Connect with us

Jamiyat

xususiy sektor va sifat nazorati kuchaytiriladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda mamlakatda xususiy tibbiyot jadal rivojlandi. 2016-yilda 3,2 mingta bo‘lgan xususiy klinikalar soni 2026-yilga kelib 8,7 mingtaga yetishi kutilmoqda. Xususiy sektordagi yo‘nalishlar 39 tadan 116 tagacha, koyka o‘rinlari esa 16 mingdan 57 mingtagacha oshdi. Natijada umumiy koyka fondida xususiy sektor ulushi 12 foizdan 31 foizgacha o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Shu bilan birga, sohadagi ayrim muammolar ham qayd etildi. Xususan, tibbiy xizmatlar sifati ustidan nazorat yetarli emasligi, litsenziyalash talablari zamon talablariga mos kelmasligi, xususiy klinikalar haqida yagona elektron ma’lumot bazasi shakllanmagani va investitsiya loyihalari bilan ishlash tizimi yetarli emasligi ta’kidlandi.

Yangi yondashuvlarga ko‘ra, tibbiy faoliyatni litsenziyalash jarayonlari markazlashtirilib, 2026-yil 1-iyuldan boshlab talablar kuchaytiriladi. 48 ta litsenziya talabidan 14 tasi qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda qoidabuzarlik aniqlangan taqdirda butun klinika faoliyatini to‘xtatish o‘rniga, faqat tegishli yo‘nalish bo‘yicha cheklov qo‘llash amaliyoti joriy etiladi.

Shuningdek, tibbiyot muassasalari faoliyati ustidan nazorat elektron tizim orqali masofadan turib amalga oshiriladi. Akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy klinikalarga transplantatsiya amaliyotlarini o‘tkazishga ruxsat berilishi, budjet mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilishi rejalashtirilmoqda.

2028-yildan boshlab akkreditatsiyadan o‘tmagan muassasalar bilan tibbiy xizmatlar bo‘yicha shartnomalar tuzilmaydi. 2030-yilga qadar esa barcha davlat tibbiyot muassasalari bosqichma-bosqich majburiy litsenziyadan o‘tkaziladi.

Xususiy tibbiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 200 million dollarlik imtiyozli kredit resurslari ajratish, olis hududlarda klinikalar tashkil etish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish, xorijiy mutaxassislar uchun soliq imtiyozlari joriy etish taklif qilindi.

Investitsiyalarni jalb qilishni kuchaytirish maqsadida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligini tashkil etish, “yagona darcha” tamoyili asosida investorlar bilan ishlash hamda “Health Invest” kompaniyasini tashkil qilish rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari ushbu takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tizimni yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

“Eng avvalo kuyov aybdor”: Sirdaryodagi mudhish qotillik haqida

Published

on


Sirdaryoning Shirin shaharchasida 29 yoshli ayol va uning 5 yashar qizi erkakning norasmiy xotini tomonidan pichoqlanish oqibatida vafot etdi. Marhumaning yaqinlari ayolning uzoq yillar davomida oilada ruhiy va jismoniy bosimga uchraganini bildirib, erkakka ham jazo talab qilishmoqda.

Marhuma Bekoboddan Sirdaryoga turmushga chiqqan va to‘rt farzandi bo‘lgan. Uning yaqinlariga ko‘ra, ayol turmush o‘rtog‘i bilan 9 yil birga yashagan davrida oilasi notinch bo‘lganini, qaynona va turmush o‘rtog‘i tomonidan muntazam xo‘rlanganini aytgan.

Singlimni xo‘rlashgan…

Malika Jumaboyeva, marhumaning opasi:

 “Oxirgi paytlar qattiq yig‘lardi, “yaxshi bo‘larmikan, chidolmayapman” derdi. U ayol bemalol uyiga borib yurgan, qarindoshlari buni bilgan, uni hurmat qilishgan – singlimni esa xo‘rlashgan. Shuncha farzandlarni tug‘ib katta qilsayam hurmat topmadi u. Qaynonasi namoz o‘qib o‘tirgandim deyapti, uch kishini pichoqlaguncha qanday bilmasligi mumkin? Uyida katta ovsinining bolasiyam bo‘lgan.

