Sport
«Real» o‘yini 10 daqiqaga to‘xtab qoldi, «Galatasaroy» 5 ta gol urdi. Kun o‘yinlari
Vinisius yana mojaro markazida, «Yuventus» Istanbulda yakson etildi, «Borussiya» va «PSJ» keyingi bosqich masalasini deyarli hal qildi.
Arbeloaning revanshi va Mourinioning chetlatilishi
«Benfika» – «Real» 0:1
Gol: Vinisius Junior, 50 (0:1)
«Benfika»: Trubin, Otamendi, Arauju, Dal, Dedich, Eursnes (Lopesh Kabral, 80), Barreyru, Rafa Silva (Sudakov, 74), Shelderup (Rios, 74), Prestianni (Lukebakio, 81), Pavlidis
«Real»: Kurtua, Ryudiger, Hausen, Karreras (Karvahal, 90+9), Aleksandr-Arnold, Tshuameni, Arda Guler (Dias, 86), Kamavinga (Pitarch, 90+4), Valverde, Vinisius Junior, Mbappe
Ogohlantirishlar: Prestianni, 78. Sudakov, 90 – Vinisius Junior, 51. Mbappe, 87
Madridning «Real» klubi YeChL o‘tish o‘yinlari doirasida «Benfika»ga qarshi safarda kechgan birinchi o‘yinda g‘alaba qozondi (1:0) va umumiy guruh bosqichining so‘nggi turida uchralgan alamli mag‘lubiyat uchun revansh oldi. O‘yindagi yagona golni Vinisius Junior urdi va aynan u o‘yinda ro‘y bergan mojaroli epizod qahramoniga aylandi. U o‘ziga nisbatan irqchilik ishlatilganidan shikoyat qilgach, hakam o‘n daqiqaga o‘yinni to‘xtatib qo‘ydi.
50-daqiqada Vinisius chap qanotdan jarima maydoniga yaqinlashib, ajoyib gol muallifiga aylandi: uning aylanma zarbasidan keyin to‘p olis to‘qqizlikka borib tushdi.
Shundan keyin u burchakdagi bayroq oldiga borib, golini raqs tushgan holda nishonladi, tribunalardan unga tomon turli buyumlar uloqtirildi.
Uchrashuv bosh hakami Fransua Letekse esa provokatsiya uchun futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatdi.
Keyin esa 25 yoshli vinger va raqib futbolchilari o‘rtasida bahs yuzaga keldi, avvaliga Nikolas Otamendi u bilan baland ohangda gaplashdi, ammo vaziyat shu bilan tinchimadi.
Janluka Prestianni unga qarata og‘zini futbolkasi bilan to‘sgan holda (lab harakatidan nima deyayotganini yashirish uchun) nimadir dedi. Vinisius esa unga kulib qo‘ydi va darhol bosh hakam oldiga chopdi.
As nashri xabariga ko‘ra, u argentinalik futbolchi o‘zini maymun deb ataganiga amin.
Letekse o‘yinni to‘xtatdi, Vinisius esa namoyishkorona tarzda maydonni tark etib, zaxira o‘rindig‘iga borib o‘tirib oldi.
Maydonda «Real» va «Benfika» vakillari o‘zaro munosabatlarga oydinlik kiritib olishga kirishib ketishdi.
Mezbonlar ustozi Joze Mourinio ham Vinisiusning oldiga kelib, u bilan gaplashib, maydonga qaytishga undadi.
Braziliyalik futbolchini anchagacha tinchlantira olishmadi, u zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib, hakamning qarorini kutdi.
Faqat 10 daqiqa o‘tib barcha, jumladan, Vinisius ham maydonga qaytdi va o‘yin davom ettirildi. Lekin portugaliyalik muxlislar endi to‘p har safar unga borganida kuchli hushtakbozlik qilishdi, Prestianni zaxiraga olinayotganida esa uni olqishlashdi.
O‘yin oxirlarida Vini jarima maydoni yaqinida ishlatgan qo‘polligi uchun ikkinchi sariq kartochkani olishi mumkin edi, ammo hakam uni kechirdi, bunga qattiq e’tiroz bildirib maydonga chiqib ketgan Joze Mourinioga esa qizil kartochka ko‘rsatildi.
O‘yinning so‘nggi daqiqalarida Vinisius burchak zarbasini ijro etishga tayyorlanayotganida unga suv butilkasi ham uloqtirildi.
Uning Otamendi bilan navbatdagi bahsi esa 38 yoshli argentinalik futbolkasini ko‘tarib, jahon chempionati, Finalissima va Amerika kubogidagi ikki g‘alabaga bag‘ishlangan tatusini ko‘rsatishi bilan yakunlandi.
Faqat ushbu faxriy futbolchida bu oqshom maqtanadigan boshqa narsa yo‘q edi – «Real» g‘alabali hisobni saqlab qoldi va javob o‘yini oldidan keyingi bosqichga o‘tish uchun yaxshi imkoniyat hosil qildi.
