Connect with us

Jamiyat

Bolalar kontent qurboniga aylanyaptimi? Psixologlar ijtimoiy tarmoqlardagi xavflardan ogohlantirmoqda

Published

on


Ijtimoiy tarmoqlarda bolalar ishtirokidagi videolar soni keskin oshmoqda. Mutaxassislar esa bu holatni oddiy kontent emas, balki bola psixikasiga ta’sir qiluvchi jiddiy omil sifatida baholab, uning ortida yashirin xavflar borligini ta’kidlamoqda.

Bugun urf bo‘lgan bolalar bilan bog‘liq kontentlarni tayyorlash va ommaga taqdim etish o‘ta nozik masala. Biroq mutaxassislar bu tendensiyaga jiddiyroq qarashga chaqirmoqda. Ularning ta’kidlashicha, bolalarni kontentga jalb qilish, ayniqsa ularning roziligi va manfaatlari hisobga olinmagan holda, kelajakda psixologik muammolar, bulling va shaxsiy chegaralarning buzilishiga olib kelishi mumkin.

«Bolalarning onlayn ishlashi ularni paxta terdirish yoki tilanchilikka chiqarishdan battarroq»

Rozaliya Gabdulhakova, bolalar psixologi:

«Har bir ota-ona farzandining shirin qiliqlarini yoki kulgili harakatlarini, ba’zida yig‘lab, isterika qilgan vaqtlarida videoga olib ommaga ko‘rsatishni, yaqinlariga ko‘rsatishni xohlaydi. Ba’zi bir paytlarda ana shu ota-onaning o‘zi ham bilmagan holatda bolaning kelajagida uning ustidan kuladigan, boshqa tengdoshlari tomonidan bullingga uchraydigan harakatlar qilib qo‘yadi. Lekin masalaning yana bitta tarafi ham bor. Hozir bolalar marketing uchun eng yaxshi qurol bo‘lib borishmoqda. Afsuski, bolalarning onlayn ishlashi ularni paxta terdirish yoki tilanchilikka chiqarishdan hech yaxshiroq emas. Onlayn ishlash deganda, kontent uchun bolalardan foydalanish nazarda tutiladi. Masalan, nimanidir reklama qilmoqchi bo‘lganingizda, mana Chocotella’ning reklamasi kichkina shirintoy bola bilan hammamizning esimizda. Agar uni katta odam “shirin” deganda, hech kim eslab qolmagan bo‘lardi. Qarang, mana bolaning shirintoyligidan marketing maqsadida qanday foydalanilyapti. Ana shu narsa endi ommaning ichida, ya’ni ijtimoiy tarmoqlarni hech kim boshqarmaganligi uchun hamma o‘zining ilhomidan kelib chiqqan holatda foydalanyapti va, afsuski, bolaning emotsional holatiga yoki kelajakda ana shunaqa tengdoshlari tomonidan ulg‘aygach bulling bo‘lishi-bo‘lmasligiga qanday ta’sir qilishi haqida ko‘pchilik o‘ylamayapti».

Mutaxassislarga ko‘ra, turli ta’lim maskanlarida bolalar bilan bog‘liq kontentlar asosan SMM menejerlari tomonidan olinadi. Bu esa ijtimoiy-psixologik eksperiment hisoblanadi.

«Bolaning psixikasi xohlagan odam tajribasini o‘tkazadigan maydon emas»

Sayyora Azlarova, bolalar psixologi:

«Aslida bizda ijtimoiy tarmoqlarga bolalarni olib chiqish nisbatan boshqa davlatlardan ko‘ra yangi urfga chiqayotgan odat. Chet davlatlarda bo‘lsa, deyarli yigirma yildan beri bu odat bor. Bolaning har xil qiliqlari, shirin odatlari va hokazo holatlarni beziyon, bezarar, hatto marketing uchun emas, shunchaki kundalik hayotini ko‘rsatish uchun ham blogerlar tomonidan olib chiqish bor va bu normaga kirgan. Lekin bolaning huquqlari, ayniqsa ijtimoiy tarmoqdagi huquqlari to‘g‘risida, ularda ijtimoiy tarmoq oldindan rivojlangani uchun sekin-sekin tartibga solib kelinyapti. Bolani ijtimoiy tarmoqda necha yoshgacha qo‘yish mumkin, necha yoshgacha qo‘ymaslik kerak, unga tegishli axborotlarning qanchasini berish mumkin, qanchasini bermaslik kerak. Va bola bilan ijtimoiy-psixologik eksperiment — hozir biz aytgan rolik ijtimoiy-psixologik eksperiment hisoblanadi — qay tarzda o‘tkazilishi mumkin, qay tarzda o‘tkazilishi mumkin emas, ota-onaning roziligi kerak bo‘lgan va kerak bo‘lmagan holatlar haqida alohida qonun, hujjatlar bor. Lekin bizda hali bu tartibga solinmagan.

