Mahalliy
“Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi o‘tkaziladi
“Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–59-son, 11.02.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari hamda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 9–11-sinf o‘quvchilari uchun har oyda kamida 2 marotaba startap g‘oyalarni yaratishga o‘rgatuvchi “Mohirlik va biznes soati” tadbirlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda:
o‘quvchilar o‘rtasida “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi o‘tkaziladi, tuman darajasidagi g‘oliblarga 5 mln so‘mgacha, viloyat darajasida – 10 mln so‘mgacha miqdorda mukofot beriladi;
loyihalar har chorakda o‘quvchilarning ota-onalari, biznes va ilmiy hamjamiyat vakillariga taqdimot qilinadi;
marketpleyslar bilan hamkorlik o‘rnatib, ta’lim tashkilotlarida yaratilgan mahsulotlarni sotish yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yil 1 apreldan muammo va masalalarni kraudsorsing asosida hal qilishning quyidagi tizimi joriy etiladi:
davlat organlari, tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalar o‘z sohasidagi yechim talab qilayotgan muammo va masalalar bo‘yicha:
kraudsorsing elektron platformasida e’lon joylashtirib, tanlov tashkil qiladi;
har oyda startap tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar (“Startap kuni”) o‘tkazadi.
Mahalliy
Bola kitob orqali o‘z muammosini anglaydi…
Bolangiz qalbidagi muammoni bilasizmi? Yaqinda bolalar bilan mutolaa uchrashuvida qiziq bir holatga duch keldim. Men bolalarga “Quvonch” kitobimni o‘qib berayotgan edim. Kitob yakunida bolalar birin-ketin syujet haqida aytib, “bu tushida bo‘lgan ekan”, “bola uxlayotgan ekan”, deb o‘z fikrlarini aytishni boshladi. Shunda bir qizaloq menga qarab, “bu uyqusizlik”, dedi. Undan bu gapni eshitdim-u, tushni adashib uyqusizlik deb yuborgandir, deb o‘yladim. Lekin u qiz ko‘zimga tik qarab, yana ikki marta baland ovozda “bu uyqusizlik” dedi.
Yoniga borib: — Shunday deb o‘ylayapsanmi, — deb so‘radim.
— Ha, men ko‘pincha kechasi uxlolmayman, kecha ham soat to‘rtgacha uxlolmay yotdim. Bu bolada ham shunday. U uxlolmay qiynalgan, — dedi.
Qizaloqdan bunday gapni eshitib g‘alati bo‘ldim, ammo hammani chetga surib bu qiz bilan alohida gaplashishga imkonim yo‘q edi, shunday bo‘lsa-da:
— Qiynalibsan-da ancha? Qo‘rqmadingmi, — deb so‘radim.
— Yo‘q, o‘rganib qolganman, — dedi u.
— Uyqusizlik menda ham bo‘ladi. Faqat men qiynalaman, sen esa kuchli ekansan, deb kulib qo‘ydim.
Keyin suratga tushayotganimizda u chopib kelib, yonimda turish uchun meni mahkam quchoqlab oldi…
Kitob shunday kuchga ega, u ba’zida bolaning ichidagi qo‘rquvlarni, tushunmayotgan holatlarini ham ochib beradi.
“Quvonch” kitobi uyqusizlik haqida bo‘lmasa-da bolaning qalbidagi kechinmalarini ochishga unday oldi. Bola uyqusizlik kabi tushunarsiz holati haqida suhbatlashishni istadi, aytib berishni istadi.
Bolalar o‘zidan o‘zi men uyqusizlik tufayli qiynalaman yoki qo‘rqaman, deyishi oson emas. Bunday anglashlar katta bo‘lganida namoyon bo‘lishni boshlaydi, shunda ham hammada emas. Lekin kitob qahramonini ko‘rish orqali o‘zini anglashi, hissiyotlari haqida gapirishni istashi, o‘zining holatini tushunishi mumkin.
