Iqtisodiyot
Global beqarorlik sharoitida ham O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,7 foizga o‘sdi
Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59 yillik yig‘ilishida nutq so‘zlamoqda.
So‘nggi yillarda iqtisodiyotimizga 150 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilib, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. Birgina energetika sohasida 35 milliard dollarlik investitsiya loyihalari hisobiga elektr ishlab chiqarishni 1,5 barobar oshirib, 87 milliard kilovatt-soatga yetkazdik.
Bu davrda tovar va xizmatlar eksporti 3 karra o‘sdi, iqtisodiyotimiz hajmi esa 50 milliarddan 147 milliard dollarga yetdi.
Global beqarorlik sharoitida ham O‘zbekiston iqtisodiyoti birinchi chorak yakuni bo‘yicha 8,7 foizli o‘sishga erishdi.
«Eng muhimi, islohotlarimizda har bir oila, har bir insonning kundalik hayotini yaxshilashga asosiy e’tiborni qaratdik. Biz o‘tgan davrda 8,5 million ehtiyojmand aholi daromadini oshirib, kambag‘allik darajasini qariyb 35 foizdan bugungi kunda 5,8 foizga tushirishga erishdik.
O‘zbekiston oxirgi o‘n yilda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda eng katta ijobiy o‘zgarish qilgan beshta davlatdan biri bo‘ldi.
Biz 2030-yilga qadar O‘zbekistonda barcha sohalarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish orqali iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish niyatidamiz.
Natijada daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirishni hamda kambag‘allikka to‘liq barham berishni maqsad qilganmiz. Yaqin kunlarda 13 ta strategik yirik korxona aktivlarini o‘z ichiga olgan «Milliy investitsiya jamg‘armasi»ning 30 foiz ulushini xalqaro fond bozoriga chiqaramiz.
Aminmanki, bunday muhim qadam hamkorlarimizning yurtimiz investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi», – dedi davlatimiz rahbari.
Iqtisodiyot
Endi chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarish mumkin bo‘ladi
Endilikda chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarish mumkin bo‘ladi.
Adliya vazirligi Kapital bozori sohasida «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi doirasida chet el valyutasida ifodalangan obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3826, 29.04.2026-y.).
Xususan, chet el valyutasida ifodalangan obligatsiyalar – nominal qiymati va daromadi chet el valyutasida ifodalangan obligatsiya egasining obligatsiyaning nominal qiymatini va emissiya risolasida nazarda tutilgan daromadni olish huquqini tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qog‘oz hisoblanadi.
O‘zbekiston rezidenti va «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi bo‘lgan hamda yillik moliyaviy hisobot bo‘yicha mustaqil auditorlik tashkilotining ijobiy xulosasiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar chet el valyutasidagi obligatsiyalarni chiqarishi mumkin.
Bunda, 1 ta emitent tomonidan valyuta obligatsiyalari chiqarilishlarining umumiy summasi 50 mln AQSh dollari ekvivalentidan oshmasligi zarur.
Valyuta obligatsiyalari ta’minlangan yoki ta’minlanmagan holda chiqarilishi mumkin.
Valyuta obligatsiyalarini ta’minotsiz chiqarishga ularni chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadagi emitentning o‘z kapitali miqdori doirasida yo‘l qo‘yiladi. Emitentning o‘z kapitali miqdoridan oshib ketgan taqdirda, emitent valyuta obligatsiyalarini ta’minotsiz chiqarish uchun oshib ketgan summa miqdoriga ta’minot taqdim etishi shart.
Valyuta obligatsiyalarini chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi, shuningdek valyuta obligatsiyalarining daromadlarini to‘lash va so‘ndirish ustidan nazorat Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston OTB bilan 12 mlrd dollarlik hamkorlik dasturini imzoladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59-yillik yig‘ilishida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda OTB va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining o‘rnini alohida e’tirof etdi.
Ma’lum qilinishicha, strategik sherikka aylangan bank bilan hozirgi kunga qadar qariyb 16 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Osiyo taraqqiyot banki mamlakatimizdagi qayta tiklanuvchi energetika, qishloqlarda uy-joy qurilishi va Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlarida ilk kunlardan yelkadosh bo‘lganligi qayd etildi.