O‘sha kuni o‘sha qiz bilan ular kafeda o‘tirib ichishgan ekan, janjal bo‘lgan. O‘zi oldindan tahdid bo‘lgan singlimga “oilangni qachondir yo‘q qilaman” degan. Buni bizga aytmadi, keyin eshitdik”.

Pichoqlangan qizaloqlarning kattasi 5, kichigi 3 yoshda bo‘lgan. Ona va 5 yashar qiz voqea joyida vafot etgan. 3 yoshli qizaloq ayni paytda shifoxonaning jonlantirish bo‘limida.

Kuyovni otalik huquqidan mahrum qilish kerak

Mavluda Abdunazarova, marhumaning ammasi:

“Eng avvalo kuyovda ayb. Nima uchun u tashqarida yuribdi? Nima uchun unga jazo qo‘llanmayapti? Bolalarning qotili, eng avvalo shu o‘ldirgan ayol bo‘ladigan bo‘lsa, kuyov o‘shaning ishonchiga kirgan, va’dalarni berganki shu ayol shu darajagacha borgan? Darvozadanmas, orqa tarafdan kirib jiyanim uy ishlarini qilib o‘tirgan joyida uni urgan. Qizchalari dod solganda ularni majag‘lab tashlagan, ichaklarini chiqarib. Chaqaloq uyda uxlab yotgan, qaynonasi uyda namoz o‘qiyotgan edim dedi. Nahotki shu baqir-chaqirlarni eshitmagan? Hammasi bilar ekan, bordi-keldi qilar ekan.

Jiyanimni bu yerga olib kelib tashlab, hammasi bilan apoq-chapoq bo‘lib yurishgan. Shunaqa ekan, Maftunani javobini berib, o‘shanga uylantirib qo‘ymaydimi? 20 kunlik chaqaloq qoldi, shifoxonada 3 yashar bolaning ichagini 3 soat yuvib joyiga joylashtiribdi vrachlar. Agar bunga odilona chora ko‘rilmasa, bunaqalar ko‘payadi. Kuyovni otalik huquqidan mahrum qilish kerak. O‘z oilasini, xotinini, o‘z bolalarini o‘ldirgan otaning haqqi yo‘q bolalarga ota bo‘lishga”.

Ichim tugab bo‘ldi mening…

G‘ofur Jumaboyev, marhumaning otasi:

 “Qizimning dardi ichida ketdi. Oxirgi paytlar kelardi, dadamga aytmanglar der ekan. Kuyov kelib tashlab ketardi, ketishi cho‘zilib ketardi, hayron bo‘lib “uying tinchmi?” desam, o‘ziyam xijolat bo‘lardi. Men rangidan bilardim. Ota-onam o‘ylanmasin deb, qo‘ni-qo‘shni gapirmasin deb boshqacha o‘tirardi erini kutib. Dardini o‘qib turardim qizimni. Ichim tugab bo‘ldi mening.

Bir-ikki marta kuyovni alohida chaqirib o‘tirg‘izib aytganman, qiliqlarini bilardim. Lekin unga gapirsangiz sizni eshitmasdan, xayoli boshqa joyda o‘tirardi. Sababini bilmayman, biror narsa iste’mol qiladimi deb o‘ylardim”.

Oliy sud axborot xizmati holat yuzasidan qotillikda gumonlanayotgan ayol Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan qamoqqa olinganini ma’lum qildi. Ayni paytda ayol tergov hibsxonasida saqlanmoqda. 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Telegram’dagi tuzoq – O‘zbekistonda Rossiya-Ukraina urushiga yollovchi shaxslar paydo bo‘lmoqda

Published

on


Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi urishayotgan o‘zbekistonliklar soni 5 mingga yaqinlashib qoldi. Rossiyada migrantlarni urushga yollash bo‘yicha har xil sxemalar, tuzoqlardan foydalanilayotgani aytiladi. Urushga yollovchi bunday shaxslar O‘zbekiston ichida ham paydo bo‘lmoqda. Maqolada shunday shaxslardan biri haqida hikoya qilinadi.

Telegram’dagi tuzoq

Internetdagi ayrim manbalarga ko‘ra, Rossiyadan 2023 yilda qariyb 45 ming, 2024 yilda 90 mingga yaqin va 2025 yilda 70 ming nafardan ortiq xorij fuqarolari deportatsiya qilingan. Albatta, bular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor.

