Sport
«Barsa»da 7 gol, «Liverpul»da kambek. YeChLda kun o‘yinlari
Angliyaning olti jamoasidan to‘rttasi turnirni tark etdi. Chorakfinalning barcha juftliklari aniq bo‘ldi.
«Kamp Nou»da rekordlar va antirekord
«Barselona» – «Nyukasl» 7:2
Gollar: Rafinya, 6 (1:0). Elanga, 15 (1:1). Bernal, 18 (2:1). Elanga, 28 (2:2). Yamal, 45+7 – penalti (3:2). Fermin Lopes, 51 (4:2). Levandovski, 56 (5:2). Levandovski, 61 (6:2). Rafinya, 72 (7:2)
«Barselona»: X. Garsiya (Shchensni, 82), Kubarsi, Martin, Joau Kanselu (Espart, 66), E. Garsiya (Arauxo, 21), Pedri, Bernal, Fermin Lopes (Olmo, 66), Rafinya, Yamal, Levandovski (Torres, 66)
«Nyukasl Yunayted»: Ramsdeyl, Tiau, Byorn, Holl, Trippiyer (Livramento, 46), Joelinton (Botman, 64), Tonali (Uillok, 55), Remsi, Barns, Elanga (Myorfi, 64), Gordon (Osula, 81)
Ogohlantirishlar: Kubarsi, 44 – Joelinton, 17. Trippiyer, 45. Uillok, 60
Birinchi o‘yin: 1:1
«Kamp Nou»dagi o‘yin turli-tuman rekordlar jamlanmasiga aylandi. Birinchidan, Angliyaning hech bir klubi bungacha Chempionlar ligasi pley-offidagi bir o‘yinda 7 gol o‘tkazib yubormagandi. «Nyukasl» esa shunday imkonsiz ko‘ringan ishni uddaladi. O‘z maydonida to‘liq ustunlik qilgan va so‘nggi daqiqalarda penalti tufayli g‘alabani qo‘ldan chiqargan APL vakili javob o‘yinining birinchi bo‘limida ham munosib qarshilik ko‘rsatdi. Mehmonlar uchta gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsa-da, o‘zi ham raqib mudofaasidagi qo‘pol xatolardan foydalanib, ikkita gol urdi.
Ammo Kiran Trippiyer birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda penaltiga sababchi bo‘ldi va Lamin Yamal uchinchi bor jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Tanaffusdan keyin esa «Nyukasl»ni tanib bo‘lmay qoldi. Eddi Hau jamoasi shunchaki sochilib ketdi va 10 daqiqa ichida uchta gol qo‘yib yubordi. Bunday himoya chizig‘i bilan ko‘p narsadan umid qilib bo‘lmasdi. Ayniqsa Jyeykob Remsining xatosi yilning eng kulgili holatlari kolleksiyasidan o‘rin olishi tayin. Uning qo‘pol xatosi yettinchi gol o‘tkazilishiga olib keldi.
Rafinya bu o‘yinda «gol+pas» tizimida 4 (2+2) ochko ishladi, Robert Levandovski dublni rasmiylashtirdi. Polyak hujumchisi birdaniga bir necha rekordni urdi. U Chempionlar ligasida urgan gollari sonini 41 taga yetkazib, bu borada Lionel Messining rekordini yangiladi. Bundan tashqari, Robert endi Chempionlar ligasida dubl qayd etgan eng katta yoshli futbolchi hisoblanadi – u hozir 37 yoshda. «Barsa» uchun yagona minus – darvozabon Joan Garsiya jarohat olishi bo‘ldi. Chorakfinalda jamoa usiz qiynalishi mumkin.
