Jamiyat
Nurafshondan Toshkentga tezyurar avtobuslar yo‘lga qo‘yiladi
Nurafshon shahridan Bektemir tumanigacha tezyurar avtobus qatnovlari uchun «Bus rapid trans» (BRT) tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining 24-martdagi qarorida keltirilgan.
Ushbu qarorga ko‘ra, «Toshkent–Nurafshon» avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish orqali ekspress avtobus tizimini (BRT) tashkil etish loyihasi tashabbuskori sifatida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ko‘rsatilgan.
Qayd etilishicha, mazkur tezyurar avtobuslar uchun yo‘l o‘rtasida maxsus yo‘laklar ajratiladi. 9 ta yopiq va iqlim nazorati tizimiga ega bekat bo‘lishi ham reja qilingan. Bekatlar oralig‘i o‘rtacha 2,9 kilometrni tashkil etadi.
Qarorga ko‘ra, ushbu loyihaning umumiy qiymati 119 mln 642,7 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Loyiha Xalqaro moliya institutlari va Davlat budjeti tomonidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, «Avtoyo‘linvest» agentligi bevosita buyurtmachi funksiyasini bajaradi. Loyiha 2028-yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushishi ko‘zda tutilgan.
Jamiyat
Toshkentda 34 kilogrammdan ziyod narkotik moddalar musodara qilindi
Toshkent shahrida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 34 kilogrammdan ortiq og‘ir turdagi giyohvandlik vositalari aniqlanib, musodara qilindi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qamoqqa olindi.
Ma’lum qilinishicha, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Toshkent shahridagi Qo‘yliq bozori yaqinida shubhali tarzda to‘xtab turgan Lacetti rusumli avtomashina tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Tezkor tadbir davomida transport vositasida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan 1968 yilda tug‘ilgan shaxs hamda 1984 yilda Denov shahrida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro bo‘lgani aniqlangan.
Avtomashina salonidagi yelim idish ichida jami 30 dona o‘ramda 34 kilogramm 610 gramm og‘ir turdagi giyohvandlik vositalari saqlanayotgani ma’lum bo‘lgan. Ular orasida 12 kilogramm 960 gramm «opiy» va 21 kilogramm 650 gramm «gashish» moddalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Qayd etilishicha, bunday turdagi giyohvandlik vositalari mamlakat hududiga xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kiriladi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Tergov harakatlari davom etmoqda. Shuningdek, ushbu jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Jamiyat
Ichki kiyimga yashirilgan giyohvandlik moddasi saqlovchi kapsulalar aniqlandi
Farg‘ona viloyatidagi «Rishton» chegara bojxona posti orqali mamlakat hududiga giyohvandlik moddasi saqlovchi dori vositalarini noqonuniy olib kirishga bo‘lgan urinishning oldi olindi. Fuqaro ichki kiyimiga yashirib olgan qariyb 950 dona kapsula bojxonachilar tomonidan aniqlandi.
Foto: Bojxona qo‘mitasi
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining «Rishton» chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan kirib kelayotgan fuqaroning xatti-harakatlari bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgan. Shundan so‘ng u belgilangan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida fuqaro ichki kiyimiga yashirib olgan, deklaratsiyalanmagan va tegishli hujjatlari mavjud bo‘lmagan 23 dona qadoqdagi jami 950 ga yaqin «Tawon Liar» nomli dori vositasini bojxona nazoratidan yashirincha olib kirishga uringani ma’lum bo‘lgan.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, mazkur dori vositasi tarkibida giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga kiritilgan «tapentadol» moddasi mavjudligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
AQShdan deportatsiya qilingan 24 nafar o‘zbekistonlik Toshkentga qaytarildi
Amerika Qo‘shma Shtatlari migratsiya qonunchiligini buzgani uchun deportatsiya qilingan 24 nafar O‘zbekiston fuqarosi navbatdagi charter reys orqali Toshkentga olib kelindi. Vatandoshlarning qaytarilishi O‘zbekiston va AQSh vakolatli idoralari o‘rtasidagi hamkorlik asosida amalga oshirildi.
“Dunyo” axborot agentligi ma’lum qilishicha, AQShdan uchib kelgan charter reys 11 iyun kuni ertalab Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ngan.
