Sport
Prezident hokimlarga har bir maktabda sport to‘garaklari uchun sharoit yaratishni buyurdi
Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda maktablarda sport turi bo‘yicha to‘garaklar tashkil etish va murabbiylarni mahallalarga jalb qilish ishlarining ahvoli tanqid qilindi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
“Sport bu faqat musobaqa emas, balki sog‘lom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon qiladigan katta kuch”, dedi davlat rahbari yig‘ilish avvalida.
Qayd qilinishicha, so‘nggi to‘qqiz yilda 1,5 mingdan ziyod mahallada 1 ming 774 ta zamonaviy sport maydonchasi qurilgani, joylarda 200 dan ziyod yirik sport inshootlari, 4 mingga yaqin xususiy sport klublari ish boshladi. Sport bilan professional tarzda shug‘ullanadigan yoshlar soni 2 karra oshdi, olimpiya terma jamoalarimiz sportchilari 2 barobar, paralimpiya bo‘yicha 3 barobar ko‘paydi. O‘tgan yilda sportchilar xalqaro arenalarda 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medali sohibi bo‘lgani, ularning 50 nafardan ziyodi jahon va Osiyo rekordlarini yangiladi.
Hozir olimpiya sport turlari bo‘yicha 26 ta federatsiyaning har biriga vazirlar va respublika tashkilotlari rahbarlari boshchilik qilmoqda. O‘tgan yili viloyat hokimlari joylarda olimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha Prezident vakili etib belgilandi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, soha mutasaddilari, hokimlar, 26 ta federatsiya rahbari 207 ta oliygoh, 15 ta olimpiya va paralimpiya markazi, 310 ta sport maktabi, 16 ta sport internatiga borib, rahbarlari va jamoasiga chempion tayyorlash, olimpiadaga litsenziya olish bo‘yicha sharoit qilib berganida hozirgi yutuqlar yanada yuqori bo‘lishi mumkin edi.
Masalan, Zarbdor tumanida o‘tgan yili 23 ta mahalladagi 34 ming yosh ommaviy sportga jalb etildi. Tumanda 3 ta yangi sport zali qurilib, stol tennisi, taekvondo va voleybolga ixtisoslashdi. Bundan tashqari, tadbirkorlar bilan birgalikda 2 ta usti yopiq futbol maydoni, fitness klubi tashkil qilindi.
Infratuzilma yaxshilangani uchun Zarbdor tumani ilk bor voleybol va stol tennisi bo‘yicha joriy yilgi O‘zbekiston chempionatiga mezbonlik qiladi. Yoki qashqadaryolik 14 nafar tadbirkor o‘z hisobidan ikki yilda maktab va mahallalarda 60 milliard so‘mlik sport inshootlari qurib berdi.
Qolgan tumanlarda aholini ommaviy sportga jalb qilish ishlari sustligi, hokimlarning musobaqalar o‘tkazish va umuman sportga befarqligi tanqid qilindi. Zarbdor tajribasini o‘rganish va barcha hududlarda joriy qilish topshirildi.
Maktablarda sport turi bo‘yicha to‘garaklar tashkil etish va murabbiylarni mahallalarga jalb qilish ishlarining ahvoli tahlil qilindi.
Masalan, Toshkent shahrining 15 ta maktabida to‘garaklar “nomiga” tashkil qilingani uchun 3-4 nafar bola qatnayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Yoki o‘tgan yili Jizzax, Qashqadaryo, Farg‘onadagi maktab o‘quvchilarining to‘rtdan biri jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha minimal talabni bajara olmagan.
Hokimlar oldiga har bir maktabda sport to‘garaklari uchun sharoit yaratish, to‘garaklarga qamrovni oshirish vazifasi qo‘yildi.
Sport maktablari mahallama-mahalla yurib, iqtidorli yoshlarni topish o‘rniga haligacha o‘zi kelgan tayyor sportchi bilan ishlayotgani qayd etildi. Masalan, sport bazalari bo‘yicha poytaxtdan keyin turadigan Samarqandda 100 ming yoshni professional shug‘ullantirsa bo‘ladi. Amalda bu 3 karra kam. Navoiy, Surxondaryo viloyatlari ham bor quvvatini yarmidan foydalanmoqda, xolos.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