Bolalar bilan birgalikda turli mavzularda kitob o‘qishga harakat qiling. Uning sirli qalb kechinmalarini bilib olasiz va vaqtida ko‘mak bera olasiz.
Bolalar kitobi — bolalar bilan mazmunli suhbat qurish uchun zo‘r imkoniyat bo‘la olishi kerak, deb ko‘p aytganman. Shu yerda eng muhimi, suhbat muallifni emas, bolani qiziqtiradigan mavzuda bo‘lishi kerak! Yaxshilik va halollik haqida gaplashish yaxshi, lekin bola qorong‘ida uxlolmay qiynalgan bo‘lsa, unga yaxshilikdan ko‘ra uyqusizlik haqida gaplashish ham ruhiyatiga, ham aqliga, ham ma’naviyatiga foydaliroqdir.
Dinara Mo‘minova, bolalar yozuvchisi
Mahalliy
O‘zbekiston Jahon banki indeksida o‘z o‘rnini 43 pog‘onaga yaxshiladi
Jahon bankining 2026-yilgi «Ayollar, biznes va qonun» indeksi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z o‘rnini 43 pog‘onaga yaxshilab, 100 balldan 82,1 ball bilan 190 ta davlat orasida 48-o‘rinni egalladi.
Xususan, ayollarning iqtisodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida O‘zbekiston top-5 davlat qatoriga kiritildi. Hisobotda amalga oshirilgan qator tizimli islohotlar ijobiy baholandi.
Jumladan, davlat xaridlari tizimida genderga yo‘naltirilgan qoidalar joriy etildi, qonunchilikka ayollar tadbirkorligini rag‘batlantiruvchi normalar kiritildi, shuningdek ijtimoiy himoya va mehnat sohasidagi ayrim cheklovlar qayta ko‘rib chiqildi.
Natijada mamlakatimiz indeksning «Erkinlik», «Oila», «Mehnatga haq to‘lash», «Bola parvarishi» hamda «Mulk va meros» indikatorlari bo‘yicha maksimal 100 ball to‘pladi. Shuningdek, «Mehnat» indikatorida ko‘rsatkichlar 50 balldan 91,75 ballga, «Pensiya» indikatorida esa 50 balldan 66,75 ballgacha oshdi.
Shu bilan birga, hisobotda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, mehnat bozori imkoniyatlarini kengaytirish, real ijtimoiy rag‘bat mexanizmlarini kuchaytirish, ta’lim hamda monitoring tizimlarini izchil takomillashtirish bo‘yicha islohotlarni davom ettirish tavsiya etildi.
Mahalliy
Vaqt uvolining badali: uni to‘lashga tayyormisiz?
Vaqtning qadr-qimmati haqida o‘ylaganimda Fransuz yozuvchisi Mark Levining “Osmon va zamin o‘rtasida” nomli asaridagi ikki qahramon dialogi esimga keladi. Uning qisqacha mazmuni shunday: tasavvur qiling, har tong hisobingizga 86 400 dollar tushadi. Sharti ularni kun oxirigacha ishlatish, aks holda qoldiq kuyib ketadi. Eng yomoni, bu “o‘yin” istalgan soniyada to‘xtashi mumkin. Shu pullarni kuyib ketmasligi uchun albatta oxirgi tiyinigacha ishlatgan bo‘lardingiz…
Endi keling, o‘sha pul bankini vaqt banki deb tasavvur qilamiz. Har tong uyg‘onganimizda bizga 86 400 soniya hayot krediti beriladi va har oqshom ishlatilmagan lahzalar mangulikka g‘oyib bo‘ladi. Kun davomida nimani yashab o‘tmagan bo‘lsak — hammasi boy beriladi. Bu har tong takrorlanadi. Biroq biz shunday qoida asosida o‘ynaymizki, uni chetlab o‘tishning iloji yo‘q: bank istalgan daqiqada, ogohlantirishsiz hisobimizni yopib qo‘yishi, hayot har soniyada to‘xtashi mumkin. Biz o‘zimizning har kunlik 86 400 soniyalarimizni nimaga sarflayapmiz? Axir hayotning bir soniyasi dollardan ko‘ra muhimroq, shunday emasmi?
