Jamiyat
Jizzaxda sifatsiz dorilarning ulkan partiyasi aniqlandi
Jizzax viloyatida 250 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalarini savdoga chiqarilishining oldi olindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Forish tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan Sh.A. fuqaro M.X.ga xorijda ishlab chiqarilgan tegishli sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan 15 turdagi jami 1 071 quti dori vositalarini 250 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
2026 yil uch oyida «avariyalar»ning 31 foizi o‘lim bilan yakunlangani ma’lum bo‘ldi
Yo‘l-transport hodisalarining aksariyati belgilangan tezlikka rioya qilmaslik oqibatida sodir bo‘lgan.
2026 yilning uch oyi davomida respublikada 1102 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etildi. Ularning 31,4 foizi (346 ta) inson o‘limi bilan yakunlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashropov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, yo‘l-transport hodisalarining 13,6 foizi haydovchilar tomonidan piyodaga yo‘l bermaslik, 32,9 foizi belgilangan tezlikka rioya qilmaslik, 4,2 foizi haydovchini uxlab qolishi va 22,4 foizi svetoforning talablariga amal qilmaslik oqibatida sodir bo‘lgan.
Shuningdek, axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlar soni 18 mingdan oshgani, ularning aksariyati fuqarolarning pul mablag‘larini elektron to‘lov tizimlari orqali o‘zlashtirish bilan bog‘liqligi ta’kidlandi.
Jamiyat
Bo‘stonliq tumanidagi «noqonuniy chiqindixona» bartaraf etildi
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan hudud tozalanib, zamonaviy kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘stonliq tumani «Yangi hayot» MFY hududida noqonuniy chiqindixona yuzaga kelgani aks etgan video tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ishchi guruhi tomonidan joyiga tezkor chiqilib, vaziyat atroflicha o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida chiqindilar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan belgilanmagan joylarga tashlangani natijasida to‘planib qolgani aniqlangan. Hudud sanitar tozalash korxonalari xizmat ko‘rsatish joriy reja-grafik ishlariga kiritilmagan bo‘lsa-da, agentlik tomonidan zarur choralar ko‘rilgani qayd etilgan.
Shu bilan birga, agentlik huzuridagi kuzatuv kameralaridan foydalanish va nazorat qilish bo‘limi tomonidan hududga 24/7 rejimda ishlovchi zamonaviy kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.
«Mazkur kameralar orqali belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning oldini olish hamda qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur holatga befarq bo‘lmay, atrof-muhit tozaligi masalalariga e’tibor qaratgan jamoatchilik faollariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz», – deyiladi agentlik matbuot xizmati xabarida.
Fuqarolardan chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlamaslik so‘ralgan.
«Tozalikni saqlash – bu barchaning birgalikdagi sa’y-harakatlari hamda atrof-muhitga hurmat bilan munosabatda bo‘lish demak!» – deya qayd etiladi xabarda.
Jamiyat
Tish kariyesidan himoya qiluvchi meva nomi ma’lum qilindi
Anorni muntazam iste’mol qilish tish kariyesi xavfini kamaytirishi va og‘iz bo‘shlig‘i salomatligini yaxshilashi mumkin.
Bu xulosaga tadqiqoti Xalqaro klinik bolalar stomatologiyasi jurnalida chop etilgan mutaxassislar kelishgan.
Tadqiqotda 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan 500 bola ishtirok etdi. Ishtirokchilar ikki guruhga bo‘lingan: biri anor ekstraktidan foydalandi, ikkinchisi esa standart og‘iz gigiyenasi tavsiyalariga amal qilgan. Tish salomatligi kariyes indeksi yordamida baholandi va so‘lak pH darajasi boshlang‘ich bosqichda va 6 va 12 oydan keyin o‘lchandi.
Mualliflar bu ta’sirni anorning antibakterial va antioksidant xususiyatlari bilan bog‘laydilar, bu esa kariyes keltirib chiqaradigan mikroorganizmlarning o‘sishini inhibe qilishi mumkin. Biroq, olimlar bu mahsulotlar og‘iz gigiyenasini o‘rnini bosa olmasligini, balki qo‘shimcha profilaktika chorasi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqdalar.
Avvalroq uxlashdan avval shirinlik yemaslik tavsiya etilgandi.
Jamiyat
Dam olish kunlari O‘zbekistonning ayrim hududlarida yog‘ingarchilik kuzatiladi
«O‘zgidromet» dam olish kunlari uchun ob-havo ma’lumotini taqdim etdi.
Bugun kunduzi Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
11-12-aprel kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat Samarqand, Jizzax viloyatlarida ayrim joylarda va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Harorat kechalari 8-13 daraja, kunduz kunlari 20-25 daraja bo‘ladi.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkentda: 10-12-aprel kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan birozdan o‘rtacha tezlikgacha esadi. Harorat kechalari 11-13 daraja, kunduz kunlari 23-25 daraja bo‘ladi.
Jamiyat
Yil boshidan buyon chiqindi bilan bog‘liq 2,1 mingta qoidabuzarlik aniqlangan
2026-yilning dastlabki 3 oyida respublikada chiqindi bilan bog‘liq jami 2 107 ta qoidabuzarlik holati aniqlangan.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining ma’lum qilishcha, shundan 322 ta huquqbuzarlik bo‘yicha ma’muriy javobgarlik qo‘llanilib, jarimalar undirilgan. Qolgan 1 785 ta qoidabuzarlikka qonunchilikda belgilangan tartibda choralar belgilanmoqda.
Ma’lumot uchun, respublikaning deyarli barcha hududlarida jami 700 ga yaqin onlayn kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan bo‘lib, ular nafaqat chiqindi tashlash, balki boshqa turdagi ekologik huquqbuzarliklarni ham aniqlash va chora ko‘rish imkonini beradi.
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyevaning Vashingtonga tashrifi chogʻida AQSh Oʻzbekistonning JSTga kirishini qoʻllab-quvvatlashga vaʼda berdi
-
Jamiyat5 days agoNavoiyda xususiy bog‘cha tarbiyachisi bolalarni kaltakladi
-
Siyosat4 days agoSenat yashirin iqtisodiyotga chek qoʻyish maqsadida rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi yangi qonunni maʼqulladi
-
Iqtisodiyot4 days agoAmir Temur yubileyiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar chiqarildi
-
Sport4 days agoJavohir Sindorov navbatdagi g‘alaba bilan da’vogarlar turniridagi peshqadamlikni mustahkamladi
-
Sport2 days ago
«Real Madrid» chempionlik uchun kurashlardan chiqdimi?
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev chakana savdoda elektron tijorat ulushini uch baravar oshirishni maqsad qilib qo‘ygan
-
Iqtisodiyot3 days ago
Keyingi haftada ham dollar pasayadi