Yig‘ilishda davlat rahbari O‘zbekistonni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda hamda bank Boshqaruvchilariga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Shu bilan birga, yaqin hamkorlik uchun Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari rahbariyatiga, shuningdek, barcha xorijiy sheriklarga alohida minnatdorchilik bildirildi.
Ta’kidlanishicha, kuni kecha, 3-may kuni O‘zbekiston OTB bilan 12 milliard dollarlik yangi hamkorlik dasturini imzoladi.
«Barqaror taraqqiyotni ta’minlash uchun Bank bilan hamkorlikda yangi mexanizm va ta’sirchan yondashuvlarni joriy etishni davrning o‘zi bizdan taqozo etmoqda», – dedi Prezident.
Iqtisodiyot
96 ming so‘mlik harakat uchun 140 mlrd so‘m jarima
Soliq maslahatchisi Nodirbek Xo‘jabekov Kun.uzʼga bergan intervyusida markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun qo‘llanayotgan jarimalar tizimi amalda qanday ishlayotgani va so‘nggi o‘zgartirishlar ortidan biznes zimmasiga tushayotgan yuk haqida fikr bildirdi. Uning aytishicha, ayrim hollarda juda kichik qoidabuzarliklar uchun milliardlab so‘m jarimalar qo‘llangan. “96 ming so‘mlik mahsulot sabab 140 milliard so‘m jarima qo‘llangan. Biz bu holatlarni sudlarda isbotladik: bu markirovkalash emas, savdo qoidasini buzish deb qaraldi va yutib chiqdik”, – deydi mutaxassis. Shundan keyin 833-sonli qarorga o‘zgartirish kiritildi: endi donalab sotishda ham bu holat markirovkalash qoidasini buzish sifatida qaraladi. “Natijada firmalar bankrot holatiga olib kelinyapti”, – deydi soliq maslahatchisi.
Soliq maslahatchisi Nodirbek Xo‘jabekov Kun.uzʼga bergan intervyusida markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun jarimalar nihoyatda og‘ir ekani haqida gapirdi.
“Jarimalar adolatlimi degan savolga men bitta pozitsiyada turib, “ha, adolatli” deb javob berardim — agar qoida to‘g‘ri qo‘llansa. Bu Soliq kodeksining 221 prim 1-moddasi bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, markirovkalash qoidasini buzganlarga choraklik oborotning 2 foizi miqdorida jarima qo‘llanadi, agar yil davomida takrorlansa — 20 foiz.
Markirovkalash qoidasini buzish nima degani? Buni Vazirlar Mahkamasining 833-son qarori asosida tushunamiz. Shu qaror bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada aniq yozilgan: ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan markirovka qilinmagan tovarni ishlab chiqarish yoki sotish — markirovkalash qoidasini buzish hisoblanadi. Ya’ni markirovkalanmagan tovar katta hajmda bozorga chiqib ketishining oldini olish. Masalan, ishlab chiqaruvchi markirovkasiz mahsulotni ko‘p miqdorda chiqarishi yoki import qiluvchi olib kirgan mahsulotining bir qismini yashirib sotishi mumkin. Shu holatlar uchun aylanmadan 2 yoki 20 foizlik jarima belgilangan. Bu ma’lum darajada adolatli edi.
Lekin amaliyotda boshqacha qo‘llandi. Oddiy chakana savdoda ham — masalan, dorixonada arzon sitramon yoki ichimlik sotilganda markirovka o‘tmay qolsa — shu korxonaning uch oylik oborotidan 2 foiz jarima qo‘llana boshladi”, – deydi u.
Mutaxassis yirik dorixonalar yuzlab filiallari bo‘lgan dorixonalar tarmog‘ini misol keltirib, qaysidir bitta filialida ming so‘mlik sitramon markirovkasiz sotilsa, butun tarmoqning oborotidan jarima hisoblanishiga urg‘u berdi.
“Vaholanki, 833-son qarorda aniq yozilgan: bu norma ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarga nisbatan qo‘llanadi. Chakana va ulgurji savdoda esa bu holat savdo qoidasini buzish hisoblanadi.