Biz uvol qilgan vaqtimiz uchun qanday badal to‘laymiz?
Vaqt isrofi, deganda avvallari shunchaki bo‘sh o‘tirishni tushunardik. Endi esa bekorchilikka vaqt yo‘q, uning o‘rnini maqsadsiz “virtual olam”da kezish istagi egallagan. Afsuski, bugungi kunda vaqt isrofi “diqqatning parchalanishi” qiyofasida namoyon bo‘lmoqda.
Agar inson kuniga atigi ikki soat vaqtini ijtimoiy tarmoqlardagi mazmunsiz videolarga, behuda bahslarga sarflasa, 70 yillik umr davomida bu raqam olti yilni tashkil etadi. Bu olti yil ichida inson bitta chet tilini mukammal o‘rganishi, bir kasb egasi bo‘lishi yoki o‘z sohasining dunyo miqyosidagi ekspertiga aylanishi mumkin ekan.
Zamonaviy texnologiyalar bizga vaqtni tejash uchun xizmat qilishi kerak edi, ammo ular vaqtni eng ko‘p yutadigan “qora tuynuk”ka aylandi.
Misol uchun birgina “qisqa videolar” algoritmi shunday tuzilganki, inson miyasi arzon dofamin olish ilinjida vaqt chegarasini yo‘qotadi. Bu yerda isrof bo‘layotgan narsa faqat soatlar emas, balki insonning diqqat jamlash qobiliyatidir. Diqqati parchalangan odam murakkab ilmiy va strategik muammolarni hal qila olmaydigan “yuzaki iste’molchi”ga aylanadi.
Ilm-fanda “Raqamli gipnoz” deb ataluvchi holat shunchaki irodasizlik bilan bog‘liq jarayon emas. Bu dunyodagi eng aqlli algoritmlarning inson psixologiyasi ustidan qozongan g‘alabasidir. Psixologiyada “Alisa mo‘’jizalar mamlakatida” sindromi bejiz tilga olinmaydi. Biz biror muhim ma’lumotni izlab yoki shunchaki bir daqiqaga ijtimoiy tarmoqqa kiramiz ya’ni quyon izidan tushamiz. Ammo algoritm bizni shunday devor bilan o‘rab oladiki, vaqt va makon tuyg‘usi yo‘qoladi. “Alisa devori”ning eng xavfli oqibati u insonni chuqur fikrlash qobiliyatidan mahrum qiladi. Alisa quyonning izidan yurib ajoyibotlar dunyosiga tushgan bo‘lsa, biz ijtimoiy tarmoqlar orqali “quyon uyasi”ga tushib, o‘z hayotimizni boy beryapmiz. Farqi shundaki, Alisa uyg‘onganida bu shunchaki tush edi, biz uyg‘onganimizda esa boy berilgan yillar va sovurilgan umr haqiqatiga duch kelamiz.
“Cheksiz aylantirish” texnologiyasining ixtirochisi Aza Raskin uni “vizual kokain” deb ataydi, keyinchalik u bu ixtirosidan afsuslanishini aytgan.
Odatda, kitob o‘qiganda bob tugashi yoki gazetaning oxirgi sahifasi miyaga “to‘xta!” degan signal beradi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa bu “to‘xtash signallari” ataylab yo‘q qilingan. Miya keyingi yangilikni kutib, to‘xtovsiz dofamin ajratadi va siz “bank”dan olgan soniyalaringizni bitta-bitta algoritm savatchasiga tashlayverasiz. Agar siz biror kontentda 3 soniya to‘xtasangiz, algoritm sizning diqqatingizni “sotib oladi”. Endi u sizni uyaning ichiga yanada chuqurroq tortadi — o‘xshash mavzularni qalashtirib tashlaydi.
