Mahalliy
O‘zbekistonlik tadqiqotchi SI yordamida qanday qilib «aqlli bog‘dorchilik»ni yo‘lga qo‘ymoqchi?
Bugungi suhbatdoshim Zahro Sodiqova Buxoroda tug‘ilgan, Toshkent shahridagi INHA va AQShning Oklend shahridagi Linkoln universitetlarida tahsil olgan, Technovation Challenge kabi nufuzli dasturlarda ishtirok etgan yosh tadqiqotchi. Uning bugungi faoliyati diqqat markazida sun’iy intellekt yordamida «aqlli bog‘dorchilik» tizimini yaratish va ekologik barqarorlikka erishish turibdi. Global miqyosdagi texnologik loyihalarga milliy qadriyatlarni olib kirishni maqsad qilgan qahramonimiz Kremniy vodiysi tajribasidan tortib, shahar sharoitida barqaror o‘simlik yetishtirishgacha bo‘lgan qiziqarli rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Siz maktab davridayoq matematika va ingliz tili fanlariga alohida yondashgansiz. Keyinchalik O‘zbekistondagi INHA universiteti va AQShdagi MBA ta’limi sizning bilimlaringizni yanada mustahkamladi, shunday emasmi?
– Ha, maktab davrimdanoq matematikaga alohida qiziqishim bor edi. Ayniqsa, INHA universitetida o‘qigan paytimda biznes matematikasi bilan chuqur shug‘ullandim. Bu menga strategik fikrlashni rivojlantirishga va har qanday biznesning eng muhim jihatlaridan biri bo‘lgan moliya sohasini chuqurroq tushunishga yordam berdi.
Ingliz tili esa dunyoqarashimni kengaytirishga xizmat qildi. Men Farhod Qodirov rahbarligidagi Genius English Courses markazidan juda minnatdorman. U yerda men tilni eng tabiiy usulda o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Shuning uchun ham MBA dasturida tahsil olish men uchun ancha yengil kechdi – chunki men Buxorodayoq amalda qo‘llanadigan ingliz tilini o‘rgangan edim.
– «Aqlli bog‘dorchilik» (Smart gardening) va sun’iy intellektni uyg‘unlashtirish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi? Bu tizim oddiy bog‘bon yoki uy bekasining hayotini qanday yengillashtiradi?
– Sun’iy intellekt bugungi kunda hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Shuning uchun uni insonlar hayotiga haqiqatan ham yangi imkoniyatlar olib kiradigan yo‘nalishlarda qo‘llash juda muhim.
Sun’iy intellektni smart gardening — aqlli bog‘dorchilik bilan birlashtirish g‘oyasini o‘ylab topganimda, har bir oilada tez-tez beriladigan bir savoldan ilhom oldim: «Bugun nima pishirsam ekan?»
Tasavvur qiling, sizning bog‘ingizda yetishtirilayotgan organik o‘simliklar va ko‘katlar nafaqat dasturxoningizga sog‘lom mahsulotlar olib keladi, balki sun’iy intellekt orqali ulardan qanday taomlar tayyorlash mumkinligini ham tavsiya qiladi. Qaysi mamlakat yoki shaharda yashashingizdan qat’i nazar, bu tizim sizga yordam beradi.
Eng muhimi, SI oilangiz uchun qadrli bo‘lgan retseptlarni o‘rganib boradi, ularni moslashtiradi va shu tariqa avloddan-avlodga o‘tadigan taomlar hech qachon yo‘qolib ketmaydi. Bundan tashqari, aqlli bog‘dorchilik tizimi nafaqat taom tayyorlashga yordam beradi, balki bog‘ parvarishini ham ancha yengillashtiradi. Masalan, sun’iy intellekt o‘simliklarning holatini kuzatib, qachon sug‘orish, qachon o‘g‘it berish yoki qaysi o‘simlikka ko‘proq quyosh nuri kerakligini tavsiya qilishi mumkin.
