Jamiyat
metropoliten xodimlari ish joylariga kiritilmadi
Toshkent metropolitenida xodimlarni ish joylariga kiritish bilan bog‘liq muammo takrorlandi. Xizmat guvohnomalari muddati uzaytirilganiga qaramay ayrim xodimlar obektlarga kiritilmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropoliteni xodimlari o‘z ish joylariga kiritilmayotgani aks etgan video tarqaldi. Unda aytilishicha, ish vaqti boshlangan bo‘lsa-da, ayrim xodimlar xizmat vazifasini bajarish uchun obektlarga kirolmagan. Ta’kidlanishicha, bu xizmat guvohnomalari bilan bog‘liq.
“Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasi axborot xizmati ma’lum qilinishicha, tashkilotda hozir yangi namunadagi xizmat guvohnomalarini tayyorlash jarayoni ketmoqda. Shu sabab joriy guvohnomalarning amal qilish muddati 2026 yil 31 martdan 31 iyulga qadar vaqtinchalik uzaytirilgan va Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash departamentiga rasman xabar berilgan.
“Videoda ta’kidlanishicha, kunduzgi soat 10:00 dan oshganiga qaramasdan, MXTB xodimlari metropoliten ishchi-xodimlarini ish joylariga kiritmagan. Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu holat birinchi marotaba emas — metropoliten ma’muriyati tomonidan korxonaning huquqiy maqomi o‘zgarish jarayonida bo‘lgani sababli xodimlar guvohnomalarining amal qilish muddati uzaytirilgan. Shunga qaramasdan, bir necha bor rasmiy xatlar yo‘llangan bo‘lsa-da, mazkur holat e’tiborsiz qoldirilmoqda hamda takroran sodir bo‘lmoqda”, deyiladi “Toshkent metropoliteni” DUK izohida.
Metropoliten ma’muriyati mazkur holatga munosabat bildirish uchun Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi rahbariyatidan rasmiy izoh kutayotganini ma’lum qilgan.
Jamiyat
Toshkentda «Buyuk ipak yo‘li» metrosi yaqinida 2 qavatli yo‘l o‘tkazgich quriladi
Toshkent shahar hokimiyati poytaxt transport tizimini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan yirik islohotni taqdim etdi. Unda tezkor avtobuslar tizimi — BRT (Bus Rapid Transit) joriy etish va shaharning eng yuklama yuqori nuqtalaridan biri bo‘lgan «Buyuk Ipak yo‘li» metro atrofida yangi transport yechimlari qurish ko‘zda tutilgan.
Loyihalarning asosiy maqsadi — yo‘l tarmoqlari o‘tkazuvchanligini oshirish va tirbandlikni kamaytirish.
Islohotning markaziy qismi 16,2 kilometrli BRT yo‘nalishi bo‘ladi. U Sergeli tumani bilan shahar markazini bog‘laydi va yirik ko‘chalar — Shota Rustaveli, Shahrisabz hamda Amir Temur prospekti orqali o‘tadi.
Bu tizimning asosiy xususiyati — avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘laklar bo‘lib, ular umumiy transport oqimidan to‘liq ajratiladi. Bu esa:
– harakat tezligini barqarorlashtiradi;
– jamoat transporti kechikishini kamaytiradi;
– metro bilan integratsiyani kuchaytiradi.
Ya’ni, shahar asta-sekin «avtomobil ustuvorligi» emas, balki jamoat transporti ustuvor bo‘lgan modelga o‘tmoqda.
Islohotning ikkinchi muhim qismi – «Buyuk Ipak yo‘li» metro atrofidagi transport tugunini qayta qurishdir.
Hozirda bu hududdan soatiga o‘rtacha 8,2 mingta avtomobil o‘tadi. Loyiha amalga oshirilgandan keyin bu ko‘rsatkich 19,2 mingtagacha oshishi kutilmoqda.
Buning uchun ikki qavatli yo‘l yechimlari, aylana harakatli yo‘l va transport oqimini qayta taqsimlash kabi yechimlar joriy etiladi.
Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, bu orqali umumiy o‘tkazuvchanlik 21 foizga oshadi va kunlik avtomobil harakati 120 mingtagacha yetadi. Shuningdek, o‘rtacha tezlik 21 km/soatdan 26 km/soatgacha ko‘tariladi hamda tirbandlikda yurish vaqti 45 daqiqadan 32 daqiqagacha qisqaradi.
Bu raqamlar shahardagi harakat samaradorligi sezilarli yaxshilanishini ko‘rsatadi.
Loyihani amalga oshirishda Xitoy kompaniyasi ishtirok etmoqda. Qayd etilishicha, moliyalashtirish va qurilish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Jamiyat
OAV xodimlari uchun Imom Buxoriy majmuasiga media-tur tashkil etildi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan Turizm qo‘mitasi hamkorligida Samarqand viloyatida yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga media-tur tashkil etildi.
“Muborak Ramazon hayiti arafasida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining ruhi poklariga yana bir bor hurmat-ehtirom bajo keltirmoqdamiz. Buxoriy bobomiz Qur’oni karimdan keyingi eng mo‘’tabar manba bo‘lgan hadislar kitobini yaratib, butun islom olamida shuhrat qozongan ulug‘ siymodir. Muqaddas zaminimiz dunyoga mana shunday mashhur allomani bergani bilan har qancha faxrlansak, arziydi”, – degan edi davlat rahbari joriy yil Ramazon hayiti arafasida Imom Buxoriy majmuasiga tashrifi chog‘ida.
Darhaqiqat, Payariq tumanining 45 gektar hududida joylashgan mazkur majmuaning mahobati qayta bunyod etilgan ulkan minoralar va masjid gumbazlaridan seziladi, biroq bu haybatning asosiy qismi «Sihohi sitta»ning avvali – «Sahih ul-Buxoriy» muallifi, islom olamining yetuk muhaddisi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim al-Buxoriyning qo‘nim topgan maskani – maqbarasi sanaladi.
Majmua rasmiylarining bidirishicha, Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, ayni paytda 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega. Qadamjoda 14 ta moviy gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora bor.
Media tur ishtirokchilari dastlab PQ-2855-sonli qaror asosida tashkil etilgan ilmiy dargoh faoliyati bilan tanishdi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ allomalar merosini chuqur tadqiq etish va keng targ‘ib qilish orqali ma’naviy-ma’rifiy muloqotni kuchaytirishda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xisoblangan ushbu dargoh dunyoning 50 ta yetakchi islom tadqiqot markazlari va nufuzli universitetlari (Oksford, Kembrij, «Al-Furqon» fondi, Britaniya kutubxonasi va boshqalar) bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Shuningdek markazga qo‘lyozmalar fondini boyitish maqsadida Misrdan 130 mingta, Saudiya Arabistonidan Imom Buxoriy asarlarining 34 ta elektron nusxasi keltirilgan. Markazda restavratsiya va konservatsiya ishlari ham keng yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib mutaxassislar laboratoriyada 550 ta nodir qo‘lyozma kitoblar chang-g‘ubordan tozalanib, konservatsiya qilingan. Markaz fondidagi 524 ta qo‘lyozma (177 176 varaq) skaner qilinib, elektron nusxalari tayyorlandi. Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarning 52 ta noyob asari o‘zbek tiliga tarjima qilindi va jami 128 ta kitob va risola nashr etildi.
Media tur davomida jurnalistlar Hadis ilmi Markazi, barcha shart-sharoitlarga ega masjid, ma’muriyat binosi, muzey hamda kirish-chiqish ayvonlarini o‘z ichiga olgan betakror me’moriy ansambldan iborat majmuani tomosha qildilar.
Qayd etish kerakki, ushbu majmuaning umumiy maydoni 45 gektarni tashkil etadi. 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, ma’muriyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi ayvondan iborat.
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari majmua qoshida ochilgan turizm markazidan o‘rin olgan 15 gektar maydondagi zamonaviy infratuzilma – ziyoratchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlarga ega mehmonxonalar, avtoturargohlar va xizmat ko‘rsatish hamda servis nuqtalari, hududddagi obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, ushbu turizm markazida 1 ta to‘rt yulduzli, 2 ta uch yulduzli mehmonxona, 22 ta 176 o‘rinli oilaviy mehmon uylari hamda avtoturargoh bunyod etilgan. Mazkur ob’yektlar to‘liq kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanib, hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.
