Jamiyat
Prezidentga global vaziyatning milliy iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirishga doir axborot berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyevga 2026-yilning birinchi choragida iqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozini ta’minlash hamda jahon bozoridagi beqaror vaziyatning milliy iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish yuzasidan axborot berildi.
Joriy yilning birinchi ikki oyida sanoat 7,7 foizga, xizmatlar 15,4 foizga o‘sdi, 3,5 milliard dollarlik eksport amalga oshirildi va 8,3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi.
Yil boshidan 9 ta viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga respublika budjetidan qo‘shimcha 2,3 trillion so‘m va 500 million dollar mablag‘ yo‘naltirildi. «Yangi O‘zbekiston qiyofasi» maqomi berilgan 33 ta tuman va 330 ta mahalla uchun mahalliy budjetlarga 3,9 trillion so‘m ajratildi. Og‘ir toifadagi 37 ta tuman va 903 ta mahallaga jami 3,9 trillion so‘m hamda mahalliy budjetlardan 1,3 trillion so‘m, 283 ta «drayver» loyihalarga birinchi bosqichda 1 trillion so‘m ajratildi.
Yil yakuniga qadar gavjum ko‘chalar, sohilbo‘yi va yo‘lbo‘yi infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun jami 1,2 trillion so‘m, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan 150 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun 450 milliard so‘m, 400 ta mahallada 50 ta mikrosanoat markazlarini tashkil qilish uchun 150 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, qisqa vaqt ichida dunyodagi vaziyat keskin o‘zgarib, iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligi, tashqi savdo yo‘laklari va import narxlariga qo‘shimcha bosim yuzaga keltirayotgani ta’kidlandi. Bunday sharoitda har bir tarmoq va hudud rahbari vaziyatni oldindan baholab, turli ssenariylar asosida proaktiv ishlashi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Inflyasiyani joriy yilda 6-6,5 foiz doirasida saqlab qolish eng muhim vazifalardan biri ekaniga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, jahon bozorida neft narxining keskin qimmatlashi transport va neft-kimyo mahsulotlari tannarxiga ta’sir ko‘rsatayotgani, polietilen va polipropilen narxlarida ham o‘sish kuzatilayotgani aytildi. Shu bois, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining importi, transport-logistika masalalari va muqobil yo‘laklardan foydalanish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, tadbirkorlarning xomashyo, bozor va kredit bilan bog‘liq muammolarini hozirdan hal etish muhimligi ta’kidlandi.
Eksportchilar tomonidan ko‘tarilayotgan asosiy masalalardan biri transport-logistika ekani, jahonda ro‘y berayotgan voqealar ta’sirida eksport yuk tashishlarida uzilishlar va qimmatlashuv jiddiy xavotir uyg‘otayotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan qo‘shni davlatlar bilan transport va savdo masalalari bo‘yicha yaqin hamkorlikni kuchaytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini aviatashuv orqali eksport qilish va tadbirkorlar uchun arzonlashtirilgan tariflarni joriy etish choralarini ko‘rish topshirildi.
Xorijiy investitsiyalar masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Tahlikali xalqaro vaziyat ayrim loyihalar ijrosiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi bildirildi. Shu munosabat bilan amalga oshirilayotgan har bir loyihani muntazam tahlil qilib borish va investorlar bilan kunlik muloqot o‘rnatish vazifasi belgilandi.
Bank-moliya sohasida biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilayotgan kreditlar dinamikasi ham ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari joriy raqamlar ijobiy bo‘lishiga qaramasdan, hech bir rahbar xotirjamlikka berilishi mumkin emasligini ta’kidladi. Hozirgi murakkab vaziyatda xavf-xatarlarni oldindan ko‘ra bilish, ularni yumshatish bo‘yicha aniq rejalar bilan ishlash, tarmoqlar va hududlarda muammolarni kutib o‘tirmasdan, ularga tezkor yechim topish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mas’ullarga inflyasiyani jilovlash, sanoat va eksport ko‘rsatkichlarini ta’minlash, investitsiya loyihalarini jadallashtirish, bank tizimi va qurilish dasturlaridagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
-
Siyosat5 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot5 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat1 day ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport12 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat2 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport2 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
