Jamiyat
Qotil oshpaz, pichoqlangan 5 aka-uka va umrbod qamoq – Kosondagi mudhish qotillik
2025 yil 2 iyul. Qarshi shahridagi choyxonada oshpaz bo‘lib ishlovchi Quvonch Sunnatovning telefoniga SMS keldi. U xabarni o‘qidi va o‘zi ishlatadigan pichoqni ryukzagiga solib, yo‘lga chiqdi. Oradan 3 soat o‘tib, Koson tumani Mustaqillik mahallasida dahshatli oshkora qotillik sodir bo‘ldi: Quvonch Sunnatov 5 aka-ukani yaqinlari ko‘z oldida pichoqladi. Oqibatda ikki aka-uka halok bo‘ldi, uchtasi jarohatlandi. Hodisadan xabar topganlarni bir savol o‘ylantirardi: oshpaz nega qotillikka qo‘l urdi, uning telefoniga kimdan qanday SMS kelgandi?
Ba’zida kichik oilaviy janjallar katta jinoyatlarga sabab bo‘ladi. Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida sodir etilgan dahshatli qotillik ham oilaviy janjalga borib taqaladi. Afsuski, oradan 8 oy o‘tganiga qaramay bu voqea hamon kosonliklarni hayratga, marhumlarning yaqinlarini esa iztirobga solib kelmoqda.
Sangamdan kelgan SMS
2023 yilning dekabri. Koson tumanida yashovchi Sangam Musayev Sevinch Sunnatova bilan turmush quradi. Biroq ularning birgalikdagi turmushi tinch kechmaydi, er-xotin o‘rtasida turli oilaviy janjallar bo‘lib turadi. Shunday janjallarning birida, 2025 yilning 11 iyun kuni Sangam Musayevning akasi G‘olib Musayev Sevinchni ota-onasining uyiga tashlab ketadi.
30 yoshli Quvonch Sunnatov Sevinchning akasi edi. U Qarshi shahridagi choyxonalardan birida oshpaz bo‘lib ishlardi. Kuyovi singlisini jo‘natib yuborgani uni g‘azablantirmasdan qolmagandi.
2025 yil 2 iyul. Odatdagiday kunlarning biri. Quvonch choyxonada o‘z ishlari bilan band edi. Soat 14:00 larda uning telefoniga kuyovi Sangam Musayevdan “Singlingning narsalarini chiqarib qo‘yibman, kelib olib ketinglar”, degan xabar keladi. Oshpaz unga javoban xo‘p degan mazmunda xabar jo‘natadi. O‘sha kungi voqealarning bari ana shu xabardan boshlangandi.
Xavfli ryukzak
Quvonch Sunnatov kuyovidan SMS olgach, onasiga qo‘ng‘iroq qiladi. “Kuyovingiz narsalarni olib ketinglar, deb yozib yubordi”, deydi u. Shunda onasi “Ajrashib ketadimi, yashaydimi?” deb so‘raydi. Onasining hadik aralash bergan savoliga Quvonch “Qachondir vaqti kelib yashab ketar, borib narsalarini olib kelamiz, olib ket deganidan keyin yalinib yashatib bo‘lmaydi, taksi gaplashib kelinglar, men ham boraman”, deya javob qaytaradi.
Shundan so‘ng Quvonch singlisiga tegishli buyumlarni olib kelish uchun 400 ming so‘mga yuk mashinasi gaplashadi ham uning haydovchisiga manzilni tushuntiradi.
Singlisi bir nafar voyaga yetmagan farzandi hamda 7 oylik homilasi bilan ajrashib ketayotgani akani tinch qo‘ymasdi. U bunga kuyovi va uning oila a’zolari sababchi ekani haqida o‘ylab, g‘azab otiga mingandi. Shu sababli singlisining or-nomusi uchun qasd olish maqsadida choyxonadan o‘zi ishlatib kelgan pichoqni ryukzagiga solib, yo‘lovchi mashinada Koson tumaniga yo‘l oladi.
Oshkora qotillik
Quvonch Sunnatov Koson tumani Beshqo‘ton mahallasida yashovchi tog‘asining yashash uyiga kelib, buvisi bilan suhbatlashadi. Shu payt pochchasi boshqaruvidagi mashinada onasi, singlisi hamda ukasi ham yetib keladi.
Quvonch Sunnatov singlisiga qarata “Boradigan bo‘lsang baqir-chaqir qilmasdan narsalaringni yig‘ishtirib qaytasan”, deydi. So‘ngra yuklarni ortishda yordamlashishini aytib, jiyanini ham o‘zlari bilan olgan holda Sangam Musayevning uyiga borishadi.
Sevinchning buyumlari hovliga kirgan joyda yig‘ib qo‘yilgandi. Bu yerda quda tomonni Sangam, uning akalari G‘olib, Kamol, Lochinbek va Farhod Musayevlar kutib turgandi. Aslida qudalar bir-birlari bilan qarindosh bo‘lgan.
Quvonch kuyovi yashagan hovliga kirib borarkan, aka-ukalar bilan ko‘rishmaydi. Faqat ammasi bilan og‘zaki so‘rashib qo‘yadi. So‘ngra darvozani ochib, yuk mashinasiga singlisining buyumlarini yuklay boshlaydi. Bu paytda o‘zi bilan birga kelgan onasi quda tomon bilan tortishib turgandi. Quvonch onasiga qarata jim bo‘lishni, ular bilan o‘zi gaplashishini aytadi.