U o‘ynamasligi kerak
O‘yindan keyin Kilian Mbappe jamoadoshining yonini olib, jiddiy bayonot berdi.
«Janluka Prestianni endi hech qachon Chempionlar Ligasida o‘ynamasligi kerak. Uning yuzini ko‘rdingizmi? Biz ahmoq emasmiz. Men mukammalman demayman, lekin bunday narsalarga ko‘z yuma olmayman. Biz maydonda o‘rnak bo‘lishimiz kerak. Bu bola o‘zini juda yomon tutdi.
Yevropaning asosiy turnirida qanday qilib bu ish sodir bo‘lishi mumkin?
Prestianni Vinisiusni besh marta maymun deb atadi! Besh marta! O‘zim ham ko‘rdim, eshitdim. U hech kim ko‘rmasligi va eshitmasligi uchun yuzini mayka bilan to‘sgandi, ammo o‘yindan keyingi reaksiyasidan, yuzidan, o‘zini tutishidan hammasi yaqqol ko‘rinib turardi. Uning yuzi yolg‘on gapirmaydi.
«Benfika»ga, uning muxlislariga, murabbiyiga hech qanday e’tirozim yo‘q. Bu Portugaliyaning eng yaxshi klublaridan biri. Lekin bu bola EChLda o‘ynamasligi kerak».
Turinliklarning dahshatli tushi
«Galatasaroy» – «Yuventus» 5:2
Gollar: Sara, 15 (1:0). Kopmeyners, 16 (1:1). Kopmeyners, 32 (1:2). Lang, 49 (2:2). Sanches, 60 (3:2). Lang, 75 (4:2). Boe, 86 (5:2)
«Galatasaroy»: Ugurjan Chaqir, Sanches, Abdulkarim Bardakchi (Singo, 77), Yakobs (Eren Elmali, 83), Sholloi, Sara, Torreyra, Yunus Oqkun (Sane, 70), Lang (Boe, 83), Barish Yilmaz (Ikardi, 77), Osimhen
«Yuventus»: Di Gregorio, Bremer (Gatti, 34), Kelli, Kambiyaso (Kabal, 46), Kalulu, Lokatelli, Kopmeyners, Tyuram (Miretti, 81), Konseysau (Kostich, 70), Kenan Yildiz (Openda, 81), Makkenni
Ogohlantirishlar: Abdyulkerim Bardakchi, 43 – Kambiyaso, 18. Kabal, 59
Chetlatish: Kabal, 67 (ikkinchi sariq)
Kunning ilk o‘yinida «Yuventus» Kenan Yildizning to‘p yo‘qotishi tufayli hisobda ortda quvishga majbur bo‘ldi. Germaniyada tug‘ilganiga qaramay, Turkiya milliy jamoasida o‘ynashni tanlagan ushbu futbolchi 15-daqiqada o‘z jamoasi jarima maydoni atrofida pressing tufayli to‘pni oldirdi va Gabriel Sara olisdan turib to‘pni burchakka aniq yo‘lladi. Bu «Galatasaroy» uchun alohida voqea edi – Turkiya chempioni 12 yildan buyon asosiy yevrokubok pley-offida urgan ilk gol bo‘ldi.
Lekin «sherlar»ning hisobdagi ustunligi uzoq davom etmadi. Kambiyazo chapdan uzatgan to‘pni Kalulu boshda darvoza tomon yo‘lladi, darvozabondan qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib Kopmayners yetib keldi. Luchano Spalletti ushbu niderlandiyalikni hujum chizig‘iga chiqarish orqali kadrlar muammosiga ajoyib yechim topgani ma’lum bo‘ldi. Jamoa hujumchilari Devid, Vlahovich va Milik jarohatdaligida markaziy hujumchi sifatida tushgan ushbu yarimhimoyachi bo‘lim davomida ikkinchi golni ham urdi.
Mezbonlar esa ikkinchi bo‘limda vaziyatni tubdan o‘zgartirishdi va Lang tezda hisobni tenglashtirdi. Spaletti erta sariq kartochka olgan Kambiyasoni qizildan asrash uchun zaxiraga olib, uning o‘rniga Kabalni tushirdi va aynan ushbu futbolchi o‘yin antiqahramoniga aylandi. Avvaliga u jarima maydoni yaqinida fol ishlatgach belgilangan jarima zarbasidan gol o‘tkazib yuborildi – 3:2. Biroz o‘tib ushbu futbolchi maydon markazida yana qo‘pollik ishlatib, ikkinchi sariq kartochkani oldi va maydonni tark etdi.
Mezbonlar ko‘pchilik bo‘lib qolganidan keyin Lang dublni rasmiylashtirdi, o‘yin oxirida esa Boe hisobni yiriklashtirdi – 3:2. «Yuve» bu safar ham pley-offda muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda. Jamoa bir haftadan keyin Turinda bo‘lib o‘tadigan javob o‘yinida uchta gol farqini yo‘qqa chiqarishi qiyin bo‘ladi.
