Jamiyat
09:19 Andijonda 1 mln dollarlik “mefedron” narkolaboratoriyasi fosh etildi
09:19
Andijonda 1 mln dollarlik “mefedron” narkolaboratoriyasi fosh etildi
Source link
Jamiyat
atir illyuziyasi va “pufak” biznes
150 dollarga sotib olmoqchi bo‘lgan atiringiz aslida Dubaydan 15 dollarga keltirilganini bilsangiz xaridni amalga oshirgan bo‘larmidingiz? Maqolada “uyning podshohi kimligi” hamda “bir dollar tikmasdan biznes yuritish” haqidagi gaplari bilan tanilgan Ikromjon Tojiddinovning Premium Pro kompaniyasi misolida tarmoqli marketingga “ichkaridan” nazar tashlaymiz.
Oxirgi vaqtlarda Kun.uz’ga O‘zbekistonda tarmoqli marketing orqali mahsulot o‘tkazayotgan firmalar faoliyati bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paydi. Murojaatlarda nomi keltirilgan firmalardan birini tanlab olib, uning faoliyatini o‘rgandik. Bu “Premium Pro world” mas’uliyati cheklangan jamiyati. Firma O‘zbekistonda “Premium Pro” nomli atir mahsulotlarini tarmoqli marketing usulida sotib keladi.
Tarmoqli marketing nima?
Tarmoqli marketing biror mahsulot yoki xizmatni oddiy do‘kon va an’anaviy bozorda emas, mustaqil sotuv agentlar tarmog‘i orqali sotish tizimi. Bunda har bir sotuv agenti o‘zi sotgan yoki u taklif qilgan boshqa sotuv agenti o‘tkazgan mahsulot summasidan bonus ko‘rinishida daromad oladi.
Oddiy aytganda, tarmoqli marketing “sot, sottir va daromad ol” formulasiga asoslanadi. Masalan, kompaniya mahsulot ishlab chiqaradi → biz shartli ravishda Vali deb atagan shaxs unga mustaqil distribyutor bo‘ladi → u mahsulot sotadi va foiz oladi → Vali boshqa mustaqil distribyutorni jalb qiladi hamda ularning sotuvidan ham foiz oladi.
Premium Pro – “bir dollarsiz” boshlangan biznes
“Premium Pro world” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2022 yil 5 sentabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Uning yagona ta’sischisi va rahbari Shoxrux Ubaydullayev. Ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallarida qayd etilishicha, kompaniya asoschisi “uyning podshohi kimligi” hamda “bir dollar tikmasdan biznes yuritish” haqidagi gaplari bilan tanilgan Ikromjon Tojiddinov hisoblanadi.
Ikromjon Tojiddinovning ta’kidlashicha, u ushbu biznesni o‘zi aytgani kabi “bir dollarsiz” boshlagan. Ya’ni ushbu atir biznesi uchun investitsiyani boshqa odam kiritgan.
Qanday ishlaydi?
Premium Pro atirlari tarmoqli marketing usulida o‘tkaziladi. Mahsulotni asosan mustaqil distribyutor sotadi. Ko‘p mahsulot sotganlarni esa turli ko‘rinishda rag‘batlantirish va’da qilingan.
“Birinchi ishimizni 2021 yilda, O‘zbekistonda boshlaganmiz. Asosiy yo‘nalishimiz parfyumeriya sotish bo‘lgan. 2022 yildan boshlab Dubaydan keltirib sotishni yo‘lga qo‘yganmiz. Sotishda tarmoqli marketing usulidan foydalanganmiz. Bozorda ikkita yo‘nalish – an’anaviy biznes va tarmoqli marketing bor.
Tarmoqli marketingda mijoz mijozni jalb qiladi. Ya’ni, mijoz mijozga aytsa, bonus oladi. Bizning asosiy ish faoliyatimiz mohiyati shu. Mijozlarni qiziqtirish maqsadida sayohatlar qo‘yganmiz, qo‘shimcha atir naborlari, kattaroq «oborot» sotsa, avtobonuslar beramiz. Qancha komandasi bilan ko‘p sotsa yoki shartni bajarsa, biz bonus taqdim etamiz”, deydi kompaniya asoschisi Kun.uz’ga bergan intervyusida.
