. Yangi qonunga ko‘ra, jarimalar endi tabiatga yetkazilgan zarar hajmiga bog‘liq tarzda hisoblanadi.
Jumladan:
daryo o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash tartibini buzgan yuridik shaxslarga – zararning 3 baravari miqdorida;
daraxtlarni muhofaza qilish choralarini ko‘rmaganlik uchun – 5 baravari miqdorida;
suvlarni ifloslantirish yoki oqova suvlarni noqonuniy oqizish uchun – 10 baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Qonun rasman e’lon qilinganidan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Ta’kidlanishicha, avvalgi tartibda jarimalar yetkazilgan zararga mutanosib emasligi sabab ayrim korxonalar uchun jarima to‘lab, faoliyatni davom ettirish osonroq bo‘lib qolgani tanqid qilingan edi.
Jamiyat
Jizzaxda poyezd ustida selfi tushmoqchi bo‘lgan bolani tok urdi
Hodisa Marjonbuloq temir yo‘l bekatida sodir bo‘lgan. Vagon ustiga chiqqan 7-sinf o‘quvchisini yuqori kuchlanishli elektr toki urgan.
Jizzax viloyati, G‘allaorol tumanida 24 aprel kuni vagon ustiga chiqib, suratga tushmoqchi bo‘lgan maktab o‘quvchisini yuqori kuchlanishli elektr toki urdi. Bu haqda “Millar” ko‘rsatuvida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa Marjonbuloq temir yo‘l bekatida sodir bo‘lgan. Bekatda turgan vagon ustiga chiqqan 7-sinf o‘quvchisini yuqori kuchlanishli elektr toki urgan.
Jabrlanuvchi 2012 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan bola, hodisadan so‘ng tez tibbiy yordam orqali G‘allaorol tumani tibbiyot muassasasiga olib borilib, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Tibbiy xulosaga ko‘ra, bolaga tana yuzasining 35–40 foizini qamrab olgan ikkinchi va uchinchi darajali kuyish tashxisi qo‘yilgan.
Holat yuzasidan Jizzax viloyati transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Meningit bilan bog‘liq vaziyat barqaror, ammo ehtiyot choralari muhim – Sanepidqo‘mita
So‘nggi kunlarda aholi orasida meningokokk infeksiyasi (meningit) bilan bog‘liq holatlar yuzasidan murojaatlar ko‘paygani kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologik qo‘mita vaziyat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, meningokokk infeksiyasi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham mavsumiy xususiyatga ega. Kasallanish holatlari, odatda, kuz va bahor oylarida, ayniqsa fevral-mart davrida ko‘proq qayd etiladi.
Sanepidqo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, epidemiologik vaziyat ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. Barqarorlikni ta’minlash maqsadida profilaktik va sanitariya tadbirlari keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Jumladan, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar to‘liq emlash bilan qamrab olingan bo‘lib, ular orasida kasallanish holatlari qayd etilmagan. Tibbiy qarshi ko‘rsatmasi bo‘lgan shaxslar esa shifokorlar nazoratida kimyoviy profilaktika tadbirlari bilan ta’minlanmoqda.
Mutaxassislar kasallikning asosiy belgilariga e’tibor qaratish muhimligini ta’kidlamoqda. Ular orasida yuqori harorat, kuchli bosh og‘rig‘i, bo‘yin qotishi, ko‘ngil aynishi yoki qusish, yorug‘likka sezgirlik, xolsizlik va ayrim hollarda tanada toshma paydo bo‘lishi bor. Bolalarda esa tinmay yig‘lash, ovqat yemaclik, ortiqcha uyquchanlik yoki bezovtalik kuzatilishi mumkin.
Shu kabi alomatlar kuzatilgan taqdirda, fuqarolarga oilaviy shifokorlik punktlari, poliklinikalar yoki yuqumli kasalliklar shifoxonalariga zudlik bilan murojaat qilish tavsiya etiladi.
Kasallikning oldini olish uchun shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish, jamoat joylarida ehtiyot choralarini ko‘rish, ixtiyoriy emlanishdan o‘tish muhim. Shuningdek, haj va umra safariga chiqishdan oldin emlanish va safardan qaytgach ommaviy tadbirlarda ishtirokni vaqtincha cheklash tavsiya etiladi.
