Jamiyat
Namanganda mashinada megafondan foydalangan haydovchi “prava”sidan ayrildi
U Malibu mashinasida harakatlanib, megafon orqali boshqa haydovchilardan yo‘lni bo‘shatishni talab qilgan. Bu harakat yo‘l bezoriligi sifatida baholangan va huquqbuzar 1,5 yilga haydovchilik huquqidan mahrum etilgan.
Namangan shahrida mashina boshqarib borayotib, megafondan foydalangan haydovchiga chora ko‘rildi. Bu haqda YHXX axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Namangan shahrida “qonuniy qoidabuzarlik” qilishini aytgan yigit Malibu mashinasida harakatlanib, megafon orqali boshqa haydovchilardan yo‘lni bo‘shatishni talab qilgan. U bu harakatini tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.
Holat yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruv ishlarida bu shaxs Abbos Yusupov ekani, u jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzgani aniqlangan. Uning harakati boshqa haydovchilarning e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Abbos Yusupov qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan. U agar ovoz kuchaytirgich qurilmasi mashinaga o‘rnatilmagan bo‘lsa, bu qoidabuzarlik hisoblanmaydi deb o‘ylaganini aytgan.
Huquqbuzar boshqaruvida bo‘lgan Malibu jarima maydoniga qo‘yilgan. U foydalangan megafon esa daliliy ashyo sifatida olingan.
Shuningdek, Abbos Yusupov JIB Namangan shahar sudining qarori bilan yo‘l bezoriligi huquqbuzarligini sodir etgan deb topilib, 1,5 yilga haydovchilik huquqidan mahrum etilgan.
Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-10-moddasiga ko‘ra yo‘l bezoriligi, ya’ni yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishiga tahdid soluvchi yoxud transport vositasida yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan hurmatsizlikda ifodalangan boshqa xatti-harakatlarni namoyishkorona sodir etishi transport vositalarini boshqarish huquqidan 1 yildan 2 yilgacha mahrum qilib, BHMning 25 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Jamiyat
San’atkorlar oyiga taxminan 45 ming so‘m soliq to‘layapti – Soliq qo‘mitasi
O‘zbekistonda konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 1 100 nafar xonanda 2025-yil uchun soliq deklaratsiyasini taqdim etdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jami 599,7 mln so‘m daromad solig‘i hisoblangan.
Hisob-kitobga ko‘ra, bu bir nafar san’atkorga yiliga o‘rtacha 545 ming so‘m, oyiga esa taxminan 45 ming so‘m soliq to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatadi.
Deklaratsiyalar tahliliga ko‘ra, san’atkorlarning asosiy qismi past daromad segmentiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 375 nafar xonanda yiliga 1 mln so‘mgacha, 576 nafari esa 10 mln so‘mgacha daromad ko‘rsatgan. Faqat juda kichik qismi – 19 nafar san’atkor 60 mln so‘mdan yuqori daromad qayd etgan.
Reyting guruhlari kesimida ham shu holat kuzatiladi: yuqori daromadli I guruhda bor-yo‘g‘i 47 nafar bo‘lib, asosiy ulush – 953 nafardan iborat III guruh hissasiga to‘g‘ri keladi. Demak, bozorda ko‘pchilik san’atkorlar nisbatan kichik daromad bilan faoliyat yuritmoqda.
Guruhlar kesimida:
I guruh (47 nafar): yuqori daromad, 140,8 mln so‘m soliq
II guruh (100 nafar): 83,9 mln so‘m soliq
III guruh (953 nafar): asosiy ulush — 375,2 mln so‘m
Biroq bu raqamlar ikki xil talqin qilinishi mumkin. Bir tomondan, haqiqatan ham san’at bozorida daromadlar past bo‘lishi mumkin. Ikkinchi tomondan esa, ayrim hollarda daromadlarning to‘liq deklaratsiya qilinmasligi ehtimoli ham mavjud.
Jamiyat
Namanganda ayol ukol olayotganda vafot etgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Baxtsiz hodisa 28 mart kuni Yangiqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli G‘ovazon oilaviy shifokorlik punktida bo‘lgan.
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida 39 yoshli ayol oilaviy shifokor punktida osma ukol olayotgan payti vafot etganligi holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bu haqda viloyat prokuraturasi ma’lum qildi.
“Mazkur holat yuzasidan Yangiqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan Yangiqo‘rg‘on TTB.ga qarashli “G‘ovazon” OShP TBX oila hamshirasi G.E.ga nisbatan JKning 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, deyiladi prokuratura xabarida.
Qayd etilishicha, hozirda Yangiqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat ishi tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Avvalroq Kun.uz mazkur voqea tafsilotlarini o‘rgangandi.
Baxtsiz hodisa 28 mart kuni Yangiqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli G‘ovazon oilaviy shifokorlik punktida bo‘lgan.
Jamiyat
Kam ta’minlanganlarga 161,5 mlrd so‘m ijtimoiy keshbek berilgan
2026-yilning yanvar–mart oylarida kam ta’minlangan aholiga 161,5 mlrd so‘mga yaqin ijtimoiy keshbek to‘lab berildi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davrda 621,6 ming nafar fuqaro mazkur imkoniyatdan foydalangan.