Ikromjon Tojiddinov 2023 yil avgust oyida 10 viloyatda kompaniyaning ofisi hamda 14 mingdan ortiq hamkori borligini ma’lum qilgan. Bu 14 ming kishi ushbu brend atirini sotish orqali daromad ko‘rishga qiziqish bildirgan, degani.
Premium Pro kompaniyasi 4 ta darajada hamkorlik bonuslarini taklif etgan: referal bonus, binar bonus, lyuks bonus hamda master bonus.
Referal bonus sotilgan mahsulot summasining 10 foiz qismini tashkil etadi. Masalan, mustaqil distribyutor 100 dollarga atir sotsa, shundan 10 dollari unga foiz sifatida beriladi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun esa 10 dollar to‘lov mavjud.
Binar bonus esa kam tarmoqli tovar aylanmasi summasidan 10 foizni tashkil qiladi.
O‘z navbatida lyuks bonusdan sayohatlar, avtobonus, 5 foiz aksionerlik o‘rin olgan bo‘lsa, master bonusda sayohatlar, avtobonus va pul mukofotlari bor. Master bonus “Master leader”, “Master gold” va “Master team” darajalariga bo‘lingan. “Master leader”da chet elga sayohatlar, “Master gold”da avtobonuslar hamda “Master team”da 50 ming dollar pul mukofoti va’da qilingan.
45 kun kutiladigan buyurtma
Premium Pro saytida atirlar 3 xil narxda sotuvga qo‘yilgan: bittaligi 1 562 500 so‘m, ikkitaligi 3 mln 125 ming so‘m, uchtaligi 4 mln 687 500 so‘m.
Biroq kompaniya saytida aksariyat atirlar mavjud emasligi yozib qo‘yilgan. Mahsulot puli to‘lanib, buyurtma berilgach 45 kunda yetkazib beriladi. Ammo buyurtma puli to‘langanidanoq atirni sizga taklif qilgan odam xaridingizdan bonus oladi. Tahririyatga kelgan murojaatlarda ham Premium Pro atiri buyurtma bergan mijozga 3-4 oylab yetkazib berilmagani holati yuzasidan e’tirozlar mavjud.
“Bizda bor mahsulot bo‘lsa, 3 kunda yetkazib beramiz. Agar yo‘q tovar bo‘lsa va shu atir kerak deb buyurtma bersa, 45 kun deymiz. Mijoz tanlaydi: 45 kun kutaman, desa, buyurtma berishi mumkin, yo‘q, men kutmayman, borini beringlar desa, u tanlov ham o‘zida”, deydi Ikromjon Tojiddinov.
Ishlab chiqaruvchi emas
Kun.uz Premium Pro atirlari borasida kichik izlanish olib bordi. Ma’lum bo‘lishicha, “Premium Pro world” MChJ ishlab chiqaruvchi emas, import qiluvchi kompaniya. Premium Pro brendidagi atirlar BAAda joylashgan Euroline korxonasida ishlab chiqarilgan.
Ushbu korxona atir mahsulotlarini idishlarga quyib, qadoqlab, brend nomini tushirgan holda eksportga tayyorlab berish faoliyati bilan shug‘ullanadi. U istalgan nom ostida atir tayyorlab berishi mumkin.
Ikromjon Tojiddinov bu haqda shunday deydi:
“Dubayda bitta zavod. Unga bitta «partnyorimiz» yog‘, ikkinchi kompaniya idishlar, uchinchisi esa qutilar jo‘natadi. To‘rtinchi kompaniya idishlarga quyadi va qadoqlaydi, eksportga tayyorlab beradi. Pul o‘sha firmaga ketadi. Chunki, u sotib oladi-da. U bizga sotadi”.
Demak, Premium Pro atirlari Euroline korxonasi tomonidan ishlab chiqariladi. “Premium Pro world” mas’uliyati cheklangan jamiyati esa ushbu atirlarni O‘zbekistonga import qiladi.