Bugun ko‘pgina uy bekasi yoki oddiy bog‘bonlarda vaqt kam. Ayrimlar bog‘ qilishni xohlaydi, ammo o‘simlikni noto‘g‘ri parvarish qilib qo‘yishdan qo‘rqadi. Aqlli tizim esa xuddi maslahatchi kabi yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi: qaysi faslda nima ekish kerak, qanday qilib tabiiy usullar bilan hosilni asrash mumkin — barchasini tushuntirib beradi.
Yana bir muhim jihati — bu tizim ekologik yondashuvni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, suvni tejash, tabiiy o‘g‘itlardan foydalanish, mavsumiy mahsulotlar yetishtirish kabi masalalarda ham tavsiyalar berishi mumkin.
Maqsadim shunchaki texnologiya yaratish emas, istardimki, insonlar tabiatga yanada yaqinlashsin, o‘z bog‘ida yetishtirgan mahsulotdan foydalanib, oilasi bilan bir dasturxon atrofida jam bo‘lsin. Agar texnologiya shu jarayonni biroz bo‘lsa ham osonlashtirsa — demak, u haqiqatan foydali bo‘ladi.
– Siz o‘z oldingizga an’anaviy bog‘dorchilikni zamonaviy yechimlar bilan birlashtirishni maqsad qilib qo‘ygansiz. Bizning milliy dehqonchilik madaniyatimizda qaysi jihatlarni raqamlashtirish eng qiyin va eng muhim deb hisoblaysiz?
– Menimcha, milliy dehqonchilik madaniyatimiz so‘nggi yillarda ancha rivojlanmoqda. Biroq kelajakda uni yanada mustahkamlash uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish muhim.
Bizning yurtimiz juda hosildor va barakali yerlarga ega. Agar AI texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalansak, organik hosil yetishtirishni yanada samarali qila olamiz. Bu nafaqat hosildorlikni oshiradi, balki uglerod chiqindilarini kamaytirish orqali ekologik barqarorlikni saqlashga va sayyoramizni asrashga ham yordam beradi.
– «Technovation Challenge» dasturidagi ishtirokingiz va Kremniy vodiysi darajasidagi loyihalar ustida ishlash qanday strategik ko‘nikmalarni berdi? U yerdagi startap muhitidan O‘zbekiston sharoitiga nimalarni olib kirish mumkin?
– «Technovation Challenge» dasturida ishtirok etish menga bir vaqtning o‘zida bir nechta omillarni hisobga olish va har doim katta manzarani – ya’ni umumiy strategik maqsadni ko‘ra bilishni o‘rgatdi. Shu bilan birga, MVP (minimal ishlaydigan mahsulot) muvaffaqiyatsiz chiqqan taqdirda ham ishni to‘xtatmasdan, loyihani rivojlantirishni davom ettirish muhimligini tushundim.
Kremniy vodiysi startap muhiti esa juda ilhomlantiruvchi. U yerda startaplar doimo o‘zgarishi, yangi yo‘nalishlarga burilishi mumkinligini ko‘rasiz. Eng muhimi o‘zgarishlarni to‘g‘ri boshqara olish va jamoa bilan samarali muloqot qilishdir.
– Shahar sharoitida barqaror o‘simlik yetishtirish (urban farming) kelajakda oziq-ovqat xavfsizligi va ekologiyaga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Sizning loyihangiz bu muammoga qanday yechim beradi?
– Shahar sharoitidagi urban farming – shahar bog‘dorchiligi kelajakda sayyoramiz barqarorligiga katta hissa qo‘shishi mumkin. Chunki bunda e’tibor organik va barqaror usullarda yetishtirilgan mahsulotlarga qaratiladi.