OAV vakillari 9 pavilondan iborat innovatsion muzey bilan tanishar ekan, muzey fondidagi mavjud vitrinalardan o‘rin olgan Imom Buxoriy hayot yo‘li va ilmiy-ma’naviy merosi, musavvirlik ishlari, nodir asarlar va boshqa eksponatlar haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Darhaqiqat, mamlakatimizning ulkan imkoniyatlarini namoyon etayogan islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriy majmuasi nafaqat ziyorat markazi, balki, xalqimiz uchun, ayniqsa yoshlar uchun, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lib xizmat qiladi.
Jamiyat
Samarqand tramvayi – faqat nostalgiya emas, odamlarga nafi tegayotgan tizim
44 yillik tanaffusdan so‘ng, 2017 yilda Samarqandga tramvay qaytdi. Bugun u nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda yagona tramvay tizimi hisoblanadi. Shu jihatdan u oddiy transport emas, balki ramzga aylangan. Biroq bu ramz faqat nostalgiya emas — u har kuni minglab odamlar hayotini yengillashtirayotgan transport vositasidir.
Samarqandda tramvay tarixi ancha avval boshlangan. Ilk liniya 1907 yilda ochilgan, 1947 yilda esa elektr tramvay rasman ishga tushirilgan. Ammo 1973 yil 28 avgust kuni bu harakat to‘xtatilgan. Liniyalar buzilgan, depo yopilgan. 2017 yilda bu tarix yana davom etdi. Samarqand tramvaylarida yaqin tarixda Toshkentda faoliyatini yakunlagan “haydovchi amakilar”ni ko‘rishimiz mumkin.
Bugun Siyob bozoridan temiryo‘l vokzaligacha bo‘lgan yo‘lda shu “qaytish”ni aniq his qilish mumkin. Vagon ichida sokinlik va tartib hukm suradi. Chexiyada ishlab chiqarilgan VARIO LF tramvaylari keng va qulay. Ayniqsa talabalar, yosh bolali oilalar va keksa insonlar uchun bu transport ancha yengillik yaratmoqda.
Yo‘lovchilarning aytishicha, tramvay shahardagi eng barqaror va ishonchli jamoat transportiga aylangan. Ko‘pchilik yangi yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilishini kutmoqda.
Tramvay ortida turgan odamlar taqdiri esa alohida hikoya. Masalan, haydovchilar orasida Toshkentdan kelib ishlayotganlar ham bor. Ulardan biri — Ravshan Alimov. U 1995 yilda tramvay haydovchisi sifatida faoliyatini boshlagan.
“Shu kasb ortidan farzandlarimni uyli-joyli qildim, o‘qitdim. Bu menga ota kasb — otam ham tramvay haydovchisi bo‘lgan. Ikki kun ish, bir kun dam. Yigirma kunda bir uyga borib kelaman, besh-olti kun oilam bilan bo‘laman. Toshkentda tramvay to‘xtaydi, deb o‘ylamagan edik. Shu sohani yaxshi ko‘rganimiz uchun yetti-sakkiz kishi Samarqandga kelib ishlayapmiz”, – deydi u.
Hozirda Samarqand shahridagi Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasida 76 nafar xodim mehnat qiladi. Tramvaylar “Temiryo‘l vokzali – Sattepa maskani” va “Temiryo‘l vokzali – Siyob bozori” yo‘nalishlarida harakatlanib, kuniga o‘rtacha 9-10 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Kelgusida Kimyogarlar qo‘rg‘onidan temiryo‘l vokzaligacha yangi yo‘nalish ochish rejalashtirilgan. Buning uchun yana 14 ta vagon xarid qilinishi kutilmoqda.
Siyobdan vokzalgacha bo‘lgan bu qisqa sayohat bir narsani aniq ko‘rsatdi: tramvay Samarqand uchun o‘tmish yodgorligi emas. U — bugungi ehtiyoj hamdir. Shahar nafasini yengillashtirayotgan, odamlarni manzilga oson va tartibli yetkazayotgan o‘ziga xos jarayon deyish mumkin.
Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev geologiya sohasi xodimlariga tabrik yo‘lladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev geologiya sohasi xodimlariga kasb bayramlari munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Quyida tabrik matni bilan to‘liq tanishish mumkin.
«Qadrli do‘stlar!
Avvalo, siz, azizlarni – ko‘pmillatli geologlar, muhandis va mutaxassislar, ishchi va xizmatchilar jamoasini qutlug‘ kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Ushbu quvonchli ayyomda sizlarning murakkab tabiiy sharoitlarda fidokorona mehnat qilib, yangi-yangi konlar, mineral xomashyo manbalarini topish, ularni mamlakatimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida ishlatish borasidagi ulkan xizmatlaringizni yana bir bor minnatdorlik bilan e’tirof etamiz.
Ana shunday sa’y-harakatlaringiz tufayli yurtimizda umumiy bahosi taxminan 3 trillion dollarga teng 2 ming 500 dan ortiq kon va 3 mingdan ziyod istiqbolli maydonlar aniqlangani O‘zbekiston ulkan qazilma boyliklar xomashyo bazasiga ega ekanidan dalolat beradi.
Keyingi yillarda ana shu zaxiralarni o‘zlashtirish va shu asosda iqtisodiyotimiz rivojiga qudratli turtki berish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Jumladan, sohaga xalqaro standartlar joriy etilib, investitsiyaviy jozibadorlik oshirilmoqda, oltin, kumush, mis, uran, uglevodorod konlari va maydonlari xorijiy sarmoyadorlar uchun ham taqdim etilmoqda, soliq stavkalari pasaytirilmoqda. Shu bois dunyodagi eng nufuzli kompaniyalar mamlakatimizga faol investitsiya kiritmoqda. Hozirgi vaqtda ular bilan hamkorlikda umumiy qiymati 30 milliard 700 million dollar bo‘lgan 90 ta loyiha amalga oshirilayotgani diqqatga sazovordir.
Bugungi kunga qadar 1 ming 458 ta foydali qazilma ob’yekti onlayn auksion orqali sotildi. Buning hisobidan davlat budjetiga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ tushdi, 100 mingga yaqin yuqori daromadli yangi ish o‘rinlari yaratildi.
So‘nggi o‘n yilda davlat budjetidan 8 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani 2 mingga yaqin texnika va texnologiyalarni joriy etish, geologiya-qidiruv uskunalarini 70 foiz yangilash imkonini berdi.
Mamlakatimizda vertolyot va dronlar yordamida aerogeofizika ishlari yo‘lga qo‘yilgani, zamonaviy 3 D o‘lchamli seysmik kompleks ishga tushirilib, yer qa’rini 9 kilometrgacha chuqurlikda geofizik o‘rganish imkoniyati yaratilgani soha rivojida yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.
Sohada raqobat va shaffoflik muhiti shakllanmoqda. Uzoq yillar davomida e’tibordan chetda qolgan milliy geologiya maktabi va ta’lim tizimi qayta tiklandi, zamonaviy talablarga mos bo‘lgan Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi. Ilg‘or xorijiy maktablarning ilmiy salohiyatidan foydalanish va innovatsion texnologiyalarni qo‘llash maqsadida Kompetensiyalar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ana shunday keng ko‘lamli ishlarimiz tufayli 2016-2025 yillarda 1 ming 900 dan ziyod yangi konlar ochildi. Agar 2016 yilda tasdiqlangan uran zaxiralarimiz 97 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan davrda yana 16 ta yangi kon aniqlanib, zaxira 140 ming tonnaga yetkazildi.
Yaqinda Olmaliqda yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan yangi mis boyitish fabrikasini ishga tushirdik.
Hech shubhasiz, bunda ham siz, zahmatkash geologlarning alohida xizmatlaringiz borligini, ana shu megaloyiha natijasida 6 mingdan ortiq yuqori daromadli ish o‘rni yaratilgani, korxona hisobiga yiliga 5 milliard dollar mablag‘ kelib tushishini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Hurmatli soha xodimlari!