Salohning benefisi
«Liverpul» – «Galatasaroy»
Gollar: Soboslai, 25 (1:0). Ekitike, 51 (2:0). Gravenberh, 53 (3:0). Saloh, 62 (4:0)
Aniq ijro etilmagan penalti: Saloh, 45+4’
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate, Kerkez, Frimpong (Jons, 67), Gravenberh (Nioni, 89), Virs (Kiyeza, 89), Soboslai, Makallister, Saloh (Gakpo, 74), Ekitike (Ngumoha, 89)
«Galatasaroy»: Ugurjan Chaqir, Abdulkarim Bardakchi (Eren Elmali, 73), Singo, Yakobs, Boe (Sane, 46), Torreyra (Yunus Oqgun, 60), Lemina, Sara, Barish Yilmaz, Sholloi, Osimhen (Lang, 46, Ikardi, 80)
Birinchi o‘yin: 0:1
Chorshanba kungi o‘yinlarda chinakamiga intriga saqlanib qolgan yagona o‘yin «Enfild»da edi, bu yerda mezbonlar minimal farqni yo‘qqa chiqarishi talab etilardi. Mezbonlar birinchi bo‘lim o‘rtalaridayoq bu vazifani uddalashdi. Mak Allister burchak zarbasini ijro etishda raqiblarni dog‘da qoldirib, to‘pni yerlatib jarima maydoni chizig‘i hududiga yetkazib berdi, u yerda ortdan kelgan Soboslaini esa hech kim kutib olmadi.
«Liverpul»ning bu mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi bo‘lib turgan vengriyalik yarimhimoyachi jamoasi tanaffusga ikki gol farqi bilan chiqib ketishi uchun barcha ishni qildi. Ammo u ishlagan penaltini Saloh aniq ijro eta olmadi.
Misrlik hujumchi o‘z vaziyatlaridan foydalana olmagan bo‘lsa-da, ikkinchi bo‘lim boshida ikki daqiqa ichida urilgan ikki golda ham ishtirok etdi. Avvaliga tezkor qarshi hujumda u Ekitikega ideal uzatma berdi, biroz o‘tib uning zarbasidan keyin darvozabondan qaytgan to‘pni Gravenberh darvozaga kiritib yubordi va «Galatasaroy» amalda chorakfinalga chiqishdan umid uzdi. Salohning o‘zi ham yakunda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi – Virs tovonida uzatgan pasdan keyin o‘zining eng yaxshi yillarida bo‘lgani kabi aylanma zarba yo‘lladi.
Biroz o‘tib «Enfild»da yig‘ilganlar zaxiraga olinayotgan o‘z kumirini olqishlar ostida kuzatib qo‘ydi. Bu oqshomdagi gol uning uchun YeChLdagi 50-goli edi. U shundan 47 tasini «Liverpul» safida urgan («Bazel»da 2 va «Chelsi»da 1). Saloh – bunday ko‘rsatkichga erishgan ilk afrikalik futbolchi bo‘ldi. Oldinda esa Arne Slot jamoasini chorakfinalda «PSJ»ga qarshi o‘yinlar kutmoqda. Mersisaydliklar uchun bu o‘tgan mavsumdagi mag‘lubiyat uchun revansh olish imkoniyatidir.
Inglizlarning yana bir jamoasini ispanlar chiqarib yubordi
«Tottenhem» – «Atletiko» 3:2
Gollar: Kolo Muani, 30 (1:0). Alvares, 47 (1:1). Simons, 52 (2:1). Gansko, 75 (2:2). Simons, 90+1 – penalti (3:2)
«Tottenhem Hotspur»: Vikario, Romero (Danso, 81), van de Ven, Spens, Dregushin (Udoji, 66), Grey (Gallaher, 81), Sarr, Simons, Tel (Olusesi, 81), Porro (Bergvall, 74), Kolo Muani
«Atletiko»: Musso, Gansko, Le Norman, Rudjyeri, Molina (Koke, 64), Kardozo, Liorente, Lukman (Syorlot, 64), Simeone (Ximenes, 87), Grizmann (Baena, 84), Alvares (Gonsales, 84)
Ogohlantirishlar: Porro, 57. Vikario, 58. Romero, 70. Udoji, 72 – Rudjyeri, 28. Lukman, 56. Syorlot, 90
Birinchi o‘yin: 2:5
Yaqinda «Atletiko» Ispaniya kubogi yarimfinalida «Barselona»ga qarshi birinchi uchrashuvda yirik g‘alabaga (4:0) erishgach, «Kamp Nou»dagi javob o‘yinida bu ustunlikni saqlab qolish uchun to‘liq himoyaviy o‘yin uslubini tanlagandi. Londonda esa barchasi butunlay boshqacha kechdi va dastlabki 45 daqiqalikda mehmonlar sakkizta zarba berishdi, Lukman esa darvozani ishg‘ol etishga ham muvaffaq bo‘ldi. Ammo – ofsayddan. Yana bir necha xavfli hujumlar uyushtirildi, ammo yakunda Diyego Simeone jamoasi yo‘q joydan «Tottenhem»ga o‘yinga qaytish imkonini berdi. Autdan to‘p tashlanishi, Telning jarima maydoni markaziga uzatmasi, u yerda esa yolg‘iz qoldirilgan Kolo Muani.