Bu ochiqchasiga ijtimoiy-psixologik eksperiment hisoblanadi. Bu holatda aslida o‘sha xalqaro huquqlarga ko‘ra, bolaning ota-onasi ogohlantirilishi kerak, roziligi bildirilishi kerak va bu bolaga ziyon yetkazmasligi haqida kafolat berilishi kerak. Xohlagan odam xohlagan paytida ijtimoiy tarmoqda ko‘rgan eksperimentini bola bilan o‘tkazishi mumkin emas. Bolaning psixikasi xohlagan odam tajribasini o‘tkazadigan maydon emas».



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Yo‘l talashib ayol haydovchini haqorat qilgan erkak 15 sutkaga qamaldi

Published

on


Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yo‘l talashgan va ayol haydovchini haqorat qilgan erkak ma’muriy jazoga tortildi.

Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, voqea 8 iyun kuni sodir bo‘lgan. 41 yoshli haydovchi M.Sh. (erkak) hamda 34 yoshli T.F. (ayol) o‘rtasida yo‘l harakatidagi kelishmovchilik oqibatida janjal kelib chiqqan. So‘ngra erkak uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan.

Holat yuzasidan M.Sh. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ayblanib, 15 sutkaga qamaldi. Ayolga himoya orderi berildi.

«Bundan battar so‘kinishlar, haqoratlar bo‘lgan, telefonimni qo‘limdan yulib olib, telefonni bermasliklar… Men ertalabdan beri titrab, o‘zimga kela olmayapman», dedi ayol suddagi ko‘rsatmasida.

«Men kechirim so‘rayman. Boshqa qaytarilmaydi bunaqa narsa. Hurmat qilib, to‘g‘ri yuraman. Jahlni jilovlab, keyin ko‘chaga chiqishni o‘rganaman. Bunaqa narsa boshqa bo‘lmaydi», dedi haydovchi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Ayrim shaharlarda harbiy xizmatchilar uchun ijara kompensatsiyasi oshiriladi

Published

on


Toshkent va Samarqand shaharlarida xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga turar joy ijarasi uchun to‘lanadigan oylik pul kompensatsiyasi 25 foizga oshiriladi. Shuningdek, mudofaa tizimidagi ayrim fuqaro xodimlarning ish haqi ham bosqichma-bosqich ko‘paytiriladi.

Prezidentning “Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari va ayrim fuqaro xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2026 yil 10 iyundan boshlab Toshkent va Samarqand shaharlarida harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 25 foizga oshiriladi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mudofaa ishlari boshqarmalari hamda tuman va shahar mudofaa ishlari bo‘limlarida faoliyat yurituvchi fuqaro xodimlarning ish haqi ham ko‘tariladi. Bunda chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbarlari mazkur tartibdan mustasno hisoblanadi.

Qarorga ko‘ra, ushbu xodimlarning ish haqi 2026 yil 10 iyundan 20 foizga, 2027 yil 1 yanvardan esa qo‘shimcha ravishda 50 foizga oshiriladi.

Mazkur o‘zgarishlar mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasi bo‘yicha tarif koeffitsiyentlarini 2026 yil 10 iyundan 1,2 baravarga, 2027 yil 1 yanvardan esa 1,7 baravarga ko‘paytirish orqali amalga oshiriladi.

Hujjat Qurolli Kuchlar tizimida xizmat qilayotgan harbiylar va fuqaro xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning moddiy ta’minotini yaxshilashga qaratilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Sirdaryoda chiyabo‘ri odamlarga hujum qildi

Published

on


Hodisa 9 iyun kuni Guliston tumanining Ishonch mahallasida, dala maydoniga yaqin hududida sodir bo‘lgan. Chiyabo‘ri 4 kishiga hujum qilgan.

Guliston tumanida chiyabo‘ri odamlarga hujum qildi. Sirdaryo viloyati hokimligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 9 iyun kuni soat 17:30 larda Guliston tumanining Ishonch mahallasida, dala chetiga yaqin hududda sodir bo‘lgan. Bitta chiyabo‘ri 4 kishiga hujum qilgan. Shu mahallada yashovchi erkak tezkor choralar ko‘rib, hayvonni zararsizlantirgan.