Rossiyadan deportatsiya qilinganlar orasida noqonuniy yo‘llar bilan ushbu davlatga qaytib borishni istaydiganlar ham topiladi. Andijonlik 32 yoshli Nursulton Tavakalov Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari buyurtmasiga asosan ma’lum bir haq evaziga ana shunday O‘zbekiston fuqarolarini urushga yollashga harakat qilgan.

Nursulton Telegram’dagi guruhlardan birida Rossiyadan deportatsiya qilinganlarni ushbu davlatga olib kirish haqida e’lon bergan.

Nursulton Tavakalov ushbu tuzog‘i Rossiyaga kirishiga taqiq qo‘yilgan vatandoshlar e’tiborini tortishini bilardi. Shunday ham bo‘ldi. Uning tuzog‘iga Nodir Olimov va Erali Ro‘ziqulov ismli shaxslar ilindi.

Sog‘ligidagi muammo qutqardi

Nodir Olimov ancha yillardan buyon Rossiyaga qatnab, qurilish ishlarida ishlab kelardi. 2023 yil oxirida u ushbu davlatda bo‘lish qoidalarini buzgan. Shu sababli, deportatsiya qilinib, 10 yil muddatga Rossiyaga kirishiga taqiq qo‘yilgan.

Nodir Olimov taqiqqa qaramay ushbu davlatga qaytib borish harakatiga tushgan. O‘sha kunlarda u Nursultonning e’lonini ko‘rib qolgan. So‘ngra darhol e’londagi telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan.

Nursulton Nodir Olimovga o‘z tanishlari orqali Rossiyaga kiritib qo‘yish va’dasini bergan. Xizmat haqi sifatida 250 ming rub to‘lashi kerakligini aytgan. Nodir Olimov bu taklifga rozi bo‘lib, WhatsArr orqali pasport nusxasini jo‘natgan.

Shu tariqa, ular ko‘rishgan. Nursulton Rossiyaning barcha aeroportlarida tanishlarini borligini aytib, Nodir Olimovdan kelishilgan pulning yarmini avvaldan berishni so‘ragan. Nodir Olimov esa hozircha 400 dollar berishini, qolganini Rossiyaga kiritib qo‘yganidan so‘ng to‘lashini bildirgan. Biroz savdolashuvdan so‘ng tomonlar o‘zaro kelishgan.

2025 yil iyun oyi oxirlarida Nursulton Nodir Olimovga qo‘ng‘iroq qilib, taksi jo‘natayotganini aytgan.

“Ushbu taksida “Do‘stlik” chegara punktigacha borasiz. U yerdan Qirg‘izistonning O‘sh shahriga o‘tasiz. Keyin Bishkekka borib, Moskvaga uchasiz. Samolyot “Domodedova” aeroportiga qo‘nadi. U yerda sizni tanishlarim kutib oladi hamda Rossiyaga kiritib yuboradi”, degan u.

Nodir Olimov 2025 yil 29 iyun kuni aytilgan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanib, “Domodedova” aeroportiga yetib borgan. So‘ngra o‘sha yerdan Nursultonga qo‘ng‘iroq qilgan. U esa aeroportdagi bir oynaga borishni aytgan. Aytilgan joyga borganida esa u yerdagi shaxs Nodir Olimovdan pasportini so‘ragan. Ko‘p o‘tmay ikki militsiya kelib, Nodir Olimovning qo‘lidan ushlagan holda uni alohida xonaga olib kirishgan.

Nodir Olimov sudda o‘sha holat haqida shunday ko‘rsatma bergan:

“Xonada dastlab menga Rossiyaga kirishim mumkin emasligini aytib, chiqib ketishdi. Keyin 2 nafar harbiy kelib, mening Ukrainaga qarshi urushda qatnashishga tayyor ekanim bilan qiziqdi. So‘ngra oldimga Rossiya Mudofaa vazirligi tarkibida harbiy xizmatni o‘tish to‘g‘risidagi shartnomani qo‘yishdi. Unda mening ismim va boshqa ma’lumotlar bor edi. Harbiylarga shartnomaga imzo qo‘ymasligimni, boshqa davlat uchun jang qilish niyatim yo‘qligini ma’lum qildim.