Xalqaro darajada eksport va import ma’lumotlarini taqdim etuvchi Volza saytida keltirilgan ayrim ma’lumotlar bilan tanishdik. Unda “Premium Pro world” mas’uliyati cheklangan jamiyati BAAdagi Euroline korxonasidan O‘zbekistonga import qilgan mahsulotlar haqida ayrim raqamlar bor.
Masalan, 2025 yil iyun oyida “Premium Pro world” mas’uliyati cheklangan jamiyati O‘zbekistonga 500 dona ikkitalik Premium Pro atirlarini (kompaniya saytida hozirgi narxi 3 mln 125 ming so‘m) jami 4500 dollarga import qilgani qayd etilgan. Arifmetik hisob-kitob qilinsa bittasining narxi 9 dollarga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, 2025 yil iyunda 500 dona uchtalik atir ham import qilingan. Uning jami narxi 7 ming dollar (donasining narxi 14 dollarga to‘g‘ri keladi) sifatida ko‘rsatilgan. Ayni shu uchtalik atirni kompaniya tarmoqli marketing orqali 4 687 500 so‘mdan sotmoqda.
“Sizga ochiq aytaman, bizniki insof sayin baraka, deydi-ku, shunaqa. Misol uchun, shunaqa atirlar bor, 3 dollarga tayyor bo‘ladi, bozorga boring, 500 ming so‘mga sotilyapti. Men uning qayerdan chiqishini, necha so‘mga chiqishini bilaman.
O‘zimning atirim hozirgi kecha-kunduzda o‘sha yerdagi zavodda 15-17 dollarga chiqadi. Bu hali soliq, bojxona va logistikasiz”, deydi Ikromjon Tojiddinov.
Yong‘oqning shaqillashiga ishqibozmi?
Ikromjon Tojiddinovga ko‘ra, kompaniya o‘zining tovar aylanmasidan 68 foizini mijozlariga, ya’ni mustaqil distribyutorga ajratar ekan. Kompaniya asoschisining ta’kidlashicha, mahsulot narxining 30 foizi uning tannarxi hisoblanadi. Ya’ni atir narxining 30 foiz qismi uni ishlab chiqarishdan to O‘zbekistondagi omborxonaga yetib kelishigacha bo‘lgan xarajatlarga sarflanadi.
Shunda Birlashgan Arab Amirliklaridan atir keltirib sotish Ikromjon Tojiddinov uchun shunchaki hobbimi?
“Bizni aldashdi”
Kun.uz’ga murojaat qilgan bir nechta yurtdoshimiz Premium Pro’ga aldanib, zarar ko‘rganini aytmoqda. Tahririyat ular bilan bog‘landi. Murojaatchilarga ko‘ra, hatto uyini garovga qo‘yib, mashinasini sotib yoki kredit olib Premium Pro’ga pul tikkanlar bor. Va ular katta summaga aldanib qolishmoqda.
“2024 yil noyabr oyida a’zo bo‘lganman. Faqat o‘zing uchun bir marta atir olasan, ikki yaqin insoningni taklif qilasan, keyin evaziga sayohatlarga borasan, mashina, uy-joy uchun pullar ajratiladi, deya katta va’dalar berishgandi. Qiziqib, qo‘shimcha ish ekan, deya a’zo bo‘lganman.
Ishni boshlagandan keyin pul kerak bo‘lib, o‘sha sayohatlarimiz pulini olaylik desak ko‘nishmadi. Atir kelmayapti, buyurtma qilingan pullarni qaytaringlar desak, qaytara olmaymiz, onlayn “zakaz” qilingan, iloji yo‘q, dedi. Lekin mahsulot buyurtma qilinganiga 5-6 oy bo‘lib ketdi-da. Kecha Ikromjon Tojiddinovga borib uchrashsak, agar biror negativ fikr tarqatadigan bo‘lsanglar yuristim shug‘ullanadi, o‘zlaringni jarimaga tortadi, deb qo‘rqitishga o‘tib oldi.
Men ikkita hamkor qilganman, hamma o‘z ikkiligini yaratib ketavergan, 25-30 odam bor. 7-8 ming dollarlik atir buyurtma qilingan.
