Sport
YeChL. «Barsa» va «Liverpul» birinchi o‘yinlarida yutqazdi
Kataloniyaliklarga yana qizil kartochka pand berdi. «Liverpul» esa safarda yirik hisobda mag‘lub bo‘lishdan qutulib qoldi.
Madridliklar «Kamp Nou»dan maksimum natija bilan qaytdi
«Barselona» – «Atletiko» 0:2
Gollar: Alvares, 45 (0:1). Syorlot, 70 (0:2)
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, Martin, Joau Kanselu (Balde, 86), Kunde (Arauxo, 73), Pedri (Gavi, 46), E. Garsiya, Olmo, Reshford (Torres, 73), Yamal, Levandovski (Fermin Lopes, 46)
«Atletiko»: Musso, Gansko (Pubil, 31), Le Norman, Rudjyeri, Molina, Koke (Baena, 60), Liorente, Lukman (Syorlot, 60), Simeone (Almada, 80), Grizmann (Gonsales, 80), Alvares
Ogohlantirishlar: Gavi, 65. Joau Kanselu, 90 – Koke, 31. Pubil, 45. Baena, 63
Chetlatish: Kubarsi, 44
8 aprel oqshomida «Nou Kamp» o‘yingohida Yevropa Chempionlar ligasi chorakfinali doirasida «Barselona» va «Atletiko» o‘rtasida kechgan o‘yinni 44-daqiqada ro‘y bergan epizod hal qildi.
Hansi Flik jamoasiga yuqori himoya chizig‘i yana bir bor pand berdi – dam olish kunlarida la liga doirasidagi o‘yinda bo‘lganidek Juliano Simeone ofsayd qopqoniga tushmasdan himoyachilar ortiga ochildi, Kubarsi esa unga nisbatan so‘nggi umid folini ishlatib to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
O‘yin bosh hakami Ishtvan Kovach avvaliga sariq kartochka ko‘rsatgandi.
Ammo vaziyatga VAR aralashdi va kartochkaning rangi o‘zgardi.
Kubarsi darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan Simeoneni qo‘li bilan turtib yiqitgandi.
Bu vaziyat uchun «Barsa» ikki karra jazolandi. Birinchi bo‘limning o‘zida son jihatdan ozchilik bo‘lib qolgani yetmagandek, tanaffus arafasida gol o‘tkazib yuborildi.
Belgilangan jarima zarbasini Xulian Alvares qoyilmaqom ijro etdi va to‘p darvoza to‘qqizligiga borib tushdi.
Ikkinchi bo‘limni 10 kishi bo‘lib o‘tkazganiga qaramay, ko‘k-anorranglilar hisobni tenglashtirish uchun to‘xtovsiz oldinga tashlanishdi.
«Atletiko» esa hisobdan kelib chiqib o‘ynadi va qarshi hujumlarga tayandi. Simeone ikkinchi bo‘limda baland bo‘yli Aleksandr Syorlotni maydonga tashladi va ushbu norvegiyalik hujumchi Rudjyerining jarima maydoniga uzatmasini golga aylantirib, amalda o‘yin masalasini hal qildi.
Mezbonlar ikkinchi goldan keyin ham to‘liq hujumda o‘ynadi, ammo hech bo‘lmaganda bitta javob golini urishning uddasidan chiqa olmadi va hisob o‘zgarmay qoldi.
Endi 14 aprel kuni «Metropolitano» o‘yingohida kechadigan javob bahsida «Atletiko» ikki gol ustunligini boy berishiga ishonish qiyin.
«PSJ» amalda yarimfinalda
«PSJ» – «Liverpul» 2:0
Gollar: Due, 11 (1:0). Kvaratsxeliya, 65 (2:0)
«PSJ»: Safonov, Markinos, Pacho, Nunu Mendesh, Hakimi, Vitinya, Zair-Emeri, Joau Nevesh, Kvaratsxeliya, Due (Li Kan In, 78), Dembele (Ernandez, 88)
«Liverpul»: Mamardashvili, van Deyk, Gomes, Konate, Soboslai (Jons, 79), Makallister, Gravenberh, Kerkez (Roberson, 78), Frimpong (Nioni, 90+1), Virs (Gakpo, 78), Ekitike (Isak, 79)
Ogohlantirishlar: Gomes, 28. Makallister, 31
«Liverpul» Parijda «PSJ»ga qarshi kechgan o‘yinda asosiy yulduzisiz o‘ynadi. Angliya kubogi chorakfinalida «Siti»ga qarshi o‘yinni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan Saloh zaxira o‘rindig‘ida qoldi. Arne Slot o‘ziga noodatiy bo‘lgan besh himoyachidan iborat sxema tanladi: Kerkez, Gomes, van Deyk, Konate va Frimpong mudofaa chizig‘i bo‘ylab joylashdi.
Ammo tig‘iz himoya jamoaga yordam bermadi. «PSJ» ilk daqiqalardanoq to‘liq tashabbusga egalik qildi va tezkor gol urdi. 11-daqiqada Duening jarima maydoniga kirib yo‘llagan zarbasi Gravenberhning oyog‘iga tekkan holda yo‘nalishini o‘zgartirib, darvoza to‘riga borib tushdi. Shundan keyin ham o‘yin «Liverpul» darvozasi tomonda kechishda davom etdi. Mezbonlar bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynayotgandek tasavvur uyg‘otdi.
Birinchi bo‘limni «Liverpul» uchun joriy mavsumdagi eng yomon bo‘limlardan biri deb hisoblash mumkin. Mehmonlar 45 daqiqa davomida raqib darvozasi tomon biror marta zarba yo‘llamadi – jamoada bunaqasi so‘nggi besh yilda kuzatilmagan. «Liverpul»ning birinchi bo‘limda to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi 25 foiz atrofida bo‘ldi, maydonda xuddi birinchi va ikkinchi liga jamoalari o‘ynayotgandek edi.
Tanaffusda o‘zgarishlar qilinmadi, ammo «Liverpul» ikkinchi bo‘limda oldinga o‘ta boshladi. Slot shogirdlari nihoyat hujumga hujum bilan javob qaytarishga kirishdi. 49-daqiqadayoq Ekitike birinchi zarbani yo‘lladi. Lekin «PSJ» yaxshiroq o‘ynashda davom etdi va 65-daqiqada amalda o‘yin masalasi hal qilindi. Xvicha jarima maydoniga yorib kirib, Gravenberh va Mamardashvilini ortda qoldirdi va bir necha metr masofadan to‘pni darvoza to‘riga kiritib yubordi.
Ko‘p o‘tmay bosh hakam «Liverpul» darvozasiga penalti belgiladi, ammo VAR uni monitor qarshisiga chaqirdi. Videotakrorda Konate to‘pni toza olib qo‘ygani oydinlashdi. U raqib oyog‘iga ortdan tashlangan bo‘lsa-da, to‘pga teginishga ulgurgandi.
«PSJ»da uchinchi golni urish uchun yetarlicha vaziyatlar bo‘ldi, ammo Mendesh avvaliga ustunni poyladi, so‘nggi daqiqalarda esa juda qulay pozitsiyada turib to‘g‘ri zarba berolmadi.
«PSJ» o‘z uyida ishonchli hisobda g‘alaba qozondi va bir oyog‘i bilan yarim finalda turibdi. «Liverpul» olti kundan keyin o‘z uyida bo‘ladigan javob bahsida ikki gol farqini yo‘qqa chiqarishi kerak bo‘ladi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot24 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat20 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat19 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