Ularning jahli chiqib, meni Markaziy Osiyodan kelgan 15-20 nafar migrantlar joylashtirilgan alohida sovuq xonaga olib kirib qo‘yishdi. Xonadagilarning barchasi Ukrainadagi urushga borishga majburlanayotgandi. Norozilik bildirgan shaxslarga nisbatan kuch va zo‘ravonlik ishlatildi.

Sovuq xonada mening ahvolim og‘irlashdi. Shu sababli, tibbiyot xodimi va harbiylar kelib, meni xonadan olib chiqishdi hamda ukol qilishdi. Biroz o‘zimni yaxshi his qildim. So‘ngra sog‘ligim to‘g‘ri kelmagani sababli meni aeroportning o‘zidan Qirg‘izistonga qaytarib yuborishdi”.

Nodir Olimov ortga qaytib kelgach, Nursulton bilan bog‘langan. U ikkinchi bor yana aldashga uringan. Ammo uning so‘zlariga ishonmagan jabrlanuvchi tegishli organlarga murojaat qilgan.

Chegarachining yaxshiligi

Erali Ro‘ziqulov ham tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmasdan ishlagani uchun 2023 yil iyun oyida Rossiyadan 5 yilga deportatsiya qilingandi. U ortga qaytib borish uchun Nursultonning “xizmati”dan foydalanmoqchi bo‘lgan. Nursultonni esa o‘sha e’lon orqali topgan.

Erali Ro‘ziqulov Nursultonga qo‘ng‘iroq qilib, rostdan ham Rossiyaga kirishga qo‘yilgan taqiqni yechib bera olishini so‘ragan. Nursulton esa faoliyati qonuniy va rasmiy ekanini, natija uchun javob bera olishini ma’lum qilgan.

Shu tariqa, Erali xizmat haqi 45 mln so‘m bo‘lishi, uning 30 mln so‘mi oldindan, 15 mln so‘mi Rossiyaga kirib olgandan so‘ng berilishi haqidagi taklifga ko‘ngan.

Ular 2025 yil 14 iyun kuni “G‘ishtko‘prik” bojxona-chegara posti yonida ko‘rishgan. Erali 30 mln so‘mni bergan. Nursulton esa hammasi yaxshi bo‘lishini, uning suratini Rossiya politsiyasiga berib qo‘yishini, ular muammosiz mamlakatga kiritib yuborishlarini aytgan.

Erali Ro‘ziqulov “G‘ishtko‘prik” bojxona-chegara posti orqali Qozog‘istonga o‘tib, avtobusda Rossiyaga yo‘l olgan. Ammo Rossiya chegarasiga yetib borganida chegara xodimlari uni ushlab, taqiq borligini, agar Ukrainaga qarshi urushga borishga rozi bo‘lsa o‘tkazishlarini, yo‘qsa ortga qaytarib yuborishlarini aytgan. Erali urushga bormasligini ma’lum qilganida unga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazishga xarakat qilib ko‘rishgan. 2 soatlardan so‘ng esa uni Qozog‘istonga qaytarib yuborishgan.

Erali Ro‘ziqulov Nursultonga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘lgan voqeani aytgan. Shunda Nursulton endi Qirg‘iziston orqali jo‘natishini, bu safar aniq taqiqini yechganini bildirgan.

Nursulton Erali Ro‘ziqulovga Bishkek shahridan Rossiyaning Novosibirsk viloyatiga aviachipta olib bergan. Erali uning ko‘rsatmasi asosida O‘sh shahriga o‘tgan, so‘ngra Bishkekka borgan. Biroq aeroportda pasport nazoratidan o‘tayotganda bu safar uni Qirg‘iziston chegara xodimlari to‘xtatib qolgan. Ular Rossiyaga kirishga taqiq borligini, sarson bo‘lgan holda qaytib kelishi mumkinligini aytib, bormaslik maslahatini bergan.

Shu tariqa, o‘zi sezmagan holda omadi yurishib, Erali Ro‘ziqulov ikkinchi marta ham Rossiyaga ketolmagan.

“Sheriklarim yo‘q”

Nursulton Tavakalovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda u 2025 yil 14 avgustda qamoqqa olingan.

Nursulton sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan va bu ishni qilishda sheriklari bo‘lmaganini aytgan.