Bir dona atirni 100 dollarga xarid qilganmiz, registratsiyasi bilan 1 mln 430 ming bo‘ladi deb tushuntirishgan. Kichik xaridlarga 10, 300 dollarlik paketlarga 45 dollar a’zolik badali olingan.
Aldanganlar juda ko‘p: uyini garovga qo‘yib, mashinasini sotib, pulini tikib yuborganlar bor. Masalan, xolamning qizi Tracker mashinasini sotib, pulini tikkan”, deydi kasbi o‘qituvchi bo‘lgan murojaatchi.
Yana bir murojaatchi esa oddiy uy bekasi ekanini, turmush o‘rtog‘i poyabzal tuzatish bilan shug‘ullanishini, farzandlari bilan ijarada yashashlarini, daromad ko‘raman deb Premium Pro’ga a’zo bo‘lganini hamda 30 mln so‘mga chuv tushganini ma’lum qildi. Qo‘shimcha qilishicha, u Qarshi shahrida kompaniyaning Marziya ismli vakiliga naqd pul ko‘rinishida ham to‘lov qilgan. Biroq buyurtma qilingan atirlar kelmagan.
Bundan ko‘rinadiki, odamlar katta va’dalarga ishonib, bir-birlarini ushbu girdobga tortib ketmoqda.
Qonunchilikda talablar bor
O‘zbekistonda tarmoqli marketing faoliyati mumkin, biroq ayrim talablar bor.
Vazirlar Mahkamasi qarorida tarmoqli marketing tushunchasi tarmoqli tashkilot tomonidan mustaqil tarqatadigan sotuvchi agentlar tashkil etilishiga asoslangan tovarlarni chakana sotish turi sifatida qayd etilgan.
Qarorga ko‘ra, tarmoqli tashkilot tomonidan tovarlarni sotuvchi agentlar orqali sotish ular o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida naqd bo‘lmagan hisob-kitob bo‘yicha amalga oshiriladi.
Sotuvchi agentlar turg‘un savdo shoxobchalaridan tashqarida uyga buyurtmalar qabul qilish, muassasalar, tashkilotlar, korxonalarda, transport yoki ko‘chada savdo qilish orqali potensial xaridorlar bilan ishlaydilar. Ular iste’molchilarga tovarlarni zo‘rlab tiqishtirmasliklari kerak.
Sotuvchi agentlar tomonidan buyurtmalar bevosita muloqot qilish asosida xaridorlarning tovarning u yoki bu turini xarid qilishi uchun qabul qilinadi. Buyurtma ikki nusxadagi blankalarda rasmiylashtiriladi. Blankada buyurtmaning tartib raqami, sotuvchi agentning ismi, sotiladigan tovarning nomi, narxi, miqdori va umumiy qiymati, sotib olinadigan tovarga haq to‘lash usuli kabi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Buyurtma blankasining birinchi nusxasi xaridorga beriladi, ikkinchi nusxasi sotuvchi agentda saqlanadi.
Sotuvchi agent tovarlarni taklif qilishda ularni ishlab chiqaruvchilar, kelib chiqish mamlakatlari, sifat tavsiflari, biror-bir cheklashlar bor-yo‘qligi va bo‘lishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha to‘lovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni potensial xaridorga to‘liq ma’lum qilishga majbur. Xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalari orqali bioaktiv qo‘shimchalar, dori vositalari va tibbiy buyumlarni tarmoqli marketing yo‘li bilan sotuvchi agentlar orqali sotish taqiqlanadi.
Sotuvchi agentlarning iste’molchilardan to‘lovlarni qabul qilishi faqat fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalaridan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassalardan va to‘lov terminallaridan foydalangan holda turg‘un savdo shoxobchalarida amalga oshiriladi.
Tarmoqli marketingni amalga oshirishda shartnoma tuzish uchun sotuvchi agent sotib olishi kerak bo‘lgan tovarlarning minimal miqdorini belgilashga, to‘lovni a’zolik badali shaklida undirishga, eng muhimi, shartnoma tuzilgandan keyin sotuvchi agent tomonidan boshqa sotuvchi agentlarni jalb etish to‘g‘risida talab belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Biroq na Premium Pro kompaniyasi, na O‘zbekistonda tarmoqli marketing bilan shug‘ullanayotgan boshqa kompaniyalar ushbu talablarning ko‘piga amal qilmaydi.
