Jamiyat
Bo‘lajak o‘qituvchilar kasbiy sertifikatlashdan ixtiyoriy tarzda o‘tishi mumkin
O‘zbekistonda pedagogika oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun yana bir yangi imkoniyat yaratilishi rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, bo‘lajak o‘qituvchilar yakuniy attestatsiya bilan bir vaqtda, o‘z xohishiga ko‘ra kasbiy sertifikatlash sinovlarida ham ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur tartibni joriy etish Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 2 fevraldagi 87-son qaroriga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Taklif etilayotgan yangi tartibga muvofiq, 2028-2029 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining, 2029-2030 o‘quv yilidan esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufidagi pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarining xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchi kurs talabalariga ushbu imkoniyat taqdim etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, bitiruvchi talabalar yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tish bilan birga kasbiy sertifikatlash sinovlarida ham qatnashishi mumkin. Agar ular ushbu sinovlarni muvaffaqiyatli topshirsa, mutaxassis o‘qituvchi lavozimida ishlash huquqini beruvchi kasbiy sertifikatga ega bo‘ladi.
Bu yangilik pedagogika sohasida faoliyat boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki amalda davlat yoki nodavlat oliy ta’lim tashkilotini tamomlab, maktabga pedagogik kasb bo‘yicha birinchi marta ishga qabul qilinayotgan o‘qituvchilardan bir yil ichida kasbiy sertifikat olish talab etiladi. Yangi mexanizm esa ushbu jarayonni ancha yengillashtirib, bitiruvchilarga mehnat faoliyatini boshlash arafasidayoq zarur hujjatni qo‘lga kiritish imkonini berishi mumkin.
Bu amaliyot pedagog kadrlar tayyorlash sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy tayyorgarlik darajasini ertaroq aniqlash hamda ta’lim muassasalariga malakali kadrlarni jalb etish jarayonini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Toshkent viloyatida avtoqismlar do‘konida yong‘in chiqdi
Toshkent viloyatining Piskent tumanida joylashgan avtomobil ehtiyot qismlari do‘konida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan, yong‘in esa qisqa vaqt ichida bartaraf etilgan.
Foto: Telegram / MCHSUzbek
Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun kuni soat 09:35 da «112» tizimi orqali Piskent tumanidagi Oybek mahallasi hududida joylashgan avtomobil ehtiyot qismlari do‘konida yong‘in yuz berayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Shundan so‘ng voqea joyiga qutqaruv bo‘linmalari jalb qilinib, ular soat 09:45 da hududga yetib borgan. Yong‘in soat 09:48 da qurshab olingan va soat 10:14 da to‘liq o‘chirilgan.
Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari natijasida binoning 300 kvadrat metr maydonini yong‘indan saqlab qolishga erishilgan.
Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sabablari hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Jamiyat
Yoz faslida salomatlikni asrash uchun muhim tavsiyalar
Yoz faslida kuzatiladigan issiq harorat inson tanasida ba’zi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois har bir odam shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishi zarur.
Quyida yoz faslida salomatlikni asrash bo‘yicha bir nechta muhim tavsiyalar bilan tanishish mumkin.
Bilamizki, issiq havoda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari juda tez ayniydi. Shu sababli doim toza va ozoda joylarda taomlanish, sifati tez buziladigan mahsulotlardan saqlanish zarur.
Bozorlar, ko‘chalar va yo‘l yoqalarida sotiladigan uy sharoitida tayyorlangan yeguliklar hamda ayron, o‘rik sharbati kabi qo‘lbola ichimliklarni iste’mol qilmang. Shuningdek, meva va sabzavotlarni yaxshilab yuvib, so‘ng tanovul qiling. Go‘sht va sut mahsulotlarini faqat sovutgichda saqlang.
Cho‘milish havzalaridagi ifloslangan suv o‘tkir virusli ichak infeksiyalari, gepatit (A, E), ichburug‘, ichterlama, lyamblioz kabi xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Shuningdek, ochiq suv havzalarida suzish turli teri xastaliklari, burun, og‘iz va quloq shilliq qavatlari yallig‘lanishiga ham olib kelishi mumkin.
Shu bois doim faqat toza va dezinfeksiyalangan sun’iy suzish havzalarida cho‘milish lozim. Shaxsiy sochiq va suzish vositalarini ishlatish, ularni begona odamlarniki bilan almashtirmaslik zarur.
Yoz faslida sovun va antiseptik gellar yordamida tez-tez qo‘llarni yuvib turish terini ozoda saqlab, zararli bakteriya va viruslardan xalos etadi. Ayniqsa, taomlanishdan oldin va keyin hamda tashqaridan uyga kelganda bu odatni kanda qilmaslik lozim.
Jazirama havo inson terisida bakteriyalarni ko‘paytiradi. Shu sababli issiq kunlarda tez-tez iliq dush qabul qilish salomatlik uchun foydali. Jamoat hojatxonalaridan foydalangach, albatta, qo‘llarni sovunlab yuvish kerak. Yoxud antiseptik vositalarni ishlatish tavsiya etiladi. Shuningdek, jamoat joylarida eshik tutqichlari va umumiy foydalaniladigan buyumlarni ushlagandan keyin ham qo‘llarni sovunlab yuvish maqsadga muvofiq.
Issiq kunlari organizm juda ko‘p suyuqlik talab qiladi. Bunday paytda, albatta, toza va xavfsiz ichimliklar iste’mol qilish kerak. Ayniqsa, qaynatilgan yoki filtrlangan toza suv ichish tanada suyuqlik balansini ushlashga yordam beradi.