Loyihamning asosiy maqsadi – texnologiyadan oqilona foydalanib, inson ehtiyojlari bilan birga, Yer sayyorasining manfaatlarini ham hisobga olishdir. Agar biz chiqindilarni kamaytirib, tabiatga ehtiyotkorlik bilan yondashsak, kelajak avlodlar uchun yanada sog‘lom muhit yaratishimiz mumkin.
– Odatda agronomiya yoki sun’iy intellekt kabi sohalar erkaklar yo‘nalishi sifatida ko‘riladi. Sizningcha, texnologiya dunyosida ayollarning intuitiv nigohi va oilaviy qadriyatlarga sodiqligi yangi innovatsiyalar yaratilishida qanday ustunlik beradi?
– Menimcha, agar texnologiya sohasida gender jihatidan muvozanat bo‘lsa, kelajak avlodlarga juda muhim bir xabarni yetkazamiz: har bir inson, jinsidan qat’i nazar, istalgan sohada o‘z hissasini qo‘sha oladi.
Bu esa yangi g‘oyalar, yangi qarashlar va yanada boy innovatsiyalar paydo bo‘lishiga xizmat qiladi.
– Bugungi o‘zbek qizi uchun muvaffaqiyatli texnologik tadbirkor va oilaning tayanchi bo‘lish o‘rtasidagi muvozanatni topish siri nimada? Siz bu ikki mas’uliyatni qanday birlashtirasiz?
– Men uchun oila eng katta tayanch va ilhom manbai. Oila-a’zolarim meni qo‘llab-quvvatlaydi va o‘z salohiyatimni ro‘yobga chiqarishimga ishonch bag‘ishlaydi.
Balki men butun dunyoni o‘zgartira olmasman, lekin ayrim insonlar hayotini yengilroq va mazmunliroq qilishim mumkin. Shu bilan birga, sayyoramizga g‘amxo‘rlik qilish ham men uchun muhim qadriyat. Sevgan ishim bilan shug‘ullanar ekanman, oilam ham doimo yonimda va ana shu holat – haqiqiy muvozanatdir.
Barno Sultonova suhbatlashdi
Mahalliy
Buxorodagi davlat bog‘chalari ham vaqtincha yopiladi
Buxoroda ham bog‘chalar vaqtincha yopiladi.
Buxoro viloyatida kutilgan kuchli issiqlar munosabati bilan 15–17-iyul kunlari barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.
Bu haqda Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Buxoro viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining xulosasiga asoslanib ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, qaror maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini jazirama issiqning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida qabul qilingan.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 20 iyul kunidan boshlab belgilangan tartibda o‘z faoliyatini qayta tiklaydi.
Ota-onalardan ushbu vaqtinchalik cheklovni to‘g‘ri qabul qilish, shu kunlarda farzandlari salomatligi va xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish so‘raldi.
Avvalroq Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiydagi bog‘chalar vaqtincha yopilishi ma’lum qilingandi.
Mahalliy
Ayrim fransuz tili o‘qituvchilariga umumiy qiymati 1,3 mln yevrolik grant ajratiladi
Fransiyaning Nitsa shahrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi delegatsiyasi hamda Frankofoniya instituti o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistondagi 1 410 nafar fransuz tili o‘qituvchisining malakasi oshiriladi. Ularning 910 nafari uchun umumiy qiymati 1,3 million yevroga teng bo‘lgan bepul pedagogik stipendiya (grant) ajratiladi.
Shuningdek, tomonlar «Allyumer le zetual» («Allumer les étoiles») dasturi doirasida pedagoglar malakasini oshirish, trenerlar tayyorlash hamda xorijiy til mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, A. Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida Frankofoniya instituti byurosini ochish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur byuro kelgusida mintaqaviy markaz sifatida fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga xizmat qilishi rejalashtirilmoqda.
Mahalliy
O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab «Canva»dan bepul foydalanadi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya Fransiyadagi O‘zbekiston elchixonasida «Canva» kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzoladi. Hujjatga muvofiq, mamlakatdagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktabi «Canva for Education» platformasidan uch yil mobaynida mutlaqo bepul foydalanadi.