Yuklar mashinaga ortib bo‘linganda Sevinch turmush o‘rtog‘i Sangamga “Ikki yosh bolaning uvoli uradi seni”, deydi. Sangam esa Sevinchni urmoqchi bo‘ladi va quda tomonni onasidan kelib haqoratlaydi. Bu holat Quvonchning jahlini battar chiqaradi. U pochchasining mashinasiga qo‘ygan ryukzagini oladi. Bir ko‘ngilsizlikni sezgan onasi, singlisi va jiyani uni to‘xtatib, mashinaga o‘tirg‘izadi.
Ammo Quvonch Sunnatov sekin harakatlanayotgan mashinadan tushib, qo‘lida taxta bo‘lagini ko‘tarib kelayotgan G‘olib Musayevning qorin va ko‘krak sohasiga ikki marta pichoq uradi. So‘ngra ularni ajratish uchun kelgan Farhod Musayevga ham ikki marta pichoq uradi. Shundan so‘ng ko‘zi qonga to‘lgan oshpaz Komil Musayevni quvlashga tushadi. Uni kartoshka ekilgan yer maydonida ushlab olib, ungayam pichoq bilan ikki marta zarba beradi.
Shuningdek, Quvonch Sunnatov Lochinbek Musayev hamda kuyovi Sangam Musayevga ham pichoq sanchib, ularni o‘ldirishga suiqasd qilgan.
Shu tariqa, yaqin qarindoshlari ko‘z o‘ngida pichoqlangan Kamol Musayev voqea joyida, G‘olib Musayev esa shifoxonada vafot etgan. Qolgan uch aka-uka esa tan jarohati olgan.
Bo‘layotgan janjalni ko‘rib, homilador Sevinchning mazasi bo‘lmay qolgan. Quvonch singlisini onasi va ukasi bilan birgalikda pochchasining mashinasida Qarshi shahar tez tibbiy yordam bo‘limiga olib ketgan. Shifokorlar uning kiyimlariga sachragan qon dog‘larini ko‘rgan. Shu sababli Quvonch Sattorov pochchasi bilan o‘zi ishlaydigan choyxonaga borib, kiyimlarini almashtirgan. So‘ngra shifoxonaga borib, onasi va singlisini shifoxonadan olib chiqib ketayotganda tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olingan.
“Hammasini o‘ldir, dedi”
Barcha jinoyat ishlarida qarama-qarshi ko‘rsatmalar bo‘lgani kabi, bu qotillik sudida ham tomonlar janjalning kelib chiqish sabablari, kim avval nima degani-yu, kim qanday harakat qilgani borasida turlicha ko‘rsatmalar bergan. Albatta, ularning barini sanab o‘tirish fikridan yiroqmiz. Ammo sudda jabrlanuvchi tomon ko‘rsatmasida Quvonch Sunnatovning onasi bilan bog‘liq bir gap yangragan.
Jumladan, jabrlanuvchi Farhod Musayev o‘z ko‘rsatmasida sekin yurib ketayotgan mashinadan Quvonch va uning onasi tushganini, onasi o‘g‘liga qarab “hammasini o‘ldir”, deya qo‘li bilan ular tomonga ishora qilganini aytgan. Shuningdek, u o‘ziga pichoqni Quvonch emas, ukasi Qodir sanchganini bildirgan.
“Quvonch sumkasidan oshxona pichog‘ini olib, yugurib kelganicha ukam Komilning qorniga ikki marta urdi. Shunda holatni ko‘rib turgan ukam G‘olib ularni ajratish uchun yugurdi. Quvonch pichoq bilan G‘olibning biqiniga urdi, so‘ngra Lochinbekka tashlandi. Lochinbek chap bergani sababli pichoq uning qo‘ltiq sohasidan o‘tib ketdi. Shunda yugurib borib, Quvonchning ikkala qo‘lini ushladim. U ukasi Qodirga pichoqni ol, deb aytdi. Qodir kelib pichoqni oldi. Quvonch ukasiga qarab “ur”, dedi. Qodir pichoqni qo‘ltiq osti sohamga tiqib, ko‘tarib yubordi. Shunda tanamdan “puff” etgan ovoz chiqib, tirqirab qon oqa boshladi. Ukam G‘olib Qodirni kiyimidan ushlab tortganida u burilib, ukamning ham old ko‘krak sohasiga bir marta pichoq sanchib oldi. Biz Qodirning qo‘lini ushlaganimizda ukam G‘olib pichoqni olib, darvozaxonaga otib yubordi. So‘ngra Quvonch va uning oila a’zolari hodisa joyidan mashinada qochib ketishdi”, degan Farhod Musayev o‘z ko‘rsatmasida.
U Quvonch Sunnatov bilan birga uning voyaga yetmagan ukasi Qodir Sunnatovni ham javobgarlikka tortishni so‘ragan.
Sudlanuvchi Quvonch Sunnatov sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan va pushaymonlik bildirgan. U o‘z ko‘rsatmasida onasi “hammasini o‘ldir”, deya aytmaganini, aksincha janjalni to‘xtatishga uringanini, ukasi Qodir, pochchasi va jiyani aralashmaganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, sudda guvoh sifatida so‘ralganlar ham Qodirning qo‘lida pichoq ko‘rmaganini bildirishgan.
Jazo
JIB Koson tuman sudining 2025 yil 23 dekabrdagi hukmi bilan 29 yoshli Quvonch Sunnatov Jinoyat kodeksi 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a,g,j” bandlari va 25,97-moddasi 2-qismi “a,g,j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Qashqadaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2026 yil 24 fevraldagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Oliy sud axborot xizmati bilan hamkorlikda sud hujjatlari asosida tayyorlandi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
-
Iqtisodiyot3 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat11 hours ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