Mezbonlar ikkinchi golni ham urishganida ispanlar og‘ir vaziyatga tushib qolgan bo‘lardi, faqat darvozabon Musso jamoa joniga ora kirdi. Argentinalik posbon Telning burchakka yo‘naltirilgan zarbasini oyoqlari bilan to‘sib qoldi. Birinchi bo‘limdan keyin baribir intriga saqlanib qoldi va buning uchun mezbonlar Vikarioga minnatdorchilik bildirishi kerak bo‘ladi. Juliano Simeone uzoq masofadan zarba yo‘llaganida to‘p Romeroga tekkan holda o‘z trayektoriyasini o‘zgartirdi, ammo allaqachon to‘p yo‘liga yotgan italiyalik darvozabon o‘rnidan turib, xavfni bartaraf etishga ulgurdi.
Ammo ikkinchi bo‘lim boshida «Atletiko» baribir intrigani o‘ldirdi. Avvaliga Xulian Alvares Simons gol urishiga to‘sqinlik qildi (mezbonlar uning harakatini fol deb e’tiroz bildirishdi) va qarshi hujumni o‘zi gol bilan yakunlandi. U jarima maydonida Lukmandan pas qabul qilib oldi va to‘pni yuqori burchakka aniq yo‘lladi.
Hakamdan va raqiblardan ranjigan Simons bir necha daqiqa o‘tib baribir o‘z maqsadiga erishdi va jamoasini yana oldinga olib chiqdi. Bir necha daqiqa o‘tib Musso yana madridliklarni qutqarib qoldi – u Porroning shvedka uslubida olis burchakka yo‘llagan zarbasiga qo‘llarining uchi bilan yetib bordi. «Matraschilar» muxlislari Alvaresning burchakdan oshirgan to‘pi Hansko tomonidan darvozaga kiritilganidan keyingina yengil tin olishdi. O‘yin oxirida Simons o‘zi ishlagan penaltini aniq ijro etishi esa umumiy natijani o‘zgartirmadi.
Madriddagi birinchi o‘yinda londonliklar bosh murabbiyi Igor Tyudor darvozabon bo‘yicha muvaffaqiyatsiz tajriba o‘tkazmaganida «Tottenhem» «Atletiko» bilan tengma-teng kurashishi mumkin edi, ammo murabbiyning o‘sha qarori birinchi o‘yinda «shporlar»ning imkoniyatlarini keskin pasaytirib yuborgandi. Natijada ikki o‘yinda xuddi «Chelsi» kabi sakkiz gol o‘tkazib yuborgan «Tottenhem» turnirni tark etdi, «Atletiko» esa «Barselona» bilan o‘yinlarga tayyorgarlikni boshlaydi.
«Atalanta» tarixga kirdi
«Bavariya» – «Atalanta» 4:1
Gollar: Keyn, 25 – penalti (1:0). Keyn, 54 (2:0). Karl, 56 (3:0). Dias, 70 (4:0). Samarjich, 85 (4:1)
«Bavariya»: Urbig, Kim Min Je, Ta, Bishof (Pavich, 72), Stanishich (Gnabri, 72), Goretska, Pavlovich (Ofli, 55), Rafael Gerreyru (Ito, 83), Dias, Karl, Keyn (Jyekson, 72)
«Atalanta»: Sportello, Hin, Skalvini (Axanor, 83), Kossunu, Pashalich, Ederson (Samarjich, 57), Bernaskoni, Bellanova, Sulemana (Raspadori, 71), De Ketelare (de Ron, 57), Skamakka (Krstovich, 71)
Birinchi o‘yin: 6:1
Bergamodagi tennischa hisobdan (6:1) keyin ham «Bavariya» muxlislarida darvozabon pozitsiyasi tufayli xavotir saqlanib qolgandi. Zayavkadagi to‘rt darvozabon – Noyyer, Ulrayh, Klanats va Urbig – barchasi jarohat tufayli safdan chiqqandi. Faqat ularning to‘rtinchisi so‘nggi kunlarda safga qaytdi va Vensan Kompani darvozaga o‘smirlardan birini qo‘yishiga to‘g‘ri kelmadi.