Har tong berilgan 86 400 soniya bu sizning shaxsiy mulkingiz. Lekin sizning diqqatingiz hisobiga iqtisodiyotini boyitayotgan yirik korporatsiyalar uchun vaqtingiz xom ashyo hisoblanadi. Siz “tekin” video ko‘ryapman deb o‘ylaysiz, aslida esa vaqt bankingizdagi eng qimmatli soniyalarni o‘sha videoni yaratgan va reklama berganlarga to‘layapsiz, ya’ni sizning vaqtingiz mahsulotga aylanmoqda!
Microsoft kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, zamonaviy insonning diqqatni bir joyga jamlash davomiyligi 8 soniyagacha tushib ketgan — bu hatto akvariumdagi oltin baliqchaning diqqatidan ham kamroq! Yosh bolalarning miyasi bu tuzoqqa besh barobar tezroq tushadi. Ular “quyon uyasi”ga kirib qolganda, atrofdagi real dunyoni mutlaqo his qilmay qo‘yadi. Bu ma’naviy isrofning eng ayanchli nuqtasi, bolalikning ekran qarshisida yo‘qolishidir.
Har tongda 86 400 soniya hadya etuvchi sehrli bankka kirish yo‘lagida bizni “Alisa ajoyibotlar dunyosida” ertagidagi kabi “aldamchi quyonlar” kutib turibdi. Agar Mark Levining qahramoni har bir dollarni (soniyani) baxt va sovg‘alarga sarflashni orzu qilgan bo‘lsa, biz zamonaviy Alisalar bu xazinani raqamli “quyon uyalari”da qoldirib ketyapmiz va vaqt banki istalgan soniyada ogohlantirishsiz yopilishi mumkinligini unutayapmiz. Bugungi internet rivojlangan zamonda uvol qilingan vaqt badali juda og‘ir. Kun keladiki, siz nafaqat vaqtingizni boy berasiz, balki uni yelga sovurganingizni anglay olmaydigan, irodasi va diqqati algoritmlar tomonidan boshqariladigan raqamli zombiga aylanasiz.
Bugungi vaqt isrofi avvalgi zamonlardagidek shunchaki pushaymonlik emas. Bu ma’naviy o‘z-o‘zini qirg‘in qilishdir. Eng dahshatlisi, nafaqat soniyalarimiz, balki pushaymon bo‘lish tuyg‘ularimiz ham boy beriladi, hissiyotlarimiz birin-ketin karaxtlikka uchraydi. Diqqati titilgan, fikri sochilgan inson uchun boy berilgan umrning hech qanday qadri qolmaydi. Chunki u nimani yo‘qotganini anglay olmaydigan darajada ichki dunyosidan ayriladi. Biz shunchaki vaqtimiz bilan emas, balki inson bo‘lib qolish huquqimiz bilan badal to‘layapmiz. Vaqtning uvoli sizning his-tuyg‘ularingizni yemirib, qalbingizni muzlatgan holda o‘z haqqini olishi muqarrar.
Ayting-chi, siz bunday mudhish badalni to‘lashga haqiqatdan ham tayyormisiz?
Barno Sultonova
Mahalliy
bir savol va sakkiz xato…
Yaqinda bir hayotiy vaziyatning guvohi bo‘lib qoldim. Ona va to‘rt yoshli bola o‘rtasidagi qisqagina suhbat meni mushohadaga tortdi.
— Oyijon, nega bugun havo issiq, yozmasku? — deb so‘radi bolakay.
— Unday dema! Bu Xudoni kuni, — deb javob berdi onasi va yumushini davom ettirdi.
Bola indamadi. Stolda turgan telefonni oldi-da, “shorts” videolari olamiga sho‘ng‘ib, o‘z xayollari bilan yolg‘iz qoldi. Bu manzara menga tanish insonlar hayotidan olingan bo‘lsa-da, unda jamiyatimizdagi ko‘plab katta muammolarning ildizi ko‘rinib turardi.