Qayd etilishicha, hisobot davrida jami 2 mln 728,4 mingta chek ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Faqat mart oyining o‘zida 984,5 mingta chek qayd etilib, 65,1 mlrd so‘m keshbek to‘langan.
Ijtimoiy keshbek hajmi bo‘yicha Andijon viloyati yetakchi — 94,7 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinlarda Samarqand (12,5 mlrd so‘m) va Toshkent shahri (11,5 mlrd so‘m) qayd etildi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida 10,8 mlrd, Farg‘onada 7,1 mlrd, Namanganda 4,6 mlrd so‘m keshbek to‘langan.
Qashqadaryoda 3,8 mlrd, Surxondaryoda 4,3 mlrd, Sirdaryoda 2,5 mlrd, Jizzaxda 2,9 mlrd so‘m qaytarilgan.
Qoraqalpog‘istonda 2,2 mlrd, Xorazmda 1,8 mlrd, Buxoroda 1,5 mlrd, Navoiyda 649 mln so‘m ijtimoiy keshbek ajratilgan.
Ma’lumot uchun, bu tizim 2023-yil 1-maydan joriy etilgan bo‘lib, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan shaxslarga tatbiq etiladi. Ular chakana savdo obyektlarida ayrim mahsulotlarni xarid qilganda 1 foiz emas, balki 12 foiz qo‘shilgan qiymat solig‘i miqdorida keshbek oladi.
Jamiyat
Toshkentdagi ayrim ko‘chalar 11-maygacha yopildi
Toshkent shahri markazida ayrim ko‘chalarda transport harakati vaqtincha cheklandi. Shahar hokimligi ma’lum qilishicha, cheklovlar 2-maydan 11-maygacha amal qiladi.
Buning sababi Milliy kutubxona oldidagi maydonda o‘tkaziladigan «Tashkent Flowers Fest 2026» gullar festivali bilan bog‘liq. Ayniqsa, 7–9-may kunlari tadbirning asosiy qismi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan Milliy kutubxona atrofidagi yo‘llarda transport vositalari harakati to‘liq yoki qisman to‘xtatildi.
Cheklovlar bir nechta markaziy ko‘chalarni qamrab olgan. Jumladan, Zarafshon ko‘chasining «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasi oldidan Mustaqillik shoh ko‘chasigacha bo‘lgan qismi yopildi.
Shuningdek, Istiqlol ko‘chasining Amir Temur shoh va Buyuk Turon ko‘chalari oralig‘idagi qismida harakat cheklangan.
Buyuk Turon ko‘chasining Istiqlol ko‘chasidan Yoshlar ijod saroyigacha bo‘lgan qismida ham transport qatnovi vaqtincha to‘xtatildi.
Jamiyat
Toshkent metrosida yo‘lovchi poyezd yo‘liga tushib ketdi
Holat “G‘afur G‘ulom” bekatida sodir bo‘lgan. Yo‘lovchi ayol poyezd kirib kelayotganida uning yo‘liga tushib ketgan. Mashinist harakat tarkibini tezkor to‘xtatib qolgan. Ayol jiddiy jarohatlanmagan.
Foto: Toshkent metropoliteni
Toshkent metrosida yo‘lovchi ayol poyezd yo‘liga tushib ketdi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat 2 may kuni soat 21:35 atrofida “G‘afur G‘ulom” bekatida sodir bo‘lgan. Bekatga 40-sonli harakat tarkibi kirib kelayotgan paytida yo‘lovchi ayol ehtiyotsizlik oqibatida yo‘lga tushib ketgan.
Mashinist tezkor va aniq harakat qilib, harakat tarkibini zudlik bilan to‘xtatgan hamda xavfsizlik choralariga to‘liq rioya etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro jiddiy tan jarohati olmagan. U tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan ko‘rik uchun olib ketilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, hodisa metro harakati jadvaliga ta’sir ko‘rsatmagan, barcha poyezdlar belgilangan jadval asosida harakatlangan.
-
Siyosat4 days agoOʻzbekistonda yashirin forumda davlat xizmatchilariga oid maʼlumotlarning sizib chiqib ketishini tekshirmoqda
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston Davlat investitsiya jamgʻarmasi Toshkent va Londonda ikki tomonlama IPO oʻtkazdi
-
Jamiyat4 days agoMashina olib berish va’dasida yuzlab odamni chuv tushirgan “Umid avto”chilarga hukm o‘qildi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev energiya tejash vositasi sifatida kommunal xizmatlarni oʻchirishni taqiqlovchi farmonni imzoladi
-
Dunyodan4 days ago
Ukraina va Yevropa Ittifoqi Isroilga qarshi sanksiyalar kiritmoqchi
-
Dunyodan4 days ago
Jarrohlar Apple Vision Pro foydasiga monitorlardan voz kechishmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago«Kursga sun’iy ta’sir o‘tkazish tarafdori emasmiz»
-
Iqtisodiyot5 days agoAQSh logistikasini O‘zbekistonda turib «zabt etgan» Sarvarjon Narimonov hikoyasi