Davrga mos huquqiy asoslar kerak
Tarmoqli marketing va moliyaviy piramidani ajratib turuvchi asosiy jihat tarmoqli marketingda mahsulotning borligi. Biroq keyingi vaqtlarda nomigagina mahsulot tayyorlab, tarmoqli marketingni moliyaviy piramidaga uyg‘unlashtirib yuborish holatlari uchramoqda.
Premium Pro kompaniyasida ham moliyaviy piramidaga uyg‘unlashgan nuqtalar bor. Masalan, sotuvchi agentning bonuslari boshqa shaxslarning u orqali atir xarid qilish samaradorligiga bog‘langan. Ya’ni, daromad ko‘rish uchun ikkinchi bir odamni xaridga undash zarurati bor: tarmoqli marketing ichidagi kichik piramidada pastdagilar tepadagilar uchun to‘lov qiladi. Tizim yashab turishi uchun doim yangi odam puli kerak. Demak daromad tovardan emas, odamdan kelyapti. Sxema esa odamlar pulini to‘plashga qaratilgan. Ayni shu nuqtada moliyaviy piramida boshlanadi.
O‘zbekistonda tarmoqli marketing tobora palak yozib bormoqda. Hatto “unaqa kasalga da’vo bo‘ladi, bunaqa kasallikni tuzatib yuboradi”, degan turli aldovlar bilan tarkibi aniq bo‘lmagan mahsulotlar ham o‘ta qimmat narxlarda o‘tkazilmoqda. Dardman odamlar yoki ularning yaqinlari esa ne-ne umidda bu mahsulotlarni xarid qilishyapti. Bu tarmoqli marketing tushunchasi, ushbu sotuv tizimi bo‘yicha davrga mos huquqiy asoslar ishlab chiqish zarurati borligini ko‘rsatadi.
Jamiyat
O‘zbekiston fuqarolari AQShdagi mavsumiy ishlarga jalb etilishi mumkin
Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev va AQShning USA Farm Labor tashkiloti rahbari Manuel Fik o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn muzokarada o‘zbekistonlik nomzodlarni ilk bor AQShdagi mavsumiy ishlarga jalb etish tartiblari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: USA Farm Labor 22 yildan buyon H-2A dasturi doirasida Qo‘shma Shtatlardagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga xorijiy ishchilarni jalb qilish bilan shug‘ullanadi. Hozirda Shimoliy Amerika hududida 1 400 dan ortiq fermer xo‘jaliklari va rancholar bilan hamkorlik shartnomasiga ega.
AQSh mavsumiy ishchilar uchun quyidagilarni taklif etadi:
Ish muddati: 9–10 oy;
O‘rtacha oylik: $3 500;
Turarjoy: ish beruvchi hisobidan;
Malakali mutaxassislarga ustuvorlik beriladi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro kelishuv imzolandi hamda hamkorlikning keyingi bosqichlarini eng tez muddatlarda amalga oshirishga kelishib olindi, deyiladi Migratsiya agentligi xabarida.
Jamiyat
Ajrim uchun yarashtirish muddati bir yilgacha uzaytirilishi mumkin
O‘zbekistonda nikohdan ajratish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi doirasida yarashtirish muddatini 6 oydan 1 yilgacha uzaytirish taklif etilmoqda.
Foto: Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali
Nikoh va oila munosabatlarini yanada tartibga solish, oilani saqlab qolish hamda bolalar huquqlarini kuchliroq himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Hujjatga ko‘ra, amaldagi tartibda sud tomonidan belgilanadigan yarashtirish muddatini 6 oydan 1 yilgacha uzaytirish taklif etilmoqda. Bu esa ajrim qarorini qabul qilishdan oldin oilani saqlab qolish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasida nikoh shartnomasi shartlarini erkin tanlash imkoniyatlarini kengaytirish, idoralararo elektron hamkorlikni joriy etish ham nazarda tutilgan. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari orqali nikohni bekor qilishda oilaning haqiqiy holatini chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratilishi belgilanmoqda.