Fuqarolarni vatanga qaytarish jarayoni O‘zbekiston va AQShning tegishli idoralari o‘rtasidagi kelishilgan hamkorlik doirasida tashkil etilgan. Unda shaxsni aniqlash, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish hamda xavfsiz tashish bilan bog‘liq tashkiliy va huquqiy masalalar tezkor tarzda muvofiqlashtirilgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston xorijiy davlatlar bilan migratsiya sohasidagi hamkorlikni izchil davom ettirmoqda. Xususan, migratsiya qonunchiligi buzilishining oldini olish va chet ellardagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq hamda manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ishlar muntazam olib borilmoqda.
Joriy yilning 12 may kuni ham Stokholm shahridan tashkil etilgan charter reys orqali 20 nafar O‘zbekiston fuqarosi Toshkentga qaytarilgan edi.
Jamiyat
120 ming dollarlik qalbaki pulni sotishga uringanlar qo‘lga olindi
Toshkent viloyatining Angren shahri va Navoiy viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 120 ming AQSh dollari miqdoridagi qalbaki valutani muomalaga kiritishga uringan shaxslar qo‘lga olindi.
Foto: Prokuratura departamenti
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Angren shahri bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar M.Yu. (muqaddam sudlangan), M.A. va Z.A. fuqaro A.D.ga 100 dollarlik kupyuralardagi qalbaki 80 ming AQSh dollarini 40 ming dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro I.Q. fuqaro R.B.ga 100 dollarlik kupyuralardagi qalbaki 40 ming AQSh dollarini 28 ming dollarga sotishga kelishib, shundan 10 ming dollarini sotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Chirchiq daryosi qirg‘og‘ining o‘pirilgan qismini mustahkamlash ishlari boshlandi
11 iyun kuni Toshkent shahri, Bektemir tumani, Nurafshon mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosida joylashgan «Suv so‘ndirgich» inshootining oqim bo‘ylab o‘ng nishabligidagi beton qoplamasi hamda qirg‘oq bo‘yi mintaqasida o‘pirilish sodir bo‘ldi.
Suv xo‘jaligi vazirligi xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida atrofdagi bino-inshootlar, obektlar hamda aholi xonadonlariga zarar yetmagan, ayni vaqtda ular uchun hech qanday xavf mavjud emas.
Xabarga ko‘ra, suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev boshchiligidagi ishchi guruh voqea joyiga yetib borgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, tegishli tashkilotlar va Toshkent shahar hokimligi mas’ullaridan iborat tezkor shtab tuzilgan.
Ta’kidlanishicha, sodir bo‘lgan o‘pirilish holatini bartaraf etish ishlarini olib borish uchun 2 ta ekskavator, 10 ta samosval, 2 texnika hamda ishchi kuchi jalb etilib, Chirchiq daryosi qirg‘og‘ini mustahkamlash ishlari olib borilmoqda.
Ishchi guruhlar tomonidan Bektemir tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining oqim bo‘ylab ikki yon atrofida joylashgan fuqarolarning yashash xonadonlari va tadbirkorlik sub’yektlarida profilaktik suhbatlar o‘tkazilmoqda, ularga xavotirga o‘rin yo‘qligi tushuntirilmoqda.
Qayd qilinishicha, Chirchiq daryosida 11 iyun, soat 18:00 holatiga suv sathi 278 m3/sek ni tashkil etmoqda va daryo suvi kamaytirilmoqda.
-
Iqtisodiyot4 days ago«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi
-
Jamiyat5 days agoYetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar oromgohlarda bepul dam oladi
-
Jamiyat5 days agoMurojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari buzgan 19 nafar xodim ishdan olindi
-
Dunyodan5 days ago
Aktyor Jeyms Handi qotillik qurboniga aylandi
-
Dunyodan20 hours agoYevropa Ittifoqi Oʻrta Yer dengizidagi “soya flotlari”ga qarshi reydlarni kuchaytirdi
-
Iqtisodiyot6 hours agoSpaceX tarixdagi eng yirik IPOʻni amalga oshirdi
-
Jamiyat4 days ago
Tadbirkorlar sayyohlar uchun sug‘urta xizmatlarini soddalashtirishni taklif qildilar
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston hududlarida 1 kg palov tayyorlash qanchaga tushishi ma’lum qilindi