“Ushbu fuqarolar Rossiyaga borishlari haqida Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlariga xabar bermaganman. Ular bilan aloqam ham yo‘q”, degan o‘z ko‘rsatmasida.

Ammo sud guvohlar va jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari, jinoyat ishi doirasida to‘plangan dalillar bilan Nursultonning jinoyati o‘z tasdig‘ini topgan, deb hisoblagan.

Jazo

JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2026 yil 12 fevraldagi hukmi bilan Nursulton Tavakalov Jinoyat kodeksining 28,154-moddasi (yollanish) 2-qismi va 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b,g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilgan. Unga 7 yil 2 oy oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Muqaddam boshqa jinoyat ishi doirasida tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismi qo‘shilib, jazo muddati 7,5 yilga keltirilgan. Jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tash nazarda tutilgan.

Shuningdek, undan jabrlanuvchilar foydasiga yetkazilgan zararni undirish belgilangan.

Apellyatsiya sudi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

media xalqqa yaqinlashdi, ayollar ovozi yanada balandroq yangramoqda

Published

on


Toshkentda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan «EU–Tabassum» loyihasining ikki yillik yakunlari sarhisob qilindi. Milliy konferensiya doirasida o‘tkazilgan «Media Ayvon–2026» forumi loyiha natijalarini tahlil qilish bilan birga, media makonidagi real o‘zgarishlarni namoyon etdi.

​Loyiha DW Akademie hamda Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi hamkorligida amalga oshirilib, xotin-qizlar va yoshlar ovozini kuchaytirish, gender tengligini targ‘ib qilish va media ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratildi.

​Ikki yil davomida loyiha doirasida:

– ​8 ta treningda 150 ga yaqin jurnalist va blogerlar o‘qitildi;

​- 12 ta media-klub orqali 300 dan ortiq ishtirokchi birlashtirildi;

​- 10 ta tashkilot tomonidan 650 dan ortiq media mahsulot yaratilib, ularning qamrovi 180 mingdan oshdi.

​Shuningdek, EduSmile.uz ta’lim platformasi ishga tushirilib, jurnalistlar va kontent yaratuvchilar uchun professional muhit shakllandi. Platforma orqali turli soha ekspertlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi.

​«EU–Tabassum» — bu shunchaki loyiha emas, balki O‘zbekistonda ochiq, inklyuziv va mas’uliyatli media muhitini shakllantirishga xizmat qilayotgan muhim platformadir.

​Tadbir tashkilotchilari:

​- Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi

​- OAV uchun kontent tayyorlash markazi

​- Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi

​- DW Akademie

​- Yevropa Ittifoqi

​- Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi

​- Shveysariya hamkorlik va taraqqiyot agentligi (SDC). 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

“Hojatxona izlab, transformatorga kirib qolgan” – Mingbuloqda tok urgan bola qo‘llaridan ayrildi

Published

on


Namanganda 4 yoshli bola ochiq qoldirilgan yuqori kuchlanishli transformator punktiga kirib, ikki qo‘lidan ayrildi. Bolaning otasi baxtsiz hodisaga aloqador bo‘lgan Mingbuloq tumani elektr ta’minoti korxonasi javobgarlikni bo‘yniga olmayotganini aytmoqda. Kun.uz’ning aniqlashicha, mas’ul usta jinoiy jazoga tortilgan.

Jamashuydagi baxtsiz hodisa

Mingbuloq tumani Mehnatobod mahallasida yashovchi 4 yoshli Jamshidbek Xolmatov ochiq qoldirilgan yuqori kuchlanishli transformator punktiga kirib qolishi oqibatida tok urib, qo‘llaridan ayrildi. Holat 2025 yil 11 noyabr kuni Jamashuy shaharchasida sodir bo‘lgan.


videodan kadr

“Aybdorlar yordam bermadi”

Kun.uz muxbiri bolaning otasi Jumanazar Xolmatov bilan bog‘landi. Uning aytishicha, aybdorlar unga yordam bermagan.

“2022 yilda tug‘ilgan o‘g‘lim eshigi ochiq qoldirilgan yuqori kuchlanishli TPga bilmay kirib qolib, tokni ushlab olgan.

