Jamiyat
“Istanbul sud tibbiy ekspertizasiga hozircha jasad olib kelinmadi” – Sayyora Ergashaliyevaning vafoti yuzasidan munosabat bildirildi
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga ko‘ra, Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyeva yaqin dugona bo‘lgan. Ular 22 yanvar kuni gumonlanuvchilar bilan birga Istanbulning Fotih tumanidagi restoranda tushlik qilgan. Gumonlanuvchilar avvaliga Sayyora Ergashaliyevani o‘ldirib, tanani bo‘laklagan holda chiqindi qutilariga tashlashgan. So‘ngra marhumaning telefonidan Durdona Hakimovaga xabar jo‘natib, chaqirib olishgan hamda uni ham o‘ldirishgan.
Turkiyada o‘ldirilgan Sayyora Ergashaliyeva hamda Durdona Hakimova yaqin dugona bo‘lishgan. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Durdona Hakimovaning o‘limi bilan bog‘liq hodisadan so‘ng bedarak yo‘qolgan deb topilgan fuqaro – 1994 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan Sayyora Ergashaliyeva vafot etgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, Sayyora Ergashaliyeva marhuma Durdona Hakimovaning yaqin dugonasi bo‘lgan. Tergov jarayonida gumonlanuvchilar Sayyora Ergashaliyeva yuzasidan ko‘rsatma berishdan bosh tortganliklari qayd etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 22 yanvar kuni marhumalar hamda gumonlanuvchilar Istanbul shahrining Fotih tumanida joylashgan restoranda birgalikda tushlik qilgan. Uchrashuv davomida Sayyora Ergashaliyeva va G.K. o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Taxminlarga ko‘ra, mojaro Sayyora Ergashaliyevaning O‘zbekistonga qaytish niyati bilan bog‘liq masalada kelib chiqqan.
23 yanvar kuni T.D. va K.G. o‘zaro til biriktirib, Sayyora Ergashaliyevani avval pichoq bilan o‘ldirishgan, so‘ngra tanani bo‘laklagan holda Fotih tumanidagi chiqindi qutilariga tashlashgan.
24 yanvar kuni qotillar Sayyora Ergashaliyevaning telefonidan Durdona Hakimovaga xabar yuborib, uni chaqirib olishgan. So‘ngra uni ham Ergashaliyeva singari pichoq bilan o‘ldirib, tanasini bir nechta qismlarga bo‘lgan holda Shishli tumanidagi chiqindi qutilariga tashlashgan.
“Sayyora Ergashaliyevaning jasadi topilganligi haqida OAVda malumot tarqaldi. Biroq Istanbul Sud tibbiy ekspertizasiga hozircha jasad olib kelinmadi. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mazkur holatni doimiy nazoratga olgan bo‘lib, Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda”, deyiladi Bosh konsulxona xabarida.
Qayd etilishicha, tergov harakatlari davom etmoqda. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish bo‘yicha ehtiyot chora qo‘llangan va ular aybiga iqror bo‘lishgan, hujjatlar sudga taqdim qilingan. Qo‘shimcha ma’lumotlar aniqlashtirilishi bilan jamoatchilik xabardor qilinishi bildirilgan.
Avvalroq Istanbulda Durdona Hakimova bilan birga yana bir ayol – Sayyora Ergashaliyeva o‘ldirilgani aniqlangan edi. U avvaliga bedarak yo‘qolgan deb ro‘yxatga olingandi.
Jamiyat
O‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
Qarshi shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan taksi haydovchilarini aldash bilan shug‘ullangan firibgarlar fosh etildi. Ular o‘zlarini yo‘lovchi sifatida ko‘rsatib, turli bahonalar orqali haydovchilardan pul va bank ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, jinoyatchilar maxsus mobil ilovalar orqali taksi buyurtma qilgan. Manzilga yetib kelgan haydovchilardan esa “naqd pul yo‘qligi”ni bahona qilib, mablag‘ni karta orqali o‘tkazishni so‘ragan. Shu orqali ular haydovchilarning bank kartasi ma’lumotlari hamda SMS orqali keladigan tasdiq kodlarini qo‘lga kiritgan.
Operativ tadbirlar davomida mazkur jinoyatlarga aloqador bo‘lgan Farg‘ona shahrida yashovchi 22 yoshli shaxs aniqlanib, u qilgan jinoyatlarini tan olgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda mashhur kompaniyalar nomidan tarqatilayotgan soxta aksiyalar ham aniqlangani xabar qilingan edi. Bunday holatlarda fuqarolarga kvartira, vaucher yoki bepul internet trafigi va’da qilinib, aslida ularning shaxsiy va bank ma’lumotlarini qo‘lga kiritish maqsad qilingan.
Jamiyat
Afg‘onistondan kartoshka ko‘rinishida olib o‘tilayotgan 72 kg gashish fosh qilindi
Termiz tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi yuk mashina chegarada ko‘rikdan o‘tkazilgan. Uning yukxonasidagi kartoshkalar orasidan kartoshka ko‘rinishida yasalgan 72 kg gashish topilgan. Ushbu narkotik modda Rossiyaga olib ketilayotgan bo‘lgan.