Shunga qaramay, amaliyotda hattoki donalab sotishda ham markirovkalash qoidasi buzildi deb, 221 prim 1-modda bo‘yicha oborotdan jarima qo‘llangan.
Masalan, bitta qadoqdagi 10 dona Tsitramonni sotishda markirovka skanerdan o‘tmasa — butun korxona oborotidan jarima hisoblanadi. “Birnima-farm” kabi korxonalarda ham shunday holatlar bo‘lgan — oxirgi uch oylik oborotidan 2 foiz jarima qo‘llanadi”, – dedi Nodirbek Xo‘jabekov.
Eng keskin holatlardan biri — 96 ming so‘mlik mahsulot sabab 140 milliard so‘m jarima qo‘llangan. Bu korxonaning asosiy oboroti ishlab chiqarish (120 mlrd), qolgan qismi mehmonxona va umumiy ovqatlanish faoliyati edi. Aynan barda 96 ming so‘mlik mahsulot markirovkasiz sotilgani uchun butun oborotdan jarima hisoblangan.
“Bu amaliyot noto‘g‘ri qo‘llangan, chunki 833-son qarorga zid edi. Norma aslida faqat ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilarga qo‘llanishi kerak edi. Biz bu holatlarni sudlarda isbotladik: bu markirovkalash emas, savdo qoidasini buzish deb qaraldi va yutib chiqildi.
Ammo keyinchalik 833-son qarorga o‘zgartirish kiritildi. Endi donalab sotishda ham bu holat markirovkalash qoidasini buzish sifatida qaraladi. Natijada bugun: agar dorixonada yoki supermarketda bitta mahsulot markirovkasi skanerdan o‘tmay qolsa ham, butun korxonaning uch oylik oborotidan 2 foiz jarima qo‘llash qonuniylashtirildi.
Bu o‘zgartirish 2026 yil 23 yanvardan kuchga kirgan. Natijada firmalar bankrotlik holatiga olib kelib qo‘yilmoqda”, – dedi mutaxassis.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda yil yakunigacha 7,1 mlrd kVt soat elektr ishlab chiqariladi
O‘zbekistonda gidroenergetika sohasini rivojlantirishga qaratilgan yangi qaror qabul qilindi. Prezidentning PQ–163-son qaroriga muvofiq, 2026-yil yakuniga qadar 114 MVt quvvat ishga tushirilishi va 7,1 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi belgilandi.
Qarorga ko‘ra, gidroenergetika tarmog‘ida yangi investitsiya loyihalarini jadallashtirish va mavjud quvvatlardan samarali foydalanish asosiy maqsad qilib olingan.
2032-yilgacha gidroenergetika sohasida yirik o‘zgarishlar rejalashtirilgan. Jumladan, umumiy quvvati 1 400 MVt bo‘lgan gidroto‘plash elektr stansiyalarini qurish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 3 266 MVt qo‘shimcha quvvatlar yaratish orqali umumiy gidroenergetika quvvatlarini 2,4 baravarga oshirish rejalashtirilmoqda.
Qarorda infratuzilmani rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Loyihalar hududlariga olib boruvchi yo‘llar va elektr tarmoqlari «O‘zbekgidroenergo» mablag‘lari hisobidan barpo etiladi.
Shuningdek, «Gidroproyekt» va «O‘zsuvloyiha» kompaniyalariga zamonaviy uchuvchisiz apparatlar xarid qilish orqali loyiha-qidiruv ishlarini takomillashtirish belgilangan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda islomiy bank tizimi rivojlanishi – biznes uchun yangi imkoniyatlar
16 mayda Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida Hayot Bank tomonidan O‘zbekistonda islomiy bank tizimi – mamlakat moliyaviy tarmog‘i eng istiqbolli yo‘nalishlaridan birining rivojlanishiga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkaziladi. Tadbir “O‘zbekiston – kuchli brendlar yurti” shiori ostida yo‘lga qo‘yilgan Brand Awards International 2026 mukofoti doirasida tashkil etiladi.
2026 yil 27 mart sanasida prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda islomiy bankingni joriy etishga qaratilgan O‘RQ-1126-son qonunni imzoladi. Hozirda islomiy moliya vositalarini joriy etish uchun institutsional baza shakllantirilmoqda, u tadbirkorlar va investorlar uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. Islomiy moliya bugungi kunda iqtisodiy o‘sishning muhim vositasiga aylanmoqda.
