Siyosat
Javohir Sindorov sharafiga tantanali marosim o‘tkazildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida shaxmatchimiz, Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindorovni sharaflashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Shaxmatimiz tarixida birinchi marotaba Javohir Sindorov Nomzodlar turnirida g‘alaba qozonib, tom ma’noda tarixiy natijaga erishdi.
Musobaqa davomida u dunyoning eng kuchli grossmeysterlariga qarshi yuksak mahorat va katta jasorat bilan kurash olib bordi, har bir bahsda qat’iyat, kuchli iroda va intellektual ustunligini namoyon etdi. Ayniqsa, bir marta ham mag‘lubiyatga uchramay, 14 ta partiyada 10 ochko to‘plagani, natijada ochkolar va g‘alabalar soni bo‘yicha rekordlar o‘rnatgani shaxmat olamida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisadir.
Prezidentimiz marosimda so‘zga chiqib, Javohir Sindorovni mazkur tarixiy zafar bilan yana bir bor samimiy qutladi. Bu butun xalqimizning, Yangi O‘zbekistonning g‘alabasi ekanini ta’kidladi.
Albatta, hech bir natija o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning zamirida uzoq yillik tinimsiz mehnat, bolalikdan orttirilgan tajriba, qat’iy iroda, temir intizom, va, albatta, ustoz va murabbiylarning sabog‘i, ota-ona, bobo va buvijonlarning duosi mujassam. Fursatdan foydalanib, mana shunday o‘zbek o‘g‘lonini tarbiyalab, voyaga yetkazgan bobong va buvingga, ota-onanga, ustoz va murabbiylaringga yana bir bor o‘zimning minnatdorchiligimni bildiraman, – dedi davlatimiz rahbari.
Qayd etilganidek, Javohir Sindorov turnir davomida shaxmat taxtasi ustida o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan mustahkam iroda, o‘ziga ishonch, chuqur tafakkur va sabr-bardoshni namoyon etdi. Ayniqsa, Hindiston, AQSh, Xitoy, Niderlandiya, Germaniya va Rossiya vakillari bo‘lgan super grossmeysterlarga qarshi bosiqlik va mardonavorlik bilan kurash olib borgani alohida e’tirof etildi.
Davlatimiz rahbari Javohir Sindorovning bu yuksak yutug‘i mamlakatimizda sportga, jumladan, shaxmatni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy samarasi ekanini ta’kidladi. Bugun Yangi O‘zbekistonda ana shunday g‘olib, mard va matonatli yoshlar kamol topayotgani barchamizga cheksiz faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Shu ma’noda, bugun FIDE reytingidagi eng kuchli besh shaxmatchidan ikki nafari o‘zbek o‘g‘loni ekani milliy shaxmat maktabimizning salohiyati va nufuzi tobora yuksalayotganidan dalolat beradi. Bularning barchasi minglab iste’dodli yoshlarimiz, umidli shaxmatchilarimiz uchun katta motiavsiya bo‘lishi ta’kidlandi.
Marosimda Javohir Sindorov oldida turgan navbatdagi yuksak marralar haqida ham so‘z yuritildi. Uning jahon shaxmat toji uchun bo‘ladigan hal qiluvchi bellashuvda munosib ishtirok etishiga, o‘zbek shaxmat maktabining salohiyati va shon-shuhratini yana bir bor butun dunyoga namoyon etishiga ishonch bildirildi. Shuningdek, bu yil sentyabr oyida Samarqand shahrida o‘tadigan 46-butunjahon shaxmat olimpiadasida ham xalqimiz g‘alaba kutayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda mamlakatimizda shaxmatni keng ommalashtirish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ushbu sport turini targ‘ib etish, navqiron avlod qalbida milliy g‘urur, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish borasidagi katta xizmatlari, shuningdek, Kiprda o‘tkazilgan FIDE Nomzodlar turnirida rekord natijalar ko‘rsatib, muddatidan oldin g‘oliblikni qo‘lga kiritgani uchun Javohir Sindorov «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangani to‘g‘risidagi Prezident farmoni o‘qib eshittirildi.
Davlatimiz rahbari ushbu yuksak mukofotni tantanali ravishda topshirdi.
Grossmeysterimiz yoshlarga, sport rivojiga qaratilayotgan doimiy e’tibor va yaratilayotgan keng sharoitlar, ko‘rsatilgan yuksak ishonch hamda e’tirof uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