Ishonch va qiziquvchanlikning rad etilishi
Bu suhbatda, eng avvalo, bolaning fikrini inkor qilish holati yuz berdi. Bola norozilik yoki noshukurlik qilmayotgandi, u shunchaki o‘ziga qiziq bo‘lgan savolga javob izlayotgandi. “Unday dema” degan keskin taqiq esa bolaning endigina uyg‘onayotgan qiziquvchanligini bo‘g‘ib qo‘ydi. Vaholanki, bolaning aynan shu yoshdagi qiziquvchanligi qondirilmasa, u vaqt o‘tib atrof-muhitga befarq bo‘lib qoladi.
Mas’uliyatsizlik va hissiyotlarni tushunmaslik
Onaning havo issiqligini umumlashtirib izohlashi bolaning mantiqiy fikrlashini cheklab qo‘yadi. Albatta, bu Xudoning kuni, lekin issiqlikni tabiat hodisalari nuqtai nazaridan ham tushuntirsa bo‘lardi-ku? Bunday yondashuv bolada vaziyatlarga mas’uliyatsizlik bilan qarash ko‘nikmasini shakllantiradi. Ertaga u biror narsani sindirib qo‘ysa ham, buni o‘z xatosi emas, shunchaki “taqdir ishi” deb qabul qilishga o‘rganib qoladi. Bundan tashqari, bu yerda bolaning hissiyotlari ham inkor etildi. Bolaga haqiqatdan ham issiq! Uning kiyimlari qalin, tanasi noqulaylikni his qilyapti. Unga o‘z hissiyotlari “noto‘g‘ri” ekanligi uqtirilmoqda, bu esa kelajakda o‘z tuyg‘ularini anglay olmaydigan, emotsional intellekti past inson bo‘lib yetishishiga sabab bo‘ladi.
Telefonga ishonilgan tarbiya
Onaning vaqti yo‘qligi sababli bola o‘z onasi bilan suhbat qura olmadi. Uning gapi, fikri va hissiyoti rad etilgan joyda, u o‘ziga taskinni telefondan qidirdi. Shu tariqa, biz bolani o‘z befarqligimiz bilan telefonga yo‘naltiramiz. Vaholanki, bu oddiy savol kamida o‘n besh daqiqalik mazmunli, mehrli va rivojlantiruvchi suhbatga aylanishi mumkin edi.
Yechim kitobda…
Ko‘p ota-onalar farzandi bilan gaplashishga qiynaladi, sodda tilda tushuntirishga so‘z topa olmaydi. Bunday vaziyatda kitob eng zo‘r instrument bo‘la oladi. Kitob ota-onaga bola bilan muloqot qilish uchun mavzu, bilim va eng muhimi, to‘g‘ri so‘zlarni topib beradi. Farzandimizning aqliy va ruhiy rivojlanishi uchun kundalik yumushlardan ko‘ra, ular bilan quriladigan mana shunday kichik suhbatlar muhimroq ekanligini unutmasligimiz kerak.
Dinara Mo‘minova, bolalar yozuvchisi
Mahalliy
Hilola Umarova qaysi lavozimni egallagani ma’lum bo‘ldi
Hilola Umarova Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Hilola O‘ktamovna Umarova O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining pedagogik ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Hilola Umarova boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.
-
Mahalliy4 days agoO‘zbekiston Jahon banki indeksida o‘z o‘rnini 43 pog‘onaga yaxshiladi
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston Afg‘onistonda temir va mis konlarini qidirishni boshladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Wolt servisi O‘zbekistonda faoliyatini to‘xtatmoqda
-
Dunyodan5 days ago
Kim Chen In qayta saylandi
-
Sport5 days ago«Budyo-Glimt» «Inter»ni, Syorlot «Bryugge»ni musobaqadan chiqarib yubordi
-
Iqtisodiyot4 days agoEnergetika, temiryo‘l, Smart City: Pokiston O‘zbekistondagi rejalarini ochiqladi
-
Iqtisodiyot4 days agoyashash va ovqatlanish xizmatlari bozorida ikki xonali o‘sish
-
Dunyodan4 days ago
Yun Seok-Yol umrbod qamoq jazosi ustidan shikoyat qiladi