Umuman olganda, xavotirlar o‘rinsiz edi. Baribir darvozabonga amalda ish topilmadi. Bergamoliklar ham bu o‘yinda darvozabonni almashtirgandi va bu mavsumda deyarli o‘ynamagan 33 yoshli Sportello Keyn ijrosidagi penaltini qaytardi. Ammo u darvoza chizig‘idan ertaroq oldinga chiqib ketgani ma’lum bo‘ldi, Harri esa takroriy zarbada adashmadi.
Ikkinchi bo‘limda esa myunxenliklarni to‘xtatib bo‘lmadi. Avvaliga Keyn o‘yindan ham gol urdi, keyin esa Dias va Karl tandemi bittadan gol urdi (ular bir-biriga golli uzatma berishdi). Bergamoliklar esa bu o‘yinda ham bitta javob goli urishga erishdi, ammo Italiyaning yevrokuboklar pley-off bosqichida ikki o‘yinda 10 gol o‘tkazgan ilk jamoasi sifatida tarixga kirdi. «Bavariya»ni esa navbatdagi bosqichda «Real»ga qarshi janglar kutmoqda.
YeChLda 8 jamoa qoldi
Chempionlar ligasi 1/8 final natijalari
«Real» – «Manchester Siti» – 5:1 (birinchi o‘yin – 3:0, javob o‘yini – 2:1).
«PSJ» – «Chelsi» – 8:2 (5:2, 3:0).
«Sporting» – «Budyo-Glimt» – 5:3 (0:3, 5:0).
«Arsenal» – «Bayyer» – 3:1 (1:1, 2:0).
«Atletiko» – «Tottenhem» – 7:5 (5:2, 2:3).
«Barselona» – «Nyukasl» – 8:3 (1:1, 7:2).
«Liverpul» – «Galatasaroy» – 4:1 (0:1, 4:0).
«Bavariya» – «Atalanta» – 10:2 (6:1, 4:1).
Pley-offning to‘liq setkasi oldindan ma’lum edi, bundan keyin boshqa qur’a tashlanmaydi. Chorakfinalga chiqqan jamoalar o‘zlarining navbatdagi raqiblarini allaqachon bilishadi.
1/4 final juftliklari
«Real» – «Bavariya»
«PSJ» – «Liverpul»
«Sporting» – «Arsenal»
«Barselona» – «Atletiko»
Birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan jamoalar birinchi o‘yinni o‘z uyida o‘tkazadi.
1/4 final o‘yinlari taqvimi
Keyingi bosqich deyarli uch haftadan keyin, mart oyidagi FIFA kunlari ortidan boshlanadi. Chorakfinaldagi uy va safar uchrashuvlari orasi bir haftani tashkil etadi.
Mart oyi oxirida Yevropa yozgi vaqtga o‘tadi, shuning uchun Chempionlar ligasi yana Toshkent vaqti bilan soat 23:59 dan boshlanadi.
7–8 aprel. Birinchi o‘yinlar
«Real» – «Bavariya»
«PSJ» – «Liverpul»
«Sporting» – «Arsenal»
«Barselona» – «Atletiko»
14–15 aprel. Javob o‘yinlari
«Bavariya» – «Real»
«Liverpul» – «PSJ»
«Arsenal» – «Sporting»
«Atletiko» – «Barselona»
Birinchi va ikkinchi juftliklar g‘oliblari hamda uchinchi va to‘rtinchi juftliklar g‘oliblari yarimfinalda o‘zaro to‘qnashadi.
Yarimfinal bahslari 28-29 aprel va 5-6 may kunlariga belgilangan.
Final 30 may kuni Budapeshtda bo‘lib o‘tadi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat21 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat20 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