Surxondaryoda Afg‘onistondan Rossiyaga olib ketilayotgan katta miqdordagi narkotik modda fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Termiz tumanida yashovchi 25 yoshli haydovchi boshqaruvidagi MAN yuk mashinasi Afg‘onistondan “Termiz-avtomobil yo‘li” xalqaro o‘tkazish punktiga kirib kelgan vaqtda DXX Chegara qo‘shinlari va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida ko‘rikdan o‘tkazilgan. Jarayonda mashina yukxonasida kartoshka mahsulotlari borligi ma’lum bo‘lgan.
Qishloq xo‘jaligi mahsuloti sinchkovlik bilan tekshirilganda ularning orasiga kartoshka ko‘rinishida yasalgan 222 dona bo‘lakdan iborat 72 kg 300 gr gashish yashirilganligi aniqlangan. Narkotik modda protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, katta miqdordagi ushbu narkotik modda Rossiyaga olib ketilayotgan bo‘lgan.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Samarqandda 38 kilogrammga yaqin narkotik modda aniqlangandi.
Jamiyat
Ayrim ko‘chalarda avtoulovlar harakatiga vaqtincha o‘zgarish kiritiladi
Elektr ta’minotini yaxshilash hamda iste’molchilarga sifatli elektr xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida 2026 yil 24 martdan 31 martga qadar Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mingbuloq va Shukur Burhonov ko‘chalarida yerosti kabel tarmoqlarini tortish ishlari olib boriladi.
Shu munosabat bilan mazkur hududda avtoulovlar harakatiga vaqtincha o‘zgarishlar kiritiladi. Xususan, Mingbuloq ko‘chasining Hamroyeva ko‘chasidan kirish qismida harakat vaqtincha cheklanadi. Avtoulovlar yo‘lning ikkinchi bo‘lagidan qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanadi. Shuningdek, Do‘rmon yo‘li ko‘chasidan Mingbuloq ko‘chasiga harakatlanish imkoniyati saqlab qolinadi.
Bundan tashqari, Mingbuloq ko‘chasidan Shukur Burhonov ko‘chasiga harakatlanish ham vaqtincha cheklanadi.
Mas’ullar haydovchilardan belgilangan tartib va tezlik me’yorlariga qat’iy amal qilgan holda harakatlanishni so‘ramoqda. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘raldi.
Jamiyat
Shahrisabz tumanida qor ko‘chkisi kuzatildi
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani hududida joylashgan Hisor tog‘ tizmasida yirik qor ko‘chkisi qayd etildi. Hodisa 2026 yil 23 mart kuni taxminan soat 16:25 larda sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, qor ko‘chkisi dengiz sathidan 3000 metr balandlikda boshlanib, umumiy hajmi taxminan 700 ming kub metrni tashkil etgan. Ko‘chki aholi yashash hududidan taxminan 5 kilometr uzoqlikda yuz bergan.
Hodisa oqibatida hech qanday qurbonlar yoki jarohatlanganlar qayd etilmagan. Shuningdek, infratuzilma va aholi turar joylariga zarar yetmagan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bahor mavsumida tog‘li hududlarda qor ko‘chkilari xavfi saqlanib qoladi. Shu munosabat bilan fuqarolarga ehtiyotkorlik choralariga rioya qilish tavsiya etilmoqda.
Jamiyat
Qamchiqda ikki kun ichida ikkita yo‘l hodisasi kuzatildi
Kuni kecha Qamchiq dovonida yuk avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Oradan bir kun o‘tib esa shu hududda «Spark» rusumli avtomobil yo‘ldan chiqib ketdi. Har ikki holatda ham qutqaruvchilar haydovchilarga tezkor yordam ko‘rsatdi.
Ma’lum qilinishicha, kuni kecha taxminan soat 11:30 lar atrofida yuk avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida transport vositasi yon tomonga ag‘darilib ketgan. Hodisa natijasida qurbonlar va jarohatlanganlar qayd etilmagan. Biroq avtomashinaga ortilgan yuklar yo‘lning qatnov qismiga sochilib ketgan.
Hodisa joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligining «Qamchiq» maxsus qidiruv boshqarmasi qutqaruvchilari yetib kelib, haydovchiga yordam ko‘rsatgan va yo‘l-transport hodisasi oqibatlarini bartaraf etgan.
Bundan bir kun avval esa taxminan shu hududning o‘zida «Spark» rusumli avtomobil yo‘ldan chiqib, xandaqqa tushib ketgan. Ushbu holatda ham qutqaruv bo‘linmalari xodimlari tomonidan haydovchiga amaliy yordam ko‘rsatilgan.
-
Siyosat5 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Dunyodan4 days ago
Isroil Livan janubida quruqlikdan operatsiya boshladi
-
Jamiyat4 days agoCoca-Cola O‘zbekistonda Ramazon oyida bir qator xayriya tashabbuslarini amalga oshirdi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda bayram kunlari jamoat transporti uchun maxsus jadval joriy etildi
-
Mahalliy4 days agoRo‘zadan keyin 90 foiz odamlar yo‘l qo‘yadigan xato
-
Jamiyat4 days agoChilonzorda Al-Xorazmiy ko‘chasining bir qismi yopiladi
-
Dunyodan5 days ago
Eron Hindistondan qo’lga olingan tankerni ozod qilishni talab qildi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Xizmatlar bozorining qariyb 40 foizi Toshkentda — statistika