Kelishuv Parij shahridagi YuNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan «Ta’lim transformatsiyasi sammiti +4» doirasida imzolandi. Grantning umumiy qiymati 20 million AQSh dollariga teng bo‘lib, u maktablarda zamonaviy raqamli ta’lim vositalarini keng joriy etishga xizmat qiladi.
«Canva» — Avstraliyada tashkil etilgan va hozirda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida qo‘llanilayotgan yetakchi vizual dizayn platformasi hisoblanadi. Uning ta’limga mo‘ljallangan «Canva for Education» xizmati o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun maxsus ishlab chiqilgan minglab tayyor shablonlar hamda dizayn vositalarini taklif etadi.
Platforma orqali o‘quvchilar taqdimot va infografikalar tayyorlash, vizual materiallar yaratish, sun’iy intellekt asosida ta’lim kontenti ishlab chiqish, guruh bo‘lib onlayn hamkorlik qilish va raqamli savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mahalliy
OTMlarga kirish uchun test sinovlari 14 iyuldan boshlanadi
2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari 14-23 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, test sinovlari 10 kun davomida kuniga ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena soat 08:00, ikkinchi smena esa 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan belgilangan hududga test boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin yetib kelishlari so‘ralgan.
Ma’lum qilinishicha, test sinovlarida ishtirok etish uchun «Abituriyent ruxsatnomasi» my.uzbmb.uz sayti orqali berilmoqda. Abituriyentlarga ruxsatnomani yuklab olib, chop etish tavsiya etilgan.
Har bir abituriyent ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzil, sana va smenada test topshiradi. Boshqa hudud, kun yoki smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
Agentlik abituriyentlar test sinoviga pasport yoki ID-karta hamda ruxsatnoma bilan kelishi shartligini eslatdi. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikkan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 13 mingga yaqin abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi
2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish jarayonida 13 mingga yaqin nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilda barcha fanlar bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 997 nafar abituriyent test topshirmasdan, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazilgan. Mazkur toifadagi abituriyentlar uchun testga kirish ruxsatnomasi shakllantirilmagan. Taqqoslash uchun, 2025 yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan.
2026/2027-o‘quv yili uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish 5–25 iyun kunlari davom etdi. Bu davrda 677 907 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 451 744 nafari joriy yil bitiruvchilari, 226 163 nafari esa avvalgi yillarda ta’lim muassasasini tamomlagan fuqarolardir.
Ro‘yxatdan o‘tganlarning 365 196 nafari ayollar, 312 711 nafari erkaklarni tashkil etgan. Test sinovlarida esa 664 609 nafar abituriyent ishtirok etadi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida yuklangan 24 526 ta milliy va xalqaro sertifikat tasdiqlangan. Shuningdek, umumta’lim fanlari bo‘yicha 193 186 nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 354 nafar sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Test sinovlarini o‘tkazish uchun respublika bo‘yicha 64 ta yirik sig‘imli bino tayyorlangan. Ularda bir smenada 35 490 nafar, bir kunda esa 70 980 nafar abituriyent test topshirishi mumkin. Test sinovlari 10 kun davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
-
Sport4 days agoIspaniya Belgiyani yengib, yarimfinalga chiqdi
-
Sport5 days agoJCh anonsi. Belgiya hayron qoldira oladimi?
-
Sport4 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Sport3 days agoInfantino yana JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi haqida gapirdi
-
Siyosat5 days agoElchi Furqat Sidiqov Braziliya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirmoqda
-
Jamiyat4 days agoDori narxini sun’iy oshirgan yuzlab dorixonalar aniqlandi
-
Jamiyat4 days agoJanubiy Koreya va AQShga noqonuniy migratsiya tashkil etmoqchi bo‘lganlar ushlandi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev ICESCO bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga chaqirmoqda