Loyihada yana bir muhim yangilik — voyaga yetmagan bolalar uchun aliment miqdorini minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmasligi belgilash taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, aliment to‘lovlari bola nomiga ochilgan bank hisobvarag‘ida jamlanishi va uning sarflanishi ustidan nazorat kuchaytirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, nikohdan ajratilgandan so‘ng bolalarning qaysi ota-ona bilan yashashi, ularning manfaatlarini ustuvor ta’minlash, shuningdek, alohida yashayotgan ota-onaning farzand bilan muloqot tartibini belgilash kabi masalalarga ham aniqlik kiritilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda giyohvand moddalar tayyorlagan jinoiy guruh ushlandi
Sergeli tumanida ko‘p qavatli uylardan birida tashkil etilgan narkolaboratoriya fosh etildi, katta miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar musodara qilindi.
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoiy faoliyatga chek qo‘yildi. Aniqlanishicha, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yashovchi 2003 yilda tug‘ilgan shaxs Sergeli tumanidagi xonadonni ijaraga olib, u yerda narkolaboratoriya tashkil etgan.
Tezkor tadbir davomida ushbu manzildan umumiy qiymati 4,5 milliard so‘mga teng bo‘lgan 3,5 kilogramm “Pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi, 20 litr suyuq va 25 kilogramm kukun ko‘rinishidagi prekursorlar, shuningdek, ularni tayyorlash va qadoqlashda foydalanilgan anjomlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, laboratoriyada kimyogar sifatida faoliyat yuritgan yana bir fuqaro ham ushlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shaxslar avval Telegram messenjeri orqali ishlovchi narkodo‘konda “kladmen” sifatida giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullangan. Keyinchalik esa jinoiy guruh ishonchini qozonib, bevosita moddalarni tayyorlash jarayoniga jalb etilgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Mas’ul idoralar fuqarolardan shubhali holatlarga befarq bo‘lmaslikni, bunday holatlarga duch kelganda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishni so‘ramoqda.
Jamiyat
Nurafshondan Toshkentga tezyurar avtobuslar yo‘lga qo‘yiladi
Nurafshon shahridan Bektemir tumanigacha tezyurar avtobus qatnovlari uchun «Bus rapid trans» (BRT) tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining 24-martdagi qarorida keltirilgan.
Ushbu qarorga ko‘ra, «Toshkent–Nurafshon» avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish orqali ekspress avtobus tizimini (BRT) tashkil etish loyihasi tashabbuskori sifatida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ko‘rsatilgan.
Qayd etilishicha, mazkur tezyurar avtobuslar uchun yo‘l o‘rtasida maxsus yo‘laklar ajratiladi. 9 ta yopiq va iqlim nazorati tizimiga ega bekat bo‘lishi ham reja qilingan. Bekatlar oralig‘i o‘rtacha 2,9 kilometrni tashkil etadi.
Qarorga ko‘ra, ushbu loyihaning umumiy qiymati 119 mln 642,7 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Loyiha Xalqaro moliya institutlari va Davlat budjeti tomonidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, «Avtoyo‘linvest» agentligi bevosita buyurtmachi funksiyasini bajaradi. Loyiha 2028-yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushishi ko‘zda tutilgan.
-
Siyosat4 days agoIslom bank ishi anʼanaviy foizlarga asoslangan modellardan nimasi bilan farq qiladi?
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp Eronga Hormuz boʻgʻozini ochish uchun 48 soat vaqt berdi
-
Jamiyat3 days agoO‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Turk dunyosi4 days agoBuyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Gretsiya, Turkiya, Kipr va Dubayga sayohatlar haqidagi soʻnggi maʼlumotlarni eʼlon qildi
-
Dunyodan3 days ago
Eron tarixidagi eng katta banknotalar muomalaga chiqariladi
-
Siyosat4 days agoO‘zbekiston va AQSh mehnat migratsiyasi bo‘yicha yangi kelishuvga erishdi
-
Dunyodan5 days ago
Hormuzdan tashqaridagi yirik neft yo‘llari ham xavf ostida.