Yoz fasli quruq bo‘lgani uchun chang va g‘uborlar havoga tez ko‘tariladi. Shu bois uylarni ozoda saqlash, namlikni nazorat qilish va havoni almashtirib turish juda muhim. Eshik tutqichlari, stol-stul va boshqa tez ifloslanadigan joylarni dezinfeksiya vositalari bilan tozalash turli kasalliklarga chalinishning oldini oladi.
Bundan tashqari, ish joyida shaxsiy ozodalikka rioya qilish, xona havosini tez-tez almashtirib turish, konditsioner va ventilyatorlardan to‘g‘ri foydalanish salomatlikni saqlashda juda muhim.
Manba
Jamiyat
Toshkentda avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklarga deliniatorlar o‘rnatilmoqda
Toshkent shahrida jamoat transporti harakati samaradorligini oshirish maqsadida avtobuslar uchun ajratilgan maxsus yo‘laklarga deliniatorlar o‘rnatish ishlari boshlandi. Yangi yechim avtobuslar harakatini tezlashtirish, kechikishlarni kamaytirish va yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, poytaxtda avtobuslar harakati uchun mo‘ljallangan «A» toifasidagi alohida yo‘laklarni bosqichma-bosqich joriy etish ishlari davom etmoqda. Xususan, Magic City hududidagi Furqat ko‘chasidan Xalqlar do‘stligi saroyi atrofidagi Islom Karimov ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘l qismida maxsus yo‘l chiziqlari chizilib, deliniatorlar o‘rnatilmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, deliniatorlar avtobus yo‘lagini umumiy transport oqimidan ajratib, boshqa transport vositalarining ushbu yo‘lakka kirib ketishini cheklaydi. Bu esa jamoat transporti harakati tezligi va barqarorligini ta’minlashga yordam beradi.
Jahon tajribasida AQSh, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Singapur, Avstraliya va Ozarboyjon poytaxti Bokuda bunday alohida yo‘laklar jamoat transporti samaradorligini oshirishning muhim vositalaridan biri sifatida qo‘llab kelinmoqda.
Qayd etilishicha, 2026 yil davomida Toshkentning 30 dan ortiq ko‘chasida «A» toifasidagi maxsus avtobus yo‘laklarini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu yo‘nalishlarda deliniatorlar va boshqa infratuzilma yechimlari ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Loyihaning asosiy maqsadi avtobuslar harakatini tezkor, barqaror va oldindan rejalashtirish mumkin bo‘lgan tizimga aylantirish, shu orqali jamoat transporti jozibadorligini oshirishdan iborat.
Jamiyat
Samarqandda 2 kilogrammdan ortiq «gashish» sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
Samarqand viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 2 kilogrammdan ortiq «gashish» moddasini sotishga uringan uch nafar shaxs qo‘lga olindi.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Ma’lum qilinishicha, Urgut tumanida yashovchi 1990, 1998 va 2008 yillarda tug‘ilgan mahalliy fuqarolar 2 kilogramm 80 gramm «gashish» giyohvandlik vositasini shartli xaridorga 27,4 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shaxslardan biri muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qonunchilikka muvofiq, giyohvandlik vositalarini noqonuniy muomalaga kiritish bilan bog‘liq bunday jinoyatlar uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Jamiyat
Toshkentda avtobus yo‘laklari deliniatorlar bilan ajratilmoqda
Toshkent shahrida jamoat transporti harakatiga ustuvorlik berish maqsadida avtobuslar uchun mo‘ljallangan «A» toifasidagi alohida yo‘laklarni tashkil etish ishlari davom etmoqda.
Xususan, «Magic City» hududidagi Furqat ko‘chasidan Xalqlar do‘stligi saroyi yaqinidagi Islom Karimov ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘l qismida «A» yo‘lagi uchun maxsus chiziqlar chizildi. Shuningdek, ushbu yo‘laklarni umumiy transport oqimidan ajratish uchun deliniatorlar o‘rnatish ishlari boshlandi.
Deliniator — bu yo‘lda harakat yo‘laklarini bir-biridan ajratib turuvchi maxsus plastik yoki rezina to‘siq elementlaridir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday yechim avtobuslar harakat tezligini oshirish, qatnovdagi kechikishlarni kamaytirish hamda jamoat transporti jadvalining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Aytilishicha, jahonning ko‘plab yirik shaharlari, jumladan AQSh, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Singapur, Avstraliya va Boku shahrida avtobuslar uchun ajratilgan alohida yo‘laklar transport tizimi samaradorligini oshirishning muhim vositasi sifatida qo‘llanib kelinmoqda.
Deliniatorlar esa avtobus yo‘laklariga boshqa transport vositalarining kirib ketishini kamaytirib, yo‘l harakati tartibini yaxshilashga yordam beradi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil davomida Toshkentning 30 dan ortiq ko‘chasida «A» toifasidagi alohida yo‘laklarni tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur yo‘nalishlarda deliniatorlar va jamoat transporti samaradorligini oshirishga qaratilgan boshqa infratuzilma elementlari ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.
-
Jamiyat3 days agoAbdulla Qodiriy ko‘chasida haydovchilar uchun yangi qayrilish joyi tashkil etildi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Toshkentda YIBning mintaqaviy vakolatxonasi ochildi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekistonda AQSh bilan yirik investitsiya loyihalari amaliy bosqichga o‘tadi
-
Iqtisodiyot3 days agoUch karra yer solig‘ining bekor qilinishi: pullar qanday qaytariladi?
-
Dunyodan4 days agoEron yadro quroliga ega boʻlmaslikka rozi: Prezident Tramp
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Albaniya birinchi xonimlari uchrashdi
-
Dunyodan1 day agoEron Hormuz boʻgʻozi yopilganini eʼlon qildi
-
Siyosat4 days ago
Prezident Ozarbayjon va Belarus bosh vazirlarini qabul qildi