Bolamni u yerdan ko‘tarib olib chiqib, qishloqdagi kasalxonaga olib bordim. Undan keyin shahardagi shifoxonalarga qaratdik. Qo‘lini ko‘ramiz, mutaxassislarni chaqiramiz, deyishdi. Yana 4-5 kun kutdik. Operatsiya qilib ko‘rdik, yuqori kuchlanish tok payigacha uzib tashlagan ekan. Keyin noiloj o‘g‘lim ikki qo‘lidan ayrildi.

Aybdorlar qonuniy jazoga tortilishini talab qilaman. Yordam bermagani uchun bor holatni ijtimoiy tarmoqlarga chiqarishga majbur bo‘ldim”, deydi Jumanazar Xolmatov.

“Barcha yordamni ko‘rsatdik”

Kun.uz holat yuzasidan Mingbuloq tumani elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i Bobur G‘ulomqodirov bilan ham bog‘landi. Uning ta’kidlashicha, bola hojatxona izlab TP ichiga kirgan:

“Mashina ichida otasi bilan o‘tirgan bolaning hojatga chiqqisi kelib qolgan. Hojatxona topa olmay, eshigi ochiq qoldirilgan TP eshigini ochib, ichiga kirganida uni tok urgan. Bu paytda bolaning otasi mashinada bo‘lgan.

Odatda yuqori kuchlanishli transformatorlarning barchasida qulflari bo‘ladi. Lekin ba’zida svet o‘chib qoladi, boshqa bo‘ladi. Ularga bir martalik, bir xil tipdagi qulflar qo‘yiladi. O‘sha qulflarni kimlardir o‘zboshimchalik bilan ochib, ochiq holatda tashlab ketgan bo‘lgan.

Bolaning dorisiga, ro‘zg‘origa yordam qildik. Hozirgi kungacha tuman elektr tarmoqlari korxonasining o‘zidan 60 mln so‘m yordam qilindi. Hokimiyat ham 50 mln so‘m yordam qildi”, deydi u.

Usta jinoiy jazoga tortilgan

Kun.uz’ning aniqlik kiritishicha, holat yuzasidan Mingbuloq tumani prokuraturasi, viloyat Energo-inspeksiyasi va Mehnat boshqarmasi mutaxassislari tomonidan surishtiruv harakatlari o‘tkazilgan. Yakunga ko‘ra, usta I.S.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud hukmi bilan unga oylik ish haqining 20 foizini davlat foydasiga undirgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Shuningdek, u lavozimidan ozod qilingan.

Bu birinchisi emas

Transformator punktlarida bolalarni tok urish holatlari uchrab turadi. Masalan, bundan 3 yil avval Navoiyda xuddi shunday holat sodir bo‘lgandi. O‘shanda 6 yoshli bolakay bolalar maydonchasiga yonma-yon joylashtirilgan, xavfsizligi ta’minlanmagan transformator eshigini ochib ko‘rishi oqibatida tok urib, ikki qo‘lidan ayrilgandi.

Yaqinda Farg‘ona shahridagi 66-son davlat bog‘chasida kuzatilgan holatda esa 6 yoshli tarbiyalanuvchi transformator punktiga yiqilib, tok urishi oqibatida tana a’zolari kuyib ketgandi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

AQShdan deportatsiya qilingan 26 o‘zbekistonlik Toshkentga keltirildi

Published

on


Bugun AQShning migratsiya qonunchiligini buzgani uchun deportatsiya qilingan 26 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan charter reys Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Bu haqda «Dunyo» agentligi xabar berdi.

Vatandoshlarning qaytarilishi O‘zbekiston va AQShning tegishli idoralari muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari natijasida amalga oshirildi.

Ikki tomonlama hamkorlik doirasida fuqarolarning shaxsini aniqlash, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va ularning xavfsiz olib kelinishini ta’minlash kabi barcha zarur tashkiliy va huquqiy tartib-taomillar tezkorlik bilan kelishib olindi.

O‘zbekiston migratsiya sohasida xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni doimiy ravishda rivojlantirib, migratsiya qonunchiligi buzilishining oldini olishga, shuningdek, chet eldagi o‘z fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda, deyiladi xabarda.

Avvalroq Avstriya noqonuniy migrantlarni O‘zbekiston orqali deportatsiya qilmoqchi ekani xabar berilgandi. 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.