Iqtisodiyot
Suv yo‘qotilishi yuqori kanallar rekonstruksiya qilinadi va betonlashtiriladi
Prezidentning “Sug‘orishda suv yo‘qotishlarini kamaytirish va suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi suv yo‘qotilishi yuqori bo‘lgan 389 km kanallar rekonstruksiya qilinadi va betonlashtiriladi.
Bunda yiliga o‘rtacha 206 mln metr kub suv resurslari hamda 26 mln kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi, sug‘oriladigan 158,4 ming gektar yerlarning suv ta’minoti yaxshilanadi hamda suv tanqisligi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish choralari ko‘riladi.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish va joriy yilda kutilayotgan suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar uchun respublika budjetining 2026 yil 1 chorak yakuni bo‘yicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismi hisobidan 600 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.
Joriy yilda kanallar va sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish ishlari uchun 480 mlrd so‘m va suv tanqisligining oldini olish bilan bog‘liq chora-tadbirlar uchun 120 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Iqtisodiyot
qaysi modellar ko‘p ishlab chiqarilmoqda?
2026-yil yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish hajmi sezilarli o‘sdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yengil avtomobillar ishlab chiqarish 97 274 tadan 108 769 taga yetdi.
Yuk avtomobillari ishlab chiqarish ham oshgan bo‘lib, 2025-yildagi 915 tadan 2026-yilda 1 178 taga ko‘tarildi. Shuningdek, maxsus yengil avtomobillar ishlab chiqarish 7 426 tadan 11 998 tagacha o‘sgani qayd etildi.
Eng ko‘p ishlab chiqarilgan modellar orasida «Cobalt» yetakchilikni saqlab qoldi. Ushbu rusum 32 208 tadan 38 397 tagacha oshgan.
«Damas» ishlab chiqarishi 22 409 tadan 21 503 taga kamaygan bo‘lsa, «Tracker» 10 513 tadan 10 746 tagacha o‘sgan.
«Onix» modelida pasayish kuzatilib, 11 774 tadan 8 950 taga tushgan. Shu bilan birga, «KIA» avtomobillari 6 150 tadan 7 105 tagacha ko‘paygan. «Chery» ishlab chiqarishi esa deyarli barqaror bo‘lib, 1 996 tadan 1 981 taga o‘zgargan.
Yangi brendlar orasida «Haval» avtomobillari 1 885 tadan 2 978 tagacha oshgani qayd etildi. «BYD» ishlab chiqarishi esa 2 913 tadan 5 111 tagacha keskin o‘sgan.
Iqtisodiyot
Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi 5 foizga o‘sdi
2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi sohalarida barqaror o‘sish qayd etildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ushbu tarmoqlarda ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlar umumiy hajmi 63,4 trln so‘mni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 5,1 foizga o‘sgan.
Eng katta ulush dehqonchilik va chorvachilik, ovchilik hamda ushbu sohalarda ko‘rsatilgan xizmatlarga to‘g‘ri keldi. Bu yo‘nalishda ishlab chiqarish hajmi 59,8 trln so‘mni tashkil etdi.
O‘rmon xo‘jaligidagi ko‘rsatkichlar 3,1 trln so‘m darajasida qayd etildi.
Baliqchilik xo‘jaligida esa 540,1 mlrd so‘mlik mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda kichik tadbirkorlik sub’yektlari soni 1,2 milliondan oshdi
2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 mln 208 ming 341 ta kichik tadbirkorlik sub’yekti faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Kichik tadbirkorlik sub’yektlarining 507 138 tasini kichik korxona va mikrofirmalar tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichga fermer va dehqon xo‘jaliklari ham kiritilgan.
Qolgan 701 203 tasi esa yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari, hunarmandlar va import tovarlari sotuvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.
2026-yilning yanvar–mart oylarida 22,2 mingta yangi kichik korxona va mikrofirmalar tashkil etildi. Bu ko‘rsatkich fermer va dehqon xo‘jaliklarisiz hisoblangan.
Iqtisodiyot
Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi
O‘zbekiston prezidenti va bank rahbari OTB bilan sheriklik bo‘yicha 2030 yilga qadar bo‘lgan davrga mo‘ljallangan yangi dasturga kiritilgan umumiy qiymati 12,5 milliard dollarlik loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi doirasida Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida OTB rahbari O‘zbekiston yetakchisiga bank Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi O‘zbekistonda o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlagani va ko‘rsatgan ko‘magi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi keng ko‘lamli o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Hamkorlikni yuksak darajaga ko‘tarishga erishilgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan 30 yilda OTB O‘zbekistonning haqiqiy strategik sherigiga aylandi.
Loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarni tashkil etmoqda, amaliyotlar hajmi bo‘yicha O‘zbekiston bankning mintaqadagi eng yirik hamkorlaridan biriga aylandi.
Temir va avtomobil yo‘llari, energetika va ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilish, suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini yangilash, qishloq xo‘jaligi va xususiy sektorni rivojlantirish hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirildi va davom etmoqda.
O‘zbekiston prezidenti va bank rahbari sammit doirasida imzolangan OTB bilan sheriklik bo‘yicha 2030 yilga qadar bo‘lgan davrga mo‘ljallangan yangi dasturga kiritilgan umumiy qiymati 12,5 milliard dollarlik loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
Ipoteka bozori, xususiy sektor, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, inklyuziv ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish borasidagi islohotlarni ilgari surish, raqamli innovatsiyalarni joriy etish va maxsus iqtisodiy zonalarda infratuzilmani modernizatsiya qilish kabi sohalarda hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.
Markaziy Osiyo mintaqasida yirik infratuzilmaviy loyihalarni, shu jumladan, bankning mablag‘larni safarbar etishdagi yetakchiligini kuchaytirish orqali ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston prezidenti OTB rahbariyati va jamoasiga Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishi muvaffaqiyatli va samarali o‘tishini tiladi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida 2030 yilgacha mo‘ljallangan sheriklik dasturini almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi 3-6 may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
Iqtisodiyot
Prezident Janubiy Koreya bilan investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildi
Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Uchrashuvda O‘zbekiston – Janubiy Koreya Alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston prezidenti Janubiy Koreya bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
O‘zaro savdo va investitsiyalar ko‘rsatkichlari barqaror o‘sib bormoqda. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 12 foizga oshdi. Mamlakatimizda qariyb 1 mingta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi 8 milliard dollardan oshdi. Ushbu mamlakat kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasini tashkil etish masalalari ishlab chiqilmoqda.
Koreya Eksimbanki va uning jamg‘armalari bilan ko‘p yillik samarali hamkorlik yuqori baholandi. Ular ishtirokidagi loyihalarning umumiy portfeli 2 milliard dollardan oshdi.
Ko‘p tarmoqli klinika, kimyo markazi va farmatsevtika parki qurilishi davom etmoqda. Bugun Toshkent – Xiva yo‘nalishida birinchi “Hyundai Rotem” poyezdi qatnay boshladi.
Shavkat Mirziyoyev ustuvor yo‘nalishlarda yangi investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish va hududlararo almashinuvlarni jadallashtirish muhimligini qayd etdi. Davlat moliyasini boshqarish tizimini raqamlashtirishda Koreya tomoni ko‘maklashishiga umid bildirildi.
Joriy yil kuz oyida Seul shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy Osiyo – Koreya” sammiti va boshqa oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
-
Siyosat5 days agoOʻzbekistonda yashirin forumda davlat xizmatchilariga oid maʼlumotlarning sizib chiqib ketishini tekshirmoqda
-
Siyosat5 days agoOʻzbekiston Davlat investitsiya jamgʻarmasi Toshkent va Londonda ikki tomonlama IPO oʻtkazdi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev energiya tejash vositasi sifatida kommunal xizmatlarni oʻchirishni taqiqlovchi farmonni imzoladi
-
Jamiyat4 days agoMashina olib berish va’dasida yuzlab odamni chuv tushirgan “Umid avto”chilarga hukm o‘qildi
-
Dunyodan4 days ago
Ukraina va Yevropa Ittifoqi Isroilga qarshi sanksiyalar kiritmoqchi
-
Dunyodan5 days ago
Jarrohlar Apple Vision Pro foydasiga monitorlardan voz kechishmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago«Kursga sun’iy ta’sir o‘tkazish tarafdori emasmiz»
-
Turk dunyosi4 days agoKurd jangari rasmiysining aytishicha, Turkiya islohotlarning yoʻqligi tufayli tinchlik muzokaralarini toʻxtatib qoʻymoqda