«Borussiya»da oson g‘alaba
«Borussiya» D – «Atalanta» 2:0
Gollar: Girassi, 3 (1:0). Bayyer, 42 (2:0)
«Borussiya» D: Kobel, Anton, Bensebayni, Redjani, Bellinghem, Nmecha (Zabitser, 83), Svensson, Ryuerson, Brandt (Chukvuemeka, 70), Bayyer (Adeyyemi, 70), Girassi (Silva, 83)
«Atalanta»: Karnesekki, Jimsiti (Xin, 46), Kolashinats, Kossunu, Ederson, de Ron (Sulemana, 63), Bernaskoni, Dzappakosta (Bellanova, 72), Pashalich, Zalevski (Samardjich, 82), Skamakka (Krstovich, 46)
Ogohlantirishlar: Redjani, 18. Anton, 48 – Jimsiti, 40. Kossunu, 40. Skamakka, 45
Dortmunddagi o‘yin 15 daqiqalik kechikish bilan boshlandi, bunga «Borussiya» avtobusi stadionga kechikib kelishi sabab bo‘ldi. Ammo bu mezbonlarning o‘yiniga salbiy ta’sir ko‘rsatmadi, yil boshidan buyon sakkiz o‘yindan oltitasida o‘z darvozasini daxlsiz saqlab qolgan bergamoliklar esa o‘yin startidayoq gol o‘tkazib yuborishdi – himoyachi Ryuersonning navbatdagi uzatmasidan keyin Girassi bosh bilan Karnesekki qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etdi.
Mehmonlar ham xavfli hujumlar bilan javob qaytarishdi va vaqti-vaqti bilan Kobel darvozasi atrofida tahlikali vaziyatlar yuzaga keldi, ammo golni yana «Borussiya» urdi. Bu safar Girassi tezkor qarshi hujumda assistentlik rolini bajardi va Bayyerni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqardi. Gvineyalik hujumchi YeChLning so‘nggi ikki mavsumidagi eng sermahsul hujumchi bo‘lib turibdi (17+7). Ushbu to‘purar bu mavsumda ham «asalarilar»ni pley-offga yetaklamoqda. Nemislar javob o‘yinidan oldin ikki gol ustunligiga ega bo‘lishdi.
«PSJ» bir oyog‘i bilan pley-offda
«Monako» – «PSJ» 2:3
Gollar: Balogun, 1 (1:0). Balogun, 18 (2:0). Due, 29 (2:1). Hakimi, 41 (2:2). Due, 67 (2:3)
Aniq ijro etilmagan penalti: Vitinya, 22’
«Monako»: Ken, Teze, Fas, Kayyu Enrike, Vanderson (Bamba, 70), Zakariyo, Kamara, Golovin, Adingra (Kulibali, 70), Akliush (Diatta, 58), Balogun (Biyeret, 83)
«PSJ»: Safonov, Markinos, Pacho, Nunu Mendesh, Hakimi, Vitinya, Joau Nevesh, Zair-Emeri, Barkolya (Ramush, 81), Kvaratsxeliya (Li Kan In, 69), Dembele (Due, 27)
Ogohlantirishlar: Fas, 21. Zakariyo, 29
Chetlatish: Golovin, 48
Fransiya jamoalari to‘qnashuvi parijliklarning ilk daqiqadayoq gol o‘tkazishi bilan boshlandi – Aleksandr Golovin qanotdan uzatma oshirdi, Balogun hech qanday qarshilikka uchramasdan, bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi. Parijliklar to‘pga egalik qilishdi va bir necha yaxshi hujumlar uyushtirishdi, ammo Balogun yana gol urdi.
Bir necha daqiqa o‘tib yana «Monako»ning omadi keldi – Vitinya penaltidan foydalana olmadi. Yana biroz o‘tib mehmonlarda navbatdagi muammo yuzaga keldi – jamoa yetakchilaridan biri Usmon Dembele jarohat olib, maydonni tark etdi.
Ammo amalda aynan shu voqea o‘yindagi burilish nuqtasiga aylandi – uning o‘rniga tushgan Dezriye Due darhol hisobni qisqartirdi va o‘yinga intrigani qaytardi. Bo‘lim oxirida esa uning uzatmasidan keyin Hakimi hisobdagi muvozanatni tikladi.
Ikkinchi bo‘lim boshidagi epizod esa o‘yin taqdirini hal qildi – Golovin maydon markazida Vitinyaga ishlatgan qo‘polligi uchun maydondan chetlatildi, bo‘lim o‘rtalariga borib Due dublni rasmiylashtirdi va amalda nafaqat ushbu o‘yin, balki 1/8 final yo‘llanmasi taqdirini ham hal qildi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot13 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
