Jamiyat
Toshkentda futbol maydonchasi va daraxtlarga qurilish xavf solmoqda
Poytaxtdagi yana bir yashil hududdagi daraxtlar va bolalar maydonchasi xavf ostida qolgan. Yakkasaroy tumanidagi Yunus Rajabiy mahallasi aholisi 3,5 yildan beri ularni saqlab qolish uchun kurashmoqda. Bu yerda maishiy kompleks qurilishi rejalashtirilgan.
Yakkasaroydagi Yunus Rajabiy mahallasi aholisi 3,5 yildan beri bolalar sport maydonchasi va 18 ta daraxtni saqlab qolish uchun kurashmoqda, ammo tadbirkorning ham qurilishdan voz kechish niyati yo‘q. 2022 yilda auksionda tadbirkor Doniyor Yusupov tomonidan 1 milliard 300 million so‘m evaziga ofis binosi qurish sharti bilan qo‘lga kiritilgan, biroq keyinchalik loyiha o‘zgartirilib ofis, avtoturargoh, ko‘ngilochar majmua qurilishi reja qilingan.
Aholi bu qarorga qarshi sudga murojaat qilgan, bir necha bosqichli sud jarayonlaridan so‘ng 2024 yil oxirida ular foydasiga qaror chiqarilgan. Shahar ma’muriy sudining taftish instansiyasida bu holat Shaharsozlik kodeksiga zid ekani aytilgan. Chunki shaharsozlik normalari va qoidalariga ko‘ra, bunday obektlar maktab-bog‘chalardan 50 metrdan kam bo‘lmagan masofada uzoq bo‘lishi kerak. Ammo qurilishi reja qilingan bino bilan tumandagi 323-bolalar bog‘chasining oralig‘i bor-yo‘g‘i 3 metr masofada loyiha qilingan.
“Bu yerda bolalar bog‘chasi bor, jajji bolachalarimiz o‘sib-ulg‘ayishiga tadbirkor quradigan bino salbiy ta’sir qilishi aniq. Bu xalqning noroziligiga sabab bo‘lyapti. Nima sababdan 1 yil-u 2 oy o‘tib shahar prokurori o‘rinbosari protest beryapti? Chunki biz sudlarda yutib chiqdik, isbotlandi bu yerda qurilish mumkin emasligi”, – deydi MFY raisi o‘rinbosari Xolida Murodova.
Biroq 2026 yil fevral oyida Bosh prokuratura ushbu qaror yuzasidan protest kiritdi. Unda aytilishicha, hududdagi 18 ta daraxt qurilish ostiga tushgan va shundan 8 ta daraxtni kesish, 2 tasini ko‘chirish 5 mln 100 ming so‘m to‘lov evaziga amalga oshirilishi mumkin. Bunga Ekologiya qo‘mitasining ruxsati berilgan. Ammo Botanika bog‘i mutaxassislari xulosasiga ko‘ra, bunday kattalikdagi daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish deyarli imkonsiz. Bu ularning nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Hududdagi barcha daraxtlar «Yashil makon» dasturiga kiritilgan.
Ish 3 aprel kuni qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Aholi Prezident administratsiyasiga ham murojaat yo‘llagan.
«Bu hududda issiq suv quvurlari tepadan o‘tkazilgan, chunki bu mahalla qurilgan paytda ularni pastdan yotqizishning iloji bo‘lmagan. Bu yerdagi barcha uylar taxminan 60 yil avval qurilgan uylar. Agar qurilish jarayonida qazishni boshlashsa va biron bir quvurga tegishsa, butun mahalla gaz, suv yoki kanalizatsiyasiz qoladi. Hatto telefon aloqasini ham uzib qo‘yishi mumkin», – deya ta’kidladi yana bir fuqaro.
«Bu masalada 2023 yildan beri murojaat kelib tushadi. Shunga asosan hududdagi daraxtlar xatlovga olingan. Fuqarolar ham xabardor, tadbirkorga ham ogohlantirish berilgan – daraxtlarni noqonuniy kesmaslik, ko‘chirmaslik va shikast yetkazmaslik yuzasidan. 2023 yildan beri hali hech qanaqa ekologik qonunbuzilish holatlari yo‘q. Daraxtlar kesilmagan, shikastlantirilmagan, ko‘chirilmagan. Daraxtlarni kesish yuzasidan hali murojaat kelib tushmagan. Tushgan taqdirda ham aholining fikri o‘rganiladi. Daraxtlarni saqlab qolish choralari ko‘riladi», – deya izoh berdi Ekologiya qo‘mitasi mas’uli Mirkomil Abduvohidov.
Tahririyat ikkinchi tomon fikrini eshitish maqsadida tadbirkor Doniyor Yusupov bilan bog‘landi. U ekranda ko‘rinishni istamadi, u bilan telefon suhbati yozilgan audioyozuvlardan foydalanmaslikni so‘radi. Tadbirkor qurilish futbol maydonchasi uning uchastkasi chegaralariga faqat qisman tushishini, futbol maydonchasini buzishni rejalashtirmayotganini aytib, bu hududni qonuniy xarid qilgani va soliqlar to‘lab kelayotgani, voz kechish niyati yo‘qligini ta’kidladi.
Hududda faqat ekologik xavf emas, sport kelajagi uchun ham xavotir yuzaga kelgan. Chunki daraxtlarga qo‘shilib bolalar sport maydonchasining ham qo‘ldan boy berilishi futbolni rivojlantirish haqidagi qonunlarga ham zid. Prezident qarori bilan har bir mahallada futbol maydoni joriy qilish, davlatga qarashli stadionlar va futbol maydonlarining foydalanish maqsadini o‘zgartirish va sotish taqiqlangan.
Hozircha yakuniy qarorni sud hal qilishi kutilmoqda.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat3 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Mahalliy4 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Siyosat3 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat3 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Siyosat2 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