Konferensiya quyidagilarni bir maydonga birlashtiradi:
§ O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki vakillari;
§ Yetakchi banklar va fintex-kompaniyalar;
§ Xalqaro ekspertlar;
§ Kichik, o‘rta va yirik biznes vakillari.
Qatnashchilar asosiy trendlar, eng yaxshi amaliyotlar va mamlakatda islomiy banking rivojlanishi istiqbollari, shuningdek uning moliyaviy tarmoq transformatsiyasidagi rolini muhokama qilishi ko‘zda tutilgan.
Dasturdan:
ü Tarmoq ekspertlari chiqishlari;
ü Islomiy bank tizimi rivojlanishidagi xalqaro tajriba;
ü Dolzarb masalalar bo‘yicha panel muhokamalari o‘rin olgan.
Hayot Bank faoliyati boshidan an’anaviy va islomiy moliya yechimlarini umumiy ekotizimda birlashtirgan yangi avlod banki sifatida namoyon bo‘lib kelmoqda. Bank biznes vakillari va aholi tomonidan ularning qadriyatlariga muvofiq moliyaviy vositalarga talab yuqori ekanining shohidi bo‘lmoqda.
Hayot Bank Qadriyatli yo‘nalishini rivojlantirish – bu O‘zbekistonda to‘laqonli islomiy bank tizimi shakllanishiga qaratilgan strategik qadam.
“Biz shunchaki mahsulotlarni joriy etmaymiz, biz ushbu segmentni uzoq muddatli rivojlantirish uchun tizimli asosni yaratamiz. Vazifamiz – islomiy moliyaviy yechimlarni keng doira yani tadbirkorlardan tortib xususiy shaxslargacha tushunarli va hammabop qilish”, — deydi Hayot Bank boshqaruvi raisi Odil Po‘latov.
Islomiy moliya mahsulotlaridan biznesning o‘sishida foydalanish, moliyalash manbalari diversifikatsiyalash va yangi bozorlarga chiqishga alohida e’tibor beriladi.
Islomiy bank tizimi – adolatlilik, shaffoflik va hamkorlik tamoyillariga asoslangan to‘laqonli moliyaviy tizim hisoblanadi. Islomiy moliya spekulyativ amaliyotlarni istisno etib, bitimning barcha qatnashchilari o‘rtasida foyda va xatarlarning adolatli taqsimlanishini nazarda tutadi. Bu holat ushbu tizimni iqtisodiyot transformatsiyalanishi va axloqiy moliya vositalariga talab o‘sib borishi sharoitida alohida jozibali qiladi.
Konferensiyada qatnashing! Islomiy moliya mahalliy biznes va bank tarmog‘i uchun qanday yangi imkoniyatlar ochishi haqida bilib oling.
Batafsil: https://bai26.marketing.uz/uz/#conference
Reklama xuquqi asosida
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev energiya tejash vositasi sifatida kommunal xizmatlarni oʻchirishni taqiqlovchi farmonni imzoladi
-
Siyosat4 days agoOʻzbekistonda yil oxiriga qadar 13 ta GES qurish rejalashtirilmoqda, tarmoqni kengaytirish koʻzda tutilmoqda
-
Turk dunyosi5 days agoKurd jangari rasmiysining aytishicha, Turkiya islohotlarning yoʻqligi tufayli tinchlik muzokaralarini toʻxtatib qoʻymoqda
-
Jamiyat4 days ago
Sud jarayonlarini OAVda yoritishni takomillashtirish bo‘yicha dastur boshlandi
-
Jamiyat5 days ago
May oyida qanday ob-havo kutiladi? «O‘zgidromet» izoh berdi
-
Jamiyat5 days agoBuxoro va Surxondaryoda Afg‘onistondan kontrabanda qilingan opiyning katta partiyasi aniqlandi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda kafe va restoranlar daromadi keskin oshdi
-
Jamiyat3 days agoJinoiy guruh yetakchisidan 2,7 ming dollar olgan profilaktika inspektori ushlandi