Ayni paytda respublika bo‘ylab barcha hududlarda vaksinatsiya markazlari faoliyat yuritmoqda va aholini meningokokk infeksiyasiga qarshi emlash uchun yetarli zaxiralar yaratilgan (ixtiyoriy emlash punktlari bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin)
Mutaxassislar aholini ortiqcha xavotirga tushmaslikka, vaziyat barqarorligini inobatga olgan holda faqat ishonchli va rasmiy manbalarga tayanishga chaqirmoqda.
Jamiyat
OTM bitiruvchilaridan «diplom himoyasi»gi kirishda bandligini ko‘rsatishga oid talab yo‘q – vazirlik
Ijtimoiy tarmoqlarda davlat oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilaridan diplom himoyasidan oldin turli hujjatlar — jumladan, o‘zini o‘zi band qilgani to‘g‘risida ma’lumot, rasmiy ish joyidan ma’lumotnoma yoki uch tomonlama shartnoma talab qilinayotgani haqidagi murojaatlar tarqaldi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mazkur holat yuzasidan munosabatini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, amaldagi tartibda bitiruvchilardan bitiruv malakaviy ishiga kiritish yoki diplom berish jarayonida ish bilan bandligiga oid har qanday qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish belgilanmagan. Bitiruv malakaviy ishi himoyasiga qo‘yish faqatgina o‘quv jarayoni bilan bog‘liq talablar asosida amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, bitiruvchilar bandligini tahlil qilish va ularning mehnat bozoriga chiqish jarayonini kuzatib borish maqsadida Soliq qo‘mitasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Adliya vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilingan holda monitoring ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonlar raqamli platformalar orqali avtomatik tarzda olib boriladi va talabalardan qo‘shimcha tasdiqlovchi hujjatlarni majburiy tarzda talab qilishni nazarda tutmaydi.
«Vazirlik tomonidan barcha oliy ta’lim tashkilotlariga bitiruvchilar bilan ishlashda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, ularga nisbatan ortiqcha byurokratik talablar qo‘ymaslik hamda har qanday ma’lumotlarni yig‘ishda ixtiyoriylik tamoyiliga amal qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan», – deyiladi rasmiy munosabatda.
Jamiyat
Eldor Adilov Sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi
O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan Eldor Erkinovich Adilov O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlandi.
Shu munosabat bilan u Prezident Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti sho‘ba mudiri lavozimidan ozod etildi.
Bundan ilgariroq Eldor Adilov nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan edi.
O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan Asilbek Anvarovich Xudayarov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimidan ozod etildi.
Jamiyat
Toshkentda Equinox sodir etgan YTHda 15 ta avtomobil shikastlandi
Bugun, 5 may kuni Mirzo Ulug‘bek tumani Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Equinox rusumli transport vositasining haydovchisi — 1953-yilda tug‘ilgan R.K. sog‘lig‘i yomonlashib qolganligi sababli boshqaruvni yo‘qotgan.
Oqibatda svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan bir nechta avtomobilga urilib, to‘qnashuv sodir etgan.
Hodisa oqibatida hech kim vafot etmagan. 15 ta transport vositalari texnik shikastlangan.
Yo‘l-transport hodisasi natijasida Equinox avtomashina haydovchisi «Tos suyagi va chap yelka sinishi, bosh miya yopiq jarohati» alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan, deyiladi poytaxt IIBB xabarida.
Shuningdek, boshqa transport vositalarining haydovchilari: 1968-yilda tug‘ilgan S.Y., 1971-yilda tug‘ilgan M.A., 1985-yilda tug‘ilgan S.Y.lar yengil tan jarohati olganligi sababli ularga shifokorlar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
-
Siyosat5 days agoOʻzbekistonda yil oxiriga qadar 13 ta GES qurish rejalashtirilmoqda, tarmoqni kengaytirish koʻzda tutilmoqda
-
Sport4 days ago
FIDE reytingi yangilandi: ikki o‘zbekistonlik «top-5»talikda!
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonning ikki qo‘shnisi bilan tutashgan chegarasida «Tinchlik parki» tashkil etilishi mumkin
-
Jamiyat4 days agoJinoiy guruh yetakchisidan 2,7 ming dollar olgan profilaktika inspektori ushlandi
-
Jamiyat4 days agoDiyetolog qarishning asosiy «dushmani»ni ma’lum qildi
-
Dunyodan5 days ago
Smartfonlar nutqni o’ldiradiganmi?
-
Dunyodan2 days ago
Sudya Terranovaning o’ldirilishi
-
Iqtisodiyot2 days ago
qaysi modellar ko‘p ishlab chiqarilmoqda?