Biz «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida geologiya sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha ham kelgusi vazifalarni aniq belgilab oldik. Yurtimizning mineral xomashyoga boy, istiqbolli hududlarini geologik jihatdan o‘rganishni kengaytirish, oltin ishlab chiqarishni – 1,5 barobar, kumushni – 3 karra, misni – 3,5 marta, uran, temir va ko‘mirni – 3 hissa oshirishni maqsad qilganmiz.
Siz, jonkuyar va matonatli geologlarning katta bilim va tajribangiz, mustahkam iroda va mehnatsevarlik fazilatlaringiz hisobidan bu yuksak marralarga albatta erishamiz, deb ishonaman.
Soha xodimlarining mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning mashaqqatli faoliyatini munosib rag‘batlantirish masalalari bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli ishlaringizda yangi yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.»
Jamiyat
Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat bo‘lganlarni 1 yilgacha qamash taklif qilinyapti
O‘zbekiston Ekologik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi deputatlari «Hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqildi.
Qayd etilishicha, qonun loyihasi ko‘plab xorijiy mamlakatlarning shu yo‘nalishdagi ijobiy tajribasi asosida ishlab chiqilib, unda faqat jazo masalasi emas, balki muammoning ildiziga ta’sir qiluvchi choralar nazarda tutiladi.
Jumladan:
hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat hisoblanadigan xatti-harakatlarni qonun bilan aniq belgilash va ushbu harakatlarni qat’iy taqiqlash;
hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish harakatlari uchun jinoiy javobgarlikni qayta ko‘rib chiqish, bunda bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha jarima qo‘llash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish (amaldagi 50 barobargacha va 6 oy ozodlikdan maxrum qilish);
aybdor shasxlarga javobgarlik qo‘llanilishi bilan birga hayvonlarga yetkazilgan jarohatlar uchun aybdor hayvonni sog‘ligini tiklash bilan bog‘liq veterinariya xarajatlarini to‘liq qoplashi shartligini belgilash (hatto bu xarajatlar hayvonning bozor qiymatidan ancha yuqori bo‘lgan holatlarda ham);
hayvonlar bilan jamoat joylarida bo‘lish uchun qulay muhitlarni (Pet-friyendly) tashkil etish, jumladan ko‘zi ojizlarga hamrohlik qiluvchi itlar (it-yo‘lboshlovchilar) va emotsional ko‘makchi hayvonlarni jamoat transportida olib yurishda imtiyoz berishni qonuniy mustahkamlash;
hayvonlar egalarining ularni himoya qilish, veterenariya xizmatlarini ko‘rsatishni tashkil etish, qarovsiz qoldirmaslik kabi majburiyatlarini belgilash, hayvonlarni tashlab ketish holatlariga barham berish;
ta’lim muassalarida va ommaviy axborot vositalarida hayvonlarga g‘amxo‘rlik va ularga mehrli munosabatda bo‘lish madaniyatini shakllantirishga oid tushuntirish va xabardorlikni oshirish ishlarini olib borish hamda shafqatsiz munosabatni va uning targ‘ibotini taqiqlash kabi muhim yo‘nalishlar qamrab olingan.
Ma’lumot uchun, joriy yil 25 mart kuni hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishga oid qonun qabul qilingandi. Unga ko‘ra, endilikda hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan shaxsga nisbatan BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
-
Siyosat3 days agoOʻzbekiston yangi qonunchilik tashabbusi bilan yashil hududlarni 30% qamrab olishni maqsad qilgan
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda qaysi xorijiy davlat IT kompaniyalari ko‘p?
-
Jamiyat4 days agoJurnalist Karim Bahriyev vafot etdi
-
Mahalliy4 days ago
Xususiy maktablar, erkak o‘qituvchilar soni: O‘zbekiston umumta’limi raqamlarda
-
Mahalliy4 days ago
«Ular vampir emas»: O‘zbekistondagi ko‘rshapalaklarni qutqarish nega muhim?
-
Jamiyat4 days agoChust tumanida korrupsion zanjir fosh etildi
-
Dunyodan4 days ago
Isroil Fransiya bilan harbiy hamkorlikni tugatdi
-
Siyosat4 days agoO‘zbekiston Namanganga 5 milliard dollarlik xorijiy sarmoya kiritishni maqsad qilgan, bunda asosiy e’tibor IT va sanoatga qaratilgan