“Jarohat olgan fuqarolarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatildi. Hozirda ularning salomatligi tibbiyot xodimlari nazoratida bo‘lib, ahvoli qoniqarli”, deyiladi hokimlik xabarida. 

Qo‘shimcha qilinishicha, tegishli tashkilotlar holat yuzasidan zarur o‘rganish va profilaktik tadbirlar olib bormoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkent – vodiy yo‘lining bir qismida maksimal tezlik pasaytirildi

Published

on


Toshkent viloyati kengashi Toshkent-Andijon yo‘lining Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi 103−131-kilometrlari oralig‘ida tezlik cheklovlarini pasaytirishni ma’qulladi. Yengil avtomobillar uchun maksimal tezlik 80 km/soat, og‘ir yuk mashinalari uchun esa 50 km/soat etib belgilanadi.

Toshkent viloyati hududidan o‘tuvchi A-373 «Toshkent-Ohangaron-Angren-Qo‘qon-Shahrixon-Andijon» xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lining ayrim qismlarida ruxsat etilgan harakat tezligi pasaytiriladi. Bu Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining 8 iyundagi qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi A-373 avtomobil yo‘lining 103–131-kilometrlari oralig‘ida, uchta aholi yashash joyidan tashqarida joylashgan qismlarda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yangi tezlik cheklovlari joriy etiladi.

Hujjatga muvofiq, M1, M2 va N1 toifasidagi transport vositalari, ya’ni yengil avtomobillar, 8 nafardan ko‘p bo‘lmagan yo‘lovchiga mo‘ljallangan mikroavtobuslar hamda og‘irligi 3,5 tonnagacha bo‘lgan yuk avtomobillari uchun maksimal tezlik soatiga 80 kilometr etib belgilanadi. N2 va N3 toifasidagi, ya’ni og‘irligi 3,5 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk avtomobillari, jumladan, yirik yuk mashinalari uchun esa tezlik cheklovi soatiga 50 kilometrga tushiriladi.

Qaror ilovasida keltirilishicha, hozir mazkur uchastkalarda ruxsat etilgan tezlik soatiga 100 kilometrni tashkil etadi. Yangi tartib 103–104, 105–106, 108–109 va 109–131-kilometrlar oralig‘idagi qismlarga tatbiq etiladi.

Hujjatda qayd etilishicha, tezlikni pasaytirish tashabbusi Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hududiy maxsus komissiya taklifi asosida ishlab chiqilgan. Loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.gov.uz portaliga joylashtirilgan va muhokama muddati 27 may kuni yakunlangan.

Qarorga muvofiq, «Qamchiqavtoyo‘l» ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish korxonasi o‘n kun muddat ichida mazkur hududlarda 80 va 50 km/soat tezlik cheklovlarini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari o‘rnatishi kerak.

Toshkent viloyati kengashi qarorda tezlik cheklovlarini o‘zgartirishdan maqsad fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirish ekanini ta’kidlagan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Sergelida kanalda oqib ketayotgan ikki qizaloq qutqarib qolindi

Published

on


Toshkent shahrining Sergeli tumanida Qorasuv kanali oqimiga tushib ketgan ikki nafar qizaloq temiryo‘l xodimining jasorati va tezkor harakati tufayli halokatdan qutqarib qolindi.

Hodisa 9 iyun kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Toshkent mintaqaviy temiryo‘l uzeli filiali Toshkent temiryo‘l masofasi korxonasida faoliyat yurituvchi temir yo‘l sozlovchisi A’zam Ibrohimov xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, u Sergeli tumani hududidan oqib o‘tuvchi Qorasuv kanali yaqinida ish olib borayotgan paytda suv oqimida oqib ketayotgan va yordam so‘rab chaqirgan ikki nafar qizaloqni ko‘rib qolgan.

Vaziyatning xavfli ekanini anglagan temiryo‘lchi zudlik bilan harakat qilib, kanalga tushgan va kuchli oqim ta’sirida qolgan bolalarni suvdan olib chiqqan. Shu tariqa ikki qizaloqning hayoti saqlab qolingan.

Qayd etilishicha, A’zam Ibrohimovning jasorati, matonati va fidokorona harakati “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati tomonidan munosib baholangan. Unga tashakkurnoma, esdalik sovg‘asi hamda pul mukofoti topshirilgan.

Mutasaddilar bu kabi holatlarda fuqarolarni suv havzalari yaqinida ehtiyotkor bo‘lishga chaqirmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.